Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
29.12.2018

MUROJAATNOMA: MAMLAKAT RIVOJIDAGI ISTIQBOLLI VAZIFALAR

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga 2018 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2019 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnomasini xalqimiz katta qiziqish va hayajon bilan kutib oldi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbirlari yurtdoshlarimizning bu boradagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

 

Shuhrat CHO‘LLIYEV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi:

— Yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bu inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan odil sudlov tizimini yaratish, huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatini takomillashtirish borasidagi ishlarda namoyon bo‘lmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu kabi masalalarga alohida to‘xtalib, erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash maqsadida sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish, yagona sud amaliyotini yo‘lga qo‘yish, ayrim toifadagi og‘ir jinoyatlarning Oliy sud sudyalari tomonidan ko‘riladigan yagona sud amaliyotini shakllantirish lozimligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari huquqbuzarlikka qarshi kurash bo‘yicha har qaysi hudud o‘z tajribasini yaratishi kerakligini qayd etdi. Tizimda eski va samarasiz boshqaruv usulidan voz kechish, «Mahalla posboni» lavozimini tugatish, uning o‘rniga profilaktika inspektorining huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish taklifini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari jinoyat qonunchiligini yanada takomillashtirish va liberallashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligini qayd etdi. To‘g‘ri-da, axir o‘zingiz o‘ylang, Jinoyat va Jinoyat protsessual kodekslari qariyb 25 yil oldin qabul qilingan. Ularni bugungi zamon talablariga moslashtirish kerak.

 

Aziz ABDUHAKIMOV, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari:

— Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi 2019 yilda hayotning barcha jabhalarini isloh qilishga qaratilgan faoliyatimiz yo‘nalishlarini belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Unda sohalar kesimida bajarilishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalarning aniq ko‘rsatkichlari aks etgan.

Bugun mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilmoqda. Ammo bu ijtimoiy sohaning ikkinchi darajaga tushishini anglatmaydi. Murojaatnomada mamlakatimizda iqtisodiy yuksalishni ta’minlash orqali ijtimoiy sohani taraqqiy ettirish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari turizmning ko‘pincha qadimiy shaharlarimiz, tarixiy-madaniy yodgorliklarimiz doirasida cheklanib qolayotganini ta’kidladi. Tibbiyot turizmi, ziyorat turizmi va ekoturizmni rivojlantirish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinmayapti.

Shu bois, Murojaatnomada sayyohlikni rivojlantirish uchun barcha vazirlik va idoralar imkoniyatlarini safarbar etish zarurligi qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2019-2025 yillarda Turizmni rivojlantirish milliy konsepsiyasini ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash vazifasi topshirildi.

 

Sherzod SHERMATOV, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri:

— Prezidentimiz e’tiborimizni ilm-fan sohasiga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgan davlatlarda rivojlanishning yuqori sur’atlari kuzatilayotganiga qaratdi. Biz, soha xodimlari inson kapitaliga e’tiborni kuchaytirishimiz, yoshlarimizning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishimiz zarur.

Murojaatnomada qiyosiy tahlil keltirilishi bilan birga, mamlakatimizda umumiy o‘rta ta’lim tizimini bugungi kun talablari asosida tashkil etish bo‘yicha vazifalar ham ko‘rsatildi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, 2019 yilda mamlakatimizda ta’lim sifatini baholashga doir xalqaro izlanishlarni, yoshlarning ijodkorlik qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash, xususiy maktablar tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanishga keng o‘rin beriladi.

O‘z navbatida, yoshlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim dasturlari va o‘qitish uslublarini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish ham kun tartibidagi asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi. Bir so‘z bilan aytganda, faoliyatimizni «Ta’limga kiritilgan investitsiya — kelajakka kiritilgan sarmoyadir!» tamoyili asosida tashkil etamiz.

 

Agripina SHIN, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri:

— Prezidentimiz biz, soha mutaxassislari oldiga bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini uzluksiz oshirish vazifasini qo‘ydi. Bu, avvalo, zamonaviy ijtimoiy-hammabop maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etishni davom ettirish, davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan keng foydalanish hisobiga amalga oshiriladi.

Maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiya jarayonida jahon amaliyotida keng qo‘llaniladigan zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan ishlarni davom ettiramiz.

Shuni ta’kidlashni istardimki, maktabgacha ta’lim muassasalari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish mexanizmlarini tubdan takomillashtirishda oldimizga qo‘ygan dolzarb vazifalarni 2019 yilda ham izchillik bilan davom ettiramiz.

 

Ibrohim ABDURAHMONOV, O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri:

— Murojaatnomadagi topshiriqlar, qo‘yilgan ustuvor vazifalarni o‘tayotgan yildagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida ko‘rish mumkin. Kelasi yilga «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb nom berilishida juda katta ma’no bor. Sababi investitsiyalarsiz hech qachon innovatsiya bo‘lmaydi.

Prezidentimiz vazirligimizga qator topshiriqlar berdi. Eng muhimi barcha kuchimizni, bilimimizni inson kapitalini rivojlantirishga sarflashimiz kerak. Chunki inson kapitalini kuchaytirishga e’tibor bersak, biz jahon arenasidan mustahkam o‘rin egallaymiz. Bu nima degani? Bu — quyi bo‘g‘inlar, ya’ni, maktabgacha ta’lim, maktab, oliy ta’lim, kerak bo‘lsa, ilmiy faoliyatimizga yangicha qarashlar, yangicha yondashuvlarni kiritishimiz kerak.

 

Sodiq SAFOYEV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari:

— Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasini diqqat bilan tingladik. O‘tayotgan yil mobaynida Vatanimiz ravnaqi yo‘lida qilingan ishlar hammamizda yuksak g‘urur uyg‘otadi. Shu bilan birga, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, hozir ko‘krakka urib maqtanish davri emas. Biz oldimizda turgan ishlar haqida chuqur o‘ylashimiz kerak.

Hozirgi davrda oldimizda turgan masalalar yuqori malakani, chuqur bilimni, yangicha yondashuv va dunyoqarashni talab etadi. Birinchi navbatda mintaqamizda, O‘zbekistonning tevarak-atrofida tinchlik, barqarorlik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan muhitni vujudga keltirish kerak. Bu, albatta, tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalar bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatga bevosita daxldor. Bu borada ayrim jihatlarga alohida e’tibor qaratish lozim.

Birinchisi, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasida so‘zga chiqib, Orolbo‘yi mintaqasida vujudga kelgan og‘ir ekologik vaziyatga butun xalqaro hamjamiyatning e’tiborini jalb etdi. Bir yil o‘tmasdan BMT shafeligida ko‘p tomonlama sheriklik asosida Orolbo‘yi mintaqasi uchun trast fondi tashkil etildi.

Markaziy Osiyoda do‘stlik va ishonch muhiti yaratildi. O‘zbekiston bilan mintaqaning boshqa davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada kengaydi. Xususan, joriy yilning 9 oyi mobaynida qo‘shni davlatlar bilan savdo aylanmasi o‘rtacha 50 foizga o‘sdi.

Kelayotgan 2019 yil «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e’lon qilinayapti. Bu nihoyatda muhim. Davlatimiz rahbari aytganidek, bugungi kunda investitsiyalar iqtisodiyotning yuragidir. Shu sababli bugun dunyoda investitsiyalarni jalb etish uchun ayovsiz raqobat mavjud. Bu raqobatda biz muvaffaqiyatga erishishimiz uchun nafaqat shioru da’vatlar, balki yangicha yondashuv, malakali mutaxassislar, yangicha dunyoqarash kerak.

Murojaatnomada eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu keskin o‘zgarish. Bizda ko‘p yillar mobaynida asosan import o‘rnini bosish siyosati olib borilardi. Lekin qisqa davrda katta yutuqlarga erishgan Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur kabi davlatlarning muvaffaqiyati aynan eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirgani bilan belgilanadi.

 

Sunnatilla BEKENOV, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari:

— 2019 yilning «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e’lon qilinishi birinchi navbatda bizning faoliyatimizga daxldor. Buni chuqur anglagan holda mas’uliyat bilan ishlashimiz, o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifalarni sidqidildan bajarishimiz talab etiladi. Uzoqni ko‘ra biladigan, xalqning farovon turmushini o‘ylaydigan, barqaror iqtisodni rivojlantirishga e’tibor qaratadigan rahbar doimiy ravishda investitsiya haqida o‘ylaydi va gapiradi.

 

Bahodir YUSUPOV, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri:

— Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligini boshqarish tizimini isloh qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga muhim ahamiyat qaratdi.

Sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Bu borada davlat faqat ikkita amaliy vosita, ya’ni, mahsulotni kafolatli xarid qilish va subsidiya orqali ishtirok etishi kerakligini aniq tushuntirib berdi. Xususan paxtachilikda klasterlar yaratilishi ikki yil oldin hatto tasavvurimizda ham yo‘q edi. Bugun shu istiqbolli tizim ilk natijalarni bera boshladi. Bundan tashqari, sabzavotchilik, bog‘dorchilik va chorvachilikda ham klasterlarni rivojlantirish masalasi oldimizda turibdi.

Shuningdek, urug‘chilikda seleksiya bilan shug‘ullanadigan institutlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va davlat-xususiy sheriklik asosida urug‘chilik klasterlarini tashkil qilish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

 

Sherzod KUDBIYEV, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri:

— Ishsizlikni kamaytirish, odamlarning daromadini oshirish va ularga munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi bir qator masalalar Prezidentimiz Murojaatnomasida o‘z aksini topdi.

Jumladan, faol investitsiyalarni jalb qilish minglab yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishga yordam beradi. Ijtimoiy rivojlantirish masalalari, albatta, aholi bandligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, daromadlar va turmush darajasi oshishiga olib keladi. Davlatimiz rahbari 2019 yil uchun bandlikka ko‘maklashish bo‘yicha yangi davlat dasturini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi. Bu borada kasbga o‘qitish, ularga huquqiy va boshqa maslahatlar berish tizimli yo‘lga qo‘yiladi.

 

Akmal SAIDOV, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rahbari:

— Prezident Murojaatnomasida ko‘tarilgan masalalar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar O‘zbekistonning ertasini belgilab beruvchi g‘oyalardan iborat.

Yurtimizda milliy g‘oyasiz, milliy o‘zlikni anglamasdan turib, vatanparvarliksiz hech qanday islohotlarni amalga oshirish mumkin emasligi belgilandi. Shuning uchun aytilayaptiki, milliy g‘oya O‘zbekistondagi islohotlarning asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston teleradiokompaniyasi huzurida «O‘zbekiston tarixi» telekanalini ochish tashabbusi bilan chiqdi. Zero, tarixsiz buyuk kelajak bo‘lmaydi. Tariximizni juda yaxshi bilishimiz kerak.

Shuningdek, davlatimiz rahbari O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida o‘z an’analariga doimo sodiq bo‘lib, bu yo‘ldan hech qachon og‘ishmasdan ilgari borishini qayd etdi.

 

Bahodir YUSUPALIYEV, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari:

— Prezidentimizning Murojaatnomasida 2019 yilga oid vazifalar belgilandi. Investitsiyalarni faol jalb etsak, iqtisodiyotimiz rivojlanadi. Iqtisodiyot rivojlansa, ijtimoiy sohaga e’tibor kuchayadi, mablag‘ sarflashda muammolar bo‘lmaydi. Shu jarayonda eng katta e’tibor sog‘liqni saqlash tizimiga qaratiladi. Genofondimizni asrash, xalqimiz salomatligini mustahkamlash biz uchun hayotiy muhim masaladir. Tibbiyot tizimini takomillashtirish, sohaga ilg‘or ilm-fan yutuqlarini joriy etish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish borasida jiddiy ishlashimiz zarur.

Xalqimizga xos azaliy an’analardan biri — nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz keksalar, umuman, ko‘makka muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashdek ezgu amallarimiz yana davom etadi. Bu ustuvor vazifalarimizdan bo‘lib qolaveradi. Davlatimiz rahbari aytganidek: «Iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy himoya bir-biridan ajralmas tushunchalar bo‘lib, ularni ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaydi».

 

Inomjon MAJIDOV, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri:

— Har doim har bir mamlakat uchun yetuk kadrlar tayyorlash muhim vazifalardan biri sifatida qaralgan. Shu bois, oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratish, pedagog kadrlarga e’tibor berish, mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirishimiz muhim. Buni davlatimiz rahbari alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi o‘tgan davrda 9-10 foiz edi. So‘nggi ikki yilda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli bu ko‘rsatkich 15 foizdan oshdi. Lekin dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich ularda 60-70 foizni tashkil etadi. Shuning uchun 2019 yilda mamlakatimizda bu raqamni 20 foizga yetkazish, kelgusi yillarda bu boradagi ishlarni yanada izchil oshirish muhim vazifadir.

Oliy ta’lim muassasalariga, real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimi joriy etilishi, ta’lim berish va ilmiy faoliyatni amalga oshirishda universitet va institutlarimizning mustaqilligini kengaytirish lozimligi qayd etildi.

 

Jamshid XO‘JAYEV, O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri:

— Murojaatnomada O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirish, tashqi savdoni liberallashtirish vazifalari belgilab berildi. Rejalarimiz shundan iboratki, 2019 yilda eksport salohiyatini 30 foizga oshirish, ya’ni, 18 milliard AQSh dollariga yetkazishdan iborat. O‘tgan yil davomida bu sohada juda ko‘p muhim qonuniy hujjatlar qabul qilindi. Eksport uchun to‘siqlarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Soliq imtiyozlari joriy etildi. Ammo hali-hanuz muammolar borligini tan olishimiz zarur. O‘zbekiston eksportda faol bo‘lishi, dengiz portlariga chiqish uchun ikki davlatni kesib o‘tishi kerak. Logistika xarajatlari qimmatlik qilmoqda. Bu bir qadar murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun sohadagi qiyinchiliklarni hal etishga doir vazifalar belgilandi.

Shuningdek, bojxona imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqish, barcha qulayliklarni yaratish yo‘lida harakat qilish lozimligi qayd etildi.

Endi davlat muassasalari bevosita fuqaro bilan ishlashga o‘tadi. Davlat idoralari xalqqa ko‘makchi, tadbirkorlarga biznes hamkor bo‘lishi zarur, deb ta’kidladi Prezidentimiz.

Murojaatnoma kelgusida qilinadigan barcha ishlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

 

O‘zA


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: