Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
27.12.2018

OROLGA YANGI HAYOT KIRIB KELMOQDA

Orol dengizi tubidagi suvi qurigan maydonlarda shamol tufayli yuzaga keladigan kuchli qum, tuz va chang bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish, qum ko‘chishini bartaraf etish, mintaqada ekologik holatni yaxshilash maqsadida «Yashil qoplamalar» — himoya o‘rmonzorlarini barpo etish boshlandi.

Bugun mazkur tadbir jarayonida Mo‘ynoq tumani «Tik o‘zak», «Bozatov», «Madelli» va «Hokim ota» ovul fuqarolar yig‘inlarida saksovul urug‘ini yig‘ish, shuningdek, «Surgul» uchastkasida saksovul urug‘i va ko‘chatini ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda ushbu hududda saksovul ekish uchun 5000 gektarga yaqin yer maydoni tayyorlandi hamda 1100 gektar yer maydonga (shundan 1060 gektar urug‘dan va 43 gektar ko‘chatdan) saksovul ekildi hamda bu ishlar qizg‘in davom etmoqda. To‘g‘risi, odamlar katta hayajon va quvonch bilan yeng shimarib mehnat qilishmoqda. Ular tarixiy ishlarni bajarayotganini anglab turishibdi.

Shu bilan bir qatorda, Mo‘ynoq tumani «Qazaqdarya — Porlitao‘» yo‘nalishidagi mahalliy hokimlik balansida bo‘lgan 47 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarni ta’mirlash, shuningdek, ushbu hududdagi «Daryooralik» suv ombori dambalarini mustahkamlash ishlariga ham kirishildi. Ushbu ob’ektda 200 ga yaqin texnika va yuzlab odamlar ishlamoqda.

Ma’lumki, Prezidentimiz topshirig‘iga binoan 2018 yilning 21-22 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov boshchiligidagi delegatsiya BMT sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun rahbarlik qilayotgan Yashil taraqqiyot global instituti va Moslashuv bo‘yicha global komissiya bilan hamkorlik o‘rnatish masalalarini muhokama qilish maqsadida Koreya Respublikasiga tashrif buyurgan edi. Unga ko‘ra, Pan Gi Mun bilan Seul shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat to‘g‘risida fikr almashildi. BMT sobiq bosh kotibi Orol inqirozining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro hamjamiyatning mazkur muammoga diqqatini yanada ko‘proq jalb qilish va uni yechish uchun donorlik yordamlarini safarbar qilishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda keng qamrovli masalalarni, jumladan Orol fojiasi oqibatlariga qarshi kurashish uchun xalqaro donorlik hamjamiyatlarining kuch va resurslarini jalb qilishni muhokama qilgan edik. Men O‘zbekiston rahbarining zakovatiga, yetakchilik sifatlariga va uning mazkur global muammoni hal etish uchun ko‘rsatayotgan jonkuyarligiga lol qoldim. Biz O‘zbekistonning Yashil taraqqiyot global instituti va Moslashuv bo‘yicha global komissiya bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirganini qo‘llab quvvatlaymiz», — deb qayd etgan edi Pan Gi Mun.

Mamlakat delegatsiyasi Yashil taraqqiyot global instituti (GGGI) shtab-kvartirasiga ham tashrif buyurib, mazkur tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishdi. O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan taqdimot chog‘ida GGGI mutaxassislari Orol bo‘yidagi holat bilan mufassal tanishtirildi.

Qayd etilishicha, Orolbo‘yi hududini tiklash bo‘yicha loyihalarning taqdimoti yakunida mavjud vaziyatni joyning o‘zida o‘rganish va taqdim qilingan loyihalarni amaliy jihatdan hayotga tatbiq qilish uchun GGGI mutaxassislarining mamlakatga tashrifini tashkillashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

Alohida ta’kidlash kerakki, mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida amalga oshirilmoqda.

 

Uzaqbergen UTAMBETOV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi:

— Bizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasiga 16 ta o‘rmon xo‘jaligi biriktirilgan bo‘lib, 652 nafar ishchi-xodimimiz bor. Orolbo‘yi hududida himoya o‘rmonzorlarini barpo etish maqsadida barchamiz saksovul o‘simligini ekish ishlarini olib bormoqdamiz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ministrlar Kengashining 45-son buyrug‘iga asosan bu ishlarda 100 dan ortiq texnika va 1000 dan ziyod kishi qatnashmoqda. 10152 gektar yerga qariqlab, ya’ni jo‘yak tortib, 1832 gektar maydonga saksovul urug‘idan o‘rmon yaratish, 104 tonna saksovul urug‘ini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Yaqinda Mo‘ynoq tumani Orolbo‘yi hududida maxsus-o‘quv mashqi o‘tkazildi. Tadbirni bajarishga shahar va tumanlar kesimidagi o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi va obodonlashtirish boshqarmalaridan 644 nafar kishi va 80 ta texnika, «Xorazm viloyati MTP» MChJdan 32 nafar kishi va 30 ta texnika, shuningdek, Mo‘ynoq tuman mahalliy aholisidan iborat 585 nafar kishi va 13 ta texnikasi qatnashdi. Jami 1261 kishi va 123 texnika bilan saksovul ekish ishlarini olib bordik.

Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish maqsadida dengizning sho‘rlangan yerlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, eko tizimini yaxshilash, Orolning qurigan qismida o‘rmonlar barpo qilish, chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ham katta loyihalar asosida amaliy ishlar olib boriladi.

 

Maxsud IBRAGIMOV, Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universitetining dorivor o‘simliklar agroekologiyasi va introduksiyasi kafedrasi professori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori:

— Orol dengizining qurigan tubida yuzaga kelgan tuzli changlarning havoga ko‘tarilishini to‘xtatib turuvchi polimerli birikma yaratdik. QMU-1, QMU-2 deb nomlangan polimerli birikma sho‘rlangan tuproq va cho‘l yerlarni 8 mm qalinlikkacha qotirib qo‘yadi va 3 yilgacha o‘sha holda saqlanadi. Natijada dengizning qurigan tubidagi yerlardan tuzli changlar ko‘tarilishining oldi olinadi.

Dengizning qurigan tubida cho‘l o‘simliklarini ekib ko‘paytirish va yangi yaylovlar yaratish juda ham muhim masala, deb hisoblayman. 500 ming gektar yerga «Yashil qoplamalar», deb atalayotgan himoya o‘rmonzorlarini barpo etish belgilangan. Albatta, o‘rmonzor paydo bo‘lsa, birinchidan, tuzli changlarning ko‘tarilishi to‘xtaydi. Yerning namligi ko‘payadi va jonivorlar soni ortishiga sabab bo‘ladi. Yangi yaylovlar paydo bo‘ladi. Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlab o‘tganidek, Orol dengizida paydo bo‘lgan o‘rmonzorlarda tajriba fermer xo‘jaliklarini tashkil qilish kerak. Jumladan, qorako‘lchilik sohasida 2000 bosh qo‘y, 2000 bosh echki va 100-200 bosh tuya boqib, tajribadan o‘tkazish lozim. Yaylovlar uchun suv chiqaruvchi skvajinalarni ham qazish kerak bo‘ladi. O‘rmonzor bo‘lganidan keyin yovvoyi hayvonlar, qushlar ham ko‘payib boradi. O‘n-o‘n ikki yil ichida katta o‘rmonzor yaratiladi. 32 yildan buyon saksovul ekib, tajriba qilib kelmoqdamiz. Bundan tashqari, boshqa o‘simliklarni ham ekib, tajribadan o‘tkazmoqdamiz.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi asosida ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. O‘ylaymizki, «Yashil qoplamalar» himoya o‘rmonzorlari natijasida Orolga yangi hayot kirib kelayotir. Bu ishlar, hech shubhasiz, mintaqada falokatlarning oldini oladi, ekologik holatni yaxshilaydi, yangi ish o‘rinlari yaratadi, odamlar manfaatiga xizmat qiladi.

 

Rapat AYMURATOV, Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti «O‘simliklar ekologiyasi» kafedrasi katta ilmiy xodimi:

— O‘zbekiston hududida saksovul o‘simligining 3 xil turi o‘sadi. Halohylon ammodendron (saksovul zaynskiy) turi Ustyurt va Qizilqum hududlarida yovvoyi holda ko‘plab uchraydi, buta o‘simliklar oilasiga kiradi.

Halahylon aphyllum (qora saksovul) — bu daraxt oilasiga kiruvchi 40-50 yil yashaydigan daraxt o‘simlik.

Halahylon persicum (oq saksovul). Bu o‘simlik ham daraxtlar oilasiga kiradi. Bu o‘simlik faqat Qizilqum cho‘li va Ustyurtda yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar turkumiga kiradi.

Saksovul o‘simligi daraxt o‘simlik bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida cho‘lga chidamli o‘simliklarning biridir. Bu o‘simlik tuproq tarkibidagi tuzlarni yeb, yo‘q qiladi, ikkinchidan, ko‘chma qumlar tarqalishining oldini oladi. Tabiiy yo‘l bilan ekilgandan keyin 2-3 yilning kuz oyining oxiriga qarab urug‘ga o‘tiradi va o‘z-o‘zidan urug‘larini sochib, yovvoyi holida ko‘karib va cho‘l maydonda o‘rmonzorlarni paydo etadi.

Saksovul yer chizel yordamida 5-10 sm chuqurligida surib, saksovul urug‘lari sochib, usti 3-5 sm qalinlikda tuproq bilan yopiladi. Bu yo‘l bilan ekilgan o‘simlikning 40-45 foizi ko‘karib chiqadi.

Namlik yig‘uvchi ariqchalarni paydo etish orqali yerning beti chizel yordamida surilib, so‘ng 30-40 sm chuqurligida plug yordamida ariqchalar yoriladi. Har bir ariqchaning oralig‘i 60 sm dan 90 sm gacha bo‘ladi. Bunda ariqchalar yorilib, urug‘lar sepiladi va urug‘ning beti 5-7 sm qalinlikda tuproq bilan yopiladi. Bu yo‘l bilan ekilgan saksovulning 65-70 foizi ko‘karuvchanlik beradi.

Hozirgi vaqtda respublikamizda saksovulning eng ko‘p tarqalgan turi bu — qora saksovul o‘simligi bo‘lib, 40-50 yil yashaydi.

Bizga Mo‘ynoq tumanidagi «Tik o‘zak» OFY hududidan jami 20,3 ga yer maydoni ajratib berilgan. Bu maydonda Orolbo‘yi hududiga moslashgan, tuzga chidamli o‘simliklar urug‘chiligi va ko‘chatlarni yetishtirish va nihollarni Mo‘ynoq o‘rmon xo‘jaligiga yetkazib berish topshirilgan.

Ishlarimizni rivojlantirib, kerakli ko‘chatlarni yetkazish bo‘yicha amaliy harakatlar qilinmoqda. Orol fojiasidan zarar ko‘rayotgan dengizni yashil maydonga aylantirish ishlariga o‘z hissamizni qo‘shayotganimdan juda xursandman. Bor bilimimni, tajribamni sarflashga tayyorman.

 

Olim ORINBOYeV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— So‘nggi ikki yil Mo‘ynoq aholisi uchun katta tarixiy o‘zgarishlarga boy bo‘lmoqda. Orol fojiasidan jabr ko‘rayotgan xalqning ko‘z o‘ngida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga har bir tashrifi katta hajmdagi loyihalarni boshlab bermoqda. Necha yillar davomida Orol dengizi fojiasidan qiynalgan xalq, amaliy ishlarni, o‘zgarishlarni ko‘rmoqda. Prezidentimizning har bir aytgan gapi amaliy ishlar bilan tasdig‘ini topmoqda.

Oddiy bir misol, 101 km.lik «Mo‘ynoq-Ko‘ng‘irot-Tuyamo‘yn» suv tarmog‘ining ishga tushirilishi tuman xalqi uchun katta yangilik bo‘ldi. Yillar davomida muammo bo‘lib kelayotgan toza ichimlik suv endi har bir xonadonga kirib bordi.

Muhtaram Prezidentimiz Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan cheksiz e’tibori va mehrini, ayniqsa, Orolbo‘yi hududini obod, farovon qilish uchun olib borayotgan keng ko‘lamli ishlarida ko‘ryapmiz.

Ayting, kim o‘ylabdi deysiz, qum, chang-to‘zon bo‘lib yotgan yerlarni yashil maydonga aylantirilishini?!. Hech kimning hayoliga kirmagan, o‘ylamagan ishlar bo‘lmoqda. Dengiz quridi, deb necha yillar dod solib o‘tirdik, ertaga nima bo‘ladi, degan qo‘rquv bilan yashab keldik. Bunday tarixiy voqealar yuz berishini hech birimiz hattoki tushimizda ham ko‘rmadik. Buncha kuch, buncha mablag‘ ajratilishini hech kim kutmagan.

Xalqimiz Prezidentimizning bevosita tashabbusi va e’tibori natijasida bu ishlar amalga oshayotganini mamnuniyat bilan e’tirof qilmoqda. Obod qishloqlar, obod mahallalar ko‘payib, chiroy ochmoqda. Barcha-barchamiz ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yangiliklarni bag‘rimizni keng qilib kutib olmoqdamiz.

Qarang, odamlarning ko‘ziga boqing, gaplariga quloq tuting. Har birining qalbidan qanday ulug‘ orzular qalqib chiqmoqda. Bunday tarixiy voqealarga nafaqat guvoh, balki ularning ishtirokchisi bo‘layotganimizdan faxrlanamiz.

 

Mnajatdin QUTLIMURATOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: