Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
27.11.2018

Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Respublikada tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish, investitsion jozibadorlikni oshirish va mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar tizimli asosda amalga oshirilmoqda.

Ko‘zlangan vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan bojxona organlari faoliyati samaradorligiga bog‘liq.

Shu bilan birga, bojxona ma’muriyatchiligi sohasida mamlakatda qulay investitsiya muhitini yaratish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator tizimli muammolar saqlanib qolinmoqda.

Amaldagi bojxona tartib-taomillari xalqaro norma va standartlar talablariga to‘liq javob bermaydi, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ortiqcha vaqt va moliyaviy sarf-xarajatlar bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan bojxona qonunchiligiga rioya etishlari va halol tadbirkorlarni rag‘batlantirish, ular uchun ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish bo‘yicha deyarli hech qanday mexanizmlar qo‘llanilmayapti.

Bojxona organlarining samarasiz va ortiqcha nazorat funksiyalari tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelmoqda.

Bojxona organlari xodimlarini moddiy jihatdan rag‘batlantirish uchun imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmaslik korrupsiya holatlari profilaktikasi va butun tizimning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirish, biznesni rivojlantirish yo‘lida byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining:

2019-2020 yillarda «Yallama» va «S.Najimov» (Toshkent viloyati), «Do‘stlik» (Andijon viloyati), «Olot» (Buxoro viloyati);

2020-2021 yillarda «Dout-ota» (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), «Madaniyat» (Andijon viloyati), «O‘zbekiston» (Farg‘ona viloyati), «G‘ishtko‘prik» va «Oybek» (Toshkent viloyati) bojxona postlari hududlariga tutash joylarda zamonaviy bojxona terminallarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida qurish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

2. Belgilansinki:

bojxona terminallaridagi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning asosiy funksiyalari «yagona darcha» tamoyili asosida bojxona, bank, logistika, tezkor-laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish hisoblanadi;

tadbirkorlik sub’ektlari bojxona terminallarida ko‘rsatiladigan tijorat xizmatlaridan ixtiyoriy ravishda foydalanadilar.

3. Xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimiga quyidagilarni qo‘llagan holda to‘liq rejimda joriy etilsin:

a) 2018 yil 1 dekabrdan boshlab:

«sariq yo‘lak», bunda bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish bo‘yicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;

«qizil yo‘lak», bunda bojxona nazorati shakllari xavf darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;

b) 2019 yil 1 martdan boshlab:

«yashil yo‘lak», bunda xavf darajasi past bo‘lgan tovar va transport vositalarini chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, bojxona nazorati shakllari ularga nisbatan amalga oshirilmaydi;

«ko‘k yo‘lak», bunda xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati shakllari ular chiqarib yuborilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

4. Quyidagilar:

Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» 1-ilovaga muvofiq;

chegara bojxona postlari hududlariga tutash joylarda bojxona terminallarini qurish tarmoq jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripovga – «Yo‘l xaritasi» va tarmoq jadvalida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi ustidan qat’iy nazoratni amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.B.Azimovga – «Yo‘l xaritasi» va tarmoq jadvalida nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va samarali bajarilishi, xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini sifatli joriy etish hamda foydalanish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlariga – «Yo‘l xaritasi» va tarmoq jadvallarida nazarda tutilgan ob’ektlarni qurish hamda ishga tushirish yuzasidan zarur ruxsat etish ko‘rinishiga ega hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirishni ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.

5. 2019 yil 1 fevraldan boshlab:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan talablarga javob beradigan, tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etishni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli iqtisodiy operatorlari institutining joriy etilishi;

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining bojxona postlarida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha bepul asosda xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning maxsus guruhi – «front-ofis» tuzish va uning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha dastlabki loyiha (keyingi o‘rinlarda – dastlabki loyiha) amalga oshirilishi belgilansin.

Dastlabki loyihaning xarajatlari, shu jumladan, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilinadigan shaxslarga ish haqi to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Maxsus jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilsin.

Dastlabki loyiha doirasida bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish uchun taqdim etilgan ma’lumot va hujjatlar haqqoniyligi uchun javobgarlik tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi 2019 yil 1 dekabrga qadar dastlabki loyiha natijalarini Davlat bojxona qo‘mitasining boshqa hududiy boshqarmalari faoliyatiga joriy etish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimi o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan tovarlarni ko‘zdan kechirish hamda namuna va (yoki) probalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga asosan xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi buyurgan bojxona operatsiyalarini bajarishga majbur;

tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi tomonidan tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan vaqti bojxona postlari xodimlari faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shu bilan birga, bojxona rasmiylashtiruvi vaqti to‘g‘risidagi statistik axborot har oyda barcha bojxona postlari kesimida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

«Sariq» va «qizil» yo‘laklar mos ravishda 70 va 30 foiz nisbatda tovar va transport vositalarining xavf profillari yoki tasodifiy tanlash asosida qo‘llaniladi. Shu bilan birga, «yashil» va «ko‘k» yo‘laklar amalga kiritilgan kundan boshlab, mazkur xatboshida ko‘rsatilgan foiz nisbati O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini qo‘llash samaradorligi monitoringi asosida belgilanadi;

«ko‘k yo‘lak»ga yo‘naltirilgan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi;

2019 yil 1 martdan boshlab, olib kiriladigan tovarlarning bojxona ko‘rigi uch oy davomida bojxona ko‘rigi protsedurasi videoyozuvi saqlanishini va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparatining ulanishini ta’minlovchi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan joylardagina amalga oshiriladi.

7. Barcha tovarlarga nisbatan eksport kontraktlarini O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qo‘yish borasidagi talab bekor qilinsin.

8. Belgilansinki:

Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,7 karra miqdorda qo‘llaniladi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining markaziy apparati, Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari va ixtisoslashtirilgan bojxona komplekslari, shuningdek, Milliy kinologiya markazi xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshlariga ustamalar 50 foizni tashkil etadi;

mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

bojxona yig‘imlari tushumining 50 foizi miqdordagi ajratmalar, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasiga muvofiq foydalanish sharti bilan Maxsus jamg‘armada qoladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisiga o‘zining xizmat vazifasini sidqidildan va samarali bajarib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarining yuqori malakali, tashabbuskor xodimlariga Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan mehnatiga haq to‘lash fondi (pul ta’minoti)ning 100 foizigacha miqdorda har oylik ustamalar belgilash huquqi berilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarida xizmat o‘tayotgan xodimlarga nisbatan «gaupvaxtada hibsda ushlab turish» intizomiy jazo chorasi kiritilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

2019 yil 1 yanvarga qadar vakolatli iqtisodiy operator maqomini, shuningdek, ular foydalanishi mumkin bo‘lgan soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillari shakllarini nazarda tutuvchi Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlasin;

bir oy muddatda bojxona yig‘imlari stavkalari turlarini maqbullashtirish va qat’iy belgilagan holda ularning yangilangan stavkalarini tasdiqlasin;

2019 yil 1 martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi huquqbuzarliklar uchun huquqiy ta’sir choralarini kuchaytirish, shu jumladan, bojxona identifikatsiya vositalariga shikast yetkazganlik uchun jarima sanksiyalari miqdorini oshirish bo‘yicha qonun hujjatlari loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:

2019 yilning 1 fevraliga qadar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari murojaatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida ba’zi vakolatlarni bojxona postlariga berish orqali hududiy boshqarmalar va bojxona postlari o‘rtasidagi vakolatlarning taqsimlanishini tanqidiy ko‘rib chiqsin;

tovarlarni import qilishda tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlari to‘g‘ri qo‘llanilganligi to‘g‘risida ekspert xulosasi talab etilishi amaliyotini bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘rsin;

ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini mazkur Farmonga muvofiqlashtirsin.

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosarlari B.M.Mavlonov va E.M.Ganiyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYoYeV

 

Toshkent shahri,

2018 yil 24 noyabr


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: