Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Mart 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
24 25 26 27 28 29 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
06.11.2018

AYRIM DEPUTATLAR QO‘L KO‘TARISHDAN NARIGA O‘TMAYAPTI

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi plenumi tanqidiy ruhda o‘tdi

Avval xabar berganimizdek, 1 noyabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topgan sana munosabati bilan partiya Markaziy Kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublika, viloyatlar, Toshkent shahar kengashlari rahbarlari, partiya ekspertlari, faollar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Plenumda asosiy e’tibor Prezidentimiz boshchiligida 2017 yil iyul oyida parlamentda o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruza hamda parlamentga yo‘llangan Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlari ijrosi, partiya oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga qaratildi.

Plenumda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Hotamjon Ketmonov ma’ruza qildi.

 

— Mamlakatimiz rahbari ma’ruzalarida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, o‘zaro manfaatli tashqi siyosat masalalarida ilgari surilgan g‘oyalar va bu jabhada belgilab berilgan vazifalar parlamentimiz va siyosiy partiyalar faoliyatiga yangicha mazmun-mohiyat olib kirilishiga asos bo‘ldi, — dedi partiya yetakchisi. — Ta’kidlash lozimki, bildirilgan tanqidiy-tahliliy fikrlar partiyamizning maqsad va vazifalarini samarali amalga oshirish, elektorat manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish uchun mustahkam zamin yaratdi. Faoliyatimizni elektorat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish, hududlarda aholini o‘ylantirayotgan muhim masalalarga yechim topish hamda dasturlarning ijrosi yuzasidan deputatlik va parlament nazoratini olib borishga yo‘naltirdik.

Xususan, fraksiyamiz, joylardagi partiya guruhlari tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, ularning hududiy boshqarmalari, bo‘limlarining hisobot va axborotlarini har chorakda eshitib borish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu eshituvlar yakuni bo‘yicha Qonunchilik palatasi Dasturning hududlar va tarmoqlar kesimida so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, bu yo‘nalishda deputatlar korpusi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarish, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirishni rag‘batlantirish hisobiga ish o‘rinlari yaratish, kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli qarorlari qabul qilindi. Qonun loyihalari bo‘yicha fraksiya a’zolari tomonidan partiya dasturiy maqsad va g‘oyalari aks etgan 300 dan ortiq takliflar ishlab chiqilib, mas’ul qo‘mitalarga taqdim etildi. E’tiborlisi, bildirilgan takliflarning 200 ga yaqini inobatga olindi.

Parlament nazoratining yangi shakli bo‘lgan «Hukumat soati»ga fuqarolarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar kiritilmoqda. Joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi kamchiliklar, axborotlardagi rasmiyatchiliklar va aholini bezovta qilayotgan bir qancha muammolardan kelib chiqib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axboroti eshitildi.

O‘tgan davr mobaynida fraksiyaning nazorat-tahlil faoliyatiga oid ishlari ham muhim ahamiyat kasb etdi. «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun ijrosi hamda «Qonun hujjatlariga muvofiq nogironlikni belgilash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida» Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi rahbari, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bilan birgalikda Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yetim bolalarning yashash, ta’lim olish xuquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar» yuzasidan xalq ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosarining axborotlari eshitildi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari tashabbusi bilan Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklarining hududiy boshqarma va bo‘limlari faoliyati bilan bog‘liq 180 masala partiya guruhlarida, 115 masala doimiy komissiyalarda hamda 68 masala sessiyalar kun tartibiga kiritilib, ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Nogironlar, Ko‘zi ojizlar, Karlar jamiyatlari, «Nuroniy» jamg‘armasi, Nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda mehnat va urush faxriylari pansionatlari, «Saxovat», «Muruvvat» va «Mehribonlik» uylari, nogiron bolalar uchun maktab internatlaridagi ta’lim sifati, ularning moddiy-texnik bazasi, tibbiy xizmat ko‘rsatish kabi masalalar o‘rganildi. Aniqlangan 67 masala partiya guruhlarida, 46 masala doimiy komissiyalarda va 33 masala sessiyalarda ko‘rildi.

Aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida «markaz — viloyat — tuman» tizimi joriy etildi. Bunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ish uslubini viloyat Kengashiga, viloyat Kengashi tajribasini esa tuman-shahar Kengashlariga yetkazish yo‘lga qo‘yildi. Qonun loyihalarini mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarida va partiya faollari ishtirokida keng muhokama qilish, xulosa va takliflar olish mexanizmi yaratildi. Shunga ko‘ra, 40 dan ortiq qonun loyihalari joylarda muhokama qilinib, ular bo‘yicha olingan 250 dan ortiq fikr-mulohazalar umumlashtirildi va fraksiyaga taqdim etildi, — dedi H.Ketmonov.

Aytish kerakki, partiyamiz har bir yo‘nalishni qayta ko‘rib chiqib, «yo‘l xaritalari»ni tuzdi. Shunga ko‘ra, asosiy e’tibor xalq bilan muloqot qilish, xonadonma-xonadon yurish, Jamoatchilik qabulxonalari ishini zamonaviy qarashlar asosida tashkil qilish, joylarda reja-grafiklar asosida sayyor qabullarga chiqish birinchi galdagi vazifalar etib belgilandi. Natijada 12 000 nafarga yaqin fuqaro bilan muloqotlar o‘tkazilganda 6 806 masala ko‘tarildi. Ularning 72 foizi ijobiy hal etildi.

Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlar, yig‘ilishlar, ma’ruzalarda belgilangan ustuvor vazifalar hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan muhim siyosiy jarayonlar yuzasidan partiyaning Markaziy va mahalliy kengashlari tomonidan siyosiy o‘quvlar o‘tkazildi. Ushbu o‘quv-mashg‘ulotlari uchun 10 nomdagi o‘quv uslubiy qo‘llanma, yordamchi uslubiy materiallar va ma’ruza matnlari tayyorlanib, joylarga foydalanish uchun yuborildi.

Partiya tizimida xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlari faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, xotin-qizlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish hamda yoshlar bilan ishlash borasida maqsadli loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. Uni respublikaning tuman (shahar)lari, qishloq va ovullarida bosqichma-bosqich amalga oshirish vazifasi belgilab berildi.

Ma’lumki, BPTlar partiya ishini ko‘rsatib beruvchi muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Shuning uchun ularning ishini takomillashtirish doimiy diqqat markazimizda. Masalan, mintaqalarda haftaning har payshanba kuni «BPTlar bilan ishlash kuni» sifatida joriy etildi. Hozirga qadar 800 ga yaqin boshlang‘ich tashkilotlar bilan aloqani tiklashga erishildi, — dedi partiya rahbari.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hali e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan masalalar oz emas. Jumladan, partiyamizning dasturiy maqsad va g‘oyalarini targ‘ib qilishda (Markaziy Kengashdan tortib viloyat kengashlarigacha) mafkuraviy ishlar talab darajasida emas. Ushbu yo‘nalishdagi ba’zi tadbirlarimiz mazmun-mohiyati jihatidan ko‘proq madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlarga o‘xshab qolmoqda. Vaholanki, tadbirlarda birinchi darajada partiyaning siyosiy pozitsiyasi o‘z ifodasini topishi kerak. Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar ham susayib ketmoqda. Ayniqsa, yurtimizda kechayotgan keng ijtimoiy-siyosiy islohotlar, muhim siyosiy voqealar hamda qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga nisbatan partiyaning munosabatini bildirish bugungi kunda biz xohlagan talabda tashkil etilmayapti. Markaziy Kengash Axborot xizmati talabi bilan berilayotgan munosabatlarda ham partiya mas’ul xodimlarining shaxsiy fikrlari aks etmayotgani kuzatilmoqda.

Deputatlik birlashmalarining hammasi ham joylarda aholi vakillari bilan uchrashib, aniq holatni o‘rganish, ijro hokimiyati ustidan parlament va deputatlik nazoratini olib bormayapti, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha deputatlik so‘rovi institutidan samarali foydalanmayapti. Zotan, partiyaning saylovlarda bergan va’dalarini amalga oshiruvchi haqiqiy kuch bu — deputatlik korpusi hisoblanadi. Ayrim deputatlar o‘z vakolatlari va mas’uliyatini hamon to‘lig‘icha anglab olmayapti: na bir masala yuzasidan aniq tashabbus, na saylovchilari bilan muloqoti bor... Ular Kengashlardagi sessiya va doimiy komissiya yig‘ilishlarida ishtirok etib, qo‘l ko‘tarib, tasdiqlab berishdan boshqasiga yaramayapti.

 Partiyaning yoshlarga oid siyosatini yurgizishda ham hanuzgacha eskicha qarash va tadbirbozlikdan voz kechilmayapti. Kadrlar bilan ishlash masalasidagi faoliyatimiz ham aytarlik darajada qoniqarli emas. Hususan, kadrlar zaxirasining nomiga shakllantirilgani, ularning o‘quvi tashkil etilmayotgani bu boradagi ishlarni jonlantirishni talab etadi.

Ushbu kamchiliklardan kelib chiqib, plenumda quyidagi vazifalarni amalga oshirish taklif etildi:

Birinchidan, partiyaning mafkuraviy ishlarini yanada jonlantirish, interfaol mashg‘ulotlar, debat o‘tkazish usullari, targ‘ibotning zamonaviy texnologiyalarini chuqurroq o‘rganish;

Ikkinchidan, elektorat manfaatlariga daxldor masalalarni vakillik organlariga olib chiqish va hal etishda deputatlik guruhlarimizning tashabbuskorligini oshirish;

Uchinchidan, deputatlarning o‘z saylovchilari bilan muloqot qilish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish, ijrochi kotiblar bilan birgalikda partiya guruhlari a’zolarining munosabatini shakllantirish;

To‘rtinchidan, partiyaning yoshlar siyosatini amalga oshirish yuzasidan qabul qilingan «Strategiya»ning ijrosini to‘liq ta’minlab borish;

Beshinchidan, xotin-qizlar o‘rtasida olib borilayotgan ishlarni faollashtirish, bunda, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan opa-singillarimiz manfaatlarini himoya qilish ishlarini jadallashtirish;

Oltinchidan, kadrlar salohiyatini oshirish, partiya safiga salohiyatli, obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan kadrlarni jalb etish hamda vakillik organlariga ko‘rsatiladigan nomzodlar bazasini shakllantirish;

Yettinchidan, moddiy-texnik bazani tiklash yuzasidan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi» ijrosini to‘liq ta’minlash.

Ko‘rib turganingizdek, barchamizning oldimizga aniq vazifalar qo‘yilmoqda. Shulardan kelib chiqqan holda, mintaqaviy kengashlar deputatlik guruhlari bilan birgalikda, ushbu yo‘nalishda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini aniq belgilab olishlari va izchillik bilan ijro etishlari talab etiladi. Shuni unutmasligimiz kerakki, bu boradagi faoliyatimiz, ilgari suradigan g‘oya va tashabbuslarimiz nafaqat elektoratimiz manfaatlarini ta’minlashga, balki partiyamizning jamiyatdagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi, dedi H.Ketmonov.

Plenum yakunlangandan keyin ayrim ishtirokchilarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

 

Maqsud NURULLAYEV, O‘zbekiston XDP Navoiy viloyat kengashi raisi:

— Plenum davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni tinglab, faoliyatimizning barcha yo‘nalishlarida hali amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligini angladim. Masalan, ishlash uchun xorijga chiqib ketayotgan yoshlarimiz taqdiri bilan qanchalik qiziqyapmiz? Ularning fikrlari, o‘ylari, hayot tarzini o‘rganib, muammolarning yechimi bo‘yicha amaliy natijaga erisha olyapmizmi? Savollar ko‘p. Javoblar esa bizni qoniqtirmaydi.

Shuningdek, tadbir o‘tkazishni rejalashtirganimizda rasmiyatchilikdan qochib, yuzma-yuz samimiy suhbat qursa bo‘ladigan muhitni yuzaga keltirishga harakat qilishimiz lozim. Xulqida o‘zgarish bor yigit-qizlar bilan ham shunchaki gaplashmasdan, psixologlar, mutaxassislar ko‘magiga tayanish zarur bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat. Bandlikni ta’minlamasdan turib, hududlardagi muammolarga yechim topish mushkul. Navoiy viloyat kengashi bu borada qator ishlarni amalga oshirmoqda. Hamkorlikda mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda. Afsuski, bunday yarmarkalar kutgan natijani bermayotganini tan olishimiz kerak. Bu esa yangicha yondashuvlar vaqti kelganini anglatadi.

 

Rahimbergan YUSUPOV, O‘zbekiston XDP Xorazm viloyat kengashi raisi:

— Plenum davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xorazm viloyat hamda tuman (shahar) partiya kengashlari tomonidan hududdagi barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxati, ularning manzillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantirildi. Ular holidan xabar olish orqali muammolar o‘rganilmoqda hamda kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bugungi kunda Xorazm viloyatida jami 35541 nafar fuqaro turli toifadagi nogironlik bo‘yicha ro‘yxatda turadi. Shundan 5952 nafari o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Ularning 1473 nafari 17 ta maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanmoqda. 2315 nafari umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 921 nafari uyda yakka tartibda, 1487 nafari ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlarida tahsil oladi. 534 nafari esa tibbiy xulosa asosida ta’limga layoqatsiz, deb topilgan. Endigi masala esa nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarni o‘quv qurollari hamda darsliklar bilan yetarli darajada taminlashdir. Bu borada xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlaridagi partiya guruhlari yig‘ilishlarida 16 ta, doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida 11 ta masala ko‘rib chiqilib, 5 tasi sessiya muhokamasiga kiritilgan. Tegishli qarorlar qabul qilinib, ayni vaqtda ijrosi nazoratga olingan.

O‘tgan o‘quv yilida o‘rta maxsus o‘quv yurtlarini 17 nafar nogironligi bo‘lgan yosh bitirgan bo‘lsa, shundan 9 nafari partiya ko‘magida ishga joyashtirildi. Deputatlarimiz tashabbusi va takliflari asosida Urganch davlat universitetining talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan talabalarning yotoqxonada yashashi uchun to‘lovlar kamaytirildi.

Albatta, kimgadir nimadir olib berish bilan muammo to‘liq hal bo‘lib qolmaydi. Masalaning asl mohiyatini anglab, kelajakda boshqa insonlar ham shu muammoga duch kelishining oldini olishimiz kerak.

 

Mavjuda HASANOVA, O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat kengashi raisi:

— Partiya kengashlari xodimlari va deputatlarning mas’uliyatini kuchaytirish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqchiman. Chunki har birimiz o‘z vazifamizni sidqidildan, mas’uliyat bilan bajarsak, partiyamizning obro‘si oshishiga, elektoratimiz ishonchini qozonishga xizmat qilgan bo‘lamiz.

Joriy yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyat, tuman, shahar partiya kengashlari tomonidan 800 nafardan ortiq og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qiz holidan xabar olindi. Muloqot mobaynida 400 dan ortiq muammolar aniqlanib, 336 tasining ijobiy yechimiga erishildi. Shuningdek, 500 nafarga yaqin xotin-qiz ishga joylashtirildi. 86 nafari o‘z ishini ochish, tomorqada ishlash, parrandachilik bilan shug‘ullanish uchun banklardan kredit olishdi, 72 nafariga esa oilaviy tadbirkorligini boshlashiga ko‘mak berildi.

Albatta, yuqorida keltirilgan raqamlar bilan maqtanib bo‘lmaydi. Viloyat miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar oz emas. Masalan, xotin-qizlar bandligi masalasi. Bu ijtimoiy ahamiyatga ega muhim vazifa. Yangi taklif, yangi yondashuvlar kerak.

 

Ravshan ABDULLAYEV, O‘zbekiston XDP Namangan viloyat kengashi raisi:

— O‘tgan davrda xalq deputatlari Navoiy viloyat va tuman Kengashlaridagi O‘zXDP guruhi azolari tashabbusi bilan muayyan ishlar amalga oshirildi. Lekin bugungi kun talabiga ko‘ra, natijalar bilan maqtanmasdan, faoliyatimizga tanqidiy-tahliliy qarash talab etiladi.

Yana bir masala. Partiyamiz yetakchisi mahalliy Kengashlardagi ba’zi deputatlar bilan aloqa uzilib qolganini ta’kidladi. Haqiqatan ham, hali partiya tashkiloti xodimi yoki hududdan saylangan deputat biror marta uchrashmagan qanchadan-qancha ishsiz aholi, yoshlar, xotin-qizlar bor. Afsuski, ularning muammolarini hal qilish, mamlakatimizdagi o‘zgarishlar jarayoniga faol jalb etish bo‘yicha deputatlik korpuslarining ta’siri sezilgani yo‘q.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bundan keyin odamlar puch va’dalarga ergashmasligini ular bilishmaydimi? Bugun odamlarning kayfiyati, dunyoqarashi mutlaqo o‘zgargan. Saylovchilar endi amaliy ishlarga qarab baho berishni o‘rganmoqda. Hamon mudroq kayfiyatda yurgan deputatlarimizni ogohlikka chaqirishimiz lozim. Shuningdek, keyingi saylovlar ishiga vijdonan yondashadigan, el orasida obro‘ qozongan insonlar nomzodini ko‘rsatish muhim vazifadir.

Kunning ikkinchi yarmida plenum ishtirokchilari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topgan sana munosabati bilan tashkil etilgan bayram dasturiga taklif etildi. Partiya Markaziy Kengashi raisi H.Ketmonov yig‘ilganlarni partiyaning 27 yilligi bilan samimiy tabriklab, bir guruh faxriylar, faol deputat va xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirdi. San’atkorlarning go‘zal ko‘y-qo‘shiqlari ko‘ngillarni xushnud etdi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

Mahliyo ALIQULOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: