Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
27.09.2018

ADABIY DO‘STLIK TARANNUMI

Dunyoda do‘stlik eng aziz ne’matlardan biri hisoblanishi bejiz emas. Negaki, bu tuyg‘u millati, tili, joylashgan hududidan qat’i nazar, bashar xalqlarini bir-biri bilan yaqinlashtiradi, ular o‘rtasida ma’naviy ko‘priklar yaratadi.

Davlatimiz rahbarining adabiyotimiz rivojiga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori, «Adabiy do‘stligimiz abadiy do‘stlikka aylansin» degan da’vatlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida «O‘zbek adabiyotining xorijiy do‘stlari kengashi»ni tuzish haqidagi tashabbuslari, shubhasiz, shu olijanob maqsadning amalga oshishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nafaqat xalqaro masalalar, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ma’rifiy aloqalarni ham mustahkamlashga yuksak e’tibori, mamlakatimizning dunyo miqyosidagi adabiy aloqalarini ham keng rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, xorijiy davlatlar rahbarlari bilan bo‘ladigan oliy darajadagi uchrashuvlarda o‘sha davlatga mansub taniqli davlat va jamoat arboblari, xususan, ardoqli shoir va yozuvchilarning kitoblarini o‘zbek tilida nashr etib taqdim qilib borish bo‘yicha tashabbusli yondashuvi davlatlararo ahamiyat kasb etmoqda. O‘tgan qisqa davr mobaynida Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevga «XXI asr bo‘sag‘asida», Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga Abdurahmon Jomiyning «Muhabbat mahzani», Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga Yakub Kolasning «Qadrdon qo‘shiqlar» kitoblarining taqdim etilishi, o‘z navbatida, mazkur mamlakat rahbarlarining bunday e’zoz va e’tiborga ko‘rsatayotgan javob harakatlari bu jarayonning xalqaro munosabatlarda ezgu an’ana ko‘rinishini olayotganidan guvohlik berib turibdi.

Mamlakatimizda qozoq xalqining ulug‘ shoiri Abay Qo‘nonboyev, mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov ijodiy merosini targ‘ib qilish borasidagi qarorlar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan mazkur adiblar kitoblarining chop etilishi, Toshkentda Yakub Kolas va Maxtumquli yodgorliklarining o‘rnatilishi, Abay Qo‘nonboyev, Aleksandr Pushkin tug‘ilgan kunlari munosabati bilan ularning haykallari poyida o‘tkazilgan ijodiy anjumanlar chinakam ma’noda adabiy do‘stlik tarannumiga aylandi.

Toshkentda o‘tgan o‘zbek adabiyoti targ‘ibotiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya adabiyotimiz tarixida yangi sahifa ochdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Germaniyada Xelmut Dalov tomonidan «Boburnoma» nemis tilida, Ukrainada Igor Shpak tomonidan Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostoni ukrain tilida, Turkiyada Huseyn Baydemir, Ma’rufjon Yo‘ldoshev va Yilmaz O‘zqoyalar tomonidan «Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti» nomli o‘zbek yozuvchilari asarlari turk tilida kitob holida nashr etildi.

Xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro aloqalar mustahkamlanib, amaliy harakatlarga kirishildi.

Toshkentda o‘tgan xalqaro konferensiya doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston Yozuvchilar uyushmalari raislari Anor muallim, Ulug‘bek Yesdavlat, Nizom Qosim bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid o‘rtasida hamkorlik shartnomalarining imzolanishi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi delegatsiyalarining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Hindiston davlatlarida adabiy anjumanlar, ijodiy muloqotlarda bo‘lishi ham xalqaro adabiy aloqalarimiz tobora rivojlanib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Yaqinda adiblarimizning Hindiston safari davomida ushbu mamlakat kutubxonalarida saqlanayotgan Alisher Navoiyning milodiy 1671 yilda ko‘chirilgan devoni, «Boburnoma»ning forsiy nusxasi, Akbarshoh tomonidan yozdirilgan Abduqodir Bidoyuniyning «Tarixi Temuriyon» kabi asarlari, umuman, ajdodlarimiz qalamiga mansub, tariximiz, ma’naviy merosimizga oid 119 ta qo‘lyozma va kitoblardan nusxalar olib kelindi. Bu, o‘z navbatida, yangi tadqiqot va nashr ishlari uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro munosabatlar ikki davlat rahbarlari tashabbusi va sa’y-harakati tufayli nafaqat yangi bosqichda rivojlanmoqda, balki yanada kengayib bormoqda. Bu, albatta, adabiy aloqalarimiz do‘stona rivojida ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Avgust oyida Toshkentda o‘tgan «O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari» mavzusidagi xalqaro konferensiyada Rossiya Federatsiyasidagi adabiy nashrlar — «Inostrannaya literatura» jurnali bosh muharriri Aleksandr Livergant, «Literaturnaya gazeta» bosh direktori Aleksey Shavlov, bosh muharriri o‘rinbosari Anastasiya Yermakova, «Roman-gazeta» jurnali bosh muharriri Yuriy Kozlovlar ishtirok etdi. Bu nashrlar bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi muassisligidagi adabiy nashrlar — «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, «Jahon adabiyoti», «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka», «Yoshlik» jurnallari o‘rtasida hamkorlik shartnoma hujjatlarining imzolanishi, shubhasiz, adabiy aloqalarimiz rivojiga xizmat qilmoqda.

Adabiyot, she’riyat, shoirlar yo‘li azal-azaldan hamisha dunyoning eng yirik chorrahalarida kesishgan. Ammo shoir dahosi kichik bir o‘lka hududini dunyoning eng yirik shoirlari yo‘li kesishadigan nuqtaga aylantirishga qodir ekan. Aynan Rasul Hamzatov ijodi va shaxsiyati sabab Dog‘iston ana shunday adabiy markazlardan biriga aylandi.

Yaqinda Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Dog‘iston Yozuvchilar uyushmasi taklifiga binoan Rasul Hamzatov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan XXXII Xalqaro «Oq turnalar kuni» festivalida ishtirok etish uchun ushbu diyorda bo‘ldik.

Dog‘istonda bo‘lib o‘tgan tadbirlar davomida Maxachqa’la shahri Tarki-Taudagi shoir qabrini ziyorat qildik. Ulug‘ shoir yashagan xonadonga tashrif buyurib, oila a’zolari bilan uchrashdik. Rus drama teatrida bo‘lib o‘tgan shoirning 95 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda, «She’riyat teatri»dagi «Ovul va butun jahon shoiri» mavzusida Rossiya she’riyat kechasida qatnashdik. Dog‘iston Yozuvchilar uyushmasida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdik. Unda Rossiya Federatsiyasi Yozuvchilar uyushmasi raisi Nikolay Ivanov, Dog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Magomed Ahmedov va boshqa xorijiy va mahalliy yozuvchilar bilan adabiy aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro tarjima ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi. Barcha tadbirlar, xususan, Rasul Hamzatov tug‘ilgan Xunzax tumanidagi Sada ovulidagi tantanalar, u tug‘ilib o‘sgan xonadon — hozir uning otasi Dog‘iston xalq shoiri Hamzat Sadasa uy muzeyi barchada juda katta taassurot qoldirdi.

Biz Dog‘iston adabiyotidan ko‘proq Hamzat Sadasa, Abu Tolib, Rasul Hamzatov, Fazu Aliyevalarni bilamiz. Aslida bu ko‘p millatli adabiyot vakillaridan iborat gulzorda kishi ko‘nglini she’riyatning muattar bo‘ylaridan bahramand etuvchi turfa chechaklar, Vatanning chin oshig‘i bo‘lgan bulbullar juda ko‘p. Sulaymon Stalskiy, Ali Kaziyev, Abdulla Magomedov, Xandulay, Tagir Xryugskiy, Omarla Batiray, Anxil Marin, Irchi-Kazak, Mahmud-Kozab-Roso, Yusup Xappalayev kabi qanchadan-qancha kuychilar, shoirlar, yozuvchilar o‘tgan. Ularning ijodi bilan tanishar ekanmiz, Rasul Hamzatov asrlar davomida o‘z an’analari, ramzlari, qadriyatlari asosida rivojlanib kelgan bir butun hikmatgo‘y va bulbulzabon Dog‘iston zaminida kamol topgani bejiz emasligini anglaymiz.

Dog‘iston Yozuvchilar uyushmasiga tashrif davomida Rossiyaning turli o‘lkalaridan va xorijdan kelgan adiblar bilan do‘stona tanishuv va adabiy aloqalarni rivojlantirish, har bir hududga xos tajribalar bilan tanishishga qaratilgan do‘stona suhbat bo‘lib o‘tdi. Biz ularga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun Prezidentimiz tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida alohida milliy va zamonaviy me’morchilik an’analarini mujassamlashtirgan yangi bino qurib berilgani, unga yonma-yon hududda «Adiblar xiyoboni» tashkil etilgani, shunday yo‘lning narigi betida yozuvchilar uchun 120 xonadonli uy qurilgani, «Ijod», «Ilhom» fondlari, «Do‘stlar klublari», ijod maktablari, qo‘yingki, barcha-barcha o‘zgarishlar, adabiyot rivojiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor haqida gapirib berdik. Ularning aksariyati bu boradagi O‘zbekiston tajribasi xalqaro miqyosda o‘rganishga loyiq ekanligini, adabiyotni rivojlantirish borasida qator davlatlar uchun ibrat va namuna timsoli bo‘lib xizmat qilishini e’tirof etdilar.

Xuddi bizdagi kabi bu diyor xalqi ham adabiyot, she’riyatni non va suv kabi hayot uchun zarur ne’mat deb biladi. Negaki, xalqchil adabiyot hamisha xalq orzu-umidlari, dardu armonlari, quvonch-shodliklari bilan yashaydi. Xalq adabiyot tufayli, adabiyot esa xalq tufayli nafas oladi.

«Boshqa yozuvchilarning kutubxonalari kitoblarga to‘la, mening kutubxonam esa xalq bilan to‘la. Xalqdan olaman, xalqqa beraman», deb yozgandi bir paytlar Rasul Hamzatov. Ustozlar, zamondoshlari ta’kidlaganidek, u barcha ulug‘ shoirlar singari olganidan ko‘proq berdi. Shuning uchun ham shoirning asarlarida har bir tog‘lik shoirdek gaplashadi. Har bir shoirning qalbida o‘sha tog‘lik shivirlab turadi.

— Men fursatdan foydalanib o‘zbekistonlik do‘stlarimizga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman, — dedi Salixat Hamzatova. — Kecha teatrdagi chiqishingizdan nafaqat men, balki butun xalqimiz qattiq ta’sirlandi. O‘zbek xalqini azaldan she’rsevar ekanligini bilardik. Otamni, uning ijodini O‘zbekistonda qadrli va sevimli ekanini bevosita sizlardan eshitish biz uchun katta baxt. Toshkent viloyatida «Turnalar» monumenti o‘rnatilgani meni hayratga soldi. Siz tayyorlab kelgan otamning o‘zbek tilidagi she’rlarining yangi tarjimalari asosidagi «Oq turnalar» kitobi uchun ham rahmat aytmoqchiman. Chin yurakdan minnatdorman.

Dog‘iston Respublikasi bu ko‘p millatli ahil oilani eslatadi. Unda turli millat va elat vakillari do‘st-qadrdon, quda-anda bo‘lib yashab kelyapti. Har bir til, unda yaratilgan adabiyot insoniyatning eng katta va nodir boyligidir. Har bir til o‘zi alohida bir dunyo. Shoir va yozuvchilar tufayli biz ana shu dunyoga kiramiz, qalban ulg‘ayamiz, ruhan poklanamiz.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti granti, «Rossiya oq turnalar xalq birligi» ma’rifiy loyihasi bo‘yicha «Ko‘p tilli Rossiya she’riyati» rukni asosida turli millatga mansub ushbu yurt shoir va yozuvchilarining kitoblari chop etilayotgani barchani quvontirdi. Ayniqsa, bu rukndagi avar shoiralari Sabigat Magametova, Beku Meseda Rasulova, Qo‘miq shoirasi Sheit-xonim Alisheva, darg‘in shoirasi Aminat Abdulmanopova, lezgin shoirasi Bilola Adilova, qabardin shoirasi Bati Balkizovalar ijodidan qilingan tarjimalar bu she’riyatning dunyo bo‘ylab taralishi uchun keng yo‘l ochadi.

Azim she’riyat tufayli bugun dunyoning qaysi bir burchagida bo‘lmasin, Rasul Hamzatov desa Dog‘istonni, Dog‘iston desa Rasul Hamzatovni eslashadi. U ana shunday buyuk muhabbat bilan nafaqat Dog‘istonni, Rossiyani, uning turfa xalqlarini, dunyo ahlini seva bildi, sevganda ham birini ikkinchisidan ayirmay, birini tepa, birini past, birini oq, birini qora demay sevdi. «Butun yer yuzi aholisini qulochimni keng olib, bag‘rimga bosishni qanchalar istardim...», derdi u. Uning olamga, insoniyatga bo‘lgan sevgisi, ulkan muhabbat va e’tirof bo‘lib o‘ziga qaytdi.

Tog‘lar o‘lkasi Dog‘istonda bo‘lib o‘tgan «Oq turnalar kuni» festivali, ezgulik, adabiyot, Rasul Hamzatov she’riyati dunyoning qanchadan-qancha mamlakatlaridan kelgan shoir va yozuvchilarni birlashtirdi. Qalblarni qalblarga, ellarni ellarga bog‘ladi. E’tirof etilganidek, adabiy do‘stlik, abadiy do‘stlik uchun zamin bo‘lib xizmat qilishi yana bir karra o‘z isbotini topdi.

 

Minhojiddin MIRZO,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari.

O‘zA


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: