Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
18.09.2018

OLIY TA’LIMNING OG‘RIQLI NUQTASI PROFESSOR-O‘QITUVCHILARNI TANLASH MASALASIDIR

Jo‘liboy ELTAZAROV, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti dekani, professor:

2018 yil 1-15 avgust kunlari mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga kirish testlarining yangicha usulda, adolat tamoyillariga asosan va shaffof o‘tkazilishi munosabati bilan o‘zbek jamiyatining diqqat-e’tibori qayta va qayta oliy o‘quv yurtlari hamda u yerdagi ahvolga tortildi. Gazetalar, portallar, ijtimoiy tarmoqlardagi son-sanoqsiz maqolalar, fikrlar, tortishuvlarning negizida – ta’lim tizimini tubdan sog‘lomlashtirish, korrupsiya, tanish-bilishchilik, ta’magirlikni ildizi bilan qo‘porib tashlash, globallashish davri hamda zamon talablariga mos keladigan ta’lim tizimini barpo etish g‘oyasi yotibdi. Bu yildan e’tiboran, nihoyat, kirish sinovlarini adolatli o‘tkazishga erishilgan ekan, endi navbatdagi vazifa oliy o‘quv yurtlaridagi ta’limning saviyasini ko‘tarish, katta orzu-umidlar bilan oliy dargoh ostonasini xatlagan yoshlarga yuksak darajada bilim berishni ta’minlashdir. Binobarin, bu bilimlarni beradigan professor-o‘qituvchilar, ularning ma’naviy qiyofasi, intellektual va bilim saviyasini yaxshilash muammosi kun tartibiga kelishi tayin...

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 5 iyunda qabul qilingan Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida haqqoniy ta’kidlanganidek, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida «talabaning o‘zlashtirish darajasi — professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni» tamoyili joriy etilishi belgilab qo‘yilgan. Bu oliy ta’lim tizimida bundan buyon mutlaqo yangicha kadrlar siyosati yuritilishini anglatadi. Shu sababli bu xususda uzoq va yaqin xorijda qanday usullar va yondashuvlar bilan ish ko‘rilayotganini tahlil qilish va yuqoridagi qarorda oliy ta’lim tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda jahon tajribasidan o‘rinli foydalanish zaruriyati mavjud.

...Ushbu maqolani yozishga tayyorlanar ekanman diqqatimni «Ilm pulga sotiladimi?» deb nomlangan maqola o‘ziga tortdi. http://ziyouz.uz/oila-va-jamiyat/ilm-pulga-sotiladimi/ Undagi quyidagi o‘rinlarni aynan keltiraman: «Hadisi sharifda, olimlar payg‘ambarlarning vorisidir, deb bejizga aytilmagan. Ilm kishilari mol-dunyoga mayl qo‘ydimi, shu asnoda o‘z vazifalarining teskarisini bajara boshlaydilar. Ya’ni xalqni gumrohlik sari yetaklashadi». Shuningdek, muallif «Jahon adabiyoti» jurnalida e’lon qilingan «Ko‘lankadagi Rossiya» nomli maqoladan iqtibos keltiradi: «Agar institutlarning o‘qituvchilariga maosh to‘lanmasa ham hechqisi yo‘q — ular, baribir, ishga qatnayveradilar, chunki ularning ta’magirlik va poraxo‘rlik bilan topadigan mablag‘larining manbai bitmas-tuganmasdir. Shuni ham aytib qo‘yayki, mening tanqidiy mulohazalarim, birinchi navbatda gumanitar fakultetlarga taalluqli. Texnikaviy va boshqa fakultetlarda vaziyat o‘zgacha bo‘lishi ham mumkin...

 

Mazkur maqolada poraxo‘rlik, ta’magirlik tizimining «qurilishi», ish jarayoni asosli dalillar vositasida fosh etiladi: «Hozir abituriyentlarning ota-onalari repetitorlarga shunchaki mashg‘ulot o‘tagani uchun emas, oliy o‘quv yurtiga kirishiga kafolati uchun haq to‘lashga tayyorlar. Ayni ana shu kafolat pulga arziydi. (Ba’zi bir o‘quv yurtlarida repetitorlik uchun alohida pul olishadi, institutga kirish uchun alohida olishadi, chunki bu repetitor kirish imtihonlari tarkibiga kirmay qolishi (mumkin), bunday hollarda repetitor hamkasabalari bilan bo‘lishishga majbur bo‘ladi). Amalda har bir fakultetda «faol» o‘qituvchilarga institutga olib kirishi lozim bo‘lgan abituriyentlarning miqdori avvaldan belgilab qo‘yiladi» Demak, bu hali poraxo‘rlikka asoslangan mashina g‘ildiragining ilk siljishi ekan. Undan so‘ng esa «har qaysi sessiya davrida sovg‘a-salomlar tuhfa etish jarayoni boshlanadi. Buning natijasida davlatning ta’lim tizimida uchiga chiqqan poraxo‘r va bu jinoyat uchun deyarli jazolanmaydigan o‘qituvchilar guruhi paydo bo‘ladi, oqibatda ikki pulga qimmat mutaxassis yoshlar yuzaga keladi. Bunday yoshlar ko‘lankadagi iqtisodiyot bobida birinchi saboqlarni oliy o‘quv yurtida oladi».

Yuqoridagilarni bejizga keltirmadik. Boisi, bu qabildagi «ko‘lankadagi tadbirkorlik» faqatgina Rossiya oliy ta’lim tizimiga xos emas, balki ayni vaqtda sobiq ittifoqdosh respublikalarning aksariyati aynan o‘sha illatni boshdan kechirayotir».

Ushbu maqoladagi fikrlar, afsuski, yozuvchi yoki jurnalistning fantaziyasi emas, bu oliy ta’lim muassasalarida eng ko‘p duch kelinadigan holat. Haqiqatan ham, «...ta’lim tizimida uchiga chiqqan poraxo‘r va bu jinoyati uchun deyarli jazolanmaydigan o‘qituvchilar guruhi paydo bo‘lgani» ham rost. Ustiga ustak, bu uchar domlalar ilm-fandan uzoq, o‘qituvchilik mahorati yo‘q hisobi, muomala madaniyati ham o‘ziga yarasha...

 Yana shunisi achinarliki, bunday o‘qituvchilar faoliyatiga to vakolatli organlar nuqta qo‘ymaguncha oliy ta’lim muassasalarida taralla-bedod qilib yuraveradilar. Ularni o‘z vaqtida tanobini tortib qo‘yish, ishdan chetlatishning ijtimoiy-ma’muriy mexanizmi mavjud emas. Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 1997 yil 11 mart 133-son qarori talablariga ko‘ra professor-o‘qituvchi shartnoma asosida ishga qabul qilinadi, keyinchalik har besh yilda u tegishli ilmiy kengashlarda tanlovdan o‘tadi. Bu tizim mavjud ekan, «uchar» domlalar o‘n minglab halol, bilimli va zahmatkash professor-o‘qituvchilar qatori to pensiyagacha va hatto undan keyin ham o‘z faoliyatini davom ettiraveradi.

To‘g‘ri, hozir har bir oliy o‘quv yurtida «O‘qituvchi talaba nigohida» nomli anketa so‘rovi o‘tkaziladi. Talabalar anketa savol­lariga javob berish chog‘ida o‘qituvchilarning bilim saviyasi, darsni qay tarzda o‘tishi, ma’naviy-insoniy qiyofasiga baho berishadi va albatta, ta’magirlik faktlari xususida ham o‘z munosabatini bildiradi. Anketa yakunlariga ko‘ra, agar shunday holat aniqlansa, oliy ta’lim muassasasi qo‘li egri domla bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkinligi biror-bir qonuniy hujjat bilan belgilab qo‘yilmagan...

Bundan tashqari, har bir oliy ta’lim dargohida vazirlikning ko‘rsatmasiga ko‘ra «adolat qutisi» o‘rnatilgan. Talabalar nazarida adolatsiz tuyulgan har bir harakat yuzasidan xat yozib, mazkur qutiga tashlashi mumkin. Har oyda mazkur anonim xatlar ilmiy kengashda ko‘rib chiqiladi. Ustidan shikoyat tushgan o‘qituvchilarga esa o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash taklif etiladi. Shunga qaramay, bu choralar ta’magirlikka qarshi samarali vosita emas.

Ma’lumki, professor-o‘qituvchilarni bilimi va kasbiy mahoratini quyidagi uch holda chuqur tekshirish va tahlil etish talab etiladi:

Birinchidan, ular ishga qabul qilinayotganda; Ikkinchidan, vakant lavozimlar uchun tanlovda qatnashayotganda; Uchinchidan, yuqoriroq lavozim yoki ilmiy unvonga (kafedra mudirligi, dekanlik, dotsentlik yoki professorlikka) o‘tayotganda.

Hozir amalda bo‘lgan qoidalarga ko‘ra, ishga kirayotgan yoki yangi lavozim (unvon)ga da’vogar shaxs tavsifnoma, ochiq dars tahlili, talabalardan olingan anketa so‘rovlari natijalari qatori xodimlar bo‘limi talab etgan shaxsiy hujjatlarni taqdim etadi va aksar hollarda alternativasi bo‘lmaydigan tan­lovlardan o‘tib ketaveradi. Bu jarayonda, afsuski, oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchisi uchun suv va havodek lozim bo‘lgan xislatlar — o‘z faoliyatiga ijodiy yondashish, innovatsion uslublar, liderlik qobiliyati, pedagogik mahorat va pedagog sifatida bo‘lg‘usi faoliyatida eng kerakli komponentlar – halollik, to‘g‘rilik, ob’ektivlik xususiyatlariga baho berilmaydi va ushbu xislatlar tanlovning asosiga qo‘yilmaydi.

Shu tufayli professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik faoliyatini baholash, oliy ta’lim muassasidagi har qanday lavozimlarga eng yaxshi, eng bilimli, yuksak pedagogik mahorat egasi bo‘lgan kadrlarni tanlab olish, ularni doimiy ravishda o‘z bilim va mahoratini oshirib borish mexanizmini joriy qilish muhimdir. Bu talablarga javob bermaydigan va butun faoliyatini yuqorida tilga olib o‘tilgan «ko‘lankadagi tadbirkorlik»ka qaratgan xodimlarni esa tezda oliy o‘quv yurtlaridan chetlatish lozim bo‘ladi. Ammo, yuqorida aytilganidek, bunday tiplar osonlik bilan «jon bermaydi», ular oliy ta’lim muassasalarida o‘z faoliyatini davom ettirish uchun jon-jahdi bilan harakat qiladi. Shuning uchun mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida jahonning ilg‘or oliy o‘quv yurtlarida amalda qo‘llanib kelayotgan tanlov tizimini joriy qilish kerak. Bu tizim ularni avtomatik ravishda oliy ta’lim muassasalaridan chetlashtiradi, chunki bu xil «domla»larning intellektual saviyasi bu tizimlar asosiga qo‘yilgan mantiq va talablarga bardosh bera olmaydi. Biz hozirgacha turli sohalarda Sharqu G‘arbdan olgan modellarni o‘zimizga moslash bilan ularning asosiga qo‘yilgan ratsional mantiqni buzdik va bu modellarning ish bermagani sababi ham shunda.

AQSh, Avstraliya, Yaponiya, Singapur, Koreya kabi mamlakatlarda universitetlarga professor-o‘qituvchilarni ishga olish yoki tanlov asosida lavozimga qabul qilishning quyidagi tizimi mavjud. Balki biz ham shu usulni qo‘llab ko‘rishimiz kerakdir:

Birinchdin, assistent yoki katta o‘qituvchi lavozimiga (Assistant Professor) da’vogarlar 3-6 yil davomida har yili shartnoma asosida qayta ishga qabul qilinadi (non-tenure track position) va undan quyidagi hujjatlar, malakalar, xislat-xususiyatlar talab qilinadi:

oliy ma’lumot haqidagi diplomning mavjudligi; falsafa doktori (PhD) yoki fan nomzodi ilmiy darajasining mavjudligi; xalqaro ilmiy aloqalarining mavjudligi va bilim dunyosida tan olinganlik; bakalavriat va magistrlar bilan ishlashda pedagogik mahoratini namoyon etganligi; o‘qiydigan kurslari (darslari) uchun uslubiy qo‘llanma (ko‘rsatma)larni yarata olish tajribasi; doktorantlar bilan ishlay olish ko‘nikmasi; chet (ingliz) tilini bilishi;

Assistant Professor, ya’ni assis­tent yoki katta o‘qituvchi lavozimiga talabgorlarning «Kasbiy rivojlanish rejasi» (Professional Development Plan) mavjud bo‘lishi va u shartnoma amal qilgan davr mobaynida o‘z bilim va malakalarini oshirib borgani sertifikatlangan bo‘lishi kerak.

Bu tizimni joriy qilish orqali «ko‘lankadagi tadbirkorlik» bilan shug‘ullanadigan o‘qituvchini oliy ta’lim muassasalaridan chetlatishning real mexanizmi yaratiladi. Hech kimga sir emas, bu kategoriyadagi o‘qituvchilar asosan assistent, katta o‘qituvchi lavozimlarida ishlaydilar, ularning aksariyatida ilmiy daraja ham yo‘q.

3-6 yillik vaqt oralig‘ida «chig‘iriqdan o‘tgan» assistent yoki katta o‘qituvchi bu lavozimda doimiy ishlash uchun tanlovdan o‘tishi kerak va u tanlovdan o‘tish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

rezyume; diplomlar, sertifikatlar; ilm-fanda erishilgan muvaffaqiyatlarining tavsifi; talabgor dars bergan fanlarning ro‘yxati; qo‘lga kiritgan grantlari haqida ma’lumot; talabgorning muvaffaqiyatlarini tasdiqlovchi kamida uchta ekspertning xulosasi;

Ushbu talablarga javob beradigan nomzod tegishli kengashlardan tanlovlardan o‘tadi va u bilan endi doimiy ishlash uchun (tenure track position) shartnoma tuzsa bo‘ladi. Ammo bu shartnoma ham har yili qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Ushbu shartnoma muddati tugaganidan keyin uning faoliyati universitet (fakultet, kafedra) rahbariyati tomonidan ijobiy baholanmasa, o‘qituvchi keyingi tanlovda ishtirok eta olmaydi va ishdan bo‘shab ketadi.

Ikkinchidan, bizdagi dotsentga to‘g‘ri keluvchi Associate Professor lavozimiga da’vogar shaxs xalq­aro ahamiyatga ega bo‘lgan mavzularda tadqiqotlar olib borgan, grantlarda ishtirok etgan bo‘lishi va ishlab chiqarishga foydasi tegadigan mavzularda ishlagan bo‘lishi kerak. Bu lavozimga yosh chegarasi ba’zi mamlakatlarda 51 yosh qilib belgilangan. Bu lavozimga o‘tganidan 3 yildan keyin uning ilmiy-pedagogik faoliyatini takroran baholash jarayoni amalga oshiriladi (Post-Tenure Performance Review) va undan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxs bilan muddatsiz shartnoma imzolanadi.

Uchinchidan, bizdagi professor (Full Professor) lavozimiga teng keladigan mavqega kelishni istagan da’vogar kuchli liderlik xususiyatlariga ega hamda oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy yo‘nalishlardan birining yetakchisi bo‘lishi, ilmiy jamoani boshqarishi, talabalar, magistrlar, doktorantlar va yosh olimlarni o‘z ustida ishlashga, o‘z bilim va malakasini oshirishga, universitetning ilmiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga ruhlantiradigan xislatlarni o‘zida mujassam etishi kerak.

Bu lavozimga talabgorlar universitet qoshidagi «Tayinlov va muddatsiz shartnomalarni ko‘rib chiquvchi qo‘mita»ga (Promotion and Tenure (P&T) Review Committee) 3-5 yig‘ma jilddan, 1000-2000 sahifadan iborat va oxirgi 5-8 yildagi barcha muvaffaqiyatlarini aks ettiruvchi portfolioni taqdim etishi kerak. Bundan tashqari professor lavozimiga talabgordan oldingi ishlagan faoliyatiga berilgan bahoni aks ettiruvchi talabalar reytingi, ekspertlar reytingi, talabgorning o‘z faoliyatiga bergan bahosi, talabalardan olingan so‘rovnoma natijalari, bitiruvchilarning rey­tingi, rahbariyatning reytingi, o‘qituvchilik (lektorlik) mahorati, olgan mukofotlari, bergan darslarining natijalari (talabalarni test sinovidan o‘tkazish natijalari) ham talab qilinadi.

Qo‘mita talabgorning portfo­liosini ijobiy baholaganda u bilan muddatsiz shartnoma (tenure) tuziladi, ammo u besh yil o‘tib, yana shu qo‘mitaga hisob berishi kerak, agar natijalar ijobiy baholanmasa, shartnoma uzaytirilmaydi va talabgor universitetdan chetlashtiriladi.

Qisqasi, ilg‘or mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalarida bir marta ilmiy daraja yoki unvon olib umrbod uning «soyasida yurish» amalda mumkin emas, chunki u yerlarda «yo yuqoriga intil, yoki iste’foga chiq» tamoyili ustuvor, ya’ni professor-o‘qituvchi o‘zining doimiy ilmiy va pedagogik saviyasini oshirib bormasa, u bilan tuzilgan shartnoma darhol bekor qilinadi.

Yuqorida bayon qilinganlar jahon universitetlaridagi pro­fessor-o‘qituvchi kadrlarni tanlashning asosiga qo‘yilgan hamda ularni doimiy tarzda o‘z ustida ishlashga, bilim va ko‘nikmalarini va pedagogik mahoratini oshirib borishga, fan taraqqiyotiga va mamlakat iqtisodiyotiga o‘zining baholi qudrat hissasini qo‘shishga undovchi mexanizmlarning eng ommalashgan qismi, xolos. Bugungi kunda oliy ta’lim sohasida Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari (Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Honkong va Avstraliya...) Yevropa va Amerikadan ham o‘zib ketayotganligini mutaxassislar bu yurtlarda ko‘p jihatdan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining tanlovi va seleksiyasi mexanizmining yaxshi yo‘lga qo‘yganligi bilan izohlamoqdalar. Ularning tajribasini doimiy o‘rganib borish va ijobiy o‘zlashtirish zarur. Mazkur mexanizmning bizda ham ishlab ketishi uchun u qat’iylik bilan bir necha yil davomida joriy etilishi kerak.

Xullas, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholashning, ularni ishga qabul qilish va attestatsiyadan o‘tkazishning zamonaviy tizimini barpo etishimiz zarur va oliy ta’lim tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati bu muammoni muvaffaqiyatli hal qilish bilan bevosita bog‘liqdir.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: