Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
11.09.2018

SHAHRISABZDAN TARALGAN MUMTOZ NAVOLAR

dunyoning ko‘plab mamlakatlariga yetib bordi

Samarqandning Taxtaqoracha dovonidan Kitob va Shahrisabz tumaniga o‘tayotganda bepoyon kengliklarda yastanib yotgan zumrad vodiy ko‘zga tashlanadi. Olis-olislardan nay sadosi quloqqa chalinganday bo‘ladi. Ko‘ngling hapriqib, beixtiyor o‘sha tomonga talpinasan...

Buyuk sarkarda Amir Temurning ona yurti bo‘lmish Shahrisabzda, sohibqiron haykali qad rostlagan Oqsaroy maydonida bir hafta mobaynida yangragan mumtoz navolar millionlab ko‘ngillarni zabt etdi, yuraklarga zavq-shavq bag‘ishladi. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sozanda-yu-xonandalar 1800 kishilik amfiteatrda o‘z san’atlarini namoyish qildilar, turli tillarda maqom navolari ijro etildi.

Xalqaro maqom san’ati anjumaniga tayyorgarlik jarayonida Shahrisabz shahrida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Anjuman o‘tadigan Oqsaroy maydoni yashil maysazor bilan qoplandi, daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Maxsus sahnalar, turfa an’ana va qadriyatlarimizni ifoda etuvchi hunarmandlik rastalari qad rostladi, turizmni yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Sohibqiron Amir Temurning Oqsaroy qarorgohi garchand asrlar silsilasi ta’sirida bo‘lsa-da, undagi mahobat va ulug‘vorlik mehmonlarni hayratga soldi. Uning atrofidagi yashil maydonda respublikamizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan kelgan san’at ustalari, havaskorlik dastalari, hunarmandlar o‘z mahoratlarini namoyish qildilar. Mehmonlar YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan Dorus-saodat va Dorut-tilovat majmualari, Kunduzak masjidi, Abdushukur Og‘alik madrasasi, Chorsu bozori kabi 20 dan ortiq obidalarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

 Asrlardan asrlarga, tillardan-tillarga o‘tib kelayotgan mumtoz musiqa ohanglari barchani o‘z sehriga oldi. Anjumanda ishtirok etgan tomoshabinlar, xorijlik mehmonlar maqomning ilohiy qudratini takror va takror e’tirof etishdi.

Xorijlik mehmonlar Oqsaroy maydonida O‘zbekistonning tarixi va madaniyatini ifoda etuvchi teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, hunarmandlar, milliy liboslar ko‘rgazmasi va yarmarkasi, dorbozlar, folklor jamoalarining chiqishlarini zavq-shavq bilan tomosha qildilar.

Anjuman doirasida «Maqom san’ati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda xorijiy davlatlardan musiqashunos va maqomshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Anjumanda 29 davlat vakillari maqomning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. O‘zbekistondan 4 jamoa tanlovda ishtirok etdi. Xalqaro hay’at tomonidan ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari uchta nominatsiya («Eng yaxshi maqom ansambli», «Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi» va «Eng yaxshi yakkaxon xonanda») bo‘yicha baholandi. Gran-pri mukofoti uchun 15 000, 1-o‘rin 10 000, 2-o‘rin 7 000, 3-o‘rin 5 000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan edi.

Bir hafta mobaynida san’atsevar muxlislar Afg‘onistonning «Safar» guruhi, AQShning «Shashmaqom akademiyasi» bolalar musiqiy jamoasi, Hindistonning Ustad Iqbal, Dvali jamoalari, Ozarbayjonning Sahib Pashshazade rahbarligidagi «Mugham» ansambli jamoasi, Jazoirning Djazira musiqiy jamoasi, Xitoy Xalq Respublikasidan yakkaxon ijrochi Gulzira Ablat, Tojikistondan yakkaxon ijrochi Sirojiddin Jo‘rayev singari ko‘plab mohir sozanda va sohir ovoz sohiblarining kuy-qo‘shiqlaridan bahramand bo‘ldilar.

— Maqomni eshitganimizda qalbimizda ajib hislar uyg‘onadi. Undagi dard, ohang, rang-baranglik ruhiyatimizga sokinlik baxsh etadi, tinchlantiradi, — deydi xalqaro maqom san’ati anjumani bosh rejissyori, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir YO‘LDOSHEV. — Musiqaning ta’siri, sehri ana shunday qudratga ega. Bugun o‘ndan ortiq mamlakat o‘z maqomiga ega. Hindistonda u «Raga», Pokistonda «Kavalli», Eronda «Dastgoh», Jazoirda «Nuga», Ozarbayjon va armanlarda «Mug‘om», arab va uyg‘urlarda «Maqom» deb ataladi.

Shahrisabz xalqaro forumi ana shu xalqlarning zabardast ijrochilarini bir maskanda jamladi. Mahalliy va xorijiy ekspertlarning fikricha, bu anjuman san’atsevar xalqlarni maqom yo‘llari va mumtoz namunalaridan yanada kengroq bahramand etishda muhim voqea bo‘ldi.

— Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk bora o‘tkazilayotgan bu xalqaro anjuman turli tillarda so‘zlashuvchi xalqlarning madaniyatlararo muloqotini uyushtirdi va maqom san’ati targ‘ibotiga xizmat qilyapti, — deydi Pokiston Madaniyat vazirligi vakili Muhammad Furqan. — Oqshom cho‘kayotgan paytda ataylab Shahrisabzni yuqoridan turib kuzatdim. Bilasizmi, bunaqa tarovat, bunaqa salobatni umrim bino bo‘lib hech qayerda ko‘rmaganman. To‘g‘risi, Shahrisabzga kelish, tarixiy Oqsaroyni ko‘rishni orzu qilib kelardim. O‘zimni ertaklar shahriga tushib qolgandek his qildim...

Shahrisabz shahrida ochilgan Maqom muzeyi ham anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Muzey 5 bo‘limdan iborat bo‘lib, uning ekspozitsiyasidan Toshkent-Farg‘ona, Buxoro-Samarqand Shashmaqomi, Xorazmning o‘ziga xos maqom maktablarining musiqa asboblari, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyati hududlaridan topilgan faktologik manbalar, etnografik eksponatlar joy olgan. O‘sha davrning musiqa asboblari, sozlar, notalar fotoko‘rgazmalar yordamida tasvirlangan.

Eramizdan oldingi 1 asrlarga mansub Ayritom frizi va Shahrisabz hududidagi Yumaloqtepa yodgorligidan topilgan ostadonlar hamda musiqachi farishtalar aks etgan terrakotalarda maqom san’ati namunalari o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, muzeyda O‘zbekiston hududlaridan topilgan noyob arxeologik namunalar asosida maqom san’atining kelib chiqish tarixi va evolyutsiyasi keng yoritilgan.

— Oqsaroy maydonida Xalqaro maqom san’ati forumining tantanali ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini juda katta hayajon bilan tingladik, — deydi Andijon viloyat Maqom markazi badiiy rahbari Ravshanbek Hojiqulov. — Davlatimiz rahbari maqom san’ati xalqimizning qadimiy tarixi, ma’naviy dunyosi, badiiy falsafasi, ruhini ifoda etadigan bebaho madaniy meros sifatida yurtimizda juda e’zozlanishi, uni asrash, chuqur o‘rganish, boyitish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish muqaddas burchimiz ekanini alohida ta’kidladi. Haqiqatan ham yosh avlod estetik didi hamda tafakkurini boyitishda maqom san’atining ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2018 yil 6 apreldagi «Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorlari esa o‘zbek mumtoz musiqasi tarixida yangi davrni boshlab bergan muhim hujjat bo‘ldi.

Shu o‘rinda maqom tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘zbek mumtoz musiqasida maqom janri yetakchi o‘rinni egallaydi. Maqom juda qadim zamonlarda Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari musiqa madaniyatida mavjud bo‘lgan. U yetuk sozanda va xonandalar tomonidan yaratilgan va IX-X asrlarda takomiliga yetib, yangi vositalar bilan boyigan. Maqom musiqa ijodiyotining boshqa turlaridan badiiy mukammalligi, kuy va shakl tuzilishlari, usullari hamda ilmiy va amaliy asoslari puxta ishlangani bilan farq qiladi. Maqom — musiqa, she’riyat va raqs san’atlarini mujassamlashtiruvchi mushtarak badiiy durdonadir. O‘zbekistonda maqom asarlarining Buxoro «Shashmaqom»i, «Xorazm maqomlari» va «Farg‘ona—Toshkent maqom yo‘llari» turkumlari, shuningdek, uning lokal variantlari — Toshkent irog‘i, Qo‘qon irog‘i, Samarqand ushshog‘i, Farg‘ona «Surnay maqom yo‘llari», Xorazm «Dutor maqom turkumi», «Feruz» turkumlari mavjud. Ushbu durdonalarni targ‘ib qilish uchun O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tashkil etildi.

Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharqda keng tarqalgan bu qadimiy san’at jahon musiqashunoslarining doimiy e’tiborida bo‘lgan. Sababi, bu hududlardan yetishib chiqqan Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Abdurahmon Jomiy, Hofiz Sheroziy kabi buyuk mutafakkirlarning adabiy merosini maqom san’atidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jahon adabiyoti va san’atida mushtarak g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlarning shakllanishida maqomning o‘rni beqiyos.

Shahrisabzda o‘tkazilgan Xalqaro maqom san’ati anjumani san’atsevar xalqlarni milliy musiqamizning betakror navolari, mumtoz maqom namunalaridan bahramand etdi, ayni chog‘da biz boshqa xalqlar maqom san’ati durdonalari bilan yaqindan tanishdik. Bu anjuman dunyo xalqlarining o‘ziga xos san’at bayramiga aylandi. Uning shukuhi uzoq vaqt qalbimizda yashaydi, bu haqda hali ko‘p fikrlar aytiladi.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri,

Rashida HASANOVA,

O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Matbuot xizmati xodimi.



DB query error.
Please try later.