Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
01.11.2012

QONUN IJODKORLIGI TAKOMILLASHMOQDA

OLIY MAJLIS QONUNCHILIK PALATASI QONUNCHILIK VA SUD-HUQUQ MASALALARI QO‘MITASI TOMONIDAN «ISHBILARMONLIK MUHITI YANADA TUBDAN YAXSHILANISHI MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA O‘ZGARTISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA»GI QONUN LOYIHASINI TAKOMILLASHTIRISH YUZASIDAN ISHCHI GURUHINING YIG‘ILISHI O‘TKAZILDI.

UNDA DEPUTATLAR, MUTASADDI VAZIRLIK VA TASHKILOTLAR MUTAXASSISLARIDAN IBORAT ISHCHI GURUHI A’ZOLARI, BARCHA SIYOSIY PARTIYALAR FRAKSIYALARIDAN VAKILLAR ISHTIROK ETDI.

Avvalo, ta’kidlash kerakki, yig‘ilish muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasi «Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonda belgilangan vazifalar ij­rosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Uning maq­sadi mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yanada qulay shart-sharoit yaratishdan iboratdir.

Ma’lumki, Farmonda joriy yilning 1 avgustidan boshlab tadbirkorlik uchun zarur shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan aniq me’yor va chora-tadbirlar joriy qi­linishi nazarda tutilgan. Shundan kelib chiqib, O‘zbekis­ton Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, jinoiy javobgarlikni liberallashtirish maqsadida Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli moddalariga qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilayapti.

Aliya YuNUSOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Fraksiyamiz qonun loyihasini partiyamiz Saylovoldi dasturida iqtisodiyotni jadal rivojlantirish yuzasidan qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, elektorat manfaatlarini samarali himoya qi­lish nuqtai nazarlaridan atroflicha tahlildan o‘t­kazdi.

Fraksiyamiz a’zolari qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan me’yorlarning iqtisodiyotga joriy qilinishi ijtimoiy himoya bilan bog‘liq qator muhim masalalar yanada ijobiy yechim topishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Aholining bandlik darajasini oshirish, imkoniyati cheklangan, ammo mehnatga layo­qatli kishilar, xotin-qizlar va yoshlarning iqtisodiyot rivojida ishtirokini kuchaytirish, aholini ar­zon va sifatli mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash, o‘z ishini boshlash niya­tida yurgan elektorat vakillari kredit olishi, xiz­mat ko‘rsatish va servis sohalari kengayishi uchun yana­da keng imkoniyat yaratishi shular jumlasidandir.

Yuqoridagilarni hisobga olib, fraksiyamiz qonun lo­yihasini konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladi. Ayni paytda, uni yanada takomillashtirish, ayrim me’yorlarni aniqlashtirish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini ilgari surdi. Fraksiyamiz fikriga ko‘ra, qonun loyihasi ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash bo‘yicha belgilangan vazifalarni to‘liq qamrab olmagan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga o‘zgartish kiritilmoqda. Unga asosan tadbirkorlik va boshqa tijorat tavakkalchiliklari oqi­batida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan shart­nomaviy majburiyatlar bajarilmaganda, bank va bosh­qa moliya muassasalari xodimlarining xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, kreditlar berish bo‘yicha harakati jinoyat hisoblanmasligi belgilab qo‘yilayapti.

Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli moddasiga Jinoyat kodeksining 167, 170, 172 va 173-moddalarida nazarda tutilgan hamda ustav fondida davlat ulushi bo‘l­magan yuridik shaxslarga nisbatan sodir etilgan ji­noyatlar to‘g‘risidagi ji­noyat ishlari mazkur yuridik shaxsning mansabdor shaxsi, mulkdori yoki vakolatli boshqaruv organi ber­gan shikoyat arizasi asosidagina qo‘zg‘atilishi belgilanishi to‘g‘risida qo‘shimcha kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ko­deksga kiritilishi taklif qi­li­nayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, ustav fondida davlat ulushi bo‘l­magan korxona, muassasa, tash­kilotlarning mol-mulkini o‘z­lashtirish, rastrata qilish yo‘­li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish mazkur kor­xo­na, muassasa, tashkilotlar­ning mansabdor shaxsi, mulk­dori yoki vakolatli boshqaruv organi bergan shikoyat arizasi asosidagina javobgarlikka sabab bo‘­lishi nazarda tutilayapti.

Fraksiyamiz ana shu uchta qo‘shimcha orqali joriy etilishi ko‘zda tutilayotgan me’yorlar huquqiy jihatdan aniq va tushunarli ifodalanmagan, deb hisoblaydi. Shu bois maz­kur qo‘shimchalarni aniqlashtirish, ya’ni Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchada xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, kreditlar be­rish bo‘yicha harakati jinoyat hisoblanmaydigan shaxs, sub’ektni, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimcha­dagi «mansabdor shaxsi», «mulkdori» hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilishi taklif qilinayotgan qo‘shim­chadagi «mansabdor shaxs», «mulkdor» tu­shunchalarini aniqlashtirib ko‘r­satish zarur.

Aks holda, qonun loyihasida keltirilgan umumiylik qonun qabul qilingan taqdirda uning ijrosiga salbiy ta’sir o‘tkazib, turlicha talqin va anglashilmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlarida faoliyat yuritadigan, asosiy daromadni ish ha­qidan oladigan fuqarolar, partiyamiz elektorati vakillari manfaati himoya qilinishi bilan bog‘liq kafolatlarni kamaytiradi.

Qonunlardagi bunday kamchilik yoki noaniqliklar uning ijro amaliyotini susaytirishini unutmasligimiz kerak.

O‘zXDP dasturida inson ijtimoiy huquqlari va erkinliklari bilan bog‘liq konstitutsiyaviy qoidalarni amalga oshirishning qonunchilik mexanizmlarini yaratish masalalari qonun ijodkorligi ja­rayonida e’tibordan chetda qolmasligiga alohida e’tibor qaratilgan. Bunday holatlar ijtimoiy yo‘naltirilgan islohotlarning muvaffaqiyat­li amalga oshirilishiga to‘siq bo‘lishi qayd etilgan.

Agar ijtimoiy faoliyatni belgilovchi qonunchilik hujjatlarida aniqlik yetishmasa, bu boshqa qonun­osti hujjatlari ishlab chiqilishini taqozo qiladi. Natijada qonun bilan tartibga solinadigan ko‘p­lab ijtimoiy muhim muammolar qonunosti hujjatlari orqali hal qilinishiga olib keladi...

Deputat qonun loyihasi orqali boshqa qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan ham fraksiya takliflarini bayon qildi.

Qonun loyihasiga muvofiq Bojxona kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartish bilan bojxona rasmiylashtiruvi muddatlari qisqartirilayapti. Unga asosan bojxona organi tovarlar va transport vositalarining bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan hamda barcha zarur hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilgan paytdan boshlab uch ish kuni (Bojxona kodeksining amal­dagi tahririda bu muddat o‘n kundan kechiktirmay, deb belgilangan) mobaynida bojxona rasmiylashtirilishi amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun loyiha­si bilan tadbirkorlik fao­liyatini amalga oshirishni boshlash va ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida xo‘jalik yuri­tuvchi sub’ektlar o‘z ustav fondini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan bosh­lab bir yil ichida shakllantiri­shini nazarda tutuvchi me’yor joriy qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, «Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘­risida»gi Qonunga tegishli o‘z­gartish kiritish taklif qilinayapti.

Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari tomonidan moddama-modda tahlil qilindi. Qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan har bir fraksiyaning nuqtai nazari, mulohaza va takliflari bildirildi.

Ishchi guruhi qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan fraksiyalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni atroflicha o‘rganib chiqish uchun qabul qildi.

Muhokama jarayonida ayrim siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun bosh­qa sohalarga ham e’tibor qa­ratish kerakligini, xususan, ayrim hududlarda ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lmagan ­muassasa va tashkilotlarni elektr energiyasidan uzib qo‘yish hollari kuzatilayotgani, qonun loyihasida shu kabi holatlarni ham nazarda tutish zarurligi haqida o‘z takliflarini bildirishdi.

Yig‘ilishda elektr energiya­si ta’minoti sohasida yetkazib beruvchi va iste’molchi o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonun orqali tartibga solinishi, mazkur qonunda yetkazib beruvchi va iste’molchining huquq va majburiyatlari aniq aks ettirilgani ta’kidlanib, ishchi guruhi tomonidan ayrim frak­siya a’zolari bergan taklif muhokama qilinayotgan qonun loyihasining predmeti emas, deb topildi.

Shu o‘rinda Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘­mitasi tomonidan qonun lo­yihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan ish­chi guruhi yig‘ilishi qo­nun ijodkorligi jarayonini kuchaytirishda muhim qadam bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz.

Yig‘ilishda siyosiy partiyalar fraksiyalari, ishchi guruhi a’zolari, ekspert va mutaxassislar tomonidan qonun loyihasini takomillash­tirishga qaratilgan ko‘plab taklif va mulohazalar bil­dirilishiga sharoit yaratildi. Qonun loyihasi mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yanada tubdan yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, siyosiy partiyalar dasturlarida bu borada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash nuqtai nazaridan atroflicha tahlil qilindi. Fraksiyalarni qiziqtirgan masalalarga birgalikda javob topish, o‘zaro fikr almashish imkoni bo‘ldi. Bu qonun loyihasida davlat va jamiyat, aholi manfaat­larini har tomonlama chuqur tahlil asosida aks ettirishda dolzarb ahamiyatga ega, albatta.

Eng muhimi, mazkur o‘ziga xos yangi tajriba orqali qonun loyihasini Qonunchilik palatasi yalpi majlisiga qadar maromiga yetkazishga, bu jarayonda fraksiyalararo raqobatni yanada kuchaytirishga sharoit yaratildi. Qonun ijodkorligidagi fraksiyalararo bahs-munozaralar qo‘mita yig‘ilishlarida ham izchillik kasb eta boshladi. Bu milliy parlamentning qo­nun ijodkorligi sohasidagi faoliyatini yangi bos­qichga ko‘tarishga xizmat qi­lishi shubhasizdir.

Shu bois kelgusida, bosh­qa qonun loyihalari muhokamalarida mazkur tajribadan foydalanish muhim ahamiyatga ega bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

To‘lqin TO‘RAXONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: