Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
04.09.2018

«UY EMAS, G‘URBAT SOTIB OLDIM»

Gazetamizning joriy yil 3 iyul sonida yuqoridagi sarlavha ostida tanqidiy maqola chop etilgan edi. Unda «DESERT OAZIS» MChJ tomonidan Urganch shahri «Yoshlik» massivi, G‘alaba ko‘chasidagi 9 va 10-ko‘p qavatli uylar sifatsiz qurilgani, bu uylardan kvartira sotib olgan fuqarolar noroziligi bayon etilgandi. Quruvchilar shartnoma talablarini to‘liq bajarmaganligi, hatto uylar devorlari pishiq g‘isht bilan sifatli qurilishi o‘rniga g‘isht siniqlari, sement parchalari va turli qurilish chiqindilari bilan aralashtirib qurilgani ta’kidlangandi.

Ushbu tanqidiy maqolaga kelgan javob xatlarini e’tiboringizga havola etamiz.

 

O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi javobi:

«DESERT OAZIS» MChJ shaklidagi O‘zbekiston—Shveytsariya qo‘shma korxonasi tomonidan «Yoshlik» massivi, G‘alaba ko‘chasida qurilgan 9 va 10 sonli turar-joy binolari qurilishida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, ushbu ob’ektlar Toshkent shahar qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasining bo‘lim mudiri Aleksandr Gusarov tomonidan vizual va instrumental usulda texnik tekshiruvdan o‘tkazilganda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Ushbu yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan buyurtmachi va bosh pudratchi bo‘lgan «DESERT OAZIS» MChJ shaklidagi O‘zbekiston—Shveytsariya qo‘shma korxonasi tomonidan binoni zo‘raytirish(usileniye) bo‘yicha «Me’mor» xususiy korxonasi bilan shartnoma rasmiylashtirilib, loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va zo‘raytirish ishlari amalga oshirilgan.

...«DESERT OAZIS» MChJning mablag‘lari yetarlicha bo‘lmaganligi sababli zo‘raytirish ishlari oxirigacha yetkazilmagan.

Xorazm viloyati qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi tomonidan binolarning mustahkamligini zo‘raytirish ishlari oxirigacha yetkazilmaganligi to‘g‘risida Xorazm viloyati hokimligiga xat bilan murojaat qilingan.

Ushbu ishlarni nihoyasiga yetkazish bo‘yicha vazirlik tomonidan Xorazm viloyati qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasiga topshiriq berildi.

Binolarning mustahkamligini zo‘raytirish ishlari yakunlanishi bilan qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilinishini ma’lum qilamiz.

Vazir o‘rinbosari K.Tulyaganov

 

Xorazm viloyati prokuraturasi javobi:

...Aniqlanishicha, «DESERT OAZIS» MChJ shaklidagi O‘zbekiston—Shveytsariya qo‘shma korxonasi tomonidan Urganch shahar, G‘alaba ko‘chasida qurilgan 4 qavatli 16 va 32 xonadonli 9 va 10-uylarda qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilganligi uchun jamiyat rahbari M. Utarov O‘zbekiston Respublikasi JKning 192/11-moddasi 2-qism «a» bandi, 227-moddasi 1-qismi, 228-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari hamda 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli, deb topilgan.

Shuningdek, fuqaro U.Abduraimova- ning muqaddam yo‘llagan murojaatlari yuzasidan 2016 yilda Samarqand shahrida joylashgan «SVP MASKAN» MChJ tomonidan o‘tkazilgan instrumental o‘rganishlar va nazariy hisob-kitoblar natijalariga asosan turar-joy binolarining mustahkamligi 8 ballga zilzilabardoshliligi ta’minlanganligi, shuningdek, «Toshuy-joy LITI» mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, ularning ko‘rsatmalari asosida mazkur uyda sifatsiz bajarilgan ishlar qayta ta’mirlanib, bartaraf qilingan va fuqarolarga xavfsiz yashash sharoiti yaratilganligi haqidagi xulosaga kelingan.

Biroq, murojaatni ko‘rib chiqish davomida Urganch shahar G‘alaba ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli 9 va 10-uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning qulay va xavfsiz yashash sharoitini yaratish maqsadida yashash uchun yaroqli yoki yaroqsizligi, zilzila bardoshliligi, agar yaroqsiz bo‘lsa, ushbu holatni bartaraf qilish imkoniyati mavjudligini aniqlash maqsadida mutaxassis ajratish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri nomiga xat yuborilib, mutaxassis ajratilgan.

Mutaxassislar tomonidan yuqorida qayd qilingan uylarning texnik holati o‘rganilib, quyidagicha xulosa qilingan.

Jumladan, «DESERT OAZIS» MChJ shaklidagi O‘zbekiston—Shveytsariya qo‘shma korxonasi tomonidan muqaddam loyiha tashkiloti tomonidan binoni zo‘raytirish bo‘yicha taqdim qilingan ishchi loyiha talablariga asosan binoning ichi 380mm. devorlarini zo‘raytirish ishlarini davom qildirib, yakunlash tavsiya qilingani bois, binoni buzishga zarurat yo‘qligi bildirilgan.

Bu yuzasidan viloyat davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasi tomonidan yuqoridagi qayd qilingan talablarni bajarish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni ta’minlash choralari ko‘rish yuzasidan korxonaga xat yuborilgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan holatlarni korxona tomonidan bartaraf etish choralari ko‘rilmaganligi tufayli Urganch shahar hokimligi tomonidan 08.08.2018 yilda «DESERT OAZIS» MChJ shaklidagi O‘zbekiston—Shveytsariya qo‘shma korxonasi zimmasiga ushbu turar joylarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish, binoning poydevorlari va devorlarini zo‘raytirish choralari ko‘rish yuzasidan majburiyatni yuklash to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilishi ta’minlandi.

Viloyat prokurorining o‘rinbosari, adliya maslahatchisi O.J.Payanov.

 

Tahririyatdan:

Avvalo, tanqidiy maqolaga xolis munosabatda bo‘lib, masalaga mas’uliyat bilan yondashgani uchun O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi, Xorazm viloyati prokuraturasi rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz.

Ammo Xorazm viloyati prokuraturasi xatida ko‘rsatib o‘tilgan Samarqand shahrida joylashgan, «SVP Maskan» MChJ, «Toshuy-joy LiTi» mutaxassislari fuqarolar shikoyatiga yuzaki qarab xulosa bermaganida, shunchalik ovoragarchilikka yo‘l qo‘yilmagan bo‘lardi. Odamlar shartnomada ko‘rsatilgan pulni to‘lab, umid bilan uy olayapti. Ammo quruvchi tashkilot shartnomani halol bajarmayapti. Uy devorlari ustidan suvoqlarni ko‘chirib ko‘rgan odam bunga ishonch hosil qiladi. Afsuski, «SVP Maskan» MChJ va «Toshuy-joy LiTi» mutaxassislari buni ko‘rmagani yoki ko‘ra-bila turib ko‘z yumgani kishini ajablantiradi. Ehtimol, ular quruvchilarga rahm-shafqat qilgisi kelgandir? Savol tug‘iladi:

Nega pul to‘lab, kuyib yurgan fuqarolarga emas, odamlar pulini olishga olib, shartnomani bajarmagan quruvchilarga yon bosganday bo‘lishyapti?

Buning bizga qorong‘u boshqa sabablari bo‘lishi mumkin, degan xayolga borasan kishi.

Talab hammaga bitta: Har ikki tomon shartnoma shartlarini bajarishi shart. Bajarmasa, qonun kuchi bilan majbur qilish kerak. Bu masalalarga e’tiborsiz qarash adolatsizliklarga olib keladi. Bundan odatda oddiy odamlar jabr ko‘radi. Mamlakatimizdagi bugungi siyosat esa bunga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi.



DB query error.
Please try later.