Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
04.09.2018

OSIYO O‘YINLARI QAHRAMONLARI TOSHKENTDA TANTANALI KUTIB OLINDI

Barchamiz 15 kun davomida sportchilarimiz Indoneziyada qanday yuksak mahorat, jasorat, vatanparvarlik namunalarini ko‘rsatganlarini hayajon bilan, faxr-iftixor bilan kuzatdik. Sportchilarimiz shohsupaga chiqib, bayrog‘imiz ko‘tarilayotganda g‘ururlandik, havasimiz keldi — mening farzandim ham shunday sportchi bo‘lsa edi...

21 oltin, 24 kumush va 25 bronza jami 70 medalga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida beshinchi o‘rindan joy olgan yurtdoshlarimiz 2 sentabr kuni Jakartadan Prezidentimiz yuborgan Boing 787 Dream Liner’a charter reysida vatanimizga uchib kelishdi. Millatimiz qahramonlarini poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat vakillari, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va OAV xodimlari kutib oldi. Ular sharafiga katta tadbir tashkil etildi. So‘ngra sportchilarimiz maxsus ajratilgan ikki qavatli avtobuslarda shahar bo‘ylab Milliy olimpiya qo‘mitasiga yo‘l olishdi. Sportchilar u yerda ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan muloqot qilishdi.

O‘g‘lim 12 yoshidan boshlab boks to‘garagiga qatnasha boshlagan, — deydi Jasurbek Latipovning onasi Matlubaxon LATIPOVA. — Birinchi ustozi Abdulhafiz Egamov bo‘ladi. U boksga borganidan so‘ng hayotini tartibga solib oldi. Vaqtida uxladi, vaqtida turdi, darsini ham, mashg‘ulotlarni ham o‘z o‘rnida qilardi. Avval tuman, viloyat keyinchalik Respublika musobaqalarida ko‘p bor g‘olib bo‘ldi. Otasining umri qisqa ekan. O‘n sakkiz yil avval olamdan o‘tdi. Yakkayu yolg‘iz o‘g‘limning yurtimiz shuhratini ko‘klarga ko‘targanidan, yurt koriga yaraydigan inson bo‘lib kamol topganligidan g‘ururlanaman. U Osiyo o‘yinlariga ketishdan avval, oila davrasida «Men albatta, g‘alaba bilan qaytaman», degandi va so‘zining ustidan chiqdi.

Ushbu Osiyo o‘yinlarida qit’amizning eng kuchli kanoechilari ishtirok etdi, — deydi Osiyo O‘yinlari g‘olibi Vadim MENKOV. — Shu boisdan ham bu musobaqaga alohida tayyorgarlik ko‘rgandim. G‘alaba qozonsam, to‘rtta Osiyo o‘yinlarida chempionlikka erishgan yagona sportchiga aylanishimni bilardim. Murakkab vazifani uddalaganimdan juda ham xursandman. Osiyo o‘yinlaridagi g‘alabalarimiz mustaqilligimizning 27 yillik bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Shohsupada ikkinchi bo‘lib turibmanmi, demak hali qiladigan ishlarim bor, xatolarni to‘g‘irlab, oldinga qarab harakat qilishim kerak, — deydi Osiyo O‘yinlari kumush medali sovrindori Oksana ChUSOVITINA — O‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Sizning qanday tayyorgarlik ko‘rganingizni musobaqa va uning yakuniy natijasi ko‘rsatib beradi. Menda hali ushalmagan bir orzuim va maqsadim bor. Unga erishishni juda-juda istayman. Yettita Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan bo‘lsam-da, O‘zbekiston uchun medal olib bera olmaganman. Vatanim uchun Olimpiada medalini taqdim etish mening eng asosiy maqsadimdir. Shu yilning noyabr oyidan Olimpiya o‘yinlari uchun saralash musobaqalari, ya’ni Jahon kubogi bosqichlari boshlanadi. O‘sha musobaqalar orqali biz reyting ochkolari to‘plab boramiz. O‘z oldimga maqsad qo‘ydimmi, uni albatta amalga oshiraman. O‘tgan yili dekabr oyida mamlakatimiz Prezidenti bilan uchrashgandim. Ular shunday so‘zlarni aytdiki, men yanada ruhlanib ketdim. Respublikamiz rahbari meni kuzatmoqda, meni qo‘llab-quvvatlab turibdi. Ushbu ishonchni oqlash, men bilan faxrlanishlari uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan ushbu medalimni aynan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga bag‘ishlayman va u kishiga kattadan-katta rahmat aytib qolaman.

Barcha bokschilarimizdan medal kutgandik va hammamiz ularning natijasidan qoniqdik, — deydi boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiyi To‘lqin QILIChEV. — Miraziz Mirzaxalilov va Bobousmon Boturov o‘ziga xos kashfiyot bo‘ldi. Ularning qo‘lga kiritgan natijalari keyingi musobaqalar uchun mustahkam poydevor hisoblanadi. Musobaqadan avval qozog‘istonlik bokschilar qiyinchilik keltirib chiqarishini kutgandik. Ammo Shimoliy Koreya bokschilarining tayyorgarligi ancha yaxshi ekan. Shuningdek, mezbon Indoneziya vakillari ham yaxshi raqobat qilishdi. Shuni aytib o‘tishim mumkinki, bizda avlodlar almashinuvi hech qanday muammolarsiz o‘tadi. Sababi zaxiramiz juda kuchli, zaxiradagi bolalar o‘z navbatini kutib turibdi.

Endi Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rasman boshlandi. Umid qilamizki, ikki yildan so‘ng kunchiqar yurtda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarida ham O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, ushbu zafarli yurishlarni davom ettiradilar.

Mamlakatimizda sportni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, sportchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik bunga asos bo‘ladi.



Shahboz SAIDOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.