Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 31 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 1 2
30.08.2018

«TADBIRKORLIKKA O‘RGATAMIZ, SHAROIT YARATAMIZ»

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, «Hunarmand» uyushmasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ixtirochi ayollar markazi tomonidan Qibray tuman Madaniyat uyida xotin-qizlarning innovatsion tadbirkorlik haftaligi o‘tkazildi.

Unga Qibray tumanidagi 86 mahallada yashayotgan hunarmandchilik va tadbirkorlikka qiziqish bildirgan 400 nafardan ortiq xotin-qiz hamda imkoniyati cheklangan ayollar taklif etildi. Haftalik doirasida tashkil etilgan mahorat darslarida tajribali ustalar xotin-qizlarga hunarmandchilikning 12 xil yo‘nalishi bo‘yicha tushunchalar berdi. Hunarmand va tadbirkor ayollarning innovatsion ko‘rgazmasida ular tomonidan tayyorlanayotgan turli xil mahsulotlar, kiyim-kechaklar namoyish etildi.

— Asli kasbim hisobchi bo‘lsa ham yoshligimdan tikuvchilikka qiziqardim, — deydi ko‘rgazma ishtirokchisi, Qibray tuman tadbirkor ayollar uyushmasi rahbari Nodira Mannopova. — Bundan o‘n yilcha muqaddam tikuvchilik bo‘yicha xususiy tadbirkorlikni boshladim. To‘g‘risi, juda ko‘p to‘siqlarga uchradim, lekin bo‘sh kelmadim. Men innovatsion g‘oya sifatida shajara usulida shogird tayyorlash usulini ushbu yarmarka ishtirokchilariga taklif qildim, hammaga ma’qul bo‘ldi.

Bu usul nimadan iborat? Men bundan o‘n yil oldin ishni bir o‘zim boshlagan bo‘lsam, hozir jamoamizda 70 dan ortiq xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Shogirdlarimga bichish-tikishni to‘la o‘rgatib bo‘lganimizdan so‘ng ularni alohida ajratib chiqaraman va joy bilan ta’minlanishiga harakat qilaman. O‘z navbatida, ular mustaqil ish boshlaganidan keyin 3-5 tadan ish o‘rni yaratadi. Ana shu shajara usuli deyiladi.

Innovatsion loyiha asosida ish o‘rnini yaratish bo‘yicha Turin universitetida o‘tkazilgan o‘quv haftaligida Toshkent viloyati tadbirkor xotin-qizlari o‘rtasida g‘olib bo‘ldik. O‘sha yerda o‘tkazilgan ko‘rgazmada Qozog‘istondan kelgan tadbirkorlar bizning trikotaj mahsulotlarimizdan jemperga qiziqib qolibdi va telefon raqamini tashlab ketishibdi. Ular bu mahsulotdan 50 mingtagacha tayyorlash bo‘yicha buyurtma berishdi.

Innovatsion tadbirkorlik haftaligi ko‘rgazmasiga to‘quv va trikotaj mahsulotlari bilan qatnashayapmiz. Tikuv mashinasi va to‘quv anjomlarini ham olib kelganmiz. Ish o‘rganishga kelgan xotin-qizlarga shu yerning o‘zida qiziqishiga qarab to‘quvchilik yoki tikuvchilikda o‘zini sinab ko‘rishga imkon berayapmiz. Har kuni 10-12 tagacha xotin-qiz ana shu kasbda ishlash xohishini bildirayapti, ularni shogirdlikka olayapmiz.

Tuman hokimligi tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish uchun 0 qiymatda bino beradigan bo‘lsa, 4 yo‘nalishda — sartaroshlik, tikuvchilik, to‘quvchilik, sayyohlik bo‘yicha o‘quv markazi ochmoqchiman. Hozir o‘quvchi o‘g‘il-qizlarimiz uchun tikilayotgan maktab formalari, ko‘ylaklar, kattalar uchun qorako‘l yoqali kamzul, yengil palto, kurtka singari trikotaj mahsulotlarimizga qiziqish bildirilayapti. Ularni uzoq va yaqin xorijga eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

— Men uyda har xil o‘lchamdagi dasturxon tikib sotaman, — deydi tadbirkor Sadorat Abdullayeva. — O‘zim oliy ma’lumotli pedagog-psixologman, 30 yil bog‘cha mudirasi bo‘lib ishlaganman. Pensiyaga chiqqanimdan keyin shu ish bilan shug‘ullanib, ayollarga, yosh qizlarga kasbimni o‘rgatayapman. Buyurtma juda ko‘p. Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ko‘rgazmaga qo‘yilgan turli bichimdagi dasturxonlarni ko‘rdi. Komissiya menga shu ish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyati yuritishim uchun joy ajratib beradigan bo‘ldi.

— Haftalik doirasida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan hamda nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar qiziqishlari asosida «Hunarmand» uyushmasi tomonidan ustozlarga biriktirilib, ularga mehnat daftarchalari ochildi, — deydi Xotin-qizlar qo‘mitasining bo‘lim boshlig‘i Karima Norqulova. — Xotin-qizlarga hunar va tadbirkorlik sirlarini o‘rgatish bilan birga, bankdan kelgan mutaxassislar tomonidan kredit olish bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Usta va shogirdlarga sertifikatlar topshirildi. Tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Haftalik davomida xususiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga astoydil harakat qilayotgan ko‘plab xotin-qizlarning biznes-loyihalari bilan tanishdik. Bilasizmi, ularning faolligiga, tirishqoqligiga tan bermay iloj yo‘q. Masalan, tadbirning birinchi kuni kelgan bir qizimiz oddiy yog‘och qipig‘idan presslab tayyorlanadigan eshiklar yasaydigan faoliyatini boshlash uchun biznes-reja qilib kelibdi. Komissiya uni o‘rganib chiqqach, 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olish uchun unga yo‘llanma berdik. Yana bir qizimiz quritilgan meva-chevalarni qadoqlab, xorijga eksport qiladigan sex ochmoqchi. Unga 80 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishga yo‘llanma berildi. Bunday tadbirkorlikka intilishi bo‘lgan xotin-qizlarimizning ko‘pligi kishini quvontiradi.

Haftalik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norbayeva va Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari, Respublika «Hunarmand» uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev tomonidan hunarmand xotin-qizlarning xalqaro va respublika miqyosidagi tanlov, ko‘rgazma va anjumanlarda ishtirok etishlarini ta’minlash, ularni uyushmaga a’zo qilish, ustoz-shogird maktablarini tashkil qilish maqsadida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Haftalikda bir necha yuzlab xotin-qizlar kasb-korga, hunarga, tadbirkorlikka o‘rgatildi. Ularga o‘z iste’dodlarini namoyon qilishlariga imkoniyat yaratish maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkor tashkilotlar bilan birga yil davomida malaka oshirish kurslari, kasb-hunarga yo‘naltirilgan kurslar va mahorat darslari tashkil qilib boradi. Qibray tashabbusi kelajakda respublika miqyosida ommalashtirilishi ko‘zda tutilyapti.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.