25.08.2018

ATOM ENERGETIKASI — TINCHLIK YO‘LIDAGI ULKAN LOYIHA

U iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligiga xizmat qiladi

Energetika iqtisodiyotning muhim tarmog‘igina emas, balki u allaqachon taraqqiyot ko‘zgusi, farovonlik belgisiga ham aylangan. Chunki hozirgi axborot texnologiyalari asrida hayotimizni, kundalik faoliyatimizni elektr energiyasidan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Lekin keyingi yillarda unga bo‘lgan ehtiyoj shunchalik oshdiki, pirovardida iste’mol hajmi ishlab chiqarish sur’atidan ham ortib ketdi. Ayni shu jihat endilikda sohaga innovatsion texnologiyalarni kengroq joriy etish orqali energetikani yanada taraqqiy ettirish bilan birga, tabiiy gaz, neft, ko‘mir kabi resurslarni tejashni ham taqozo qilmoqda.



KELAJAK AVLOD OLDIDAGI MAS’ULIYAT

Tan olish kerak, tejamkorlik masalaning tugal yechimi bo‘la olmaydi. Nega deganda, energiya hosil qilishda ishlatilayotgan tabiiy boyliklar zaxirasi cheklangan bo‘lib, qanchalik iqtisod qilmaylik, qachondir uning tugashi isbotini topgan. Hisob-kitoblarga qaraganda, uglevodorod zaxiralari hozirgi sur’atda ishlatilsa, neft 45-50 yilga, tabiiy gaz 70-75 yilga, ko‘mir esa 150-160 yilga yetar ekan, xolos.

Shu o‘rinda, aytish joizki, an’anaviy yoqilg‘i manbalaridan surunkali foydalanish oqibatida oxirgi yillarda sayyoramizda iqlim o‘zgarishi, ozon qatlamining yemirilishi kabi global ekologik muammolar ham yuzaga keldi. Bularning barchasi dunyo hamjamiyati oldiga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni dolzarb masala sifatida ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. Sababi, ular arzonligi, tejamkorligi, ekologik jihatdan bezararligi bilan alohida ajralib turadi.

Ammo iste’molchilarning energiyaga ortib borayotgan ehtiyojini quyosh, shamol, gidroenergetika quvvatlari hisobiga ta’minlashning imkoni yo‘q. Ularning ulushi yalpi energetikada kichik foizlarni tashkil etadi, xolos. Bunga muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanayotgan AQSh, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Braziliya kabi davlatlar tajribasi yaqqol misol bo‘la oladi.

O‘zbekistonda yaqin kelajak, aniqrog‘i, 2030 yilda iqtisodiyot o‘sishi, aholi soni va turmush darajasi oshishi evaziga elektr energiyasiga bo‘lgan talab qariyb 120 milliard kVt/soatga yetishi kutilayapti. Xo‘sh, shuncha quvvatni hosil qilish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilgani ma’qul? Yoki tabiiy gaz va ko‘mir yoqishga zo‘r berish evaziga elektr ishlab chiqaraveramizmi?

Yo‘q, albatta! O‘zbekistonda bu borada tamomila boshqacha yo‘l tutilmoqda. Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib mutlaqo yangi soha bo‘lgan atom energetikasini o‘zlashtirish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar boshlab yuborildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 10 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mazkur masala muhokama qilinib, mamlakatimizda tinch maqsadlarda foydalanish uchun ekologik toza va uzoq muddat tugamaydigan atom energetikasini barpo etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Davlatimiz rahbari aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror va kafolatli ta’minlash haqida to‘xtalib, jumladan, shunday dedi: «Agar ushbu quvvatni ta’minlash uchun tabiiy gaz va ko‘mirdan foydalanishni davom ettiraversak, ularning mavjud zaxirasi ma’lum vaqtdan keyin tugab qolishi mumkin. Bu esa kelajak avlod oldida kechirib bo‘lmaydigan xato va jinoyat bo‘ladi».

Kelajak va bugungi avlod oldidagi mas’uliyat hissi energetika istiqbolida tub burilish yasaydigan yangi soha o‘zlashtirilishiga katta turtki bo‘lmoqda.



MARKAZIY OSIYODA BIRINCHI AES

Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyoning 55 davlatida atom elektr stansiyalari samarali faoliyat ko‘rsatyapti. Masalan, yadro reaktorlari bo‘yicha yetakchi hisoblangan AQSh hamda Fransiyada elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 72,3 foizi AES tomonidan ta’minlanadi. Shuningdek, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda ham atom energetikasi jadal sur’atlarda rivojlanmoqda.

Xalqaro atom energetikasi agentligi — MAGATEning tahlillariga ko‘ra, keyingi paytda AESga bo‘lgan qiziqish kuchaymoqda. Yaqin kelajakda 100 ga yaqin ana shunday inshootlar qurilishi rejalashtirilgani, shuning qariyb 60 foizi Osiyo mamlakatlari ulushiga to‘g‘ri kelishi ta’kidlanmoqda. Oxirgi yillarda yon qo‘shnimiz Qozog‘istonda ham atom energetikasini o‘zlashtirish bo‘yicha muhokamalar, izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Ammo mintaqada birinchi bo‘lib O‘zbekiston ushbu jabhada amaliy ishlarga kirishdi. Davlatimiz rahbarining shu yil 19 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga binoan, tinchlik yo‘lida atom energetikasiga asos solinmoqda.

Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda quriladigan yangi majmua 2 energoblokdan tashkil topadi. Ularning har birining quvvati 1 ming 200 MVtga teng bo‘ladi. 2028 yilgacha to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan mazkur inshoot sharofati bilan yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu katta hajmda yuqori qo‘shilgan qiymatli neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi, deganidir. Agar iqtisod qilingan gaz qayta ishlanmasdan eksport qilingan taqdirda ham, yiliga 550-600 million AQSh dollari miqdorida valyuta tushumiga erishiladi.

Eng muhimi, 6,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, yurtimiz aholisining shuncha qismi muqim ish joyiga, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi. Ishlab chiqarish hajmi keskin oshib, elektr energiyasiga bo‘lgan ichki ehtiyojni uzluksiz ta’minlash, eksport hajmini batamom oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.



ASOSSIZ XAVOTIR VA ISBOTSIZ XULOSALAR

Odamlarda atom elektr stansiyalariga nisbatan noto‘g‘ri qarash, asossiz qo‘rquvlar yo‘q emas. Hatto yaqin-yaqingacha olimlaru soha mutaxassislarining ham bu masalaga yondashuvi turlicha edi. Ya’ni, bir guruhi uning iqtisodiy samaradorligini ustun qo‘ysa, boshqasi xavfsizlik nuqtai nazaridan bu foydadan voz kechishni taklif etardi. Ammo hayot haqiqati shuki, hozirgi paytda energetikada AESning o‘rnini bosa oladigan boshqa yechim yo‘q. U ekologik tozaligi, xavfsizligi, iqtisodiy samaradorligi, umumiy rivojlanishdagi roli kattaligi bilan alohida ajralib turadi.

Darhaqiqat, ilm-fan, texnika taraqqiy etgan zamonda asossiz qo‘rquv, isbotsiz xulosalar noo‘rin. Keyingi paytda qurilayotgan AESda inson omili deyarli yo‘q, biror xavfli vaziyatni yuzaga keltirish esa mutlaqo imkonsiz. Chunki yangi tipdagi bunday inshootlarda 30 tagacha faol hamda nofaol himoya choralari ko‘riladi. Shu bois, tizim yuzaga keladigan xavfni avtomatik ravishda sezadi va darhol to‘xtatib qo‘yadi.

Qolaversa, Prezident Farmonida ham Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilayotgan Atom energetikasini rivojlantirish agentligiga xavfsizlikni ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Uning huzurida foliyat yuritadigan Ilmiy-texnik va ekspert kengashi ham bu jarayonda faol ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. Binobarin, atom energetikasini rivojlantirishning strategik masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishda kengash xulosasi asos bo‘lib xizmat qiladi.

Hujjatda sanoat va ekologiya xavfsizligining xalqaro talablariga javob beradigan zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etgan holda, atom energetikasi ob’ektlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish, atom reaktorlari, yadro-fizika qurilmalari, yadro materiallari va radiatsiya manbalarini saqlash, radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punktlarining rivojlanishini va ularning xavfsiz ishlashini, respublikadagi ob’ektlarning radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligini ta’minlash, yadro avariyalari va radiatsiyaviy avariya vaziyatlarining oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbir o‘z aksini topgani diqqatga sazovor. Ularning izchil ijrosi inshootning xavfsiz va barqaror faoliyatini kafolatlaydi, albatta.

Soha mutaxassislari yaxshi bilishadi, AESning atrof-muhit, ekologiyaga ta’sirini issiqlik elektr stansiyalariniki bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, juda kam. Nega deganda, bunday stansiyalar zararli is gazi hosil qilmaydi. Natijada mamlakatimizda tabiiy gazni yoqishdan hosil bo‘ladigan va atrof-muhitga tarqaladigan is gazi hajmi yiliga 3 million tonnaga kamayadi.

Taqqoslash uchun yana bir misol. Agar hozir ishlab turgan AESlar faoliyatini to‘xtatib, ular ishlab chiqaradigan elektr energiyalari ko‘mirda ishlaydigan IESlarda hosil qilinsa bormi, bir yilda qo‘shimcha ravishda 380 million tonna karbonat angidrid gazi ajralib chiqar ekan!

Yurtimizda atom energetikasi yo‘lga qo‘yilayotgani atrof-muhit musaffoligini ta’minlash borasidagi muhim qadam sifatida baholanayotganining boisi ham shunda.



SOHA ISTIQBOLI YOSHLAR QO‘LIDA

Qaysi soha bo‘lmasin, uning rivojiga malakali kadrlarsiz erishib bo‘lmaydi. O‘zbekiston atom fani va yadro texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha yuksak ilmiy salohiyatga ega. Yurtimizda yetishib chiqqan olimlar, soha mutaxassislari bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida faoliyat yuritmoqda. Biroq keyingi yillarda yadro-fizikasiga e’tiborning susayib ketgani yoshlarda ushbu fanga qiziqishni so‘ndirgani, kadrlar qo‘nimsizligiga olib kelgani ham ayni haqiqat.

Endilikda bu nozik masala o‘z yechimini topayotgani quvonarlidir. Farmon asosida atom energetikasi sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Samarqand davlat universitetiga qabul kvotalari ajratilmoqda. O‘z navbatida, talabalarning atom energetikasining aniq mutaxassisliklari yuzasidan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olishi va stajirovka o‘tashi yo‘lga qo‘yilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik haqida gap ketganda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti bazasida Moskva muhandislik-fizika instituti filiali ochilayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etish zarur. Davlatimiz rahbari yaqinda ushbu muassasada Fanlar akademiyasi va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, akademiklar, olimlar va yosh tadqiqotchilar bilan uchrashib, ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha qimmatli maslahatlar berdi. Institutning yurtimizda barpo etilayotgan atom elektr stansiyasiga hamohang bo‘lishi kerakligi, bu yerda olimlarning mehnat qilishi uchun barcha shart-sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilgani ilm ahli ko‘nglini osmon qadar ko‘tardi.



ULKAN YUTUQLARGA MUSTAHKAM POYDEVOR

O‘zbekistonda «yashil energetika» maqomini olgan atom energetikasining istiqboli g‘oyatda porloq. AESni barpo etish uchun qulay hududlar ham, xomashyo bazasi ham serob. Ayrim davlatlarga o‘xshab uranni import qilishga hojat yo‘q. Uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi, uni ishlab chiqarishda esa yettinchi o‘rinda turamiz.

E’tiborlisi, biz uchun yangi bo‘lgan sohaning, avvalo, tashkiliy-huquqiy asosini yaratishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘zida «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, shuningdek, 2019-2029 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi hamda ushbu davrga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihalari ishlab chiqilishi belgilangani buning yaqqol tasdig‘idir. Binobarin, tinchlik maqsadida foydalaniladigan atom energetikasi iqtisodiyot taraqqiyotida ulkan yutuqlarga mustahkam poydevor yaratadi. Bunga quyidagi raqamlar misolida ham ishonch hosil qilish mumkin.

Bu yerda gap AES ishga tushirilgach, 2030 yilda yalpi ichki mahsulotimiz yana 3 milliard dollarga oshishi, mahalliy pudratchilardan tushadigan tushum ham shunchani tashkil etishi, qo‘shimcha soliq tushumlari esa 500 million dollarga yetishi haqida bormoqda. Ko‘rinib turibdiki, ushbu loyihaning iqtisodiy samadorligi nihoyatda yuqori. Zero, MAGATE mutaxassislari fikricha, AES xarajatlari uzog‘i bilan 5-7 yilda o‘zini to‘liq oqlaydi.

Ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji energetika bilan chambarchas bog‘liq ekan, yangi quvvatlarni ishga tushirish davr talabidir. Ammo mamlakatda uran xomashyosining ulkan zaxirasi bo‘la turib, amalda atom energetikasi salohiyati ishga solinmagani, oxirgi o‘n yillikda birorta ham yangi elektr stansiyasi ishga tushirilmagani ta’minotda ayrim muammolarni keltirib chiqarayotgandi. Bu esa sohada muhim chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo qilayotgan edi. Eng oqilona yo‘l sifatida atom elektr stansiyasi qurilayotgani masalaning maqbul yechimi bo‘ldi. Zotan, ushbu yirik loyiha iqtisodiyotimizga katta foyda keltirish bilan birga, tabiiy resurslar tejalishiga, elektr energiyasi ta’minoti barqarorligiga xizmat qiladi.



Qalandar ABDURAHMONOV,

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi.



DB query error.
Please try later.