Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
25.08.2018

YAXSHI VA YAQIN QO‘SHNICHILIK ENG AVVALO ODDIY XALQ MANFAATIGA XIZMAT QILMOQDA

Xabaringiz bor, yaqinda Tojikiston Prezidentining yurtimizga rasmiy davlat tashrifi o‘zbek-tojik munosabatlarini mustahkamlash sari tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi. Yaxshi va yaqin qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasida kelishuvlar imzolandi. O‘zaro munosabatlarda yuksak ijobiy o‘zgarishlar kutilmoqda.

Aytish kerakki, xalqimiz bundan juda xursand. Turli soha vakillari, parlament a’zolari, partiya faollari mazkur tashrif xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.



Feruza ESHMATOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

 Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida «Biz tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar, avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirish siyosatini izchil davom ettiramiz», deb ta’kidlagan edi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi bu qaror izchil ravishda amalga oshirilayotganiga yana bir yaqqol misoldir.

Ikki qardosh davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 240 million dollarni tashkil etdi. Bunda transport vositalari va xizmatlari, to‘qimachilik va plastmassa mahsulotlari, maishiy texnika vositalari asosiy o‘rinni egalladi.

2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2017 yilning shu davridagiga nisbatan 35 foiz o‘sgan. O‘zbekistonda tojik biznesi vakillari ishtirokidagi 24 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Tojikistonda esa yurtimiz tadbirkorlari bilan hamkorlikda tashkil qilingan 9 korxona bor. O‘tgan yili Tojikistonda mamlakatimizning 6 «Savdo uyi» ochildi. Joriy yil fevral oyidan esa Toshkentda Tojikistonning «Savdo uyi» ish boshladi.

Ikki mamlakat o‘zaro munosabatlarida kuzatilayotgan ushbu ijobiy o‘zgarishlardan birinchi navbatda, oddiy xalq manfaat ko‘rmoqda. Chegaralardagi bir qator nazorat postlarining qayta ochilgani jamoatchilik, xususan, chegaraoldi hududda istiqomat qiluvchi aholi tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olindi. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasidagi temir yo‘l va aviaqatnovning tiklanishi ham odamlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Rasmiy davlat tashriflari O‘zbekiston — Tojikiston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Tomonlar eng murakkab masalalarni ham o‘zaro ishonch va hurmat asosida, har ikki mamlakatning manfaatlarini birdek hisobga olgan holda hal qilish mumkinligini amalda isbotlab berdilar. Uchrashuvlar davlatlararo aloqalarni yangi strategik darajaga olib chiqdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib berdi.

Tojikiston Prezidentining yurtimizga tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha 20 dan ortiq hujjat imzolandi. Aytish kerakki, imzolangan shartnoma va kelishuvlar salmog‘i juda yuqori.

Tojikiston Prezidenti Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri bilan uchrashdi. Har ikkala davlat Parlamentida tuzilgan parlamentlararo do‘stlik guruhi faoliyati bilan bog‘liq masalalarda fikr almashildi. Ikki davlat Parlamentlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari kelishib olindi.



Mehrojiddin DARXONOV, O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi raisi:

 O‘zbek va tojik xalqlariga shunday ta’rif berishadi: «ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq». Darhaqiqat, xalqlarimiz geografik joylashuvi, turmush tarzi, madaniyati, urf-odati bir-biriga juda yaqin. Asrlar davomida qavmu qarindosh bo‘lib yashab kelishmoqda.

Davlatimiz rahbari saylovoldi dasturida mamlakat tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni sanab o‘tar ekan, O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan faqat do‘st bo‘lishiga alohida urg‘u bergan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida chegaralar ochilib, temir devorlar, sim to‘siqlar o‘rnini do‘stlik darvozalari, mehr-oqibat rishtalari egalladi.

2016 yilning sentabridan hozirgi kunga qadar davlatimiz rahbari va Tojikiston Prezidenti o‘rtasida to‘rt marta uchrashuv, bir qator telefon muloqotlari o‘tkazildi. Ikki davlat rahbarlari o‘zaro munosabatlarni qardosh mamlakatlar xalqlari manfaatlaridan kelib chiqqan holda, sifat jihatdan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish uchun birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bir necha marotaba qayd etishdi. Ikki xalq do‘stligining ravnaq topishi uchun qulay muhit yaratilib, eng yaxshi an’analarimiz qayta tiklanayotgani quvonchli voqea, albatta.

Toshkent viloyatining Bekobod shahri Tojikiston bilan chegara hududida joylashgan. «Bunyodkor» mahallasiga kirish uchun Tojikiston chegarasi orqali o‘tish kerak. U yerda 892 nafar aholi 142 xonadon, 174 oilada istiqomat qiladi. Partiyaning targ‘ibot tadbirlari, fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazish turli qiyinchiliklarni tug‘dirardi. Ko‘pincha odamlarning savollariga javob topolmasdik. Mahalla ahli shahar markaziga borish uchun chegaradan pasport rejimi asosida qiyinchilik bilan o‘tardi. Mahallada bolalarning ta’lim olishi, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, ichimlik suv, ichki yo‘llar ahvoli tanglashgan, odamlarda umidsizlik kuchaygandi. Ayniqsa, quda-anda bo‘lgan oilalar taqdiriga hech kim e’tibor qilmas edi.

Prezidentlarning davlat tashriflari chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarni imzoladi. Davlat rahbarlarining ochiq, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari nafaqat O‘zbekiston — Tojikiston hamkorligini rivojlantirish, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, Bekobod shahar «Bunyodkor» mahallasi aholisi bundan juda xursand bo‘ldi. Ularning hayotida o‘ziga xos o‘zgarishlar yuzaga keldi. Hadik va xavotir o‘rnini emin-erkin yashash zavqi egalladi.



«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA yozib oldi.



DB query error.
Please try later.