Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
25.08.2018

OROL MUAMMOSINI BARTARAF ETISH BO‘YICHA MINTAQAVIY HAMKORLIK YANGI BOSQICHGA KO‘TARILMOQDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 24 avgust kuni Turkmanboshi shahrida bo‘lib, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlar rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi.

Prezidentimiz dastlab «Avaza» sayyohlik zonasida Turkmaniston Prezidenti bilan uchrashdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston — Turkmaniston munosabatlari yuksak sur’at bilan rivojlanmoqda. Bunda, avvalo, ikki davlat rahbarlarining samimiy do‘stligi, o‘zaro ishonchi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar yuksak darajada ekanidan dalolatdir. Jumladan, Turkmaniston rahbarining joriy yil aprel oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishladi.

O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining bu galgi uchrashuvi o‘zaro manfaatli, samarali va faol muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi davridagi tashabbuslarini yuqori baholab, mamlakatlarimizning bu boradagi loyiha va sa’y-harakatlari bir-birini to‘ldirishini qayd etdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov davlatimiz rahbarini Turkmanistonga tashrifi bilan qutlab, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining ta’sischi mamlakatlari rahbarlari sammiti ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Avval erishilgan kelishuvlar ijrosiga e’tibor qaratildi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining majlisi Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi.

Majlisda jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini muvofiqlashtirgan holda boshqarish, bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi 1993 yili O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari tashabbusi bilan Orol dengizi havzasida ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida tuzilgan. Ta’sischi davlatlar unga uch yil muddatga raislik qiladi. Raislik qiluvchi mamlakat rahbari Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Prezidenti etib saylanadi. 2017 yildan jamg‘armaga Turkmaniston raislik qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mazkur sammit jamg‘armaning 2009 yilgi majlisidan so‘ng qariyb o‘n yildan keyin o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Orol inqirozi zamonamizning eng yirik ekologik halokatidir. Dengiz tubidan ko‘tarilayotgan chang yiliga 80 million tonnaga yaqin tuz va zararli kimyoviy moddalarni Sharqiy Yevropadan Himolay tog‘larigacha bo‘lgan ulkan hududga yoyayotgani muammoning global tus olganidan dalolat beradi.

Shu nuqtai nazardan ushbu sammit yetakchi moliya muassasalari, xalqaro tashkilotlar, chet el donorlik kompaniyalari, shuningdek, biznes hamjamiyati e’tiborini Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatga jalb etishda muhim ahamiyatga ega.

O‘tgan davrda jamg‘arma doirasida mintaqadagi murakkab suv-energetika masalalarini hal etish, suv resurslarini birgalikda boshqarish, foydalanish va muhofaza qilishda hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.

Xususan, O‘zbekiston Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha keng miqyosli loyihalarni amalga oshirdi. 350 ming gektar maydonga saksovul va sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilib, butazorlar barpo etildi.

Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha 2013-2017 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularning yarmidan ko‘pi milliy loyihalardir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2018-2021 yillarda Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi bu yerda ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, ekologik falokat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Orol halokatiga xalqaro hamjamiyat e’tiborini ham qaratib kelmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida dunyo hamjamiyatini ushbu ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etish va undan jabr chekayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

O‘zbekiston BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyani qo‘llab-quvvatladi. Fojianing butun sayyoraga daxldorligi inobatga olinib, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT shafeligida Orol dengizi va Orolbo‘yi hududi bo‘yicha maxsus Trast jamg‘armasi tuzildi.

Joriy yil 7-8 iyun kunlari Toshkentda «Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar» mavzuida xalqaro konferensiya, uning doirasida Markaziy Osiyo ekologik forumi bo‘lib o‘tdi.

Turkmanboshidagi uchrashuvda Orol inqirozi oqibatlarini yumshatish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligini faollashtirish, Orolbo‘yi hududi uchun ekologik toza texnologiyalar ishlab chiqish va joriy etishga xorijiy investitsiyalarni birgalikda jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Kengaytirilgan tarkibdagi majlisda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston delegatsiyalari a’zolari, xalqaro tashkilotlar va moliya muassasalari vakillari, ekologiya va suv masalalari bo‘yicha mutaxassislar qatnashdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston raisligida tuzilma faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish bo‘yicha ulkan ishlar qilinayotganini ta’kidladi.

Qariyb o‘n yillik tanaffusdan so‘ng o‘tayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining bugungi tarixiy majlisi tashkilot faoliyatida yangi sahifa ochadi, Markaziy Osiyoda mintaqaviy sheriklikka katta sur’at bag‘ishlaydi. Biz bu boradagi o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish, hududga innovatsion yechimlar joriy etish va xorijiy investitsiyalar jalb qilish, «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish va boshqa masalalar bo‘yicha muhim takliflarni ilgari surdi.

Majlisda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalasiga bevosita bog‘liq ekani, bu boradagi oqilona qarorlar va yaqin hamkorlik mintaqa mamlakatlari farovonligiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu masalani hal qilishda mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olish zarurligi, shunday yondashuvdan boshqa yechim yo‘qligi alohida qayd etildi.

Majlis yakuni bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ushbu sammit o‘z ahamiyatiga ko‘ra nafaqat jamg‘arma faoliyatida, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekologiya va suvdan foydalanish borasidagi hamkorligini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlagani, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mintaqa xalqlari farovonligini oshirish, ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.



Matnazar ELMURODOV,

O‘zA maxsus muxbiri.

Toshkent — Turkmanboshi — Toshkent.



DB query error.
Please try later.