Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
25.08.2018

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING TURKMANISTONNING TURKMANBOSHI SHAHRIDA BO‘LIB O‘TGAN OROLNI QUTQARISH XALQARO JAMG‘ARMASI TA’SISCHI DAVLATLAR RAHBARLARI MAJLISIDAGI NUTQI

Muhtaram Gurbanguli Malikguliyevich!

Hurmatli davlat rahbarlari!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Avvalambor, hurmatli Gurbanguli Malikguliyevichga mehmondo‘stlik va bugungi sammit Turkmaniston gavhari bo‘lgan go‘zal «Avaza» sayyohlik zonasida yuksak darajada tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

O‘zbekiston Turkmanistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik faoliyatini yuksak baholaydi.

Turkmanistonlik do‘stlarimiz tomonidan ushbu serqirra tuzilma faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, uning xalqaro nufuzini oshirish bo‘yicha katta amaliy ishlar olib borilmoqda.

Ishonchim komilki, Jamg‘arma asoschilari bo‘lgan davlatlar rahbarlarining qariyb o‘n yillik tanaffusdan keyin o‘tayotgan bugungi tarixiy majlisi mazkur tashkilot faoliyatida yangi sahifa ochadi, Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi.

Bugun barchamiz turkman zaminida o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanimizni yana bir bor qat’iyat bilan tasdiqlaymiz.

Hech shubhasiz, Orol dengizining qurishi muammosi bizning mintaqaviy faoliyatimiz kun tartibida alohida o‘rin tutadi — bu bizning umumiy fojiamizdir. Uning salbiy oqibatlari, afsuski, tobora chuqurlashmoqda.

Orolbo‘yi hududini u yerda paydo bo‘lgan sahro egallab olmoqda.

Oqibatda biz suv resurslari taqchilligi, ichimlik suvi sifatining yomonlashuvi, tuproqning degradatsiyaga uchrashi, bioxilma-xillikning keskin kamayishi, jiddiy iqlim o‘zgarishlarini yaqqol sezib turibmiz.

Shu munosabat bilan bugungi uchrashuvimiz g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Biz umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda, ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bog‘liq muammolariga yechim topish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz lozim.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Hozirgi paytda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Markaziy Osiyoda vaqt sinovidan o‘tgan yagona mintaqaviy tashkilot bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasida bu boradagi hamkorlikning amaliy mexanizmi bo‘la oladi.

Biz Jamg‘arma faoliyatida Qirg‘iziston Respublikasi ishtiroki tiklanganini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Aminmanki, biz mazkur tashkilot doirasida mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlari mutanosibligini ta’minlashga erishamiz, bizning umumiy kelajagimiz — o‘z qo‘limizda. Faqat barcha mintaqa davlatlarining Jamg‘arma faoliyatida, jumladan, Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi Dasturni ishlab chiqish va o‘zaro kelishish jarayonida to‘laqonli ishtirok etishi orqali biz bu boradagi umumiy muammolarni hal etishimiz va tahdidlarni bartaraf etishimiz mumkin.

Shu munosabat bilan biz Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining me’yoriy-huquqiy asoslari va tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan hamkorlarimiz bildirgan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyormiz.

Hurmatli do‘stlar!

Shu o‘rinda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Global ekologik fond va boshqa hamkor tashkilotlar, donor davlatlar ko‘magida O‘zbekistonda Orolbo‘yidagi ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tish zarur, deb o‘ylayman.

So‘nggi bir necha yil davomida O‘zbekiston Orolbo‘yi hududida bir qator keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirdi. Orolning qurib qolgan hududida saksovul va boshqa sho‘rhoklikka chidamli o‘simliklardan iborat 350 ming gektarlik butazorlar barpo etildi. Bunday hududlarning umumiy maydoni hozirgi kunda 700 ming gektarni tashkil etmoqda.

Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha 2013-2017 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 tadan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularning yarmidan ko‘pi milliy loyihalardir.

2018-2021 yillarda Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi qabul qilindi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondini tashkil etish borasidagi tashabbusni ilgari surdi va bu BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Bizning fikrimizcha, BMT shafeligida ish olib boradigan Trast fond faoliyati va turkman do‘stlarimiz taklifi asosida bugun tasdiqlanadigan Orol dengizi havzasi uchun BMT maxsus Dasturining amalga oshirilishi bir-birini to‘ldiradi.

Hurmatli do‘stlar!

Shu yilning iyun oyida Toshkent shahrida Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaning asosiy xulosa va tavsiyalarini hisobga olgan holda, bizning nazarimizda, o‘zaro hamkorlik borasida ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan quyidagi yo‘nalishlarni alohida ta’kidlamoqchiman.

Birinchi. Ishonchim komilki, mintaqamizda noqulay ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash uchun qat’iy va nostandart chora-tadbirlar zarur.

Shu munosabat bilan Orolbo‘yi hududini Ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etaman.

Bu tashabbus bizning umumiy kuchimizni quyidagi maqsadlar bo‘yicha birlashtirishga yo‘naltirilgan:

ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish;

«yashil iqtisodiyot», ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish;

cho‘llanish va ekologik migratsiyaning davom etishiga barham berish;

ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Bizning tashabbuslarimizni har tomonlama muhokama qilish maqsadida kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Global ekologik fond ko‘magida maxsus konferensiya tashkil etilishini taklif qilamiz.

Mazkur xalqaro tashkilotlar bilan Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini tashkil etishning amaliy masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borish masalasini Jamg‘arma boshqaruviga topshirish mumkin, deb hisoblaymiz. Bu jarayonda quyidagilarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir:

dunyodagi ekologik noqulay mintaqalarda bunday loyihalarni amalga oshirish borasidagi tajribalarni inobatga olgan holda, innovatsion loyihalarning yagona ro‘yxatini shakllantirish va ularni birgalikda tayyorlash;

bunday maqsadlar uchun uzoq muddatli imtiyozli kredit va grantlar ajratish.

Bundan tashqari, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi huzurida yuqorida qayd etilgan xalqaro institutlarning vakolatxonalarini ochishni taklif etamiz.

Ikkinchi. Qum ko‘chkilarini mustahkamlash, Orolning qurigan qismidan havoga zaharli aerozol changlari ko‘tarilishini kamaytirish masalalari bizning e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur.

Shu maqsadda cho‘l sharoitiga chidamli va ozuqa o‘simliklari ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha Mintaqaviy markaz tashkil qilishni taklif etamiz.

Bizning olimlarimiz bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 10-12 yil davomida dengizning qurigan qismini daraxtzor va butazorlarga aylantirishimiz mumkin.

Bundan tashqari, yangi unumdor yaylovlar yaratishga qurbimiz yetadi, bu chorvachilikni izchil rivojlantirish va o‘n minglab odamlarni ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Mintaqaviy markaz esa ehtiyoj katta bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘ziga xos noyob ilmiy-ta’lim bazasiga aylanadi.

Uchinchi. Mintaqamizning noyob hayvonot dunyosini saqlash masalasi. Bu masalada ham umummintaqaviy yondashuv zarur.

Orolbo‘yi zonasida muhofaza qilinadigan transchegaraviy tabiiy hududlar tashkil etishni taklif qilamiz.

Yo‘qolib borayotgan hayvonlar, jumladan, qoplon, qulon, sayg‘oq va boshqa noyob jonivorlarni saqlab qolish uchun qo‘limizdan keladigan barcha ishlarni o‘zaro kelishib amalga oshirishimiz nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

To‘rtinchi. Suvni tejash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish masalalaridagi mintaqaviy hamkorlik darajasini keskin oshirish lozim.

Biz Orol dengizi hududidagi suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha o‘zaro maqbul hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga va O‘zbekistonda ushbu masalaga bag‘ishlangan mintaqaviy konferensiya o‘tkazishga tayyormiz.

O‘ylaymizki, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy dastur qabul qilinishi mazkur konferensiyaning eng muhim natijasi bo‘ladi.

Beshinchi. Bugungi kunda ilmiy kooperatsiyani samarali rivojlantirmasdan oldimizda turgan muammolar yechimini ta’minlashning iloji yo‘q.

Shu munosabat bilan birgalikdagi fanlararo tadqiqotlarni tashkil etish muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz. Jumladan, Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi va Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining ilmiy-axborot markazlari negizida bunday tadqiqotlar olib borish mumkin.

Hurmatli davlat rahbarlari!

Aminmanki, bugun ilgari surilgan tashabbuslar asosida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqishimiz va uning ijrosini amaliy jihatdan nazoratga olishni Jamg‘arma boshqaruviga topshirishimiz mumkin.

Xalqlarimizning tabiatga uning boyliklarini asrab-avaylagan holda munosabatda bo‘lish va umumiy suv resurslaridan birgalikda foydalanish borasidagi ko‘p asrlik an’analariga suyangan holda biz haqiqatan ham ulkan natijalarga erishamiz, deb ishonaman.

So‘zimning yakunida hurmatli Gurbanguli Malikguliyevichga Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitini muvaffaqiyatli o‘tkazishga qo‘shgan katta hissasi uchun yana bir bor minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

E’tiboringiz uchun rahmat!



DB query error.
Please try later.