Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 31 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 1 2
14.08.2018

G‘AFLAT — KECHIRIB BO‘LMAS XIYONAT

Haydar BOBOXONOV, O‘zXDP Toshkent shahar kengashi raisi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 10 avgust kuni Shayxontohur va Chilonzor tumanlarida bo‘lib, aholi vakillari bilan o‘tkazgan muloqotlarida bildirgan fikrlari barchamizni yana bir bor o‘z faoliyatimizga tanqidiy yondoshishga da’vat etdi. Shayxontohur tumani faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda poytaxtimizning markaziy tumanida ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgani kuyinchaklik bilan qayd etildi. Achinarlisi, mutasaddi tashkilotlar bunga beparvolik bilan qaragani aytildi.

Yig‘ilishda tumandagi muammolar ochiq — oydin tanqidiy-tahlil etildi. Bugungi holat, odamlarning yashash tarzi va ijtimoiy vaziyatlar aks etgan videorolik ko‘rsatildi. Guvohi bo‘ldikki, tumanda kamchiliklar ko‘p, ishsizlik muammosi mavjud.

Davlatimiz rahbarining axir bu odamlar ham bizning fuqarolarimizku, nega ular bunday vaziyatda kun kechirishi kerak, ularning ham aynan bugun yaxshi yashashga haqqi borku, deb kuyinib aytgan so‘zlari barchamizni o‘ylantirib qo‘ydi. Darhaqiqat, bugun poytaxt tumanlarida odamlarning uy-joyga muhtojligi, nogironlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani bor gap. Bandlik masalasida ham muammolar ko‘p.

To‘g‘ri, partiyamiz vakillari, deputatlar muammolarni o‘rganyapmiz, xonadonma-xonadon yuryapmiz. Xususan, 256 mahallada 1846 xonadonga kirib odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni o‘rganib, yordam ko‘rsatishga harakat qildik. Ammo yig‘ilishda aytilgan muammolarga yetib bora olganimiz yo‘q. O‘zXDP elektorati, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ishsiz yoshlarning muammolarini bartaraf etish uchun juda ko‘p mehnat qilishimiz kerakligini chuqur anglab yetdik.

Shayxontohurda muammolarning to‘planib qolganining sababi bu yerda ish o‘rinlarini yaratishga yetarli e’tibor qaratilmaganida, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari. Darhaqiqat, odamlarning ishsizligi, yoshlarning tayin bir ish bilan band bo‘lmagani hududda ijtimoiy tanglikni va jinoyatchilikning ko‘payishiga olib keladi.

Davlatimiz rahbari joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida rejadan ko‘ra 2 trillion so‘m ko‘p soliq yig‘ilgani va ushbu mablag‘ning 1,5 trillion so‘mi mahalliy byudjetda qolishini ta’kidladi. Albatta, bu juda katta summa. Buni poytaxtimizda to‘planib qolgan muammolarni hal etish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, arzon uy-joylar, bog‘chalar qurishga, umuman olganda odamlarning maishiy sharoitlarini yaxshilashga sarflanishi ta’kidlandi.

Biz ham mazkur jarayonda aniq rejalarni belgilab oldik. Yuqoridagi kabi kamchilik va muammolar nafaqat Shayxontohurda, balki, poytaxtning barcha tumanlarida mavjud. Demak, aholining muammolarini o‘rganish, yoshlar bandligini ta’minlash bilan bog‘liq ishlar ustidan deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘ygan holda aniq choralar ko‘rish lozim. Biz bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, yo‘l xaritasini tayyorlashga kelishib oldik.



Mirjamol ADILOV, xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, 2-sonli respublika tibbiyot kolleji direktori:

Shayxontohur tumani faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Prezidentimiz mas’uliyatsizlik, e’tiborsizlik, loqaydlik haqida kuyinib gapirdi. G‘aflat kechirib bo‘lmas xiyonat ekanini ta’kidladi. Aslida joylardagi haqiqiy ahvoldan davlat rahbaridan ko‘ra ko‘proq biz, xalq deputatlari xabardor bo‘lishimiz zarur. Toshkent shahar tumanlariga deputatlar saylanishi ham ayni shu maqsadlarga qaratilgan edi. Bizga tumanlardagi muammolarni chuqur o‘rganish, mohiyatini anglab, maqbul yechimni ko‘rsatish mas’uliyati yuklangandi. Afsuski, ko‘zlangan natijaga erisha olmadik. Buni davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda yanada chuqurroq angladim.

Tumanimizda bu kabi ayanchli ahvolda yashayotgan fuqarolar borligi kishini sergaklikka undaydi, rosti. Markaziy ko‘chalarda, mahalla guzarlarida uchrashuvlar o‘tkazib yuravergan ekanmiz. Tumanning hali hokimiyat, mutasaddi rahbarlarning qadami yetmagan joylari borligiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Deputatlik faoliyatimni boshlaganimga sakkiz oy bo‘ldi. Shu vaqt oralig‘ida tegishli tashkilotlarga 6 deputatlik so‘rovi yubordim. 68 nafar fuqaroning turli masalalarda qilgan murojaatlarining aksariyatiga yechim topishga ko‘maklashdim. 8 murojaat ijrosi ustidan nazorat o‘rnatilgan. Ammo yurtimizda shu vaqt oralig‘ida qanchadan-qancha o‘zgarishlar bo‘ldi, islohotlar amalga oshirildi. Bu jarayonda deputatlik birlashmalari ham bevosita ishtirokchi, tashabbuskor bo‘lishi kerak, aslida.

E’tiborimizni qaratishimiz kerak bo‘lgan yana bir masala, hududda aholining kam ta’minlangan qatlami, nogironligi bo‘lgan shaxslar va xotin-qizlarning muammolari yig‘ilib qolgan. Oqibatda aholining maishiy sharoiti og‘irlashib borgan.

Bu holatlarni yuzaga kelishida tuman Kengashi deputatlarining ham aybi katta. Muammolarni bartaraf etish bo‘yicha kutilgan tashabbuslar bilan chiqmadik, saylovchilarga bergan va’dalarimizni bajara olmadik.

Kuni kecha, biz xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zolari hududda aholini qiynayotgan masalalarni o‘rganish bo‘yicha tuman kengashida yig‘ilish o‘tkazib, ishchi guruhini shakllantirdik. Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida aniq yo‘l xaritasini ishlab chiqishni belgilab oldik. Tumandagi mahalla raislari bilan birgalikda har bir xonadonga kirib, mavjud muammolarni aniq o‘rganish, ularning bazasini shakllantirish va mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda bosqichma-bosqich hal etish choralarini ko‘ramiz, albatta. Ishchi guruhimiz tomonidan ishlab chiqiladigan hududdagi muammolarni o‘rganish va bartaraf etishga qaratilgan yo‘l xaritasida kam ta’minlangan oilalar va nogironlarni uy-joy bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan tashabbuslar bilan chiqish masalalari qamrab olinadi.

Bundan tashqari, hududdagi ta’mir talab maktablar, tomlari chirib yotgan turar-joylar, anhor va ariqlar chiqindixonaga aylanib qolgani, bunga aholi, mahalla faollari befarq qaragani dilimizni siyoh qiladi, albatta. Shu boisdan Ishchi guruhimiz tomonidan ishlab chiqiladigan yo‘l xaritasida tumandagi ta’lim muassasalarining bugungi holati o‘rganilib, tegishli mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari kiritish rejalashtirilgan.

Shuni aytishim kerakki, ta’kidlab o‘tilgan muammolar bugun emas, kecha emas, bir necha o‘n yillar davomida to‘planib yotganini anglab yetdik. Agar ushbu muammolarni bugun o‘rganib, tahlil etib, hal qilmasak, ertaga kech bo‘ladi, vaziyat yanada keskinlashadi.



«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Mahliyo ALIQULOVA

yozib oldi.



DB query error.
Please try later.