Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
09.08.2018

BELARUS QALBI O‘ZBEK SO‘ZI UCHUN OCHIQDIR

Tarix o‘tmishda solingan izlarni hech qachon unutmaydi, u hech qachon vaqtni sokingina qo‘riqlab o‘tirmaydi. Tarix hamisha ochiq va oydin, o‘tgan davrlar haqida hikoya qilish uchungina emas, balki qanday o‘y va fikrlar hamda tasavvurlar bilan ertangi kunni qurishni o‘rgatish uchun ham doimo o‘zidan xotiralar qoldiradi. Ortga, o‘n yilliklar nariga nazar solib, O‘zbekiston va Belarusni bog‘lagan ko‘plab rishtalar bo‘lganligini ko‘rib, odam beixtiyor hayratga tushadi. Bizning milliy adabiyotlarimizni bog‘lab turadigan, ularni birlashtiradigan ko‘p jihatlar bor.



Aleksandr KARLYUKEVICH, Belarus Respublikasi axborot ministri:

Bir nechta lavhalarda o‘zbek-belarus adabiy aloqalari qiyofasini chizib berishga harakat qilaman.

1930 yillardayoq o‘zbek kitobxoniga belarus xalq o‘lanchisi Yanka Kupalaning nomi ma’lum edi. 1932 yilda O‘zbekistonda mehmon bo‘lgan yozuvchilar Petro Glebka, Illarion Barashka, Mikola Xvedorovich o‘zbekistonliklarga Yanka Kupala ijodi haqida so‘zlab berishdi. 1942 yilda o‘zbek matbuotida uning asarlaridan qilingan dastlabki tarjimalar bosildi. «Qizil O‘zbekiston» («O‘zbekiston ovozi») gazetasi Yanka Kupalaning «Belarus partizanlariga» nomli mashhur she’rini chop etdi. 1942 yil 7 iyulda Yanka Kupala vafot etgandan keyin Belarus Fanlar akademiyasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining bevosita ishtirokida Belarus xalq o‘lanchisining ijodiga bag‘ishlangan ilmiy anjuman tashkil qildi. 1943 yil 27 iyunda Toshkentdagi O‘rta Osiyo davlat universitetida (O‘zMU) Yanka Kupala sharafiga o‘tkazilgan ilmiy konferensiyada belarus va o‘zbek adabiyotshunosi, shoir va tarjimon Stepan Lixodiyevskiy ma’ruza qildi. Qayd etish kerakki, Stepan Lixodiyevskiy ko‘p yillar Toshkentda yashab, o‘zbek adabiyotini rus va belarus tillariga tarjima qilish borasida katta ishlar qildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkent Yakub Kolas uchun qadrdon shaharga aylandi. Urush yillarida O‘zbekiston poytaxtida uning kitoblari bosildi.

Tarixga nazar tashlab, 1932 yilda belarus yozuvchilarining Toshkentga safari belarus adabiyotida O‘zbekiston va o‘zbek adabiyoti mavzusi tug‘ilishiga asos bo‘lganini ta’kidlagim keladi. O‘shanda belaruslik ijodkorlar Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Qo‘qon shaharlariga safar qilishgan. Mikola Xvedorovichning safar taassurotlariga bag‘ishlangan «O‘zbekistonga» nomli she’rida o‘zbek dehqonlari, paxtakorlarining mehnatiga tasannolar aytilgan.

1930 yillarda O‘zbekistonda belarus adabiyoti kechalari o‘tkazilgan. Bunda qatnashgan belarus shoiri Andrey Aleksandrovich keyinchalik shunday deb yozgandi: «Biz o‘z asarlarimiz qatorida qardosh xalqlar she’riyatidan qilgan tarjimalarimizni o‘qidik. Bu uchrashuvlar o‘zaro ijodiy munosabatlar o‘rnatilishiga ko‘mak berdi, qardoshlik tuyg‘ulari va xalqlar do‘stligini rivojlantirdi».

Tez orada o‘zbek shoiri Uyg‘un 1936 yilda Minskda mehmon bo‘lib keldi. Oradan yillar o‘tib, Uyg‘un: «Men o‘ttiz yillar avval tanishgan edim. O‘shanda men Minskda yozuvchi va shoirlarning katta yig‘inida qatnashgandim. Lekin Yakub Kolasning ijodini bundan ham avvalroq bilardim. Men qator jahon shoirlari ijodi qatori Yakub Kolas ijodidan ham o‘rganganman».

Yakub Kolas va Toshkent bu alohida mavzu. Agar shoirning Toshkentdagi hayoti haqida yo‘l ko‘rsatkich yaratilsa, undan ko‘plab gazeta, jurnal va nashriyotlarning nomlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, shoir yashagan uy, urush paytida do‘stlashgan o‘zbek shoir va yozuvchilarining ism-shariflari yozilgan juda ko‘p sahifalar o‘rin oladi. Yakub Kolas Toshkent, O‘zbekistonga ko‘plab she’rlar bag‘ishlagani bejiz emas.

Belarus yozuvchilari, tarjimonlari ham o‘zbek adabiyotini faol ravishda o‘zlashtirib, Sharq o‘lkasining boy tarixi va bugungi kunini aks ettiruvchi asarlarni belarus o‘quvchisiga yetkazishga harakat qildilar. 1946 yilda «Chûrvonaya zmena» gazetasida Oybekning «Navoiy» romani haqida maqola bosildi. 1948 yil 15 mayda Belarusning biryo‘la ikkita yetakchi gazetasi «Zvyazdza» va «Sovetskaya Belorussiya»da Oybekning Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maqolalari chop etildi.

1966 yilda taniqli belarus yozuvchisi Aleksey Kulakovskiy «O‘zbek hikoyalari» nomli to‘plam tuzdi. Shu yili o‘zbek shoirlari she’rlaridan tuzilgan «Solnse v arûkax» nomli to‘plam belarus tilida chop etildi. Bu ikkala kitobning so‘zboshi muallifi — professor Laziz Qayumov edi. 1959 hamda 1966 yillarda Minskda o‘zbek ertaklari to‘plami nashr etildi. 1967 yilda Minskda Zulfiyaning «Lirika» nomli she’riy to‘plami Edi Ognetsvet kirish so‘zi bilan nashr qilindi. Aytish kerakki, Edi Ognetsvet Ikkinchi jahon urushi davrida Toshkentda yashagan. Uning bir qancha she’riy to‘plamlari Toshkentda bosilgan.

Zulfiya belarus adabiyoti targ‘iboti uchun ko‘p ishlarni amalga oshirgan. U Yanka Kupala, Edi Ognetsvet, Maksim Tank she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girdi, Yanka Kupala ijodi haqida qator maqolalar yozdi. 1981 yilda «Guliston» jurnalida Yanka Kupalaning mashhur «Kim kelyapti?» she’ri o‘zbek tilida chop etildi. Bu tarjima Minskda ham uch marta, jumladan, 2017 yilda Yanka Kupala she’rlarining 1001 tilga qilingan tarjimasi jamlangan kitobda bosilib chiqdi. O‘zbek tarjimonlarining bu kabi ibratli ishlari talaygina. Masalan, Vladimir Korban masallari, Kastusya Kireyenko, Vladimir Korotkevich, Rigor Borodulin, Pavel Kovalyov she’rlari o‘zbek tilida jaranglagan.

1985 yilda Zulfiyaning belarus tilida nashr etilgan she’riy to‘plami «Mening yuragim shunday» deb ataladi. Belaruslarning ham xuddi o‘zbeklar kabi dillari, yuraklari do‘stlar uchun ochiqdir. Bugun o‘rtadagi masofalarga qaramay, o‘zbek-belarus adabiy aloqalarini yanada rivojlantirishga barcha imkoniyatlar mavjud.



DB query error.
Please try later.