Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
09.08.2018

JAHON ADABIYOTIDA O‘ZBEK ADABIYOTINING O‘Z O‘RNI BOR

Bu xalqaro anjuman ishtirokchilari tomonidan ham e’tirof etildi

Poytaxtimizda 7-8 avgust kunlari o‘tkazilgan «O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari» mavzuidagi xalqaro konferensiya millatlararo adabiy, madaniy munosabatlarni yanada mustahkamlash, ijodkorlarning o‘zaro fikr almashishi, ijodiy aloqalar o‘rnatilishida yangi bosqichni boshlab berdi.

Dunyoda anjumanlar ko‘p. Hatto keragidan ham ortiqcha. Lekin xalqaro miqyosda adabiyot ahlining bir joyga jamuljam bo‘lishi, diydorlashuvi kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa. To‘g‘risi, turli xil konferensiya, uchrashuv va anjumanlarda qatnashaverib, bir xil qolipdagi ssenariylarni ko‘raverib, etimiz qotib qolgan.

Lekin xalqaro adabiyot anjumaniga kelayotgan taniqli shoir va yozuvchilar, yosh ijodkorlar chehrasidagi bayramona kayfiyatni ko‘rib, yurak shodlanadi, ko‘ngil orolanadi. Adiblar xiyobonida barpo etilgan Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi ijodkorlar bilan gavjum. Shu topda mamlakatimiz Prezidentining: «Bugun odamlarimizning qonini tozalashimiz kerak, bu ma’naviy tozarish jarayonida adabiyotning o‘rni beqiyos», degan gaplari yodimga tushadi.

Anjuman qatnashchilari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti oldidagi zangor maysalar, anvoyi chechaklarga burkangan maydonga o‘rnatilgan buyuk mutafakkir bobomizning salobatli haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, uning porloq ruhiga hurmat-ehtirom bajo keltirdilar.

Shundan so‘ng universitet anjumanlar zalida konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekiston adabiyoti va madaniyati haqida hikoya qiluvchi rolik namoyish etildi. Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid yig‘ilganlarni adabiyot bayrami bilan tabriklab, Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevga so‘z berdi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konferensiya qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Dendev Badarch, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev, Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi Anor, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Yesdavlat, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovlarning tabrik so‘zlari tinglandi.

Bir qancha adabiyotshunoslarimiz tomonidan ancha yillardan buyon Alisher Navoiyning hayoti va ijodi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilayapti, — deydi Ukrainadagi ADEF nashriyot uyi direktori Igor Shpak. — Adabiyot dunyoni balo-qazolardan asraydi, xalqlarni bir-biri bilan birlashtiradi, inson ma’naviyatini tozartiradi. Ana shu ma’noda ko‘p yillar davomida bir-biri bilan ijodiy hamkorlik qilib kelayotgan o‘zbek va ukrain xalqi vakillari uchun anjuman juda katta bayramga aylandi. Bu xalqaro konferensiya azaldan davom etib kelayotgan aloqalarimizni yanada mustahkamlaydi, deb o‘ylayman. To‘yga to‘yona sifatida Alisher Navoiyning asliyatdan tarjima qilingan «Farhod va Shirin» dostonini uch tilda — eski chig‘atoy va o‘zbek-ukrain tillarida chop qilib, olib keldik.

Yaponiyalik professor Hisao Komatsu o‘zbek tilida yaxshigina gapirar ekan. U anjuman taassurotlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

Men Tokio chet tillar universitetida faoliyat ko‘rsatish bilan birga, Markaziy Osiyo tadqiqotlar departamenti tarkibida ilmiy izlanishlar olib boraman, — dedi Hisao Komatsu. — O‘zbekiston nomini jumlai jahonga tanitgan, dunyo tamaddunini tafakkur ziyosidan bahramand qilgan ulug‘ mutafakkirlar yurtida mana shunday anjuman o‘tkazilishiga umid qilib yurgandim. Mana, orzuimga yetdim, bundan juda xursandman. Eski do‘stlarni, qadrdonlarni uchratdim. Anjumanda «O‘zbek jadid adabiyotida sayohatnoma» mavzuida ma’ruza qildim. Mavzu ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. XX asr boshlarida yozilgan bir qator sayohatnomalarni yapon tiliga tarjima qilganman.

Tatar jadidlaridan Abdulaziz Ibrohim afandi 1907-1908 yillarda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon shaharlarida bo‘lib, o‘zbek ziyolilari bilan muloqotda bo‘ladi, Turkiston o‘lkasining siyosiy-ijtimoiy muhiti bilan tanishib, ko‘rgan-kechirganlari asosida «Sayohatnoma» asarini yozgan. Yapon xalqining o‘zbek xalqi tarixi, adabiyoti, urf-odatlari va turmush tarziga qiziqishidan kelib chiqib, ana shu asarni yapon tiliga tarjima qilib, o‘quvchilar e’tiboriga havola qildim.

Kunning ikkinchi yarmida adabiyotshunos olimlar to‘rtta sho‘baga bo‘lingan holda ish olib bordilar. «Alisher Navoiyning forsiy tildagi lug‘atlari», «O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarining xorijda o‘rganish va targ‘ib etish masalalari», «O‘zbek zamonaviy adabiyoti namunalarining xorijda o‘rganish va targ‘ib etish masalalari», «O‘zbek adabiyotini xorijiy tillarga tarjima qilish va tarjima asarlarni targ‘ib qilish masalalari», «Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarining xalqaro miqyosda o‘rganilishi», «Badiiy tarjima sohasi mutaxassislari tayyorlashdagi xalqaro ilg‘or tajribalar», «O‘zbek zamonaviy adabiyotining xalqaro miqyosda o‘rganilishi» singari bir qator mavzularda ma’ruzalar tinglandi, o‘zaro fikr va tajriba almashinildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, konferensiyada 25 davlatdan o‘zbek adabiyotini yaxshi biladigan qirqqa yaqin taniqli olim va adiblar, tarjimonlar, o‘zbek adabiyoti namunalarini chop qilgan noshirlar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Men 2009-2011 yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida talabalarga turkiy tillar adabiyoti fanidan dars berganman, — dedi Anqaradagi Hoji Bayram Veli universiteti professori, Zamonaviy turk tillari va adabiyotlari bo‘limi professori, filologiya fanlari doktori Veli Savash Yyelok. — Ko‘p yillardan buyon o‘zbekistonlik ijodkorlar bilan hamkorlik qilib kelaman. 20 nafar turk yozuvchisining hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girdim. Abduhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy singari ulug‘ so‘z ustalarining, asarlarini turk tiliga tarjima qildim.

O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ijodida til va uslub mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladim. Uning ko‘plab she’r va g‘azallarini tarjima qilganman. Hammasini jamlab, 760 betlik kitob tayyorladim va turk tilida chop qildirdim. Lekin ustoz bu kitobni ko‘rmay ketdi, vafotlaridan 2 oy o‘tib, uni oilalariga yetkazdim, juda xursand bo‘lishdi.

Yozuvchilar uyushmasi uchun qurilgan sharqona va zamonaviy uslublarni uyg‘unlashtirgan muhtasham binoni ko‘rib, to‘g‘risi, hayratga tushdim, — deydi germaniyalik tadqiqotchi olim Karl Rayxl. — Juda ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman, Yevropani kezib chiqqanman, lekin ijodkorlarga O‘zbekistondagiday sharoit yaratib berilganini ko‘rmaganman.

Adiblar xiyobonida o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalariga bag‘ishlab o‘rnatilgan yodgorlik majmualarini, viloyatlarda Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf va boshqa ijodkorlar xotirasiga o‘rnatilgan haykallarni ziyorat qilib, bu xalqning o‘z ajdodlariga naqadar beqiyos ehtiromini yurak-yurakdan his qildim. Demak, bu zaminda ming yillik an’analar davom etayapti va bu — asrlarga tatigulik ezgulikning davomiyligidir.

Men o‘zbek xalq ertak va afsonalari, dostonlari, xalq og‘zaki ijodi bilan qiziqaman va bu borada ancha yildan buyon ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayapman. Bir qator dostonlarni nemis tiliga tarjima qilganman. O‘zbek tilini yaxshi o‘zlashtirganim uchun har bir so‘z va qochirim, ma’lum bir xalqqagina xos bo‘lgan iboralarning ma’nosini nemis kitobxoniga yetkazishga harakat qilganman. Anjumanda «Qahramonning qaytishi: Alpomish, Arastu va xalq dostonlari» mavzuida ma’ruza qildim.

Men O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan adabiyot bayramiga taklif etilganimdan xursandman, — dedi «Literaturnaya gazeta»ning «Pesn Xumo» loyihasi muallifi Aleksey Shavlov. — Bugungi anjuman adabiyot kelajagini, demakki, millat, xalq kelajagini o‘ylab tashkil etilganini uning mazmun-mohiyati ko‘rsatib turibdi. Alohida olingan bir mamlakatda dunyo hamjamiyatidan ajralgan holda biror-bir olamshumul yutuqqa erishib bo‘lmasligini o‘tgan davr saboqlaridan yaxshi bilamiz. Adabiyot qachonki dunyoga bo‘y ko‘rsatsa, uning yutuq va kamchiliklari xolis baholansa yoki e’tirof etilsa, ana shunda o‘sish bo‘ladi.

O‘zbekistonlik ijodkorlar bilan hamkorligimiz mustahkamlanayapti, ularning asarlarini rus tiliga tarjima qilib, gazetamiz sahifalarida berishdan tashqari, kitob holida chop etishga tavsiya qilayapmiz. O‘zbekistonlik shoir va yozuvchilar tomonidan rus adiblari asarlari muntazam ravishda tarjima qilinib kelinayotgani, o‘ylaymanki, bu boradagi hamkorligimizni yanada mustahkamlaydi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 5 apreldagi «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida adabiyotimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etish maqsadida milliy adabiyotimizning sara namunalarini tanlab tarjima qilish, unga xorijlik olim va tarjimonlarni jalb qilish masalasi ham qo‘yilgan edi. Anjuman yakunida ana shu masala yuzasidan ijodiy muloqot tashkil etildi. O‘zbek adiblarining asarlarini tarjima va nashr qilish bo‘yicha Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmalari raislari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Anjumanning ikkinchi kuni mehmonlar dunyo madaniyat va ma’naviyat markazlaridan biri bo‘lgan Samarqand shahrida bo‘lib, imom Buxoriy, Sohibqiron Amir Temur, Hazrati Xizr maqbaralari, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdi. Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda ansambli va Imom Moturidiy maqbarasi singari tarixiy maskanlarda bo‘lishdi.

Ikki kun mobaynida davom etgan ushbu xalqaro anjuman mamlakatimiz o‘tmish tarixi, qadim madaniyati, ma’naviyatini, ijodkorlarimizning bugungi bunyodkorlik ishlarini, amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlar tashabbuskorligini o‘zida mujassam qilgan eng sara va yuksak saviyali asarlarini dunyo miqyosida namoyon etishga xizmat qiladi.

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.



Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.