Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
07.08.2018

«HAMMASI ADOLATLI BO‘LAYAPTI»

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ijodiy imtihonlar halol o‘tmoqda, haqiqiy iste’dodlar tanlab olinmoqda

 ¡çáåêèñòîí davlat san’at va madaniyat institutiga o‘tgan yili test sinovlarini yoritishga borgan edim. E’tiborimni birinchi bo‘lib institut hududidan tashqarida, panjara ortida farzandlari imtihondan qachon chiqishini ilhaq bo‘lib kutib turgan ota-onalar tortgan edi. Havo issiq, odamni lohas qiladigan darajada jazirama. O‘tiradigan joyning o‘zi yo‘q. Buning ustiga, ko‘pchilik ota-onalar yuzida bezovtalik, tashvish bor edi.



Bu yilgi imtihonlar jarayonini yoritish maqsadida institutga borayotganimda, ana shu noxush manzaralar ko‘z o‘ngimdan o‘tayotgandi. Lekin bu gal ota-onalarni darvoza oldida uchratmadim. Institut darvozasidan kirish-chiqish bemalol, odatiy kunday...

Yoshlar uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga harakat qilayapmiz, — dedi institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev. — Biz bu yilgi test sinovlarida abituriyentlarga, ularning ota-onalariga yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida suhbatlashib o‘tirgan edik. Bularni albatta xalqqa yetkazish kerak. O‘tgan yili bilasiz, oliy o‘quv yurtlarida test sinovlari kuni kelgan ota-onalar qanchalik qiynalganini. Bu yil tashkiliy ishlar umuman boshqacha yo‘lga qo‘yildi. Ota-onalar uchun ajratilgan binoga 10 ta monitor o‘rnatilgan, ular kameralar orqali farzandlarining qanday imtihon topshirayotgani va savollarga qanday javob berayotganigacha eshitib, kuzatib turishibdi.

Yana bir yangilik, adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston xalq shoiri, Senator Iqbol Mirzo boshchiligida jamoatchilik nazorati guruhi ishlab turibdi. Uning tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashi deputatlari, sud-huquq idoralari vakillari bor. Jamoatchilik nazorati guruhiga ota-onalardan ham ikki kishi kiritilgan bo‘lib, imtihon topshirayotgan abituriyentlar almashishiga qarab, har kuni ota-onalar ichidan ikki kishi saylanadi. Ular imtihon topshirilayotgan bino va auditoriyalarda kuzatuv olib boradi.

Binolar har bir abituriyent uchun qulay bo‘lgan bir kishilik maxsus o‘rindiqlar, havoni mo‘tadillashtiruvchi jihozlar bilan ta’minlandi. Bu yerga kela olmagan ota-onalar internet orqali yoki onlayn tizimida ushbu jarayonni to‘liq kuzatib borishi mumkin.

Prezidentimizning «Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori asosida bu yildan boshlab abituriyentdan alohida iqtidor talab etadigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi 18 ta’lim yo‘nalishiga qabul qilish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirilyapti, — deydi O‘zbekiston xalq shoiri, Senator Iqbol Mirzo. — Biz har kuni ota-onalar bilan birgalikda ijodiy imtihonlarni kuzatib borayapmiz. To‘g‘ri, ko‘pchiligining iqtidori, mahoratiga qoyil bo‘lmasdan iloj yo‘q, shunday bolalar o‘qishga kirayotganidan quvonasiz.

Lekin ishonasizmi, adabiyot o‘qimayotgan, teatrga tushmayotgan bolalarimiz oz emas ekan. Bunga abituriyentlar imtihon topshirayotganida ota-onalarning o‘zlari ham guvoh bo‘ldi. O‘rta maktabni, kollej yoki litseyni bitirgan o‘quvchi taniqli shoir yoki yozuvchilarni, ularning asarlarini bilmaydi. Teatr va san’at arboblarini tanimaydi, oddiy she’rni yoki asardan parchani ifodali qilib yoddan aytib berolmaydi. Buni ota-onalar ham monitor orqali ko‘rib turibdi. Balki, o‘sha o‘quvchi o‘qigan ta’lim muassasasiga e’tiroz xati yozish kerakdir?

Ilgari ijodiy sinovdan zo‘rg‘a o‘tgan abituriyent testdan yuqori ball to‘plab, o‘qishga kirishi mumkin edi, — deydi institut rektori Ibrohim Yo‘ldoshev. — Natijada eng iqtidorli bolalarni qo‘ldan boy berardik, buning oqibatida o‘rtamiyona mutaxassislar ko‘payib ketdi. Bu yildan boshlab abituriyentlarni tanlab olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. 12 iyuldan boshlangan ijodiy imtihonlar haqiqiy iste’dod egalarini kashf etayapti.

2018 o‘quv yilida institutimizda bakalavriatga qabul kvotasi 350 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil kunduzgi bo‘limga 490 kvota ajratildi. Bitta o‘ringa o‘rtacha yetti nafar abituriyent to‘g‘ri kelayapti. Bundan tashqari, bu yil «Aktyorlik san’ati: musiqali teatr aktyorligi» maxsus sirtqi bo‘limga 50 o‘rin ajratildi. To‘rt yo‘nalish bo‘yicha alohida sirtqi bo‘limlar ochildi. Bular uchun jami 200 o‘rin berilib, ularga 604 hujjat qabul qilindi. Shulardan 70 dan ko‘proq o‘rinni rus guruhlari tashkil etadi. San’at sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan, ammo yillar davomida shu yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga kirib, oliy ma’lumot olishga orzumand bo‘lgan haqiqiy iste’dodlar uchun juda katta imkoniyat bu.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ijodiy imtihonlar davom etayapti. Jarayon shaffofligini ta’minlash maqsadida imtihonlarda taniqli san’atshunos olimlar, teatr san’ati ustalari, O‘zbekiston xalq artistlari qatnashayapti. Imtihondagi savol-javoblar videotasmalarga yozib olinayapti va institut arxivida saqlanadi.

Biz ota-onalardan tushgan barcha talab va takliflarni, shikoyat va arizalarni shu yerda ko‘rib chiqib, hal qilamiz, — deya institut rektori stol ustida turgan daftarni menga uzatdi. Qalingina daftarning deyarli yarmi to‘lgan. Uning to‘g‘ri kelgan joyini ochaman.

«O‘g‘lim shu institutning muzdrama fakultetiga o‘qish uchun hujjat topshirgan. Uch kundan buyon ijodiy imtihonlarni kuzatib borayapman. Domlalarning abituriyentlarga e’tibor bilan qarayotganiga, ularning iqtidorini halollik bilan baholayotganiga guvoh bo‘layapman. Imtihon adolatli bo‘layapti. Nahanov Jahongir».

«Ya, L.Salaxutdinova, naxodilas v zale ojidaniya dlya roditeley. Videosvyaz bûla bezpereboynoy, xoroshego kachestva. Nikakix problem ne voznikalo. Spasibo Vam za predostavlennuyu vozmojnost».

«Mening o‘g‘lim Ma’rupov Sardorbek dramatik teatr va kinoaktyorlik yo‘nalishi bo‘yicha imtihon topshirdi. Monitor orqali o‘g‘limni ko‘rib o‘tiribman. Shikoyatim yo‘q. Hammasi adolatli bo‘layapti. Shodiyeva Muborak».

...Ijodiy imtihonlar davom etayotgan ta’lim muassasasidan chiqib ketayotib, uzun ko‘ylak kiygan turkman qiziga duch keldik. Institut rektori Ibrohim Yo‘ldoshev uni bir daqiqaga to‘xtatib, tanishtirdi:

Bu qizimiz Shahriza Ashirova, Turkmanistonning Lebab viloyatidan kelibdi. Institutga hujjat topshirish tugagan, biz belgilangan tartib-qoidani buzolmaymiz, desak ham, «Shu yerda o‘qigani kelganman», deb turib oldi deng. Uning qarori qat’iyligini ko‘rib, Davlat qabul komissiyasiga murojaat qildik. Ish hukumat darajasida hal bo‘ldi.

O‘zbekistonga viza olishda hujjatlarni kechikib rasmiylashtirgan ekanman, — deydi Shahriza Ashirova. — Shu sabab kechikib qoldim. Kelsam, qardosh Turkmanistondan kelgan abituriyent sifatida juda katta hurmat ko‘rsatishdi, institut rahbariyati hukumat darajasida muammolarimni hal qilganidan juda minnatdorman. Mening qarindoshlarim, akalarimning ko‘pchiligi Toshkentda o‘qishgan, bu yerda yaqinlarimiz yashaydi. Birdan-bir orzuim O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qib, teatr aktyorligi sirlarini egallash edi, maqsadimga erishdim. Ijodiy suhbatdan o‘tib, birinchi talaba bo‘ldim. Hammalaringizga rahmat!

Institutda yangi yo‘nalishda tahsil oladigan talabalarga har tomonlama mukammal bilim berish uchun davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari ishlab chiqilgan. Joriy o‘quv yilidan boshlab talabalarga dars berish sifati ham tubdan o‘zgarishi kutilmoqda. Ana shu maqsadda institutning yetuk professor-o‘qituvchilari Italiyaning Turin universiteti, Polshaning Varshava va Lodz kinosan’ati hamda Moskvadagi to‘rtta institutda tajriba o‘rganishdi va mahorat darslarini hamkorlikda o‘tish bo‘yicha shartnomalar tuzib qaytishdi. Endilikda xorijlik oliy ta’lim muassasalarining taniqli professor-o‘qituvchilari navbati bilan ikki oy mobaynida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalariga innovatsion usullar asosida saboq berishadi. Bu jarayon doimiy yo‘lga qo‘yiladi.



Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.