«Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar xususida
Joriy yilning 4 iyulida «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturini amalga oshirish yuzasidan viloyat hokimining qarori qabul qilindi. Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha viloyat komissiyasi tarkibi tasdiqlanib, tuman (shahar) hokimliklari faoliyatiga ham tatbiq etildi. Ayni vaqtda viloyat bo‘yicha 469 ishchi guruhi tarkibida 4737 nafar a’zo faoliyat yuritmoqda.
Biz viloyat «Yoshlar markazi»da joylashgan «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha monitoring nazorat shtabida bo‘ldik.
Viloyatdagi mavjud 769 mahalla fuqarolar yig‘inlarida jami 494 mingdan ortiq xonadon mavjud. Ularda 2 655 374 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 14-30 yoshlilar soni 841 102 nafarni tashkil etadi.
Hududiy ishchi guruhlar tomonidan uyma-uy yurish jarayonida mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 681 tasi o‘rganildi. Ularda yashovchi 708 450 nafar yoshlarning anketa ma’lumotlari shakllantirildi.
Mahallalardagi xonadonma-xonadon yurib o‘tkazilgan suhbatlar jarayonida jami 41 142 nafar ishsiz, 3054 nafar mehnatga layoqatsiz va 76 922 nafar norasmiy ish bilan band yoshlar ro‘yxati tuzildi.
Shuningdek, suhbat qilingan yoshlarning 22 628 nafari ishlash, 20 870 nafari ta’lim olish, 9 470 nafari harbiy xizmatga borish niyatida ekanini bildirdi. 10 075 nafari tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun kredit olish istagida ekan. 911 nafari tadbirkorlik uchun bino so‘rashdi.
Bundan tashqari, yoshlarning 1 036 nafari yashayotgan joyida ro‘yxatda turmasligi aniqlandi. 2 855 nafari esa uy-joyga muhtoj. 15 363 nafari uzoq muddatga ishlash uchun ketganligi ma’lum bo‘ldi. Suhbatlashilgan yoshlarning 933 nafari tikuv mashinasi so‘ragan. 4629 nafar yigit-qiz bepul kasb-hunar kurslarida o‘qish istagini bildirgan.
Ishchi guruh 696 xonadondan 186 tasiga tomorqadan foydalanish bo‘yicha amaliy yordam berdi.
Dasturga muvofiq o‘rganishlar davomida hududlarda jami 1274 muammo borligi aniqlanib, 629 tasi joyida hal etildi.
390 nafar yosh tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 87 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarga nogironlik aravachalari va protez-ortopediya mahsulotlari tarqatildi. 416 nafar yosh oilaning farzandlari maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirildi. 325 nafar yigit-qiz kasb-hunar o‘rganish kurslariga yuborildi.
Hozirgi kunga qadar mavjud xonadonlardagi yoshlarni qamrab olish 84,2 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich tuman(shahar)lar bo‘yicha qo‘yidagicha:
Dastur asosida yoshlar ijtimoiy ahvolini o‘rganish Norin(99,3), Uychi (92,9), To‘raqo‘rg‘on (90,6), Namangan shahri (90,2), Chortoq (85,7) tumanlarida qizg‘in tus oldirilayotgani holda Kosonsoy, Mingbuloq, Pop, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
«Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmon ijrosi bir qator jamoat tashkilotlari qatori O‘zbekiston XDP viloyat kengashi tomonidan ham alohida e’tiborga olingan. «Istiqbol» yoshlar qanoti qoshidagi «Yosh siyosatchilar» klubi a’zolari mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlikda targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
— Mazkur farmon ijrosi yuzasidan viloyat hokimining qarori bevosita partiyamiz elektorati manfaatlarini qamrab olishi bilan yanada ahamiyatli, — deydi O‘zXDP Namangan viloyat kengashining yoshlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish sektori mudiri Jamoliddin Mo‘minov. — «Har bir inson uchun munosib bayram» aksiyasi doirasidagi tadbirlarimiz ham mazkur dastur maqsad-mohiyatini atroflicha tushuntirish imkonini bermoqda.
«Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi yoshlarni buyuk bunyodkorliklarga safarbar etadi. Yoshlik yaratuvchanlik kuchi. Kuchlar birlashib quvvat bo‘ladi, quvvatlar qudratga aylanadi.
Nosirjon DEHQONOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.