Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 31 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 1 2
26.07.2018

AKSIYADAN MAHRUM ETILGAN AKSIYADORLAR

Yoki to‘qqiz yarim yildan so‘ng da’vogarlar da’vosi nega qoniqtirildi?

Aksiyador, ya’ni eskichasiga aytsak, paychi bo‘lishdek mulkiy huquq aynan mustaqillik tufayli qayta yuzaga keldi. Aksiyadorlik jamiyatlari, aksiyadorlar, ularning huquqlari, mulklari haqida o‘tgan yillarda qator me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi, qabul qilindi.

Afsuski, aksiyadorlarning dividend olishi u yoqda tursin, o‘zining mulki bo‘lgan aksiyasini saqlab qolish, himoya qilish uchun sudma-sud sarson bo‘lib yurgan hollar ham yo‘q emas.

... 2004 yil 24 mart kuni «Xonqa don mahsulotlari» OAJ aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib, kun tartibida 9 masala ko‘riladi. Hisobotdan ma’lum bo‘ladiki, 2003 yilni aksiyadorlik jamiyati 189 million 640 ming so‘m sof foyda bilan yakunlagan va nominal qiymati yuz so‘mlik bo‘lgan har bir aksiyaga 57 so‘mdan dividend to‘langan. Bir yil davomida jamiyatda yangidan ish o‘rinlari ochilgan, bo‘rdoqichilikka ixtisoslashgan yangi ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilgan. Ammo korxona ishlab chiqarish jihozlari eskirganligi, sexlar to‘la quvvat bilan ishlamayotgani, eski jihozlarni zamonaviylariga almashtirish orqali son va sifat o‘zgarishiga erishish uchun qo‘shimcha mablag‘ zarurligi inobatga olinib, yig‘ilish qarori bilan yangidan 2 933 418 dona, har birining qiymati yuz so‘mdan bo‘lgan qo‘shimcha aksiyalar chiqarishga kelishilgan. Aksiyadorlarning ushbu yig‘ilishi 16 banddan iborat qaror chiqargan. Yig‘ilishda jamiyatning yirik aksiyadori bo‘lmish davlat organi — «O‘zdonmahsulot» DAKning iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i Bo‘riboy Qazibekov ishtirok etgan va so‘zga chiqib, bu reja va qarorlarni ma’qullagan.

Chiqarilgan aksiyalarning 73 335 500 so‘mlik aksiyalari jamiyat ustav fondidagi davlat ulushi sifatida joylashtirilgan. Qolgan aksiyalarni esa erkin savdoda sotish nazarda tutilgan va aynan shu aksiyalarni olish istagida bo‘lgan 23 nafar fuqaro bilan oldi-sotdi shartnomalari tuzilgan. Ulardan 9 nafari oldindan jamiyatning aksiyadori bo‘lib, 174153 dona aksiyaga ega edi.

... Oradan ko‘p emas, oz emas, rosa to‘qqiz yil-u olti oy o‘tadi. Bu vaqtda aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari almashadi, aksiyadorlarning ko‘pchiligi o‘z aksiyalarini boshqalarga sotadilar yoki hadya qiladilar. O‘tgan salkam 10 yil muddatda bu 23 nafar fuqaro o‘z ilkidagi aksiyalarga qancha miqdorda dividend olishdi, umuman olishdimi? Bu endi boshqa masala. Negaki, ular keyinchalik yuqorida eslatganimizdek, aksiyadorlik jamiyatida ishlamaganliklari uchun chetda qolib ketishadi. Jamiyatning keyingi rahbarlari ularning aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlari umumiy yig‘ilishlariga taklif qilish u yoqda tursin, jamiyatga yaqinlashtirmaydilar ham.

... 2014 yil 11 yanvarda «O‘zdonmahsulot» AK sobiq boshqaruv raisi Erkin Qudratovning buyrug‘i bilan Ravshanbek Abdullayev «Xonqa don mahsulotlari» AJ boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanadi. Ishonasizmi, «vaqtincha tayinlangan rahbar» jamiyatning 2004 yil 24 martdagi umumiy yig‘ilishi qarorini noqonuniy deb topishni so‘rab, xo‘jalik sudiga da’vo arizasi kiritadi.

Xorazm viloyati xo‘jalik sudining 2014 yil fevraldagi hal qiluv qarori bilan da’vo talablari to‘la qanoatlantiriladi. Kassatsiya instansiyasi sudining 2014 yil 28 maydagi qarori bilan hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi rayosatining 2014 yil 31 iyul ¹02/17 qarori bilan sud qarorlari bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuboriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudining 2014 yil 10 oktabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vo arizasi talablari rad etiladi.

Qachondir aksiya sotib olgan fuqarolar sudma-sud yurganlarida ularning aksiyalari allaqachon sotib yuborilgan ekan.

«Aksiya emas, bosh og‘rig‘i sotib olgan ekanmiz, — deydi sobiq aksiya egasi Dilorom Ro‘zmetova. — Qani, o‘z vaqtida shuncha miqdor aksiyamga besh-o‘n so‘m dividend olgan bo‘lsam. Axir bundan o‘n to‘rt yil muqaddam sotib olganim — ilkimdagi aksiyalar qiymati o‘sha vaqtdagi qiymatlarda 40 million so‘m atrofida edi. Qaytangga, sudma-sud yurib, yana advokatlar uchun qancha mablag‘ sarfladim...»

... Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudi 2016 yil 24 fevralda hal qiluv qarori chiqarib, unda Ravshanbek Abdullayev 2014 yil 11 yanvardan 2015 yil 24 avgustgacha bo‘lgan davrda «Xonqa don mahsulotlari» AJ boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimini noqonuniy egallab kelganini qayd etadi. Chunki aksiyadorlik jamiyati nizomiga ko‘ra raisni, hatto bu vazifani vaqtincha bajaruvchi shaxsni ham faqat aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi yoki jamiyat kuzatuv kengashi tayinlashi mumkin. Vaholanki, kompaniya raisining bir imzosi bilan rahbar bo‘lib olgan R.Abdullayev oradan salkam 10(o‘n) yil o‘tgach, sobiq aksiyadorlardan aksiyalarni tortib olish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgan.

O‘zi lavozimni noqonuniy egallagan rahbardan sud da’vo arizasini olish va uni hech ikkilanmay qanoatlantirishi mumkinmi? Mumkin ekan-da!

2014 yil 22 iyuldagi ¹ 13/101-14 sonli nazorat tartibida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining rayosatiga protest kiritadi va bir qator asoslar bilan xo‘jalik sudlarining barcha bosqichlari qarorlarini bekor qilib, ishni yangitdan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni so‘raydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining kassatsiya instansiyasi 2015 yil 4 martdagi qarori bilan «Xonqa don mahsulotlari» AJ ning 2004 yil 24 martdagi umumiy yig‘ilishi qarori to‘la bekor qilinib, 23 nafar fuqaroga, ya’ni aksiya olib, tufli-yu etiklari sudlarga qatnab to‘zigan odamlardan barcha aksiyalarni «Xonqa don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati egaligiga qaytarish belgilanadi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 24 sentabrdagi «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunining 24-moddasiga ko‘ra, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsiz deb belgilab qo‘yilgan.

Yana Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi, deyilgan.

Ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin xususiylashtirilgan mol-mulk bo‘yicha xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, sud tomonidan tashabbus bilan chiqishga yo‘l qo‘yilmasligi ham qat’iy belgilangan. So‘nggi sud jarayonlarida bosh da’vogar bo‘lgan «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi «Xonqa don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati ustav fondining 51 foizini egasi bo‘lgan aksiyador, davlat boshqaruv idorasi hisoblanadi.

Demak, yuqoridagi moddiy huquq normalari talabiga ko‘ra, davlat organi bo‘lgan «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi nizolashilayotgan aksiyalar bo‘yicha xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan sudga murojaat qilish huquqiga ega emas.

Shunday deymiz, qonunni ro‘kach qilamiz-u, amalda davlat organi hisoblanmish aksiyadorlik kompaniyasi bosh da’vogar bo‘lib, sudda yengib chiqqanini ko‘rib taajjubimiz oshib, yoqamizni ushlaymiz.

O‘zbekiston Respublikasining «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi Qonunida emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishini, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun da’vo muddati emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishini joylashtirish muddati tugagan paytdan e’tiboran bir yilni tashkil etishi belgilangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 149-154-moddalarida da’vo muddatiga oid qoida kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra da’vo muddati — bu shaxs o‘zining buzilgan huquqini da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘lgan muddat bo‘lib, umumiy da’vo muddati uch yildir.

Davlat mulk qo‘mitasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi 2012 yil noyabr oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudida oldi-sotdi shartnomalarini haqiqiy emas, deb topish yuzasidan da’vo qo‘zg‘atdi. Bu ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudining 2013 yil 9 iyuldagi ajrimiga asosan ish yuritishdan tugatilgan.

Sobiq aksiyadorlarga aylangan kishilarning sabr-bardoshiga qoyil qolasiz. Necha yilki Urganch, Nukus, Navoiy va Toshkent orasida o‘z mulkini himoya qilib sarson-sargardon yurishdi.

Yana bir qiziq holat aksiyadorlik kompaniyasi manfaatlarini himoya qilgan sud instansiyasining o‘sha 23 aksiyadorning aksari «Xonqa don mahsulotlari» AJning o‘sha vaqtdagi rahbariga qarindosh emish.

Birinchidan, qarindoshlik darajasi o‘rganilganmi, ikkinchidan, o‘sha vaqtda amaliyotda bo‘lgan qonunlarimiz, me’yoriy hujjatlarda aksiyadorlik jamiyatlarining Qimmatli qog‘ozlari — aksiyalarini fuqarolarning falon qatlami sotib olsin, qarindosh-urug‘lariga sotilmasin, degan ko‘rsatma yoki belgilangan tartib bormi? Qolaversa, aksiyalar erkin savdoga chiqarilganda uni istagan fuqaro sotib olishi mumkin, bunda qarindoshlik asosida sotib olmaslik, sotmaslik inson huquqlarini buzish sanaladi.

Sud o‘z qarorini asoslash uchun o‘sha aksiyalar uchun to‘lovlarning bir qismi shartnoma tarafdorlari tomonidan emas, balki «Saxovat-non-Temurbek» xususiy korxonasi tomonidan pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilganini ta’kidlaydi. Bu holat Adliya vazirligi tomonidan 2002 yil 15 aprelda ro‘yxatga olingan «O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida»gi Nizomning «mablag‘lar oluvchilarning roziligi mavjud bo‘lganidan qat’i nazar, mablag‘lar oluvchilarning talab qilib olinadigan depozit schyotini chetlab o‘tgan holda mijozning topshirig‘i bo‘yicha uchinchi shaxslar tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi» to‘g‘risidagi 4-bandi qoidalariga xilof ekanligi ko‘rsatiladi. Vaholanki, «Saxovat-non-Temurbek» xususiy korxonasi tomonidan pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilgan to‘lovlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ oluvchi «Xonqa don mahsulotlari» AJning talab qilib olinadigan depozit schyotiga o‘tkazilgan. Yana aynan Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan, «O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida»gi Nizomning 102-bandida agarda shunday holatlar ro‘y berganda bank javobgar ekanligi belgilangan.

«Saxovat-non-Temurbek» xususiy korxonasi egasi kim edi, bu to‘lovlarni nima maqsadda amalga oshirdi, kabi savollar e’tibordan chetda qolgan. Balki, bu xususiy korxona aksiya sotib olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga tegishli bo‘lgandir? Bunday holatda o‘zining xususiy korxonasi mablag‘i aksiyadorlik jamiyati taraqqiyoti uchun o‘tkazilgani — aksiyalarni sotib olgani nahotki qonun buzilish sanalsa. Axir shu mablag‘lardan aksiyadorlik jamiyati ish faoliyati uchun foydalandi-ku! O‘tgan 10(o‘n) yil muddatda bu pullar aksiyadorlik jamiyati g‘aznasida «bolalab», unga qanchalik foyda keltirdi?

Yuqori sud instansiyasi 2004 yil 24 mart kungi «Xonqa don mahsulotlari» AJ aksiyadorlari yig‘ilishi qarorlarini bekor qilib, emissiya risolasini haqiqiy emas deb topish orqali davlat manfaatlariga kattagina ziyon yetkazganini keltirish o‘rinli. Ya’ni, shu aksiya risolasidagi aksiyalarning 73 million 335 ming 500 so‘mligi davlat ulushi sifatida o‘tkazilgandi. Demak, o‘tgan o‘n yil davomidagi davlat ulushi bo‘lgan aksiyalar uchun olingan ulushlar ham o‘z-o‘zidan noqonuniy bo‘lib chiqadi, aksiyadorlik kompaniyasi bularni qaytarishi kerak bo‘ladi. Bunday bo‘lganida esa o‘z-o‘zidan jamiyat ustav fondidagi davlat ulushi keskin kamayib ketishi lozim. Bu esa endi davlat ulushi egasi — aksiyadorlik kompaniyasi jamiyatdagi aksiyalarning 51 foizlik ulushi egasi bo‘la olmasligini anglatadi.

Shuni ham aytish kerakki, «Xonqa don mahsulotlari» AJ 1995-2005 yillarda 6 marta qo‘shimcha aksiyalar chiqargan. Mazkur 6 emissiya risolalarining birortasida ham oldingi aksiyadorlarning imtiyozli huquqdan foydalanish tartibi belgilanmagan, birorta aksiyador imtiyozli asosda aksiya sotib olmagan .

Sud ayni shunday, ya’ni «imtiyozli sotib olish» degan vajni faqat nizoli aksiya chiqarilishigagina qo‘llagani ajablanarli.

Sudning «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi manfaatlarini qanday bo‘lmasin, himoya qilishga, ularning tarozisi pallasini bosishga urinishi protsessual holat qo‘pol ravishda buzilganini ko‘rsatmaydimi? Oliy xo‘jalik sudi ish yuritishga qabul qilish ajrimi nusxasi javobgar aksiyadorlar hisoblanmish D.Ro‘zmetova, Z.Ro‘zmetova, Sh.Abdullayev, S.Abdullayev, D.Abdullayeva... qisqasi 23 nafar fuqaroning birortasiga yuborilmagan va ish Oliy xo‘jalik sudida ushbu manfaatdor shaxslarning ishtirokisiz ko‘rib chiqilgan.

«Shu ishni sudning eng yuqori instansiyasida ko‘rib chiqishda amalda bo‘lgan qonunlarimiz me’yoriy hujjatlarning 10(o‘n)dan ortiq normalari buzildi, — deydi endi aybdorga aylangan Dilorom Ro‘zmetova. — Bularni ilk bosqichlarda O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi o‘z protesti bilan ko‘rsatib bergandi. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Hech nima o‘zgarmadi, faqat asossiz qarorlar chiqarildi».

...Boshida aksiyadorlar arzini mas’uliyat bilan eshitib, xolis xulosa chiqarilganida bu qonunsizliklarga yo‘l qo‘yilmasdi. Ehtimol, bu masala tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan qayta ko‘rib chiqilar. Yoki, «bizning qarorga kim qarshi chiqayapti, nima haqqi bor?» kabi yondashuv ustun keladimi? Hech kim hech kimga yon bosishi mumkin emas. Har qanday masala, bizga yoqadimi, yo‘qmi, qonun doirasida hal bo‘lishi kerak. Yuqoridagi masalaga qonun talabidan kelib chiqib, fikrlaydigan bo‘lsak ko‘rinib turibdi, qator savollar kelib chiqyapti.

 

Ro‘zimboy HASAN,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.