26.07.2018

QORAQALPOG‘ISTON QISHLOQ XO‘JALIGIDA QANDAY MUAMMOLAR BOR?..

Avvalo, tuproq bontirovkasini amalga oshirish zarur. Chunki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda tuproqning ball bonitetidan kelib chiqib hosildorlik belgilanadi. Biroq Qoraqalpog‘istonning ko‘pchilik tumanlarida tuproqning hosildorligi yaqin o‘n yil davomida tekshirilmagan.

Murakkab ob-havo sharoitida kutilgan hosilga ega bo‘lish uchun ekinlarni to‘g‘ri parvarishlash, sug‘orish va ularga ishlov berish bo‘yicha qator chora-tadbirlar olib borilmoqda. Ularga nafaqat soha xodimlari va mutaxassislar, balki jamoatchilik hamda deputatlik birlashmalari vakillari ham jalb etilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Salauatdin Xudaybergenov Qoraqalpog‘iston Respublikasida deputatlik nazorati guruhida ishlamoqda. Deputat bilan hududdagi holat haqida gaplashganimizda o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. O‘rganilayotgan muammolar va ularning hal qilish masalalari bo‘yicha takliflarini bildirdi.

 

— Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi hosildorligi va ishlab chiqarish samaradorligini ko‘tarishga to‘sqinlik qilayotgan sabablardan biri tuproq unumdorligining pastligi, — deydi deputat. — Sug‘orib ekishga mo‘ljallangan jami 295 ming gektar maydonning 255 ming gektari har xil darajada sho‘rlangan. Jumladan, 14 ming gektar maydon kuchli sho‘rlangan, 68 ming gektar o‘rta sho‘rlangan, 66 ming gektar yer kam sho‘rlangan.

Shu sabablarga ko‘ra, tuproqning sho‘rlari yuvilishi shart va bu tadbirlarni sho‘rlanish darajasiga nisbatan me’yorlab amalga oshirish uchun 10 dan ortiq ish turlari qo‘shimcha bajariladi. Bu ishlar bajarilmasa, bahorda tuproqda ikkilamchi sho‘rlanish yuz berib, nihol o‘stirish va hosil olishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qoraqalpog‘istonda qish ko‘pincha qorsiz kuchli sovuq, yoz esa kuchli quruq issiq bo‘ladi. Yuqoridagilarni inobatga olib, ayrim takliflarni ilgari surmoqchiman.

Avvalo, tuproq bontirovkasini amalga oshirish zarur. Chunki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda tuproqning ball bonitetidan kelib chiqib hosildorlik belgilanadi. Biroq Qoraqalpog‘istonning ko‘pchilik tumanlarida tuproqning hosildorligi yaqin o‘n yil davomida tekshirilmagan.

Hududda tuproq va iqlim sharoitlariga mos navlar yaratish, shuningdek, mahalliy navlarni yaratish, urug‘chilikni tashkil etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni, ilmiy izlanishlarni amalga oshirish maqsadida Chimboy tumanidagi Qoraqalpoq dehqonchilik ilmiy tadqiqot institutining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi texnikalari, zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan ta’minlash lozim.

Shu bilan birga, yaxshi hosildorlikka erishish hamda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish uchun yerning meliorativ holatini yaxshilash talab etiladi. Lazerli yer tekislagichlar yordamida ishlov berilgan maydonlarda to‘liq va tekis ko‘chat yetishtirish, suvni iqtisod qilish, tuproq eroziyasining oldini olish, agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish imkoni ortadi. Kollektor va drenajlarni ta’mirlash va tozalash natijasida yer osti sizot suvlarining pasayishi, kuchli sho‘rlangan yerlar ikkilamchi sho‘rlanishining oldini olishga erishiladi.

Budan tashqari, tuproq unumdorligini oshirish maqsadida hududimizda mavjud bo‘lgan kam mablag‘ talab qiladigan, tabiiy glaukonit, bentonit tuproqlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish uchun Qoraqalpog‘iston Fanlar akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, buning uchun esa mablag‘ ajratilishi kerak, deb o‘ylayman. Tuproq, iqlim sharoitidan kelib chiqib, paxta, beda, makkajo‘xori ekinlarini 1:3:6 usulida almashlab ekishni yo‘lga qo‘yish lozim. Yer unumdorligi va gumus miqdorini oshirib, ekin maydoni ball bonitetini ko‘tarish maqsadida organik siderat ekinlarni ekish yaxshi samara beradi.

Prezidentimizning 2016 yil 24 oktabrdagi o‘simliklarni himoya qilish va qishloq xo‘jaligiga agrokimyoviy xizmatlarni ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash vazifasi «O‘zagrokimyohimoya» AJ tizimidagi hududiy «Agrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyatlari zimmasiga yuklatilgan. Bunda qishloq xo‘jaligiga yetkazib beriladigan mineral o‘g‘itlarni laboratoriya tahlillaridan o‘tkazib, ularning sifatiga oid xulosalar asosida yetkazib berish muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi ekinlariga yetkazib berilayotgan barcha turdagi mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish zarur. Sarf-xarajatlarni kamaytirish maqsadida hududiy «Agrokimyostansiya»lari tuproqdan namunalar olish va tahlillar asosida o‘g‘it ajratishni yo‘lga qo‘yishi talab etiladi.

Amudaryo tumanida keyingi yillarda Amudaryo daryosidagi suv o‘zani o‘ng qirg‘oqqa o‘tib ketishi sababli, hududning 13000 gektar maydoni va Mang‘it shahri aholisini suv bilan ta’minlovchi Shixjamol hamda NAE-156, NAE-117, Yerlanatau nasos stansiyalari ta’minotida jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda. Suv ta’minotini yaxshilash uchun Amudaryoga suv chiqarish qobiliyati 10,0 m3/sek bo‘lgan nasos stansiyasi qurish va suv o‘tkazish qobiliyati 6,0 m3/sek bo‘lgan 8,1 km uzunlikda yangi kanal qazish zarur.

Nasos stansiyasi qurish va yangidan kanal qazish ishlari amalga oshirilsa, Tuyamo‘yin suv omboridan 150-200 m3/sek suv tashlanganda, Amudaryodan obi-hayot olish imkoniyati tug‘iladi. Shixjamol kanaliga qo‘shimcha suv beriladi hamda boshqa nasos stansiyalarini ishlatishga ehtiyoj qolmaydi. Ekspluatatsiya xarajatlari kamayishiga erishiladi.

Chimboy tumani hududida joylashgan «May jap» kanali tumandagi 4 ta xo‘jalikni, jumladan, «Qizil-ozek», «May jap», «P.Seytov» va «Kamis-ariq» massivlaridagi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlaydi. Kanal uzunligi 30 km bo‘lib, suv o‘tkazish miqdori 50 m3/sek ni tashkil qiladi. Ushbu kanalning suv bilan ta’minlaydigan jami maydoni 20522 gektar bo‘lib, shundan paxta 1489 gektar, bug‘doy 3800 gektarni, tomorqa yer maydonlari 1120 gektar va boshqa turdagi ekinlar 14113 gektarni tashkil qiladi.

2013 yil Davlat dasturi asosida 1-bosqichda kanalning 10 kilometr uzunlikdagi oralig‘i rekonstruksiya qilingan. Qolgan qismi, ya’ni 20 km oralig‘idagi ishlar esa yildan-yilga qoldirilishi oqibatida 10 kilometr joy ham ko‘milib, eski ahvolga qaytmoqda. Kanal oxirida joylashgan ekin maydonlari, aholining tomorqa yerlarini suv bilan ta’minlash muammoga aylangan.

Shuningdek, Chimboy tumani «Kamis-ariq» OFY hududidagi «Jana-jap» va «Kamis-ariq» kanallarining boshiga 2 dona nasos stansiyasi qurilishi, qishloq xo‘jaligida yaxshi samara beradi. Hosildorlik hajmi ortib, aholi farovonligiga hissa qo‘shiladi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA yozib oldi.



DB query error.
Please try later.