Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
26.07.2018

O‘ZBEKISTONDAGI TARIXIY O‘ZGARISHLARGA GUVOH BO‘LDIM

2018 yil 15-17 may kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifini dunyo yetakchi OAV qatorida «Amerika ovozi» teleradiosi jurnalistlari, xususan, Navbahor Imomova ham faol yoritganidan xabarimiz bor. O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist Navbahor Imomova yaqinda yurtimizda bir necha kun bo‘lib, o‘zgarish va yangilanishlar bilan tanishdi. U AQShga qaytish oldidan tahririyatimiz mehmoni bo‘ldi.

 

Navbahor IMOMOVA, «Amerika ovozi» teleradiosi muxbiri.

— O‘zbekistonga kelishdan oldin qayerlarda bo‘lish, kimlar bilan uchrashish, qaysidir masalani o‘rganish bo‘yicha rejalaringiz bo‘lgan, albatta. Qariyb bir oy O‘zbekistonda bo‘ldingiz. Rejalar amalga oshdimi? Taassurotlar qanday?

— Ko‘p odamlar bilan uchrashdim, qator tadbirlarda qatnashdim. Meni hayratga solgan narsa, albatta, O‘zbekistondagi bugungi o‘zgarishlar bo‘ldi. Avval bu islohotlar haqida eshitganman, ammo endi o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, guvohi bo‘ldim. O‘zgarishlar nimada? Bu odamlarning ruhiyati balandligida, bugungi islohotlarga ishonchi balandligida. Odamlarda hayotga bo‘lgan ishtiyoq yuqoriligida. O‘zbekiston rahbari 2018 yil 15-17 may kunlari AQShga tashrifi chog‘ida bildirgan fikrlari, bayon etgan rejalari va takliflari katta qiziqish uyg‘otdi. Men o‘zim o‘tgan yili yozda kelib ketganimdan beri O‘zbekistonga jurnalist sifatida qaytishni maqsad qilgan edim. Mamlakatdagi o‘zgarishlarni yoritish kerak. Shu maqsadda "Amerika Ovozi" akkreditatsiya uchun murojaat qildi va mana oldik.

Hozirgacha men kuzatgan muhim o‘zgarishlardan biri shundaki, aholi davlat idoralari faoliyatidan ancha xabardor, oldingidan farqli o‘laroq ancha tanqidiy-tahliliy qarashga ega.

— Bilasiz, avval odamlar rahbarlar qabuliga kirish uchun ularning eshigi ostonasida kunlab, haftalab kutib, ovora bo‘lishardi. Hozir rahbarlar odamlarning uylariga borib, muammolarini o‘rganmoqda va ko‘plab masalalar joyida hal etilmoqda. Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan g‘oyaga AQShda yoki Yevropada qanday qaraladi?

— Davlat xalqniki, xalq tomonidan boshqariladi va xalq uchun xizmat qiladi, degan shior aslida demokratiyaning shioridir. AQShda ham xalq saylaydi, xalq talab qiladi va xalqqa xizmat qilishim kerak, degan g‘oya hukmron. Quvonarli tomoni shundaki, bugun O‘zbekistonda odamlar o‘zgarishlarni hukumat qiladi deb emas, o‘zgarishlar bo‘lishi uchun men nima qilishim kerak, deb fikr yuritmoqda.

— Yaqinda gazetamizda e’lon qilingan maqolangizda O‘zbekiston bilan AQSh munosabatlari rivojlanishi erkinlik, oshkoralik va adolat ta’minoti mustahkamlanishini talab etadi, degansiz. Siz O‘zbekistonda bo‘lib, bugungi demokratik jarayonlar haqida qanday fikrga keldingiz?

— O‘zbekistondagi bugungi jarayonlarda siyosat, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, inson huquqlari himoyasi, konstitutsion huquqlarning ta’minlanishi mavzularida odamlar bilan bemalol suhbatlashish mumkin. Ilgari O‘zbekiston OAV vakillari bilan ham bemalol gaplasha olmasdik, ular o‘zlarini bizdan olib qochishga harakat qilishardi. Hozir esa keling, ko‘ring va o‘rganing, qilayotgan ishlarimiz va rejalarimiz haqida bemalol ma’lumot beramiz va siz bilan suhbatlashamiz deyishmoqda.

— O‘zbekistonga kelganingizdan buyon ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan ham tanishdingiz, ko‘plab hamkasblarimiz bilan suhbatlashdingiz. Qanday o‘zgarishlarni kuzatdingiz, sezdingiz?

— Birinchi navbatda axborot maydoni kengaygan va o‘ziga xos axborot bozori shakllanishi boshlangan. Bu bozorda eng qiziq va xaridorgir mahsulot o‘zbek tilidagi maqolalardir. Chunki uzoq muddat davomida o‘zbek tilidagi nashrlardan real hayotni aks ettiradigan maqola topilishi juda qiyin edi. O‘zbekiston haqidagi jarayonlarni asosan rus yoki ingliz tilidagi axborot vositalaridan topa olardik. Ilgari siyosat mavzusidagi ma’lumotlarni internet orqali qidirganda, asosan Prezident farmonlari, qarorlari va ularning sharhlarini topardik. Hozir esa siyosiy jabhada bo‘ladimi yoki boshqami, o‘zbek tilidagi maqolalarda jamoatchilik fikrini ko‘rish mumkin. Turli masalalar muhokama qilinayotgani va ularga fuqarolar o‘z munosabatini bemalol bildirayotganini ko‘rish mumkin. Jurnalistlar ham ochiq muloqotga kirishgan, ma’lumot beruvchi manbalar esa avvalgiga nisbatan ancha ko‘paygan.

— Hamkasb sifatida yana bir masalada fikringizni bilmoqchi edik. O‘zbekistondagi demokratik jarayonlarning hozirgi bosqichida, islohotlarning bugungi shiddatli davrida jurnalistdan nimalar talab etiladi, deb o‘ylaysiz?

— Jurnalist avvalo voqeaning ahamiyatini tushuna olishi kerak. Buning uchun esa, albatta, har tomonlama bilimli bo‘lishi muhim, deb o‘ylayman. O‘zgarish — bu dinamika va shu dinamikadagi turli nuqtalarni aniqlay olish kerak. Har bir o‘zgarish ortida kim va qanday maqsad turibdi, o‘sha muhitni kim boshqaryapti, degan savollarga javob ola bilish kerak. Ya’ni, biz bir narsaning hamma narsasini, hamma narsaning bir narsasini bilishimiz kerak.

Hozirgi davr jurnalistikasida texnologiya juda ham muhim deb hisoblayman. Jurnalistlar texnik ko‘nikmaga ega bo‘lishi va internet tarmoqlaridagi voqea-hodisalarni hamda jarayonlarni bilib borishi va o‘zi ham ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etishi kerak. Sababi, bo‘layotgan jarayonlarni raqamli texnologiya orqali tarqatish imkoniyati kengroq.

Biroq nazarimda, jurnalistlar bunga unchalik shoshilishmayapti. Ular hozir ijtimoiy tarmoqda uncha faol emas. Maqolalar keng ommaga yetib borishi uchun global tarmoqda chiqishim kerak, degan intilish past.

Ikkinchidan, jurnalistlar orasida hamjihatlik bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bu degani biror-bir jurnalistning tanqidiy yoki muhim ahamiyatga ega bo‘lgan maqolasi chiqsa, uni keng ommaga tarqalishiga yordamlashish zarur. Hozirda jurnalistlarimiz orasida bir-birini qo‘llab-quvvatlash yetishmayotganga o‘xshaydi.

E’tiborimni tortgan yana bir masala — bu matbuot va ommaviy axborot vositalarida tanqid ko‘payganligi. Tanqid aslida kimnidir qoralash maqsadida bo‘lmasligi kerak. Tanqid xolis, asosli va madaniyatli bo‘lishi kerak. Tanqidda asosiy e’tiborni mavzuga qarata olish muhimdir.

— Xullas, O‘zbekistonda ko‘rgan-bilganlaringiz haqida bir so‘z bilan nima deya olasiz?

— Bir so‘z bilan aytish qiyin. O‘ylash, tahlil qilib, ma’lum bir xulosalarga kelish mumkin. Bu haqda «Amerika ovozi»da batafsil yoritishga harakat qilaman.

Safar OSTONOV

suhbatlashdi

 

 



DB query error.
Please try later.