Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
24.07.2018

EHTIYOJMAND KISHILAR ENDI GAROVSIZ KREDIT OLISHI ROSTMI?

Durbek XUDOYQULOV, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:

— Inson munosib hayot kechirishi, orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarishi uchun mehnat qilishi hamda mehnatiga yarasha haq olishi zarur. Ishsizlik insonni tushkunlikka tushiradi, u o‘zini jamiyatga keraksizdek his qila boshlaydi.

Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, ularning real daromadlarini oshirish, ishsizlik darajasini pasaytirish maqsadida o‘tgan bir yil davomida 10 dan ortiq normativ-huquqiy xujjat qabul qilindi. Lekin shunga qaramasdan, hududlarda doimiy ish o‘rinlarini tashkil etish, yoshlar, xotin-qizlar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari bandligini, ayniqsa, qishloq joylarda ta’minlash masalalari hal etilmay qolmoqda.

Davlatimiz rahbarining 16-iyuldagi «Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori aholining ishchanlik faolligi va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishga, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati, sifati va tezkorligini oshirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun asos bo‘ladi.

Qaror bilan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirishga doir «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi uchun joriy yilda 150 milliard so‘m ajratilishi, kelgusi yildan boshlab esa 300 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalari tashkil etiladi. Ushbu jamg‘armalar hisobidan, ayniqsa, qishloq joylarda doimiy ish o‘rinlari tashkil etuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun respublikaning tijorat banklarida kredit liniyalari ochilishi nazarda tutilgan.

Qarorning yana bir ahamiyatli tomoni, qishloq tumanlarida, aholi soni 5 ming kishidan ko‘p bo‘lgan aholi punktlari mustasno, sartaroshxona xizmatlarini, yakka tartibdagi buyurtmalar bo‘yicha kiyim tikish xizmatlarini, poyabzal ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni tashkil etgan, shuningdek, jamoat hammomlarini tashkil etgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2023 yil 1 iyulgacha barcha turdagi soliqlar to‘lashdan ozod etilmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi yakka tartibdagi tadbirkorlar har bir yollangan xodimga to‘lanadigan qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan ozod etiladigan bo‘ldi. Shu bilan birga, yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari 3 nafargacha doimiy ishchilarni yollashga, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga, shuningdek, mehnatga layoqatli yoshga to‘lgan boshqa yaqin qarindoshlarini, shu jumladan, bolalari va nevaralarining er-xotinlarini, aka-ukalari va opa-singillarini, ularning er-xotinlarini yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik sub’ekti ishtirokchilari sifatida jalb qilishga haqli ekanligi belgilab berildi.

Bu vazifalarning amalga oshirilishi birinchi navbatda partiyamiz elektorati uchun nihoyatda muhimdir. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar manfaati himoya qilinishi mamlakatdagi ijtimoiy vaziyat barqarorlashishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Baxtiyor ABDULLAYEV, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:

— Joriy yilning o‘tgan davrida partiyamizning Jamoatchilik qabulxonalari hamda sayyor qabullarda 7 mingga yaqin murojaat bo‘ldi. Ularning 2 mingdan ortig‘i ish bilan ta’minlash masalasida bo‘lib, aksariyati kredit olishda yordam so‘ralgan murojaatlardir. Ya’ni, ko‘pchilikni kredit olish uchun garov qo‘yish masalasi o‘ylantirib kelardi. Prezident qarorida shu masalaga alohida e’tibor qaratilgani quvonarli.

Unga muvofiq, kichik loyihalarni amalga oshirish uchun aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatga olingan ishsiz shaxslarga, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga, xotin-qizlarga, kam ta’minlangan oilalarning a’zolariga va aholiniing boshqa ehtiyojmand qatlamlariga garov ta’minotisiz eng kam ish haqining 100 baravarigacha mikrokreditlar ajratish nazarda tutilgan. Shuningdek, issiqxonalar tashkil etish, urug‘chilik, ko‘chatlar, chorva mollari, parrandalar, qishloq xo‘jaligi uskunalari, sug‘orish moslamalari xarid qilish hamda boshqa xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun eng kam ish haqining 500 baravarigacha bo‘lgan 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan berilishi belgilangan.

Ilgari kreditning garovi masalasidagi murojaatlar va savollarga javob topolmay, elektorat vakillariga yordam berishning imkoni yo‘qligidan qiynalardik. Endi vaziyat o‘zgardi. Bundan keyin o‘z ishini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarga amaliy yordam, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish haqida o‘ylashimiz kerak.

Qarorda belgilangan qulaylik va imtiyozlar amalda aholiga xizmat qilishi uchun faollik ko‘rsatishimiz talab etiladi. Odamlarni o‘z ishini boshlashga to‘g‘ri yo‘naltira bilish, ularni yangi g‘oya va loyihalarga rag‘batlantirish, shu bilan bog‘liq dasturlar rejasini ishlab chiqishimiz zarur. Joylarda ko‘rsatilayotgan bank xizmatlarining shaffofligi ustidan jamoatchilik hamda deputatlik nazorati o‘rnatilishi ham dolzarb vazifadir.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA yozib oldi.



DB query error.
Please try later.