Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
17.07.2018

SUVNI ISROF QILGANLAR MA’MURIY JAVOBGARLIKKA TORTILADI

Joriy yil 29 mayda Prezidentimiz raisligida eksport-import, mahalliy byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash, qishloq xo‘jaligida g‘o‘za parvarishi, g‘alla o‘rimi, takroriy ekinlar va suvdan oqilona foydalanish kabi muhim tadbirlarni samarali o‘tkazish bilan bog‘liq bugungi kunda g‘oyat dolzarb bo‘lib turgan masalalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Yig‘ilishda berilgan topshiriq va belgilangan vazifalar yuzasidan iyun oyi boshida xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlari sessiyalari o‘tkazilib, shtablar tuzildi.

 

Masalaning nihoyatda dolzarb ekanidan kelib chiqib, respublikamizning barcha viloyat, tuman va shaharlarida tashviqot-targ‘ibot, jamoatchilik hamda deputatlik nazorati guruhlari ish boshladi. Mazkur vazifaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham jalb etilgan.

Shu kunlarda qishloq xo‘jaligida muhim palla hukm surmoqda. Mutasaddilar, dehqon-fermerlardan har doimgidan ham hushyor va mas’uliyatli bo‘lish talab etiladi. Muxbirimiz ayni paytda Surxondaryo viloyatida deputatlik nazorati guruhida ish olib borayotgan parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Tursunpo‘lat Norboyev bilan bog‘landi. U hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi.

Deputatning aytishicha, tashkil etilgan guruhlarning sa’y-harakatiga qaramasdan, viloyatda suvdan oqilona foydalanish masalasida kamchiliklar uchramoqda.

Viloyatda mavjud 5 ta suv omborida bugungi kun holatiga suv hajmi 1035,5 million metr kub bo‘lib, hozirda ularga kelayotgan suv miqdori soniyasiga 128,3 metr kubni, chiqarilayotgani esa 184,6 metr kubni tashkil etmoqda. Viloyatda 78529 gektar maydonda paxta yetishtirilayotgan bo‘lsa, ekinning aksariyat qismi 1-suv bilan ta’minlangan.

Ayni murakkab pallada suvdan tejamkorlik bilan va samarali foydalanish, g‘o‘za nihollarining yaxshi o‘sib, rivojlanishi uchun qator oralariga ishlov berishni tez va sifatli bajarish katta ahamiyatga ega. Ishlov berish muddatidan kechiksa, tuproqning suv va havo rejimi, o‘simlikning oziqlanishi buziladi, begona o‘tlar, ularning zarari ko‘payadi, hosildorlik 15-25 foizga pasayadi.

Bir sug‘orish g‘o‘za hosili taqdirini hal qilishi mumkin, degan naql bejizga aytilmagan. Barcha agrotexnik tadbirlar qatorida ekinni chanqatib qo‘ymaslik uchun sug‘orish oldidan egat olish tavsiya qilinadi. Tuproq tarkibini inobatga olib sug‘orish, egatlar uzunligini to‘g‘ri belgilash, suvdan samarali foydalanish bilan birga, o‘simlikning barqaror rivojlanishini ta’minlaydi. Birinchi sug‘orish 3-5 kun kechiktirilsa, niholda qurg‘oqchilikka chiniqish jarayoni sodir bo‘lib, hosildorlik 5-7 sentnerga kamayadi.

Tanqislik kuzatilayotgan mushkul paytda joylarda suv behuda oqizib qo‘yilgan yoki ko‘llatib sug‘orilayotgan holatlarning guvohi bo‘lyapmiz. Ayrim fermer xo‘jaliklari o‘qariqlar oralig‘ini 50-60 metr o‘rniga, 150-200 metr qilib sug‘ormoqda. Bu usul suv sarfini ancha oshiradi.

Muzrabod tumanidagi «Qo‘ng‘irot Jayxun» SIU hududidagi «Navbahor Muzrabod» fermer xo‘jaligining paxta rejasi 17 gektar bo‘lib, suv olish qulog‘i jihozlanmagan. Gidropost qurilmagan, yer o‘qariqlar bilan bo‘linmagan. Dala uzunligi 300 metr qilib olingan. Bunday mas’uliyatsizlik uchun fermer xo‘jaligi rahbari Xayrullo Bahromovga nisbatan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, ma’muriy ish ochildi.

«Sh.Boboyev» SIU hududidagi «Pirimqul Jo‘ra Agro» fermer xo‘jaligi 24 gektar paxta maydoniga ega. Shundan 10 gektar maydonga suv taralgan, suvni tejash choralarini qo‘llash o‘rniga, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan. Fermer xo‘jaligi suvchilari ustidan yetarlicha nazorat o‘rnatilmagan, dala oxiridan 0,03 gektar maydon suvga ko‘llatilgan.

Xo‘jalik rahbari Oybek Jo‘rayevga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirilib, tegishli organga taqdim etildi va berilayotgan suv miqdori qisqartirildi.

 Denov tumanida «Hazarbog‘» hududidagi «Zulfiqorov Dilmurod» fermer ho‘jaligidagi o‘rganish jarayonida 4 gektar paxta maydoniga suv taralgani, lekin xandaq o‘ra qazilmagani, mahalliy o‘g‘it chiqarilmagani, o‘qariqlar orasidagi masofa 180-190 metr olingani, dala oxiridan suv behuda oqizib qo‘yilgani aniqlandi. Fermer xo‘jaligi rahbari Abdurahmon Zulfiqorovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan jarima qo‘llanildi va berilayotgan suv miqdori qisqartirildi.

Ushbu hududdagi «Hayrabot oltin dala» fermer xo‘jaligiga qarashli 10 gektar g‘alladan bo‘shagan maydonga suv iste’moli qoidasini buzib, o‘zboshimchalik bilan suv quyilgan va dala oxiridan 0,02-0,03 sotix maydon suvga ko‘llatilgan. Fermer xo‘jaligi rahbari Zokir Qurbonovga nisbatan ham dalolatnoma rasmiylashtirilib, ma’muriy ish ochildi va berilayotgan suv miqdori qisqartirildi.

Sherobod tumanidagi «Dehqonobod obihayot» SIU hududidagi «Qurbonov Sanjar Davronovich» fermer xo‘jaligining paxta rejasi 21 gektar bo‘lib, shundan 3 gektar maydonga sharbatsiz suv taralgan. Gidropost qurilmagan, fermer xo‘jaligi suvchilariga shart-sharoitlar yaratilmagan, 50 metr ichki ariqlar tozalanmagan, o‘qariqlar oralig‘i 150-170 metr olingan. Fermer xo‘jaligi suvchilarining e’tiborsizligi oqibatida 10-12 l/sek suv poyonobga tashlatib qo‘yilgan. Fermer xo‘jaligi rahbari Davron Qurbonovga ogohlantirish berildi va suv miqdori 40 foizga qisqartirildi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Mas’uliyatsiz fermer xo‘jaliklari rahbarlari tegishli tartibda javobgarlikka tortilyapti. Albatta, maqsad kimnidir jazolash, kimningdir kayfiyatini buzish emas. Biroq qishloq xo‘jaligi uchun o‘ta muhim pallada suvning qadriga yetib, mas’uliyat bilan ish tutish hammamizning burchimiz. Suvga yaqin odam uni isrof qilishi, suvga uzoqroq odam bir tomchi suvga zor bo‘lib qiynalishi to‘g‘ri emas.

Joylarda boshboshdoqlikka yo‘l qo‘yayotgan, e’tiborsiz fermerlar hamon uchramoqda. Suvdan xo‘jasizlarcha foydalanayotgan, obihayotning qadriga yetmasdan, kollektorlarga tashlab qo‘ygan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, suv taqsimoti me’yori va adolatni buzgan boshqa mutasaddilarga nisbatan bundan keyin ham qat’iy choralar ko‘riladi. Bu haqda ogohlantirish va tushintirish ishlari ishchi guruh tomonidan olib borilmoqda.

 

Zilola ANVAROVA

yozib oldi.



DB query error.
Please try later.