Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
10.07.2018

SOXTALIK TASDIQLANDI: Ammo muammo uzoq yillar cho‘zilsa-da, hal etilmadi

Fuqarolar muammoli vaziyatni o‘zaro yecha olmasalar sudga murojaat qilishadi. Maqsad — nizoni adolatli, xolis hal qilish. Keling, batafsilroq to‘xtalib o‘taylik. «Zaynab» firmasi 2000 yil 20 noyabrda ?-son qurilish tresti maydoni» ochiq aksiyadorlik jamiyati (OAJ)dan shartnoma orqali Samarqand shahar X.Asadova ko‘chasida joylashgan omborxona binosini sotib oldi. Omborxonadan foydalanish uchun, albatta, unga olib boruvchi va atrofdagi yerlar bo‘lishi talab qilinar edi. Shu bois OAJ ham, binoning yangi egasi ham bino atrofidagi yer maydonini ajratib berishni so‘rab hokimlikka murojaat qildi. Ko‘p o‘tmay (2000 yil 29 dekabr) sobiq Temiryo‘l tuman hokimining qarori bilan omborxona joylashgan hududdan «Zaynab»ga 0,44 gektar yer maydoni ajratildi. Yer kadastr hujjatlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, guvohnoma olindi. Egalik huquqi paydo bo‘lgan «Zaynab» firmasi omborxonani ta’mirdan chiqardi. Undan foydalanishga kirishdi.

Biroq oradan 4 yil o‘tgach, «Zaynab»ga ajratilgan yer maydonining bir qismida yangi ega paydo bo‘ldi. U omborxonaga kirib-chiqish yo‘lini to‘sib, qurilish ishlarini boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, yangi mulkdor — Baxtiyor Roziqovga Samarqand shahar hokimining qarori bilan 0,06 gektar yer ajratilgan ekan.

O‘rtadagi anglashilmovchilikka aniqlik kiritish uchun shahar hokimiyatiga murojaat qilindi. Qurilish to‘xtatildi.

Ammo oradan bir muddat o‘tib, qurilish ishlari yana boshlandi. Bu gal mulkdor boshqa fuqaro — Jamol Vohidov edi. «Erni men B. Roziqovdan sotib olganman», dedi u. Xullas, tortishuvlar avj oldi. Chunki ikki tomonda ham qaror bor — birida Temiryo‘l tuman hokimining 2000 yil 29 dekabrdagi qarori, ikkinchisida Samarqand shahar hokimining 2004 yil 29 martdagi qarori.

Nizo sudga ko‘chdi. «Zaynab» firmasi direktori T. Mamarizayeva da’vo arizasida suddan Samarqand shahar hokimining qarorini bekor qilib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan 15 metrdan iborat devorni buzib, yer maydonini olib berishni so‘radi. Baxtiyor Roziqov bilan Jamol Vohidov esa o‘zlarida egalik huquqi bo‘lmasa-da, sobiq Temiryo‘l tumani hokimining qarorini bekor qilish haqida qarshi da’vo bilan chiqdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi 2007 yil 8 oktabrdagi qarori bilan T. Mamamirzayeva da’vosi rad qilindi. B. Roziqov va J. Vohidovning qarshi da’vosi esa qanoatlantirildi. Kassatsiya bosqichi sudida qaror o‘zgarishsiz qoldi. Shundan so‘ng kassatsiya ajrimini bekor qilib, ishni yangidan kassatsiya tartibida ko‘rish to‘g‘risidagi Oliy sud raisi o‘rinbosari tomonidan kiritilgan protest qanoatlantirildi. Ish 2008 yil 30 dekabrda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya bosqichida ko‘rib chiqilib, birinchi bosqich sudi qarori o‘z kuchida qoldirildi.

Xullas, sudning to‘xtamiga ko‘ra, «Zaynab» firmasiga yer maydoni asossiz ravishda ajratilgan va shuning uchun u bekor qilinishi lozim. Sud sobiq Temiryo‘l hokimining qarorini bekor qilishda, jumladan, quyidagi asoslarni keltirdi: Masalan, sud kadastr xizmati mutaxassisi G‘. Meliqulovning «Zaynab»ga yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi dalolatnoma va chizmalar mavjud emasligi, aynan qaysi hujjatlarga asosan kadastr hujjatlari berilgani noma’lumligi haqidagi ko‘rsatmasiga tayangan.

Sud qarorida yana ta’kidlanishicha, B. Roziqovga tegishli yer maydoni «Zaynab» firmasiga berilgan yer maydonidan tashqarida joylashgan. Shuningdek, sud nizoli joyga chiqqanda, da’vogar qaysi yer uchastkasi o‘ziga berilganligi haqida hujjat taqdim qila olmaganligi, aksincha B. Roziqovga o‘lchab berilgan yer chegarasi gaz quvuri va beton to‘siq bilan isbotini topganligi qayd qilinadi.

— Yuqoridagilarning barchasi puch va ular «Zaynab»ga yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishga asos bo‘la olmaydi, — deydi firma ta’sischisi Yusuf Mamarizayev. — Avvalo G‘. Meliqulovning ko‘rsatmalarini olaylik. Agar u kishining gapi bo‘yicha chizma va dalolatnomalar, kerakli hujjatlar qilinmasdan, chegaralar aniqlanmasdan yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, guvohnoma olingan bo‘lsa, bu eng avvalo kadastr xizmati xodimlarining aybi-ku. Bir yer maydoniga ikki fuqaroga egalik huquqini berishga yo‘l qo‘yganligi uchun aynan G‘. Meliqulov intizomiy jazoga tortildi. Vaholanki, «Zaynab»ga ajratilayotgan yer maydoni chegarasi aks ettirilgan chizma sobiq Temiryo‘l tumani yer tuzish xizmati xodimi A. Marupov tomonidan qaror chiqmasdan o‘n kun ilgari tayyorlangan edi. Bu chizmaga tuman arxitektori A. Shukurov, ? – son qurilish tresti maydoni» OAJ rahbari va Samarqand shahar bosh arxitektori imzo chekib, muhr bilan tasdiqlashgan. G‘. Meliqulovning so‘zlarini inkor qiluvchi barcha hujjatlarni sudga taqdim qilganmiz. Lekin ular e’tiborsiz qolgan. Hatto kadastr hujjatlarining uchdan ikki qismi ish jildiga tikilmagan.

«Zaynab» yer uchastkasi qayerdan ajratilganligi haqida hujjat ko‘rsata olmadi, B. Roziqovning yer chegaralari esa gaz quvuri va beton to‘siqlari bilan isbotini topdi, degan gaplarga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi. Negaki, kadastr hujjatlari va yer chizmalari ish hujjatlarida mavjud. Ularda «Zaynab»ga ajratilgan yer maydoni qayerdan, qancha ajratilganligi, chegarasi va hokazolar aks ettirilgan. Shunisi qiziqki, B. Roziqovga shahar hokimi qarori bilan yer ajratilgan 2004 yilda ushbu nizoli joyda hech qanaqangi gaz quvuri va beton to‘siq yo‘q edi. Ular 2006 yilda qurildi. Samarqandgaz korxonasidan olingan ma’lumot ham buni tasdiqlaydi. Shunday ekan, B. Roziqovga ajratilgan yer maydoni chegaralarining gaz quvurlari va beton to‘siqlar bilan isbotini topganligini qanday tushunish kerak?

B. Roziqovga ajratilgan yer maydoni «Zaynab» firmasiga berilgan yerdan go‘yoki tashqarida emish. Unda sobiq Temiryo‘l tumani hokimining qarorini bekor qilishdan maqsad nima? Qolaversa, nizolashishning nima keragi bor?

Kishini o‘ylantiradigan yana bir misol. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2007 yil 8 oktabrdagi qarorida hamda viloyat sudi raisining 2007 yil 24 yanvardagi xatida «Hozirgi paytda yer maydoni J. Vohidovga tegishliligi, uni birja orqali B. Roziqovdan sotib olganligi» qayd qilinadi. Aslida B. Roziqov yerni J. Vohidovga sotmagan, u boshqa fuqaroga, ya’ni qarindoshi S. Usmonovning imzolarini soxtalashtirib sotgan. Qiziq, bizning bor hujjatlarimiz yo‘q deyiladi, lekin boshqalarning og‘zaki gapi asos qilib olinadi.

Rost, ushbu yer maydonini B.Roziqov Banklar assotsiatsiyasiga qarashli universal birja markazi orqali fuqaro S. Usmonovga sotgan. Shundan so‘ng yana birja orqali yer maydoni J. Vohidovga sotiladi. Ajablanarlisi, Samarqand viloyat xo‘jalik hisobidagi Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati DUK dan olingan xatda nizoli joydagi 0,06 ga yer maydoni B.Roziqov nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi ma’lum qilingan. Mulkka egalik huquqi u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng vujudga keladi. Egalik huquqini qo‘lga kiritmasdan turib, uni tasarruf etib bo‘lmaydi. Demak, B. Roziqov mulkka, yerga egalik huquqini olmasdan uni sotgan bo‘lib chiqyapti. Shu jumladan S. Usmonov ham.

Birjadagi oldi-sotdi shartnomasida soxtalik alomati borligi uchun S. Usmonovga nisbatan 2009 yil 15 avgustda Samarqand shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Uning nihoyasi ba’zi narsalarga aniqlik kiritardi. Tergov negadir uzoq cho‘zildi. Nihoyat, 2013 yil 11 iyunda Samarqand viloyat IIB TB tergovchisi, podpolkovnik O. Tohirov quyidagi qarorga keldi: Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi «b» bandi va 3-qismida ko‘rsatilgan ijtimoiy xavfli harakatni sodir etgan S. Usmonov va B. Roziqovga nisbatan jinoyat ishi ularni jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi sababli aybliligi masalasi hal qilinmay tugatildi.

— Tergovning 4 yilu 27 kunga cho‘zilgani sababi nimadaligini umuman tushunolmadim, — deydi Yusuf Mamarizayev. — S. Usmonov va B. Roziqovning qilmishi fosh etildi. Ular sudni chalg‘itib, yolg‘on ko‘rsatma berib, qalbaki hujjat taqdim etganligi ma’lum bo‘ldi. Lekin mulk masalasi muammoligicha qoldi.

«Zaynab» firmasi tomonidan da’vo talablarini tasdiqlash uchun dalillar taqdim qilinmaganligi va sud joyiga chiqib, ish holatlari o‘rganilganda, B.Roziqovga ajratilgan 600 kv. metr yer maydoni hech bir tashkilotga tegishli emasligi aniqlangan, degan xulosani qanday tushunish kerak? «Zaynab» firmasi bilan mulk egasi — ?-son qurilish tresti maydoni» o‘rtasida hech qanday oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilmagan va yer maydoni o‘lchab berilmagan, degan vaj ham haqiqatga mutlaqo zid-ku.

Vaholanki, Samarqand viloyat va shahar «Ermulk kadastr» xizmati tomonidan sud va prokuraturaga berilgan hulosa hamda ma’lumotlarda yer maydoni kadastr hujjatlari asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, «Zaynab» firmasiga ajratilgani qayd etilgan.

Endi birja savdosi haqida. Respublika ko‘chmas mulk birjasi Samarqand viloyat filiali direktor o‘rinbosari, savdolarni tashkil qilish bo‘limi boshlig‘ining shahar IIB tergov bo‘limiga bergan ma’lumotida B. Roziqov, S. Usmonov, J. Vohidov tomonidan imzolangan birja bitimlari boshlanishidan qonunga rioya qilinmagan holda tuzilgani hamda savdoga qo‘yilgan ob’ekt birja tovari hisoblanmasligi qayd etilgan.

«Zaynab» firmasi yer chizmalari, kadastr hujjati, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida guvohnoma, oldi-sotdi shartnomasi, to‘lov qog‘ozlari, tuman hokimi qaroriga ega bo‘lsa, yana qanday dalil kerak? Yana nimani isbotlash zarur? Nega ana shu hujjatlar e’tiborsiz qolayapti?

2000 yil 20 noyabrdagi oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas, deb topish haqidagi da’vo arizalar ikki marta sobiq Oliy xo‘jalik sudida ko‘rib chiqilib, ushbu shartnoma qonuniy bo‘lganligi tufayli javobgarlarning da’vo talablari rad qilinib, ish yurituvi tugatilgan edi. Ammo Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi qariyb 10 yil ilgari tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini bekor qildi. Buni qanday tushunish kerak, bunga sabab nima?

«Zaynab» direktori T. Mamarizayeva va firma ta’sischisi Yu.Mamarizayev Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2007 yil 8 oktabrdagi hal qiluv qarorini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rishni so‘rab ariza yozgan edi. Fuqarolik protsessual kodeksining 362-moddasiga ko‘ra, hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun quyidagilar asos bo‘ladi: arizachiga noma’lum bo‘lgan va ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, lekin ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar ishni qayta ko‘rishga asos bo‘lishi kerak. Biroq 2018 yil 29 yanvarda FIB Samarqand shahar sudi arizani rad etish haqida ajrim chiqardi. Da’vogarlar bergan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmadi.

— Sudning ajrimi bilan mutlaqo kelishib bo‘lmaydi, — deydi advokat Dilbar Irmuhammedova. — Negaki, ma’muriy huquqbuzarlik ishi bo‘yicha sudning qonuniy kuchga kirgan qarori hamda jinoyat ishini reabilitatsiya asoslarisiz tugatish haqidagi tergov organi va sud ajrimida qayd etilgan hollar qayta isbotlashni talab qilmaydi. Ushbu qoidaga asosan, garchand S. Usmonov va B. Roziqovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqmagan bo‘lsa-da, jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan dalillar fuqarolik ishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri daxldor bo‘lganligi sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2007 yil 8 oktabrdagi hal qiluv qarori bekor qilinishi lozim.

Afsuski, unday bo‘lmadi. Bir mulkning haqiqiy egasini aniqlash uchun tergov «o‘yini» davom etdi. Sud yillab cho‘zildi...

 

Ravshan SHODIYEV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.