Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
30.06.2018

ISLOHOTLAR SAMARASINI, DASTURLAR NATIJASINI ODAMLAR O‘Z HAYOTIDA SEZISHI KERAK

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29 iyun kuni Toshkent shahar Olmazor tumanida bo‘ldi.

Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Olmazor tumanida ham ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy ijtimoiy ob’ektlar bunyod etish, mahalla va turar joylarni obod qilish, hudud aholisi turmush sharoitini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari dastlab tumandagi «Ibrohim ota» mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Prezidentimiz shu yil 1 iyun kuni Chilonzor tumanidagi Xirmontepa va Tirsakobod mahallalariga tashrifi chog‘ida «Obod mahalla» dasturi loyihasini shakllantirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shu asosda mahallalar qiyofasini yangilash maqsadida «Obod mahalla» dasturi qabul qilindi.

Ibrohim ota mahallasi ham mazkur dasturga kiritilgan.

Ushbu mahalla hududida 19 ta ikki qavatli va 4 ta to‘rt qavatli uy joylashgan. O‘tgan asrning 60-yillarida qurilgan mazkur uylar bugungi kunda ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ham eskirgan.

«Obod mahalla» dasturiga muvofiq, mahallada barcha ko‘p qavatli uylar, ko‘cha va yo‘laklar ta’mirlanib, hudud obodonlashtirilmoqda. 7 ta ikki qavatli arzon uy-joy, zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi qurilmoqda. Shuningdek, namunaviy loyiha asosida mahalla guzari, kommunal to‘lovlar shoxobchasi, bolalar va sport maydonchalari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi mahallalarni o‘rganish borasida boshlangan ishlar xususida to‘xtalar ekan, uyma-uy yurib, har bir oilaning talab-istaklarini o‘rganish, muammosi bo‘lsa yordam berish, tadbirkorlarni jalb etib, ish o‘rinlari yaratish zarurligini ta’kidladi.

Bu mahalla odamlarining ham bola-chaqasi, ertangi kundan umidlari bor. Mamlakatimizdagi o‘zgarishlarni, qabul qilinayotgan dasturlar natijasini odamlar o‘z uyida sezishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Eng asosiy maqsad, odamlarni rozi qilish, ularga munosib turmush sharoiti yaratishdir.

Prezidentimiz mazkur mahalla faollari va aholi bilan suhbatlashdi. Aholini ish bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim va maktab ta’limini rivojlantirish, yoshlarni barkamol insonlar etib tarbiyalash borasidagi islohotlar mohiyati haqida muloqot qildi. Samimiy suhbat chog‘ida «Obod qishloq», «Obod mahalla» va «Yoshlar — kelajagimiz» dasturlari xalqimiz farovonligini yuksaltirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda zamin bo‘lishi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 21 aprelida Olmazor tumaniga tashrifi davomida Toshkent o‘yinchoqlar fabrikasi negizida bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergan, bu ishga Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mas’ul etib tayinlangan edi.

Davlatimiz rahbari tumanga navbatdagi tashrifi doirasida ushbu korxonada bo‘lib, bajarilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Xususan, fabrika hududidagi ishlab chiqarish maydonlaridan unumli foydalanish maqsadida, «NBU Investment» MChJ tomonidan tashabbuskor-investorlar bilan birgalikda 5 ta yangi korxona («Toys City», «O`yinchoqlar Fabrikasi», «Funny Kids World», «National Products» va «United Nation company» MChJ QK) tashkil etildi.

Ushbu korxonalarda bolalar kiyim-kechagi, turli buyumlar va o‘yinchoqlar ishlab chiqarish bo‘yicha 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihalar to‘liq ishga tushganidan so‘ng 920 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Hozirga kelib, loyihalar doirasida zarur bino-inshootlarni qurish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, imzolangan import shartnomalari bo‘yicha asbob-uskunalarning bir qismi keltirilib, montaj qilinmoqda. Uskunalarning qolgan qismi iyul oyi davomida yetkazib beriladi.

Bugungi kunda «Toys City» korxonasi ishga tushirilgan bo‘lib, 70 ga yaqin mahsulot tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Xomashyoning asosiy qismi mahalliy korxonalardan olinayotgani bois mahsulotlar narxi xorijnikidan ancha arzon, sifati yuqori.

Har bir ota-ona farzandining jismonan sog‘lom, dunyoqarashi keng, yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lib ulg‘ayishini istaydi. Bunda o‘yinchoqlarning ahamiyati katta, — dedi Prezidentimiz. — Bu yerda tashkil etilayotgan korxonalarda ishlab chiqariladigan o‘yinchoqlar sifati jihatidan xorijnikidan kam bo‘lmasligi kerak.

Shu yerda Olmazor tumanida tashkil etiladigan «Davlat xizmatlari markazi» binosi qurilishi loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, og‘ir ijtimoiy-maishiy sharoitlarda yashovchi oilalarning turmush darajasini yaxshilash maqsadida ularni arzon uy-joy bilan ta’minlash, tibbiy xizmat, maishiy texnika va uy hayvonlari xarid qilishda beg‘araz yordam ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston karlar jamiyatining Olmazor tumanida joylashgan Kar-soqovlar madaniyat markazi hududida ham keng qamrovli ishlar bajarildi. Dastavval, 6 gektardan iborat hudud obodonlashtirildi. Kar-soqovlar madaniyat markazi binosi tubdan ta’mirlandi, 450 o‘rinli konsert zali, to‘garak xonalari, sport zallari zamonaviy jihozlandi.

Markaz yonida O‘zbekiston karlar jamiyati sport federatsiyasining yopiq sport zali bo‘lib, hozirgi kunda kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yangi stadion barpo etildi.

Prezidentimiz madaniyat markazi binosida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Jamiyat a’zolari bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga qaratilayotgan e’tibor, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida suhbatlashdi. Kar-soqov bolalar uchun o‘qituvchi-mutaxassislar va surdotarjimonlar tayyorlash dolzarb masalalardan ekanini ta’kidlab, aholining mazkur qatlami savodxonligi, tarbiyasi, ishlash, dam olish va davolanish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan alohida qaror tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Shaxmat bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Sirojiddin Zayniddinov, taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati sovrindori Davron Xidirov, yosh rejissyor Oleg Oshipkovga Toshkent shahridan uy, madaniyat markazi uchun ikkita avtobus sovg‘a qildi.

Bilasizki, davlat xalqqa xizmat qiladi, degan tamoyilni o‘zimizga maqsad qilib olganmiz. Sizlar ham jamiyatimizning munosib a’zosisizlar. O‘zbekistondagi har bir odam men uchun qadrli, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 11 iyundagi «Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida alohida toifadagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb etishda yangi imtiyozlar berildi.

Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekiston karlar jamiyatiga qarashli hududda 3 ta blokdan iborat sanoat zonasi tashkil etildi. Bugun ulardan birida «Ko‘kcha tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik korxonasi ish boshladi.

Korxonada karlar jamiyatining 27 a’zosi ish bilan ta’minlandi. Ularga «Ko‘kcha tekstil»ning malakali ishchilari tikuvchilik sirlarini o‘rgatmoqda.

Prezidentimiz tikuvchi ayollar bilan suhbatlashdi. Amalga oshirilayotgan bunday ishlar izchil davom etishini, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish joylari tashkil etish doimiy e’tiborda bo‘lishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi 2-ichki ishlar bo‘limi bilan tanishdi.

Mazkur ichki ishlar bo‘limi Shifokorlar, Jiydali, Xislat, Beruniy, Mirza G‘olib va Chig‘atoy Oqtepa mahallalari hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha faoliyat olib boradi.

Bo‘limda navbatchilik qismi, tergov, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyat-qidiruv, voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspektorlari, xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish xodimi hamda mahalla profilaktika inspektori samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Ichki ishlar bo‘limi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Navbatchilik qismiga videokuzatuv tizimi joriy etilgan bo‘lib, hududni tunu kun nazorat qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolar xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tuman hududidagi jamoat ob’ektlariga o‘rnatilgan intellektual kameralar qidiruvda bo‘lgan fuqarolarning yuz tasviri, o‘g‘irlangan avtomobillar davlat raqamini mazkur navbatchilik qismiga yuboradi. Bu yerdagi videokuzatuv tizimi IIV ma’lumotlar bazasiga ulangan bo‘lib, shubhali shaxs haqida bo‘limga signal beradi.

Hududda ko‘p qavatli uylar, oliy ta’lim muassasalari, shifoxonalar, jome’ masjidlari, dehqon bozori va boshqa ijtimoiy ob’ektlar talaygina bo‘lib, bo‘lim barcha joyda vaziyatni kuzatib borish, zarur hollarda zudlik bilan choralar ko‘rish, osoyishtalikni ta’minlash imkonini beradi.

Prezidentimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilari bilan suhbatda aholi osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan ekanini ta’kidladi. Jamiyatda ma’naviy muhit barqarorligini asrash, yoshlar diniy oqimlarga qo‘shilib ketishining oldini olish, xalqimiz osoyishtaligini mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketish sabablari, jinoyatchilikni keltirib chiqarayotgan asosiy omillarni o‘rganuvchi, aniqlovchi, tahlil qiluvchi mutaxassislarga ehtiyoj yuqori. Odamlarni diniy oqimlardan qaytaruvchi haqiqiy psixolog mutaxassislar yetishmaydi. Jinoyatning tagiga yetadigan, uni aniqlaydigan metodik qo‘llanmalar bugun suv va havodek zarur, — dedi davlatimiz rahbari. — Bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Davlat xavfsizlik xizmati huzurida din sohasida chuqur bilimli mutaxassislar tayyorlaydigan, Bosh prokuratura huzurida kriminalistika, ya’ni jinoyatchilikning kelib chiqish sabablarini o‘rganadigan markazlar tashkil etish payti keldi.

Shu yerda davlatimiz rahbari Toshkent shahar IIBB qo‘riqlash, yo‘l harakati xavfsizligi, post-patrul xizmatlariga ajratilgan avto-mototransport vositalari, ko‘chma post kabinasi namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Yoshlar markazida Olmazor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid loyihalar bilan tanishdi.

Olmazor tumanining yangi markazi — «Olmazor city»ni barpo etish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Yangi Olmazor ko‘chasi va Kichik halqa yo‘li o‘rtasidagi 24 gektardan ziyod hududda barpo etiladigan ushbu mavzeda ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, zamonaviy biznes markaz, mehmonxona va xiyobon, ta’lim va tibbiyot muassasalari qurish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari loyihani ma’qulladi.

Yoshlar bilan ishlash, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Tumandagi bo‘sh turgan binolarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, xorijiy investitsiyalar va texnologiyalar olib kelish, yangi ish o‘rinlari yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent shahar Yoshlar markazida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahar faollari, yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tuman ko‘pgina ko‘rsatkichlar bo‘yicha rivojlanishdan orqada qolayotgani tanqid qilindi. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi Toshkent shahridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 barobar, xizmat ko‘rsatish ko‘lami 3 barobar kamligi qayd etildi.

Mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish, ishlamayotgan zavodlarni tiklash, yangi korxonalar tashkil etish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish hisobidan odamlarga daromad manbai yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Oilalarni mustahkamlash, aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirishga oid ko‘rsatmalar berildi. Xususan, to‘y-hashamlar, oilaviy tadbirlar va ma’rakalarni isrofgarchiliklarsiz, ixcham qilib o‘tkazish bo‘yicha mahalla raislariga tavsiyalar berildi. Tumanning har bir mahallasida bittadan, jami 58 ta namunali to‘y o‘tkazish va ularni televideniye va matbuotda keng targ‘ib qilish vazifasi topshirildi.

Dunyo aholisining qariyb 20 foizini yoshlar tashkil etadi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi. Yoshlar davlatimizning bebaho boyligidir. Mamlakatimizda yoshlarga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilib, ular uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bunga javoban yoshlarimiz ham ishlab chiqarish, fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritmoqda.

Yig‘ilishda yoshlar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi. Prezidentimiz yoshlarning taklif-mulohazalarini o‘rganish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi. Talabalar shaharchasida qo‘shimcha yotoqxonalar, sport maydonchalari qurish lozimligi qayd etildi.

Eng oliy ne’mat — bu tinchlikdir. Oila tinch bo‘lsa — jamiyat, yurt tinch bo‘ladi. Shunday ekan, tinchligimizni asrab-avaylab, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilsak, albatta natija bo‘ladi, — dedi Prezidentimiz.

Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash maqsadida diniy-ma’rifiy sohalardagi tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligini yanada oshirish, jumladan, «Olmazor tumanida adashganlar bo‘lmaydi» shiori ostida hamda «Jaholatga qarshi — ma’rifat bilan» g‘oyasi asosida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.



Z.JONIBEKOV,

M.ELMURODOV,

A.G‘AFFOROV,

O‘zA maxsus muxbirlari



DB query error.
Please try later.