Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
19.06.2018

ENG KATTA VAZIFA ISHONCHNI OQLASHDIR

Toshkent shahri tumanlarida xalq deputatlari Kengashlari tashkil etilganiga yarim yil bo‘lyapti...

O‘tgan yili iyul oyida Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda demokratik islohotlarni tubdan kuchaytirish, davlat boshqaruvida siyosiy partiyalar va xalq vakillarining ta’sir kuchini oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar xususida tanqidiy fikrlar bildirilgan, ko‘plab taklif hamda tashabbuslar ilgari surilgan edi. Xususan, Toshkent shahri tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tashkil etish ishlari boshlangani, saylov jarayonidan tortib barcha masalalarda poytaxtdagi mahalliy Kengashlar faoliyati har tomonlama namuna bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlangan edi.

Ana shu tashabbus asosida o‘tgan yili 24-dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazilgan, uning yakuniy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi jami 50 deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritgan, partiya guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Mana, saylovdan keyin qariyb yarim yil vaqt o‘tdi. Shu muddat ichida deputatlar faoliyati qanday yo‘lga qo‘yildi, nima ishlar qilishga ulgurildi? Tuman Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bor?..

Shu kabi savollarga javob olish uchun Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga O‘zbekiston XDPdan saylangan deputatlardan bir guruhini tahririyatimizga taklif etib, davra suhbati o‘tkazdik.

 

 

Davra suhbatini «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari Bosh muharriri Safar Ostonov olib bordi:

— Respublikamizning barcha hududlarida tuman Kengashlariga deputatlar saylanardi. Ammo bu amaliyot Toshkent shahri tumanlariga joriy qilinmagan edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan poytaxtimizda tuman Kengashlariga saylov o‘tkazildi. Bu joylardagi haqiqiy ahvolni chuqurroq o‘rganish, aniqlangan muammolar yechimlari bo‘yicha ijro hokimiyatiga takliflar berish, yangidan-yangi tashabbuslar bilan chiqishda katta ahamiyat kasb etadi.

Mana, yaqinda Toshkent shahrida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonlarida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand kishilarni uzoq yillardan beri qiynab, ochig‘ini aytganda, azoblab kelayotgan muammoli holatlar aniqlandi, ularning aksariyati markaziy telekanallarda bir necha marta ko‘rsatildi. Bu ayanchli muammolarni bartaraf etish, sog‘lig‘ini yo‘qotgan, erta-indin nurab tushish xavfi bor uylarda yashayotgan kishilarga tizimli yordam berish tuman Kengashlari deputatlari zimmasiga ikki hissa ko‘proq mas’uliyat yuklaydi, albatta.

Saylovdan keyin oradan deyarli 6 oy vaqt o‘tyapti. Bu davrda deputatlarimiz qanday taklif yoki tashabbuslar bilan chiqdi? Deputatlarimiz o‘z hududida partiyamiz elektoratini o‘ylantirayotgan qanday muammolarni hal qilishga erishdi? Qaysi masalalarda deputatlik so‘rovi bilan chiqildi? Tuman rahbarlarining deputatlar fikri va tashabbuslariga munosabati qanday?

Bugungi davra suhbatida shu kabi masalalar xususida fikrlashmoqchimiz.

 

Toshniyoz AHMEDOV, xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari, Toshkent moliya instituti qoshidagi moliya akademik litseyi direktori:

– Avvalo, mutasaddi idoralarda deputatlarga bo‘layotgan munosabat xususida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Tuman hokimiyati yoki boshqa tashkilotlarga murojaat qilganimizda, bepisand qarash hollari uchrayapti. Deputatga munosabat shu bo‘lsa, oddiy odam dodini kimga aytsin, deb o‘ylab qolaman rosti. O‘tgan qisqa fursatda ba’zi mas’ullar bilan mazkur masalada tortishishga ham to‘g‘ri keldi. Sessiyalarda ham bunga alohida to‘xtalib o‘tdim. O‘ylaymanki, har bir deputat talabchanligini susaytirmasa, albatta davlat idoralarida tuman kengashi deputatiga munosabat o‘zgaradi.

Davlatimiz rahbari deputatlarga katta ishonch bildirdi. Biz bu ishonchni oqlash uchun qattiq mehnat qilishimiz kerak. Kimlarningdir ko‘ngliga qarab, yana kimgadir yuzxotirchilik qilsak, xalq vakili degan yuksak sharafga dog‘ tushirgan bo‘lamiz...

Saylangan okrugimda istiqomat qilayotgan aholi bilan muloqot qilishni yo‘lga qo‘yganmiz. Muloqot paytida ko‘tarilgan masalalar asosida turli davlat idoralariga 15 marta deputatlik so‘rovi yubordim. Ijobiy mazmundagi javob xatlari oldim. Ammo, ochig‘i, ayrim masalalar hamon yechimini topgani yo‘q. Xususan, mahallalardagi ichki yo‘llar ta’miri bo‘yicha yuborgan deputatlik so‘rovini shunday so‘rovlar sirasiga kiritish mumkin.

 Uy-joy mulkdorlari shirkatlari tizimidagi muammolar bugungi kunda eng og‘riqli nuqtalarimizdan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir nechta shirkatga bir kishi rahbarlik qilayotgan holatlar kuzatildi. Natijada sohada muammolar to‘planib qolyapti. A’zolik badallari o‘rtasidagi katta farq ham aholi noroziligi oshishiga sabab bo‘lmoqda. To‘plangan badal pullari sarfi bilan bajarilgan ish mutanosib emasligi kishini o‘yga toldiradi.

Faoliyatim mobaynida mahallamizdagi oilaviy poliklinikada patronaj xizmatining qay darajada yo‘lga qo‘yilganini o‘rgandim. Davolanishga muhtoj ehtiyojmand oila vakillarining bepul davolanishlari borasida tuman tibbiyot birlashmasiga beshta deputatlik so‘rovi yubordim. Shundan uchtasi ijobiy yechim topdi.

Moliya akademik litseyida faoliyat yuritaman. Ushbu muassasa nomzodim ko‘rsatilgan saylov okrugida, ya’ni «Obod» va «Posira» mahallalari hududida joylashgan. Shu boisdan ham aholi vakillarini yaxshi taniyman. Saylovchilar bilan kunora suhbatlashamiz. Aniqlangan muammolarni qog‘ozga tushiraman. Hududdagi hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni jadval ko‘rinishiga keltirdim va ularni bosqichma-bosqich hal etib boryapmiz.

«Bog‘ibo‘ston» mahallasida umumiy yotoqxona mavjud, bino ahvoli nihoyatda og‘ir. Yaqinda tashkil etilgan komissiya a’zolari bilan u yerni o‘rganishni boshladik. Pollar ko‘chib ketgan, oshxonada oyoq qo‘yishga joy yo‘q. Hojatxonadagi kanalizatsiya yaroqsiz holatda. O‘rganishlar natijasida aniqlangan muammolar yuzasidan takliflar ishlab chiqdik. Yotoqxona binosi respublika miqyosidagi investitsiya dasturiga kiritiladigan bo‘ldi.

Sessiyalarda hududiy rahbarlarning hisobot berish amaliyoti joriy etilgan. Ammo hisobotlardagi ma’lumotlarning barchasi ham to‘g‘ri, haqqoniy ma’lumotlarga asoslangan, deya olmaymiz. Shu masalada mening taklifim bor. Muayyan soha yoki tarmoq rahbari hisobot berganidan keyin o‘sha tizimdagi holatni chuqur o‘rganib, tahlil qilish lozim. Ko‘raylik, hisobot va hayot bir-biriga qanchalik to‘g‘ri keladi.

Vakillik hokimiyati ish samaradorligini oshirish uchun mening yana bir taklifim bor. Deputatlarning fikr-mulohazalarini bir yerga jamlab, umumlashtiradigan markaz tashkil etish kerak, deb o‘ylayman. Ushbu markaz takliflar, tahlillarni hal qiluvchi kuchga ega bo‘lgan organlarga yetkazadi.


Omonulla MUTALOV, xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari, «Chilonzor» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:

— Mahallamiz 1934 yilda tashkil topgan. 1945 yildan 1960 yillargacha bobom, undan keyin 1990 yilgacha otam raislik qilgan. Men esa mahallaga 28 yildan buyon raislik qilyapman. Mahallamizda 5600 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Deputatlikka nomzodim qo‘yilishidan oldin 1200 o‘ringa mo‘ljallangan maktab, 4200 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim muassasasi binosini qurish taklifi bilan chiqdik. Hozirda qurilish ishlari boshlangan.

Mahallamiz ahli o‘ziga to‘q. To‘g‘risi, bizda kam ta’minlangan oilalar yo‘q hisobi. Hamma ishli, uyli-joyli. Tushunaman, bu ma’lumotga biroz ishonish qiyin. Mahallamizda tadbirkorlar ko‘p. Ular ishsiz yurgan mahalladoshlarini yoniga olib, ko‘maklashadi.

Ko‘pchilik insonlar dam olish uchun oromgohlarga, sanatoriylarga borishadi. Mening sevimli maskanim esa mahalla idorasidir. Faqat shu yerda orom olgandek bo‘laman. Iloji bo‘lsa, yigirma to‘rt soat idorada bo‘laman. Erta tongda va kechki mahal mahallani bir aylanib, kunlik vaziyatni o‘rganaman. Mahallaning, u yerda yashayotgan oilalarning tarixini bilaman. Bu ham deputatlik, ham raislik faoliyatimda qo‘l keladi. Mahallaning kattasidan kichigigacha yaxshi taniyman. Bolalar ayb ish qilsa, ota-bobolarini ezgu ishlaridan misol keltirib, ularga munosib bo‘lishga chaqiraman. Barcha bolalarning ismini yoddan bilaman. Hududimizda bitta kutubxona, ikki futbol maydoni, suzish havzasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Aholimiz bundan mamnun.

Yurtboshimiz nima deyapti?.. Odamlar bugun yaxshi yashashi kerak, deyapti. Bu gapning tagida katta ma’no bor. Yaxshi hayot uchun avvalo odamning o‘zi harakatchan bo‘lishi kerak. Albatta, buning uchun rahbarlar, deputatlar odamlarni qo‘llab-quvvatlashi lozim. Har bir oilaga kirib, muloqot qilyapmiz. Bu o‘ziga xos an’anaga aylanib qoldi.

Ramazon oyida mahallamizdagi saxovatpesha insonlar bilan birga xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘ldik. 30 nafar insonga moddiy yordam ko‘rsatildi. Shu oyda nuroniylarimiz oladigan yosh bilan bog‘liq nafaqa puli belgilangan muddatdan kech qolishini bildirishdi. Bu masala yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, mahallamizdagi nuroniylar nafaqasini o‘z vaqtida olishini ta’minladik.

Prezidentimiz iyun oyi boshida shahar aylanganidan keyin tumanimizda ishlar yanada jadallashib ketdi. Belgilangan komissiya ishga tushdi. Uch marta o‘rganish ishlarini olib bordi. Biror oila e’tibordan chetda qolmadi.

Hayotda shunday odamlarni uchratamiz: yaxshi turmush kechiradigan, bola-chaqasi bor, lekin otasi yoki onasi yolg‘izlikda, muhtojlikda yashaydi. Bilimli, hunarli, ma’rifatli oilalarni ko‘proq namuna, o‘rnak qilib ko‘rsatishni izchil yo‘lga qo‘yishimiz joiz. Bolalarga to‘g‘ri tarbiya berish kerak. Kim xor bo‘ladi? O‘tmishini surishtirsa, bolasiga to‘g‘ri tarbiya berolmagan, o‘rnak bo‘la olmaganlar...

Muhtoj kishiga bir martalik moddiy ko‘mak berish bilan masalaning oxiriga hech qachon yetib bo‘lmaydi. Buning uchun tizimda yangilik qilish, odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirish lozim bo‘ladi. Aks holda muammoning ildiziga yetmasdan, uni yuzaki bartaraf etish bilangina cheklanaveramiz. Ayniqsa, biz, deputatlar bu masalada yangicha fikrlashimiz, masalaga yangicha yondashishimiz lozim. Bir faylasuf aytganidek, odamlarga baliq berish kerak emas, ularga «baliq tutishni» o‘rgatishga intilishimiz zarur.

 

Mirzohid XIDIROV,xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari, tuman partiya kengashi raisi:

      Toshkent shahrida tuman Kengashlari tashkil etilgani naqadar to‘g‘ri ish bo‘lganiga faoliyatimiz mobaynida amin bo‘lmoqdamiz. Tuman Kengashidagi partiyamiz guruhi alkogol mahsulotlarini quyib sotish shoxobchalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha sessiyaga masala olib chiqdi. Taklif sessiyada ma’qullandi va tegishli qaror chiqarildi. Tuman soliq idorasi va ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda hududimdagi uchta ana shunday shoxobchani yoptirdik. Bu jinoyatchilikning oldini olishda, muhitni sog‘lomlashtirishda katta qadam bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Shuningdek, tumanimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilgan sharoitlarni o‘rgandik. O‘rganishlar jarayonida qator davlat idoralarida, dorixonalar va poliklinikalarda panduslar o‘rnatilmagani, borlari ham talab darajasida emasligi aniqlandi. Ishchi guruh tuzildi. Doimiy komissiya yig‘ilishi o‘tkazilib, sessiyaga kiritishga tayyorlandi. 196 dorixona va ijtimoiy ob’ektlarda panduslar belgilangan qoidalariga ko‘ra, bir oy muddatda o‘rnatilishini ta’minlashni maqsad qilganmiz. Natijada elektoratimizni bir necha yillardan buyon o‘ylantirayotgan masala o‘z yechimini topadi.

Toshkent shahri va respublikamizning turli hududlarida katta miqyosda obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Sergeli tumanida ham arzonlashtirilgan uy-joylarning qurilishi jadallik bilan bormoqda. Bunday uy-joylarga egalik qilish uchun tegishli komissiyaga ariza topshirish talab etiladi. Komissiya qaroriga ko‘ra, uyga egalik qilish mumkin bo‘ladi. Aholi vakillaridan komissiya faoliyatida shaffoflik ta’minlanmayotgani borasida murojaatlar bo‘ldi. Partiya guruhimiz tashabbusi bilan tuman hokimligiga murojaat qildik. Partiyamizdan saylangan deputatlar uy-joy komissiyasida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishiga ruxsat so‘radik. Taklifimizni tuman hokimi qo‘llab-quvvatladi. Shundan buyon barcha komissiya ishida kuzatuvchi bo‘lib qatnashyapmiz.

Ochig‘ini aytish kerakki, komissiyada aholi sharoitini to‘liq o‘rganish imkoni mavjud emasligini bildik. Mazkur masalada taklifimizni berdik. Unga ko‘ra, murojaatchining oilaviy sharoitini o‘rganishda hududdan saylangan deputat yordam beradigan bo‘ldi.

Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, oilaviy poliklinikalardagi ijtimoiy holatni o‘rgandik. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan takliflar ishlab chiqildi va tegishli tashkilotlarga yuborildi.

Bizning tumanimizda ham shirkatlar masalasida ko‘p shikoyat bo‘ladi. Shunday shikoyatlarning birida uyning tom qismini ta’mirlash masalasida yordam berishimizni so‘rashgan. Muammo bir necha yildan beri hal bo‘lmayotganini ma’lum qilishgan. Shunga ko‘ra, «Fidoyi yoshlar» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga deputatlik so‘rovi bilan chiqdim. O‘n kun ichida shirkatning yillik dasturini oldim. Ta’mirlash ishlari yillik dasturga kiritilmaganini aniqladik. Bank xodimlari bilan maslahatlashdik. Ular shirkat ta’mirni yillik dasturga kiritsa, kredit ajratishlarini aytishdi. Masala ijobiy hal etildi.

Ilgari Toshkent shahar Kengashi deputatlariga 8-9 mahalla biriktirib berilgandi. Tuman deputati esa ikki mahalla hududida faoliyat olib bormoqda. Bu deputat bilan aholini yaqinlashtirdi. Muammolarni chuqurroq o‘rganishga sharoit yaratib berdi. Ikkinchi tomondan aholining huquqiy ongini oshirishga ham katta yordam beryapti. Masalan, yangi chiqayotgan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyati bilan aholini tanishtirib boryapmiz. Odamlar manfaatdorliklarini his etib, o‘zlari izlanishni boshlashyapti. Bu eng asosiy yutuqlarimizdan biri, deb o‘ylayman.

Deputat so‘rovlariga doim ham munosabat yaxshi emas. Biz so‘rovlarga belgilangan muddatda javob berilmagan taqdirda, qonunda belgilangan javobgarlik qo‘llanishiga harakat qilishimiz kerak. Bir bor deputatlik so‘roviga bepisandlik oqibati qanday bo‘lishini ko‘rsatsak, qolganlar shunga qarab munosabatda bo‘ladi.

 

Avaz KARIMOV, Mirobod tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari, «MEGAMAXTOUR» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori:

— Abdulla Avloniy mahallasidan deputat etib saylanganman. Mahalladagi 39 ta ko‘p qavatli uyda 6120 nafar aholi istiqomat qiladi. Shularning 5300 tasi saylovchilar. Saylanganimdan so‘ng dastlab ishimni tumanimizning demografik, geografik tuzilishi qandayligini, aholining turmush sharoitini o‘rganishdan boshladim. Shu orqali muammolarni aniq tasavvur qilish mumkin. Bugungi kunda tumanimizda 130 ming aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, demak, ularning shunga yarasha fikri, taklifi, muammolari bor.

Haftada bir marta mahalla idorasida saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganib, yechimini topishga harakat qilamiz. Ba’zi bir masalalar borki, hal qilishda bir qator mutasaddi rahbarlar va tashkilotlar yordamiga muhtoj bo‘lamiz.

Prezidentimiz farmoni bilan har bir tuman 4 sektorga bo‘lingan, Abdulla Avloniy mahallasi 2-prokuror sektoriga qaraydi. Ushbu sektorda turli partiyalardan 7 nafar deputat faoliyat yuritadi. Haftaning har shanba kuni mahalla ahli, jamoatchilik bilan uchrashuv o‘tkazib, muammolarni rahbarlar bilan birgalikda hal qilamiz. Aytmoqchimanki, davlat organlari va turli tashkilotlar bilan deputatlar orasidagi uzviy bog‘liqlik o‘z samarasini bermoqda.

«Sharq telekom» kompaniyasi bilan hamkorlikda mahallamizdagi 39 ta ko‘p qavatli uyda yashayotgan aholini WiFi internet tizimi bilan ta’minlash ishlarini olib boryapmiz. Bugungi kunga qadar 18 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolar internet tarmog‘iga ulandi.

Hozir bir katta loyiha ustida ishlayapmiz. Xorijdan turizm va agrar soha bo‘yicha katta miqdorda investitsiyalar kiritilyapti. Nasib bo‘lsa, kelgusi yillarda bu loyihamiz o‘z mevasini bera boshlaydi.

Yuqorida deputat muammolarni tizimli hal qilishi kerakligi haqida fikrlar bildirildi. MENDA BIR TAKLIF BOR. Bugungi kunda saylovchilarimizni qiynaydigan katta masalalardan biri tibbiy sug‘urta bo‘lib turibdi. Misol sifatida ko‘rsatadigan bo‘lsam, ma’lum bir fuqaro bir yilda davolanish va dori-darmonga 3-4 million so‘m mablag‘ sarflashi mumkin. Tibbiy sug‘urtaga esa bir yilda to‘lanadigan pul nari borsa 300-400 ming so‘mni tashkil qiladi. Aholi yoshiga qarab sug‘urta turlari bor. Mamlakatimizda shu tizimni yo‘lga qo‘yish haqida jiddiy o‘ylab ko‘radigan vaqt keldi, deb o‘ylayman.

Agar shunga erishilsa, aholining tibbiy xizmatdan foydalanish sifati yaxshilangan bo‘lardi.

 

Zebixon ZIYAMUHAMEDOVA, xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, 172-maktab direktori:

— Ish faoliyatimni boshlaganimdan so‘ng saylovchilarimizning muammolarini, ularning turmushidagi kamchiliklarini o‘rganib, rahbarlarga yetkazish va hal qilishni asosiy maqsad qilib oldim. O‘zimga biriktirilgan «Meros» mahallasining har bir xonadoniga kirib, odamlar shart-sharoitini o‘rganib chiqdim. «Obod qishloq» dasturi doirasida Jizzax viloyatida «Manas» qishlog‘idagi bunyodkorlik ishlariga ham, ozgina bo‘lsa-da, o‘z hissamni qo‘shdim. Borganim yaxshi bo‘lgan ekan, o‘zimning mahallamni obod qilish uchun katta tajriba oldim.

«Meros» mahallasidagi kam ta’minlangan oilalarni, nogironligi bor bolalarni ro‘yxatga oldim. Har ikki haftada partiyamiz a’zolari bilan birgalikda fuqarolarimiz bilan uchrashib, kimda nima kamchilik bo‘lsa, ularni hal qilishga harakat qilyapmiz. Xususan, ba’zi bir fuqarolarimizga noto‘g‘ri belgilangan nafaqalar miqdorini to‘g‘riladik, kam ta’minlangan oilalarimiz farzandlarini kitoblar bilan ta’minladik, tuman prokuraturasi bilan birgalikda mahallamizdagi tarbiyasi og‘ir bolalar ota-onalariga tushuntirish ishlarini olib bordik.

Bandlik masalasida bir qancha fuqarolarimizga yordam berishga intildik. Lekin bir-ikki kishini ishga joylab qo‘ydik, deyish bilan muammo hal bo‘lib qolmasligini bilamiz. Bu masala bo‘yicha har bir deputat o‘z hududi sharoitidan kelib chiqib, hokimiyatga taklif kiritishi lozim.

Deputatlarning tajriba almashishi masalasiga kelsak, haqiqatan ham, bu borada amaliy mexanizm kerak. Lekin biz tajriba almashish deganda ko‘pincha ikki-uch kishi ma’ruzaxonlik qiladigan seminarlarni tushunamiz. Bu — noto‘g‘ri. Menimcha, shunday muhit yaratish kerakki, deputatlar bir-biri bilan erkin muloqot qila olsin. Shunda ularning so‘zi o‘tkirlashadi, ta’sir kuchi oshadi, deb o‘ylayman.

 

Ulug‘bek RAJABOV, Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, Mirzo Ulug‘bek texnologiya kasb-hunar kolleji direktori:

— Oliy Majlis va shahar Kengashlari deputatlari o‘rgana olmagan masalalarni aynan tumandan, mahalladan saylangan deputatlar chuqur bilishi mumkin. Chunki biz shu hududning ichida yashaymiz. Xonadonlarga ham biz kirib borishimiz kerak.

O‘rganishlarim natijasida bir xulosaga keldim. Huquqiy savodxonlik, islohotlardan xabardorlik darajasi ko‘ngildagidek emas. Ayniqsa, yoshlarimizning ko‘pchilik qismi mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlardan, chiqarilayotgan qaror va farmonlar mazmun-mohiyatidan chuqur xabardor emas. Buning natijasida ayrim tushunmovchilik va muammolarga duch kelinmoqda. Masalan, allaqachon huquqiy yechim topgan muammolar, yaratilgan imtiyozlardan bexabar kishilar bizdan yordam so‘rab murojaat qilishmoqda.

Shuning uchun uchrashuvlar o‘tkazganimizda davlatimiz rahbari tomonidan nima ishlar amalga oshirilmoqda, yoshlarga qanday imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilyapti, uy-joy masalalari bo‘yicha ijtimoiy kam ta’minlangan fuqarolarga qanday imkoniyatlar yaratilgan, bu masalalar bo‘yicha qayerga, qanday tartibda murojaat qilish kerakligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari amalga oshirilyapti.

«Sho‘rtepa» hamda «Sultonoy» mahallalarining 50 nafardan ortiq yoshlarini kollejimizda tashkil etilgan shohmot, tennis, futbol, dzyudo, stol tennisi, karate kabi bepul sport to‘garaklariga jalb qilganmiz.

Deputat sifatida ta’mirtalab yo‘llar ahvolini o‘rganib chiqdim. Muammolarni hokimiyat bilan birgalikda hal etishga harakat qilyapman. Tuman Kengashi deputatlari murojaatlariga hokimiyat idoralari e’tibor bilan qarayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Sessiyalar jarayonidagi savol-javob va munozaralarda bu sezilyapti. Deputat chuqur tahlilga tayanib fikr aytadigan, taklif beradigan bo‘lsa, albatta, uning ta’siri, mavqei bo‘ladi, deb o‘ylayman.

 

TAHRIRIYATDAN:

Davra suhbatida berilgan qisqa axborotlar va bildirilgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, poytaxtimizdagi tuman Kengashlari deputatlari o‘tgan qariyb yarim yil orasida elektorat muammolarini o‘rganib, ish rejalarini ishlab chiqishga, qator vazifalarni bajarishga ham ulgurishgan. Boshqacha aytganda, dastlabki tajribaga ega bo‘lishdi.

Hozircha ularni tushunish va kamchiliklarini kechirish mumkin. Ammo yil yakuniga borganda, saylovchilar oldida hisob berishga to‘g‘ri keladi. Odamlarni bezovta qilayotgan masalalar oz emasligini hisobga olsak, har bir deputat o‘ziga talabchanlikni har kuni oshirib borishi, g‘ayrat va jur’at bilan mehnat qilishi lozim bo‘ladi.

 

Davra suhbatini

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari

Mahliyo ALIQULOVA va Shahboz SAIDOV

yozib oldi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: