Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
12.06.2018

KOSONSOY SUHBATLARI

Buyuk allomalar yurti

Keyingi ikki yilda mamlakatimizda g‘ayrat va matonat bilan olib borilayotgan islohotlar natijasida xalqimizning armonlari, muammolari kamayib borayapti. Aholi bilan muloqotlar davlat va xalqni yakdil qilmoqda. Tuman, shaharlardagi idora, tashkilotlar rahbarlari xalqqa sodiq xizmat qilishdan boshqa haq yo‘l yo‘qligini chuqurroq anglab bormoqda.

 

Prezidentimiz 2018 yil 2-3 may kunlari Namangan viloyatiga tashrif chog‘ida Namangan — ko‘plab buyuk allomalarning beshigi bo‘lganiga alohida to‘xtaldi. Bu ko‘hna yurtda Maxdumi A’zam Kosoniy, Boborahim Mashrab, Fazliy Namangoniy, Nodim Namangoniy, Muhammadsharif So‘fizoda singari shoir va ma’rifatparvarlarga ehtirom bildirdi. Shu jumladan, Kosonsoy tumani ma’naviyati tarixidan ko‘p misollar keltirib, bu boylikning qadriga yetishga chaqirdi.

Darhaqiqat, Namangan ma’rifat o‘chog‘i bo‘lsa, Kosonsoy shu o‘choqni olovlatgan otashining eng yirik bo‘laklaridan biri. Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining ishchi guruhi Kosonsoy tumanida ijtimoiy-ma’naviy muhitni, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish yo‘llarini o‘rganish, ishlatilmayotgan resurslarni ishga solish, yangi yo‘nalishlarni joriy qilishning «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish maqsadida tumanga keldi.

...Kosonsoyni yayov kezsangiz, ajoyib manzaralarni ko‘rasiz. Sahardan eshiklar oldi supurilgan. Aksariyat odamlar kunni tonggi soat 3 dan boshlaydi. Ertalab soat 8:30 da ikki toifa odamlarni ko‘rasiz. Biri — davlat ishiga borayotgan kishilar, ikkinchisi — ishini bitirib, daladan qaytayotgan mamnun dehqonlar.

«Qozon-tovoq yuvuqsiz uydan baraka qochadi», degan qoida amalda. Mana shu emasmi, biz ommalashtirishni istayotgan, ajdodlardan qolgan, «ishlayotgan ma’naviyat», turmush, mehnat madaniyati?!

Biz Kosonsoyni kezib, ko‘p yaxshi odamlarni, kishini quvontiradigan yangiliklarni ko‘rdik. Asosiy maqsadimiz joylardagi muammolarni o‘rganish, ularning yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash edi.

 

MUAMMOLAR VA TAKLIFLAR

Tuman maktablaridan birining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nodir Yoqubov bilan suhbat qurdik. U «Mahallalarda yoshlar bilan ishlovchi yetakchi shtati tashkil etilsa, yaxshi bo‘lardi», dedi. Bu taklif tuman yoshlar ittifoqi bo‘limi, tuman mehnat bo‘limi tomonidan bajonidil qabul qilindi.

Maktab, kollejlarda tarbiyaviy ishlarni tashkil qilishda uslubiy muammolarga duch keldik. Bir yosh direktor o‘rinbosari ota-onalardan shikoyat qildi: «O‘quvchilar tarbiyasiga ba’zi onalar noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishayapti. Yaqinda bir oilaga borib, «O‘g‘lingiz yana formasini kiymay keldi. Nazorat qilsangiz bo‘lmaydimi?», desam, «Hoy ukam. Namuncha do‘q qilasiz? Siz avval ikki-uch bolani tug‘ib, tarbiyalab qo‘ying, keyin menga o‘rgating, deydi», deb nolidi.

Unga: «Uka. O‘quvchining o‘zi bilan qanday gaplashgan edingiz? Sinf rahbari, ota-onalar kengashi yo‘qmi? Agar siz rahbar bo‘lib, ularning ishini to‘g‘ri tashkil qilsangiz, ular o‘z vazifalarini to‘g‘ri bajarishardi. Siz bunday gapirmagan va izza bo‘lmagan bo‘lardingiz. Tarbiyani tizimli yo‘lga qo‘yib oling, uyma-uy sarson bo‘lib, besamar yurmaysiz. Tizim ishlaydi», deb uslubiy yordam berildi.

Imom xatib Ahmadxon Solihov: «Men bundan 10 yil muqaddam Makka, Madinaga ziyoratga borganimda kutubxonalarda «Kosoniy» taxallusi bilan yozilgan 200 nomdagi kitobni ko‘rdim.

Dunyoning eng nufuzli al Azhar universiteti rektori bilan suhbatlashdim. Gap orasida O‘zbekistonning Kosonsoyidan ekanligimni, u yerdan ko‘p allomalar chiqqanini aytdim. Shunda u «Kosoniy» so‘zini eshitgach, «Siz abu Bakr Kosoniy hazratlarining yurtidanmisiz?», deb, menga alohida hurmat ko‘rsatdi.

— Kosoniy hazratlarining «Al Badoiy Sanoiy» kitobi olamga mashhur. Bu kitob hadisdan keyingi eng mo‘tabar manba deb hisoblanadi. Yer yuzining imomlari hozir ham Kosoniyning shu kitobidan hukm chiqaradi, — dedi u.

— Ha, aytganday. U zot tug‘ilgan joyda bir sersuv soy bo‘lgan. Shu soy hozir ham oqayaptimi?, deb so‘radi mendan.

— Ha, oqayapti, dedim.

Al Azhar rahbari Kosoniy bobomiz ruhlariga duolar qildi. Men u kishining bobomiz, Kosonsoy haqida zavq bilan so‘zlashiga qarab, ham quvondim, ham ul zot haqida bilimlarimiz yo‘qligidan rosti, uyaldim.

Prezidentimiz Namanganda qilgan ma’ruzalarida bobomiz haqida alohida to‘xtaldilar. Shulardan kelib chiqib, Kosoniy bobomiz hayoti, ijodini yosh avlodlarimizga ibrat qilib, bir majmua bino qilinsa, ko‘p savobli ish bo‘lardi...

Yoshlar ittifoqi faoli M.Qosimova shunday taklifni bildirdi: Yurtimiz tarixiy xazinalar o‘lkasi. Mana, «Samarqand, Buxoro, Xiva, qaydasan?», deb yer yuzidan sayyohlar oqib kelayapti. Kosonsoyda ham shunday obidalar bo‘lgan. Ularning bo‘laklari saqlanib qolgan. Mana, yonginamizda Kushon davlatidan qolgan 2300 yillik yodgorlik — «Mug‘ qal’asi» turibdi. Bir vaqtlar bu yerda arxeologik qazishmalar boshlangan edi. Negadir to‘xtab qoldi. Bunaqa ochiq osmon ostida saqlanib qolgan inshoot, obidalarni ko‘rish har bir turistning orzusi. «Mug‘ qal’asi» turistik maskanga aylantirilsa, ham daromad keladi, ham yurtimiz yana bir tarixiy-madaniy qadriyatga boyiydi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

 Tuman markazidagi 2-maktab jamoasidan ham bir taklif tushdi: Kosonsoy tumanida Sa’diy Sheroziy shohko‘chasidan, Yangiqo‘rg‘on trassasidan har kuni minglab avtomashinalar o‘tadi. Serharakat ko‘chadan 2-maktab o‘quvchilari har kuni ikki marta kesib o‘tishadi. Falokatlar ham bo‘lgan. Shuning uchun ota-onalar bolalari maktabdan sog‘-salomat qaytguncha yurak hovuchlab turishadi. Hozir baraka topgur informatika o‘qituvchimiz har kuni ertalab, qo‘ng‘iroq chalingunicha qo‘lida videokamera tutib, yo‘l yoqasida turadi. Kamerani kelayotgan avtomobillariga qaratib, go‘yo ularni suratga olayotgandek, haydovchilarni sekinroq yurishga chorlab turadi. Bir iltimosimiz bor. 2-maktabga kirish joyida ko‘chaga svetofor o‘rnatilsa. Bu taklif ham «Yo‘l xaritasi»ga kiritildi.

Ma’lumki, Vatan tuyg‘usi, o‘zlikni anglash o‘z-o‘zidan amalga oshmaydi. Oshiriladi. Buning uchun o‘quvchilar dunyoqarashini yaqindan-uzoqqa, tanishdan-notanishga qarab kengaytirib borish kerak. Kosonsoyda tug‘ilib-o‘sgan, shu yerda yashayotgan va mamlakatimizning turli hududlarida fan, adabiyot, san’at, sport va boshqa sohalarda yutuqlarga erishib, hurmat qozongan kishi ko‘p. Ular bilan yillik jadval asosida jonli uchrashuvlar o‘tkazilsa ayni muddao bo‘lardi, degan takliflar olindi. Bu takliflarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.

Yana bir gap. Maktab rahbarlaridan biri «Maktablarda fan to‘garaklari samara bermayapti. Fan o‘qituvchilarimiz to‘garakni nomiga o‘tkazishayapti. To‘garaklarni pulli qilsak, yaxshi bo‘lardi», dedi.

Unga fan to‘garaklari mashg‘ulotlari o‘rnatilgan yuklama doirasida, jamoatchilik asosida o‘tkazilishi qonuniy asosga egaligi tushuntirildi. Ijro nazorati sifatini oshirish yo‘llari ko‘rsatildi. Tuman tashkilotlari, tuman ta’lim tizimi, maktablarni boshqaruv tizimi mas’ullari malakasi va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tavsiyalar berildi.

Kosonsoy tumanida 5ta klub bor, lekin ishlamayapti. Faollar ana shu klublarni ta’mirlab, ishga tushirishni so‘rashdi. Bu — xalq ma’naviy ehtiyojlarining ovozi edi. U eshitildi, dasturda o‘z o‘rnini topdi. Avvalo mana shu talabning o‘zi odamni quvontiradi. Amerikalik olim Abraham Maslou o‘zining dunyo tan olgan «Ehtiyojlar nazariyasi (need theory)»ni ishlab chiqqan. Bulardan 2 tasi — fiziologik, xavfsizlik ehtiyojlari. Qolgan 3 tasi ma’naviy, ya’ni ijtimoiy (muloqat, hamkorlik), e’tibor (hurmat-izzat, obro‘, e’tirof) va ma’naviy (bilish, o‘zini namoyon qilish, o‘zligini anglash)dir. Bugun xalqimizning ana shu ikkinchi — ma’naviy ehtiyojlari oshayotgani kuzatilmoqda. Bu o‘zgarish yangilanish mamlakatimizda bugun olib borilayotgan yangi siyosat qanchalik hayotiyligini yorqin tasdig‘idir.

 

AJRALISHLARNING SABABI

Ko‘tarilgan masalalar ichida oilaviy ajrimlar keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ikki yoshning yostig‘i nega ikki bo‘lakka bo‘linayapti? Kim bo‘layapti? Nima bo‘layapti? «Falonchining turmushi buzilibdi», degan gapni xalqimiz fojiali shum xabar deb bilgan. Chunki «ajralish» so‘zida mung, azob, armon bor. «Ajrashgan», degan so‘z sobiq er-xotinga, ularning ota-onalariga qora tamg‘a bosadi. Odamlar endi ularga bechora, baxtsiz odamlar, deb qarashadi. Biz «xarakterlari to‘g‘ri kelmay qolibdi», degan xabarni «hmm.... », deb loqayd qabul qila olmaymiz. Tashvish va hamdardlik bilan qabul qilamiz. Negaki, er-xotinni faqat o‘lim ajratishi mumkin, deb bilamiz.

Bugungi ajralishlarning «doyasi» — iqtisodiy yetishmovchiliklar emas. Ochlik ham, to‘qlik ham emas. Kecha to‘g‘ri kelib, bugun «to‘g‘ri kelmay qolgan», tufliga o‘xshagan xarakterlar ham emas. Sabab — berilmagan tarbiya. Yigit-qizni balog‘at yillaridan boshlab kelin-kuyovlikka, er-xotinlikka, ota-onalikka, qaynata-qaynonalikka har kuni, oz-ozdan, tayyorlab borilmaganida.

Indamasangiz, hamma narsani boylikka bog‘lashga urinishadi. «Boy kelin», «boy kuyov» degan buzg‘unchi, yaltiroq illat — ana shundan. Aslida shundaymi? Yo‘q. E’tibor bering: «boy» degan sifat «kelin»dan ham, «kuyov»dan ham oldinga o‘tib olgan. Demak, birinchi o‘rinda inson emas, matoh — boy(lik)ni ko‘rayapsiz. Inson — «kelin-kuyov» esa, ikkinchi o‘rinda turibdi. Odam matohga ilova bo‘lishi mumkinmi? Aslo! Unda nega INSONLAR (kuyov/kelin) boylikka ilova qilinmoqda(!?).

Yosh yigit-qiz bolalikdan ota-ona hisobidan boqimandalikka o‘rgatilgan bo‘lsa, bu avvalo ikki yoshning sho‘ri. Undan so‘ng, tarbiya o‘rniga pul tutgan quda(ota-ona)larning sho‘ri. Kelin-kuyov — er-xotin boylikni «qo‘sh ho‘kiz» bo‘lib, mehnat qilib topishi kerak. Boylikni birga yaratishning zavqu zahmati yosh er-xotinni bir tan-bir jon, qadrdon do‘st qiladi. Bir-birini avaylashga, qadrlashga o‘rgatadi. Bir-birini nafasidan, qarashidan, so‘zsiz tushunadigan, joni bir ikki odamga aylantiradi.

So‘zga chiqqanlar ajrimlarning oldini olishga qaratilgan ayrim tartiblarni takomillashtirish kerak, deyishdi. Masalan, FHDYoda imom bo‘lajak kelin-kuyovlar bilan suhbatlashishi joriy qilingan. Bu juda yaxshi ish bo‘ldi. Lekin imomlarning aytishicha, bu suhbatga juda kam vaqt ajratilgan. FHDYo ham, qudalar ham «tez bo‘ling, tez bo‘ling, kech qolayapmiz», deb eshikni ochib qarayverib, imom-xatiblarni shoshirishadi. Birov — ko‘z, birov — qosh, «o‘zbekchilik». Oqibatda kelin-kuyovga oila, mahr, eru xotin burchlari, huquqlarini tushuntirish suhbati nari borsa, 20 minut davom etmoqda. Imomlar ham «suhbatlashildi», deb qo‘l qo‘yib berishga majbur bo‘lishayapti. Imom-xatiblarimiz bu tartibni takomillashtirish taklifini bildirishdi.

Muammoning «ichiga kirib», ajralish sabablaridan yana birini «tutib oldik». Mahalla faollari uni maktab, kollejlarda o‘qitilayotgan «Oila psixologiyasi» fanini o‘qitishning samarasizligidan topishdi. Haq gap. Chunki dunyoda bunday fanlar hayotiy misol, faktlar tahlili — «keys-stadi» texnologiyasi asosida o‘qitilmoqda. «Oila psixologiyasi» fani esa shunday hayotiy misollardan bebahra. Hayotiy faktlarni tushuntirmayapti. Ko‘rsatmayapti. Ogohlantirmayapti. Oldini olishni o‘rgatmayapti. Chunki «tushuntirish», «ko‘rsatish», «o‘rgatish» — pedagogik ish. Shu sababli «Oila psixologiyasi» fanini «Oila madaniyati», degan nomda, integral fanga aylantirish vaqti keldi.

 

KITOBLAR SONI VA NARXI

Suhbatdoshlarimiz kitoblarning soni, turi ko‘payayotganidan mamnun. Ammo narxidan norozi. «Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan biz kitobxon millatga aylanayapmiz. Ilgari choynak-piyola, sochiq, glam sovg‘a qilinardi. Hozir sovg‘aga kitob olish urf bo‘layapti. Lekin kitoblarning narxi qimmat. Sovg‘aga arzirli, ko‘zga ko‘rinarli bitta kitob 20 mingdan 90 ming so‘mgacha turadi. Kitoblar narxining nega balandligi maxsus o‘rganib chiqilsa, yaxshi bo‘lardi», degan tilak ham bildirildi.

«Qorong‘i deb tundan nolish ham mumkin, bir sham yoqib, yo‘lni yoritish ham mumkin, degan edi Konfutsiy. Shunday qilib, «Yo‘l xaritasi»ga kiritilgan 53 muammodan bir qatori joyida hal bo‘ldi. Tuman markazida katta kutubxona qurilishi boshlab yuborildi. Tumandagi 70ta do‘konda kitob bo‘limlari ochildi. Endi har kuni kosonsoyliklarning ko‘zlari 70 joyda ularni kutayotgan kitoblarga tushadi. Kitoblar ularning e’tiborini jalb qiladi. O‘zini o‘zi reklama qiladi. Shuningdek, tumanda jinoyatchilikning oldini olish, tomorqadan unumli foydalanish, tumandagi 4-sonli musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarining maktablarga gastrollarini tashkil qilish, tuman markazida qurilayotgan Yoshlar markaziga Alovuddin Abul Bakr Kosoniy nomini berish, allomaning kitoblarini tarjima qilish, yoshlarda diniy-ma’rifiy bilimlarni shakllantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, bozorlar ma’naviy muhitini takomillashtirish, turli aksiyalar, muloqotlar o‘tkazish, qo‘llanmalar chop qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

 

XAYRLASHUV

Kosonsoydan chiqib, «Mug‘ qal’asi»dan o‘tib, to‘xtab, ortimizga qaradik. Tog‘lar va bog‘larga chulg‘angan, ma’rifat bilan ziyolangan Kosonsoy bilan, hamsuhbatlarimiz bilan g‘oyibona xayrlashdik. Hamrohimiz Tursun Murodga ilhom keldi. Kosonsoyga qarab, baland ovozda mana bu to‘rtlikni o‘qidi:

Bulbullar, gullarga oshno tutingan,

Har taraf gulbazm, muhtasham chorbog‘.

Dunyo peshtoqiga tojni kiydirgan,

Asli biz erurmiz, duosi ko‘p — tog‘!

Bu satrlar ertangi kunga ishonch va zavq bilan yashayotgan Kosonsoy ahliga bizning ehtiromimiz, dil izhorimiz bo‘lib qoladi.

 

Muhammadjon QURONOV,

Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari,

pedagogika fanlari doktori, professor.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: