Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 31 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 1 2
24.05.2018

Zarafshon shahri: KAMCHILIKLARNI BARTARAF ETISH BO‘YICHA SESSIYA QARORI QABUL QILINDI

Zarafshon shahrida 85 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi. Hududda 12 maktab, 15 maktabgacha ta’lim muassasasi, 13 mahalla fuqarolar yig‘ini, tibbiyot birlashmasi, 3 kollej va bir litsey mavjud. Bu Zarafshon shahri bilan bog‘liq umumiy ma’lumotlar.

Oliy Majlis Qonuchilik palatasi hamda Senati a’zolaridan iborat ishchi guruh yaqinda Zarafshon shahridagi haqiqiy ahvolni o‘rgandi.

Aholi xonadonlarida o‘tkazilgan suhbatlar, uchrashuvlar, ijtimoiy soha ob’ektlaridagi o‘rganishlar davomida 80 dan ortiq murojaat bo‘ldi. Ularning 20 dan ortig‘i tuman mutasaddilari ishtirokida ijobiy hal qilindi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan 12 masalani tuman, 8 tasini viloyat, 4 tasini respublika miqyosida hal etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar issiqlik ta’minoti uchun to‘lovlar qimmatligidan arz qildi. E’tirozlar mutaxassislar ishtirokida o‘rganib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Zarafshon shahrida issiqlik ta’minoti uchun to‘lovlar Navoiy shahri bilan taqqoslanganda, ikki barobar yuqori ekan. Zarafshonda turar-joy maydonini isitish uchun sarflanadigan energiya Navoiy shahriga nisbatan 2 barobar yuqori ekani bunga asos qilib ko‘rsatilmoqda. Barcha ma’lumotlar asosida viloyat hokimligiga to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan xat kiritildi.

Shahar aholisiga tibbiyot birlashmasi va 3-sonli tibbiy-sanitariya qismi xizmat ko‘rsatadi. Shaharda tibbiyotdagi asosiy muammolardan biri shahar markaziy shifoxonasi yo‘qligi bilan izohlanadi. Shuning uchun tibbiy xizmat sifati qoniqarli darajada, deyish qiyin.

Shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tibbiyot xodimlari samarali faoliyat yuritishi uchun sharoit yetarli emas. Ikki-uch vrach bitta xonaga joylashtirilgan. Ginekologiya bo‘limida bir xonada 3 ta ko‘rik stoli mavjud.

Pensionerlar yilda bir marta chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Lekin markaziy poliklinika mutaxassislari bunday ko‘rik o‘tkazmagan.

O‘n ikki nafar tor soha mutaxassisi haftada 5 kun tuman mudofaa ishlari bo‘limiga borib chaqiriluvchilarni va o‘smirlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi rejalashtirilgan. Ushbu jarayon aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Hududda joriy yilda 2456 ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi chorakda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hisobiga 45 yangi ish joyi tashkil etilgan. 3 oy davomida 230 ta yakka tartibdagi tadbirkor ro‘yxatdan o‘tgan. Shahar hokimining qaroriga asosan korxona va tashkilotlarda 510 ta kvotalangan ish o‘rni belgilangan bo‘lib, birinchi chorak davomida 47 nafar fuqaroga yo‘llanmalar berilgan.

Hukumat qarori asosida o‘tgan 3 oy davomida 470 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan. Bugungi kunda bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 650 nafar ishsiz fuqaro ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 510 nafari xotin-qizlar.

Shahardagi 4-sektor faoliyati o‘rganilganda, qator e’tiborsizliklar aniqlangan. Xususan, imtiyozli kredit olish istagi bo‘lgan 37 nafar fuqaroga sektor rahbari va mahalla raislari tomonidan tavsiyanomalar berilgan. Tijorat banklari xodimlarining mas’uliyatsizligi tufayli bor-yo‘g‘i 3-4 nafar odamga imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida o‘rganilgan va yuqorida qayd etilgan holatlar mutasaddi rahbarlar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Sessiya ishtirokchilari parlament vakillari tayyorlagan tahliliy-tanqidiy axborot bilan tanishdi.

Ta’kidlanganidek, shaharda keng ko‘lamli ishlar olib borilgan. Bu aholining kundalik hayotida o‘z natijalarini bermoqda. Lekin yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar hamda e’tiborsizliklardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Sog‘liqni saqlash, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, uy-joy kommunal va transport xizmati bilan bog‘liq dolzarb masalalar to‘planib qolgani qayd etildi. Ta’lim, obodonlashtirish, pul-kredit sohasida yechimini kutayotgan muammolar ham oz emas.

— Shahardagi jami 3-7 yoshli 5836 nafar bolaning 4761 nafari yoki 82 foizi maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Aksaule Tumishova. — Bolalar bog‘chalarining 13 tasi zamonaviy, 2 tasi moslashtirilgan binolarda joylashgan. 13 muassasa markaziy isitish tizimiga ulangan, 2 tasi ko‘mir bilan isitiladi.

Aholidan bo‘layotgan murojaatlarning aksariyati uy-joy bilan ta’minlash masalasi bilan bog‘liq. Bugungi kunda shaharda 1500 dan ortiq oila uy-joyga muhtoj sifatida navbatda turibdi. Fuqarolarning taklif va ehtiyojlaridan kelib chiqib, hudud viloyat markazidan 200 kilometr masofada joylashgani hisobga olinib, shahar hududida ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylar qurish zaruriyati mavjud.

Tomorqa yerlarni sug‘orish masalasida qator murojaatlar bo‘ldi. Sug‘orish uchun ajratilgan suv me’yorining yetishmasligi aytildi. Shahar hududini sug‘orish uchun 2014 yilning aprel oyida 130.14 metr kub suv ajratilgan bo‘lsa, shahar hududining kengayishi hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarining oshishiga qaramasdan, bugungi kunga kelib suv miqdori o‘rtacha 50 metr kubga kamaygan.

Sessiyada Oliy Majlis Konunchilik palatasi deputatlari so‘zga chiqdi. O‘rganilgan masalalarni hal etishda bor imkoniyatni ishga solish, qo‘shimcha choralar o‘ylab topish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash kerakligi qayd etildi.

Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika faoliyatini kengaytirish choralarini ko‘rish, korxona va tashkilotlar xodimlari, maktab o‘quvchilarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimini qayta ko‘rib chiqib, tegishli muddatda reja-jadval tuzish va uni amalga oshirish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish belgilandi. Fertil yoshidagi ayollar, nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib borish vazifalari topshirildi.

Sessiyada ko‘tarilgan har bir masala bo‘yicha «yo‘l xaritasi» asosida tizimli choralar ko‘rilishi belgilandi. Barcha mas’ul tashkilot va idora vakillariga tegishli vazifalar yuklatildi.

Xalq deputatlari shahar Kengashining doimiy komissiyalari qaror ijrosini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan mutasaddi tashkilotlarning hisobotlarini eshitib borishi ko‘rsatilgan. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan tegishli intizomiy choralar qo‘llash yoki vazifasiga loyiqlik masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha shahar Kengashiga takliflar kiritib boriladi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA tayyorladi.



DB query error.
Please try later.