Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
22.05.2018

MATONAT, IRODA VA VATANPARVARLIK G‘ALABASI

Rossiyaning Moskva shahrida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan I jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi g‘olib chiqib, dunyoni lol qoldirdi. Darhaqiqat, qanchadan-qancha katta davlatlar vakillari turganida O‘zbekiston futbolchilari finalga chiqib, g‘olib bo‘lishi hech kimning xayoliga kelmagan bo‘lsa kerak. Buning ustiga, mezbon — Rossiya terma jamoasi ham chempionlikka asosiy da’vogarlardan edi. Ammo o‘zbekistonlik bolalar barcha raqiblarini yengib, bosh sovrinni yurtimizga olib kelishdi. Bu g‘alabaga yuksak mahorat va katta iroda ko‘rsatishgani, chinakam vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etishgani tufayli erishildi, deb o‘ylaymiz.

Jahon chempionatida 16.5 yoshgacha bo‘lgan bolalar qatnashadi. Shu kungacha ular o‘rtasida har yili xalqaro turnir o‘tkazib kelinayotgan edi. Bu yil esa birinchi marotaba jahon chempionati tashkil etildi. Bundan buyon milliy terma jamoalar o‘rtasida jahon chempionati qaysi mamlakatda bo‘lsa, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi jahon chempionati ham o‘sha yerda bo‘ladi. Joriy yildan boshlab, chempionat har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi.

Jamshid Asadov Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan terma jamoamiz murabbiyi:

— Men Toshkent shahridagi 23-Mehribonlik uyida futbol murabbiysi bo‘lib ishlayman. O‘tgan yili yozda internet saytida 2018 yil may oyida jaxon chempionatining o‘tkazilishi haqidagi xabarni o‘qib qoldim. «Sen yolg’iz emassan» respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasiga murojaat qilib, chempionatda qatnashmoqchiligimizni bildirdik. O‘tgan yilning noyabr oyida mehribonlik uylari o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika turnirida terma jamoa uchun munosib nomzodlarni tanlab oldim. Jamoaga Bo‘ka tumanidagi 15-Mehribonlik uyidan 3 nafar, Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyidan 1 nafar va Toshkent shahridagi 23-Mehribonlik uyidan 5 nafar futbolchi saralandi.

Mart oyining boshida jahon chempionati boshlanishiga bir oy qolganida taklifnoma oldik. Jahon chempionati nafaqat bolalar uchun balki men uchun ham katta yangilik edi. Bu borada tajribam yo‘q edi. Har safar shogirdlarimga, bilaman, mashg‘ulotlar og‘ir bo‘lyapti, qiynalyapsizlar, lekin shunday qilmasak, ertaga musobaqada kuchimiz yetmay qoladi, deb uqtirdim. Afrika, Yevropa, Amerika jamoalarini jismoniy kuchi va texnikasi juda yuqori. Ular bilan o‘ynashimiz uchun har jihatdan tayyor bo‘lishimiz, har qanday sharoitga ko‘nikib ketadigan bo‘lishimiz kerak, deb bolalarning ruhiy va jismoniy tayyorgarligini kuchaytirib bordim. O‘zbekiston terma jamoasi nima degani, uning ortida 33 million O‘zbekiston xalqi turganini bolalar ongiga singdirdim.

Futbolchilarimiz mashg‘ulotlarda jipslashib, bir oilaga aylandi. Ular bilan 23-Mehribonlik uyida bir oy yashadik, tayyorlandik. O‘ylaymanki, eng katta yutug‘imiz bir oila bo‘lib jipslashganimizda bo‘ldi.

Chempionat nizomi haqida to‘xtalsangiz?

— Musobaqada qatnashish uchun 9 nafar — 1 darvozabon, 8 futbolchi olib borishga ruxsat berilgan. Maydonda 7 kishi o‘ynaydi, 2 kishi zaxirada qoladi. 15 minutdan 2 taym.

Turnirga 3 kun qolganda jamoamiz sardori Edgar Shamshiyev jarohat oldi. U davolanishi uchun kamida ikki hafta kerak edi. Moskvaga 8 nafar futbolchi bilan yo‘l oldik. Lekin bolalar Edgar bilan xabarlashib turishdi. Edgar ham har kuni telefonda ovozli xabarlar jo‘natib, do‘stlariga bo‘sh kelmanglar, deb madad berib turdi. Bolalarga endi Edgar uchun ham o‘ynaysizlar, uning yo‘qligini hech kimga bildirishimiz kerak emas, dedim.

— Chempionatning ochilish marosimi, qur’a tashlash marosimi qanday o‘tdi?

— Musobaqaning ochilish marosimi juda chiroyli o‘tdi. Rossiya sport vazirligi, Futbol federatsiyasi, Rossiya futbol yulduzlari, milliy terma jamoa murabbiyi, san’at yulduzlari ishtirok etdi. Tashkilotchilarga qoyil qoldim, katta jamoalar uchun qanday sharoit yaratib berilgan bo‘lsa bizga ham xuddi shunday e’tibor berildi.

Ochilish marosimidan so‘ng musobaqaga qur’a tashlandi. Unda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi qatnashdi. Pokiston va Rossiya bilan bir guruhdan joy oldik. Ko‘pchilik bu guruhni «o‘lim guruhi», deb aytishdi. Nimaga desam, o‘tgan yilgi turnirda Rossiya bilan Pokiston finalda o‘ynagan. Pokiston finalda Rossiyani yutgan. Sizlar chempion va ikkinchi o‘rinni olgan jamoa bilan bir guruhdan joy oldingiz deyishdi. O‘shanda bir jurnalist «Sizlar musobaqada birinchi marta ishtirok etayapsizlar, birdaniga «o‘lim guruhi»ga tushdingiz, nima bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?»... Men unga «Biz bu musobaqaga chempion bo‘lish uchun keldik, bizga kim bilan o‘ynashning farqi yo‘q», dedim. Bolalarga esa bilib qo‘yinglar, agar biz «o‘lim guruhi»dan chiqsak, chempion bo‘lamiz, dedim. Chempionat oxirida o‘sha jurnalist bilan uchrashdik, nima deganim esingdami, dedim. U kuldi, tabrikladi.

— Endi o‘yinlar tafsiloti haqida kengroq hikoya qilsangiz?

— Birinchi o‘yin Pokiston bilan bo‘ldi. Bu jamoaning futbolchilari birinchidan, gavdali, baquvvat, ikkinchidan, juda ham qo‘pol o‘ynar ekan. Birinchi o‘yin juda og‘ir o‘tdi, to‘rt nafar futbolchimiz jarohat oldi. Ikki nafar shogirdim jarohatga chidab o‘ynadi. Toshkentda har doim «Bolalar vaqti keladi, jarohat bilan ham o‘ynaymiz, g‘olib bo‘lish uchun chidashimiz kerak», deb aytardim.

Hujumchimiz Ruslan Kotovning oyog‘iga juda qattiq tepishdi. Oyog‘i sindi, deb o‘yladim. Bitta kammiz, zaxira o‘yinchimiz yo‘q. Uni tekshirish uchun tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketishdi. Ey xudo, shu bola o‘ynamasa ham sog‘ bo‘lsin, deb turdim. Pokiston rostdan kuchli jamoa ekan. O‘yinda hisob ochilmadi. Ularni yigitlarimiz maydon markazida to‘xtatishga harakat qilishdi. Darvozamizga yaqinlashtirmadik. Agar ular jarima maydonimizga yaqinlashsa, gol urishadi, kuchli o‘yinchilari bor. Birinchi taymdan keyin ular asabiylashib, qo‘pol o‘yinga o‘tib ketishdi. Bolalarimiz kayfiyati jangovor edi. Ularning ko‘zida qo‘rquv yo‘q edi.

Guruh bosqichi bir kunda bo‘lib o‘tdi. Ruslan shifoxonadan qaytib kelib, ikkinchi o‘yinda maydonga tushdi. Rossiya bilan bo‘lgan o‘yinning birinchi taymida biz hisobni ochdik. Ikkinchi bo‘limda yana gol kiritib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondik. Guruhda 2-o‘rinni oldik. Pokiston bitta ko‘p gol urgani hisobiga birinchi o‘rinni oldi.

Guruhdan chiqib, Nepal jamoasiga qarshi o‘ynadik. Mazkur jamoa o‘z guruhida birinchi o‘rinni olgan edi. O‘yinchilari jismoniy jihatdan juda kuchli ekan. Ikki nafar iqtidorli o‘yinchisi bor edi. To‘g‘risi, chempionat boshidan boshlab Nepaldan o‘tgunimizga qadar, ko‘pchilik bizni hozir chiqib ketadi, deb turishdi. O‘yin taktikamizni hech kim tushunmadi. Beshta o‘yinda 5 xil taktika bilan o‘ynadik. Chunki har bir jamoa kuchli, o‘yin uslubi turlicha edi. Ularning har biriga alohida taktikani qo‘lladik.

Nepal jamoasi bilan uchrashuvda bolalar jonini berib yugurdi. Biz hisobni ochdik, ular tenglashtirdi. O‘yin tugashiga 1 minut qolganda himoyadan hujumga koptok oshirildi. Ruslan Kotov koptokni to‘xtatmasdan tepmoqchi edi, raqib himoyachi uning oyog‘iga tepti. Penalti berildi. Ruslan yana jarohat oldi. Uni maydondan ko‘tarib olib chiqib ketdim. Penaltiga qaramadim ham. Ruslan Karaxanyan penaltidan gol urdi, o‘yin tugadi. Bolalarimiz xursandligi ichiga sig‘mayapti. Ruslan oyog‘idagi jarohati bilan maydonda yugurib yuribdi. Barchamiz suratga tushib, «Mana bugun yutdik, yarim finalga chiqdik, g‘alabani senga bag‘ishlaymiz», deb Edgarga jo‘natdik.

Yarim finalda Burundi jamoasiga qarshi o‘ynadik. Bu jamoa Braziliyani 5:0 ga yutgan edi. Hujum chizig‘i qo‘rqinchli darajada kuchli. Bo‘ydor hujumchisi Braziliyaga 3 ta gol urgan edi. Bir o‘zi guruhda Braziliyani yutdi. Bu o‘yinni Belarus jamoasining murabbiyi bilan ko‘rdik, mazkur jamoa Burundiga 3:0 hisobida yutqazgan edi. Men mana shu o‘yinchini yopmasak yutqazamiz desam, u biz shu o‘yinchidan himoyalana olmadik, bizga ikkita gol urdi, lekin sizning bolalaringiz harakat qilsa uni ushlaydi, dedi. Burundi himoyadan hujumga juda tez o‘tadi. Ularning o‘yinini ko‘rgan odam professional futbolchi deb o‘ylaydi. Ikkita-uchta to‘p uzatish bilan hujumga o‘tib ketadi. O‘yindan oldin taktik ko‘rsatmalar berganimda bu kuchli o‘yinchiga Jahongir Ochilovni qo‘ydim. U bo‘yi past bo‘lsa ham chaqqon himoyachi. «Jahongir shu bola bilan birga yurasan, to‘xtata olasanmi uni desam, u «so‘z beraman, bu bolaga koptok tegmaydi», dedi. Jahongir so‘zida turdi. Birinchi taymdan keyin Burundining murabbiyi eng zo‘r hisoblangan shu o‘yinchini boshqasiga almashtirdi. O‘yin tugashiga 5 minut qolganda Ruslan Kotov juda chiroyli gol urdi. Shundan so‘ng Burundi bor kuchini hujumga tashladi. Ammo 14 yoshli darvozabonimiz chempionatning eng yosh darvozaboni mahorat ko‘rsatdi.

Finalga chiqqanimizda jurnalistlar intervyu olishga kelishdi, gapirolmay qoldim. Stadionda yiqildim, ko‘z yoshimni to‘xtatolmasdim. Hamma bolalar yig‘lashdi.

Menga ikkinchi finalchi Pokiston yoki Indoneziya bo‘ladi, deb aytishdi. Biz uchun finalga kim chiqishi ahamiyatsiz edi. Finalga Pokiston chiqdi.

— Chempionlikka bir qadam qolganda har qanday futbolchi hayajonini tiyib olishi qiyin bo‘ladi. Bu jarayon qanday o‘tdi?

— 15 may kuni bolalar dam olishdi. Kechqurun barchamiz yig‘ildik. «Lokomotiv», «Olmaliq» futzal klubi a’zolari, mashhur futbolchilarimiz Odil Ahmedov, Aziz Haydarov videoroliklar jo‘natib, bolalarga omad tilashgan edi. Kechqurun bolalarni yig‘ib bu tilaklarni ko‘rsatdim. Ayrimlarining ko‘ziga yosh qalqidi. «bolalar finalgacha keldik. Chempionlikka bir qadam qoldi. Shu qadamni qo‘ysak, biz jahon chempionimiz, biz tarixda qolamiz. Sizlar birinchi jahon chempioni bo‘lasizlar. Xalqimiz hozir sizlarni duo qilmoqda. Ishonchni oqlamaslikka haqqimiz yo‘q. 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimiz Osiyo chempioni bo‘lib kelganda, qanaqa chiroyli kutib olindi. Xalqimiz, Prezidentimiz qanday xursand bo‘ldi. Kelinglar, biz ham xalqimizni, Prezidentimizni xursand qilaylik, dedim. Bolalarning ko‘zlari yonganini ko‘rdim. Xudo xohlasa yutamiz deyishdi. Taktikani kelishdik, Pokiston bilan guruh bosqichidagi birinchi o‘yinda asosiy maqsad gol o‘tkazmaslik, qarshi hujumda o‘ynashga kelishgan edik. Ikkinchi o‘yinda hujumkor o‘yin ko‘rsatamiz, tez qarshi hujumga o‘tish bilan o‘ynaymiz, degan maqsadda bitta hujumchini maydonga tushurdik. Yuqori bosim bilan o‘ynab, qarshi hujumda hisobni birinchi bo‘lib ochdik. Ruslan Kotov yana jarohat oldi, uning og‘riqdan qichqirganini ko‘rib, yuragim ezilib ketdi... Qo‘limda ko‘tarib maydondan olib chiqdim, Shifokorlar unga yordam ko‘rsatayotgan edi. Uni maydonga tushirmaslikka qaror qildim. O‘yinni maydonda sharhlab turgan jurnalist «Ruslan, o‘zingni qanday sezyapsan, jarohating og‘ir emasmi?», deb so‘ragandi, «Men jamoamga yordam berish uchun maydonga tushaman» dedi. Shunda stadionga yig‘ilgan tomoshabinlar qarsak chalib uni olqishlashdi. Ruslan maydonga chiqdi, lekin og‘riq kuchli bo‘lganligi uchun ikki-uch minutdan keyin o‘zini almashtirishni so‘radi.

Raqiblarimiz juda qo‘pol o‘ynashdi, hakam 5-6 ta vaziyatda sariq kartochka ko‘rsatishi kerak edi... Raqiblarimiz ko‘rib turibdi bizda zaxira o‘yinchi yo‘q, ular tez-tez bolalarini almashtirib o‘yinni kuchaytirib, bosim o‘tkazishga harakat qildi. O‘yin tugashiga 5 minut qolganda, kuchimiz yetmay qoldi. Pokistonliklar hisobni tenglashtirishdi — 1:1.

Navbat penaltilar seriyasiga keldi. Shu yerda bir sirni aytsam, penalti tepish navbati Son Salimovga kelgan edi. Lekin u oldimga kelib, men qo‘rqyapman, tepa olmayman dedi. U to‘g‘risini aytib yaxshi qildi. Darvozabonimga tepasanmi dedim, u «Ha, tepaman», dedi. U ishonch bilan dadil gapirdi, ikkinchi marta so‘ramadim. Darvozabonimiz chiroyli gol urdi. Gol urgandan keyin chiroyli chapak chalib darvozaga borib o‘z o‘rnini egalladi. U oxirgi penaltini qaytarishini ko‘nglim sezib turardi. Shunday bo‘ldi ham, to‘pni oyoqlari orasidan ushlab olib, osmonga otib yubordi, koptok yerga tushguncha biz uning oldiga yetib bordik. Hamma bir-birini bag‘riga bosgan. Bolalar quvonchini tasvirlab berolmayman. Ular yig‘lashardi, men ham ularga qo‘shilib yig‘ladim. Belarus do‘stlarimiz O‘zbekiston bayroqlarini ko‘tarib, yugurib maydonga chiqishdi. Tashkilotchilar ham bizni olqishlashdi, Rossiya ayollar terma jamoasi murabbiyi yig‘lab kelib tabrikladi.

Samolyotda uyga qaytyapmiz, havo kemasi kapitani yo‘lovchilar oldiga chiqib, hurmatli yo‘lovchilar, sizlar bilan futbol bo‘yicha jahon chempionlari kelyapti, deb bizni tabrikladi. Xalqaro aeroportimizda bizni katta tantana bilan kutib olishdi...

Murabbiy bilan suhbatni shu yerda to‘xtatib, futbolchilarimiz taassurotlari bilan qiziqdik.

Toir Ergashboyev, Bo‘ka tumanidagi 15-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, chap qanot himoyachisi:

— Ustozimiz bizga ishondi, mana shu ishonch va puxta tayyorgarlik tufayli g‘alaba qozondik. Raqiblarimiz bizga e’tiborsiz qarashgan edi, lekin biz Vatanimiz sharafini himoya qilib, o‘zimizni tan oldirdik. Biz yangi o‘yinlarga yanada yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz, katta g‘alabalar hali oldinda, deb o‘ylaymiz.

Jahongir Ochilov, Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, markaziy himoyachi:

— Biz bir jamoa bo‘lib o‘ynadik, kimdir xato qilsa, boshqamiz uni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olgandik. Ishonch bilan o‘ynadik. Yutqazishga haqqimiz yo‘q edi.

... Darhaqiqat, ular yutqazishga haqqimiz yo‘q, deb o‘ylashdi. Ular butun O‘zbekiston, jumladan mehribonlik uylari bolalari, ustozlari o‘yinlarni kuzatib turganini his etishardi. G‘alaba juda kerakligini yaxshi bilishardi. Ana shu kuchli ishtiyoq, g‘urur, mustahkam iroda ularga g‘alaba keltirdi. Tabriklaymiz, rahmat aytamiz, ofarin, deymiz!

 

Shahboz SAIDOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: