17.05.2018

MILLIARDLAB SAMARASIZ XARAJATLAR...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi Hisob palatasining 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tingladi

O‘tgan yili Hisob palatasining huquq va vakolatlari kengaytirilib, hududlardagi faoliyati samarali tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilgan edi.

2017 yilda palataga yuklatilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirish va o‘rganishlar (audit) natijalari yuzasidan Prezidentga 66, Vazirlar Mahkamasiga 3 ma’lumotnoma va tahliliy materiallar kiritilgan. 2145 holatda 36,5 milliard so‘m va 7 million AQSh dollari noqonuniy va samarasiz xarajatlar, 38 holatda 268,3 milliard so‘mlik byudjet tizimidagi qo‘shimcha daromad summasi aniqlangan. 75 holatda me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish hamda tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va e’tirozlar bildirilgan. 3442 holatda amaliy yordam va ko‘rsatmalar berilgan. Hisobot davrida ma’lumotnoma hamda tahliliy materiallar natijasida 10 ta me’yoriy-huquqiy hujjat va bayonnomalar qabul qilingan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Davlat maslahatchisi tasdiqlagan ro‘yxat asosidagi ishchi guruhlar Hisob palatasi vakillari bilan birga sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar ijrosini ta’minlash hamda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida joylarda o‘rganishlar o‘tkazgan. Unga ko‘ra, qishloq oilaviy poliklinikalari hududida aholi uchun arzon va sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar sotuvini yo‘lga qo‘yadigan «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasining dorixonalarini joylashtirish hamda hududlarda tez tibbiy yordam shoxobchalarini tashkil etish ishlari qoniqarsiz darajada ekani ma’lum bo‘lgan. Birlamchi tibbiy muassasalarda umumiy amaliyot shifokorlari, tor mutaxassisliklar shtat birligi to‘ldirilmagani (vakant) ta’kidlandi.

Tez tibbiy yordam brigadalarining chaqiruvlar uchun dori-darmon vositalariga sarflanayotgan byudjet mablag‘lari o‘rganilganda bir martalik chaqiruv dori-darmon xarajati uchun ajratilayotgan mablag‘lar respublika hududlari bo‘yicha nomutanosibligi qayd etilgan. Sohaga ajratilayotgan mablag‘lar avvalgi yillarga nisbatan ko‘pligiga qaramay, onalik va bolalikni muhofaza qilish holatida sezilarli o‘zgarishlar yo‘qligi o‘rganilgan. Barcha ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda hukumatga yuborilgan.

Shuningdek, siyosiy partiyalar hisobiga moliyaviy hamda boshqa mablag‘larning to‘liq tushishi, ustav faoliyatini moliyalashtirishga byudjetdan ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishiga qaratilgan o‘rganishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Hisob palatasining ko‘rsatmalari asosida moliyaviy xato va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgani qayd etildi. Jumladan, tekshirish natijalarining samaradorligi va siyosiy partiyalar apparat xodimlarining salohiyati hamda malakasini yanada oshirish maqsadida seminarlar o‘tkazilgan.

Deputatlar tomonidan kommunal sohadagi tekshirishlar natijalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, «Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasi ishlab chiqarish birlashmasining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish tadbirlarida 516 milliard so‘mlik kamchiliklar aniqlangan. Bunga isitish mavsumiga to‘g‘ri kelmaydigan davrlarda issiq suv belgilangan me’yordan ortiq sarflanishiga yo‘l qo‘yilgani, markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan ko‘p qavatli xonadonlarga yetkazib berilgan issiqlik manbai uchun to‘lov yashash maydoniga nisbatan kam qilib belgilangani va yana qator masalalar sabab bo‘lgan.

Hisob palatasi joylarda 4 sektor rahbarlari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosiga asosiy e’tibor qaratgan. Aholi bilan muloqot uchun yaratilgan qulayliklar, muammolarni aniqlash va bartaraf etish choralari tizimli yo‘lga qo‘yilgani palata a’zolari diqqat markazida bo‘lgan.

Xususan, shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari tahlil qilingan. Dastur asosida belgilangan ta’mirlash-tiklash ishlarining to‘liq bajarilmagani, manzilli dasturdagi uylar tom qismini mukammal ta’mirlash, oldi va kirish yo‘laklarini ta’mirlash, temir eshik, kodli qulf o‘rnatish ishlari nihoyasiga yetkazilmagan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida uy-joy mulkdorlar shirkatlariga tijorat banklari tomonidan 4,8 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi ta’minlangan.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari muhokama jarayonida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Ularga Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Olimxon Rustamov javob berdi.

Savol:

— 2017 yilda amalga oshirilgan ishlar xususida Parlamentga taqdim etilayotgan ma’lumotlarni atroflicha o‘rganib, tahlil qilishimiz uchun fraksiyalar yig‘ilishi hamda yalpi majlis orasida juda kam vaqt qolmoqda. Axborotni mart, aprel oylarida eshitishning imkoni bormi?

Javob:

— Ikkita yangi yo‘nalish bo‘lgani uchun zimmamizda vazifalar juda ko‘p. 17 mingta topshiriq bor, ularning har biri bo‘yicha alohida ishlash kerak. 12 kishi vaqt hamda jismoniy jihatdan barcha ma’lumotlarni umumlashtirishga ulgurishi qiyin kechmoqda. Shuning uchun maxsus qaror asosida safimiz kengaytirilishi hamda qo‘shimcha vakolatlar berilishi rejalashtirilgan.

Savol:

— Hisob palatasi faoliyati bilan bog‘liq nizomga muvofiq xorijiy mamlakatlarning oliy moliyaviy organlari va ularning tuzilmalari bilan hamkorlik o‘rnatilishi belgilangan. Bu borada qanday amaliy ishlar olib borilmoqda?

Javob:

— Bu yil noyabr oyiga qadar Hisob palatasining faoliyati to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Loyihani tayyorlashda jahon standartlariga mos bo‘lgan me’yorlar kiritilishiga e’tibor qaratamiz. Shuning uchun ayni paytda xalqaro mutaxassislar, xususan, Jahon banki, KOICA tashkiloti bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Palatamiz vakillari Koreya davlatiga borib, tajriba orttirib kelmoqda. Avvalgi yillarda Yaponiyaning JICA tashkiloti bilan ham hamkorlik qilganmiz, mutaxassislar Yaponiyaga borib, u yerdagi tajribani o‘rganib kelishgan. O‘ylaymanki, bu chora-tadbirlar natijasida qonun loyihasini puxta tayyorlashga imkon yaratiladi.

Dunyodagi barcha Hisob palatalari assotsiatsiyasi — INTOCAI xalqaro tashkiloti yo‘nalishlariga qarab xalqaro hamkorlik ishlari olib boriladi. Ya’ni, hech qanday mablag‘ talab qilinmaydi. O‘zaro tajriba almashish, malaka oshirish vazifalari belgilangan. Joriy yilda ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish ko‘zda tutilmoqda. Shuning uchun assotsiatsiya talablariga javob beradigan me’yoriy-huquqiy hujjatga ega bo‘lishimiz kerak. Ana shunda hamkorlik masalalari o‘z-o‘zidan yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda bu ishlar kelishilgan holda, tor doirada olib borilmoqda.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.