Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
01.05.2018

BUGUNGI DIPLOMAT QANDAY BO‘LISHI KERAK?

Haydarali YUNUSOV, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti, Parij 1 Panteon-Sorbonna universitetining taklif etilgan professori, Oksford universitetining taklif etilgan tadqiqotchisi:

Biz — o‘zgarishlar davrining odamlarimiz. Jahonda va mamlakatimizda ro‘y berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga hamnafas avlod vakillarimiz. Bunday davrda yashashning o‘z mas’uliyati bor.

Mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida bo‘lgani kabi islohotlar epkini xalqaro aloqalar va tashqi siyosat sohasiga ham kirib kelmoqda.

Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 11 yanvar kuni o‘tkazilgan Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohadagi muammolar va ularning ildizlari teran tahlil qilindi, hamda istiqboldagi vazifalar belgilandi. Shuningdek, xalqaro aloqalar va tashqi siyosat sohasida mutaxassislar tayyorlash bilan bog‘liq masalaga ham alohida e’tibor qaratildi. Zotan, davlatlararo, mintaqaviy, va hatto, global miqyosdagi xalqaro aloqalarda, bu aloqalar qanchalik qamrovli va shiddatli bo‘lmasin inson omilining, ya’ni soha mutaxassislarining kasbiy tayyorgarligi va shaxsiy fazilatlari muhim omil bo‘lib qolaveradi.

Mamlakatimiz rahbarining ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosat va diplomatiyasi uchun mas’ul vazirlik faoliyatidagi muammolar bilan birgalikda bugungi kun va kelajak diplomatini tayyorlash sohasidagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Diplomat egallashi lozim bo‘lgan shaxsiy fazilatlar hamda kasbiy bilim va malakalar muxtasar sanab o‘tildi. O‘zbekistonning buguni va istiqboli uchun o‘ta muhim bo‘lgan tashqi siyosat va diplomatiya sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi mutaxassis — diplomat qanday bo‘lishi kerak degan savolga oydinlik kiritildi.

Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralari hamda yetuk kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari 2018 yilning 5 aprelida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmonida ham o‘z aksini topdi. Mazkur hujjatda, diplomat kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ularda yetuk shaxsiy va kasbiy fazilatlarni shakllantirish, har tomonlama moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, yetarli darajada ijtimoiy himoya qilish va munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident tomonidan diplomatning shaxsiy fazilatlari haqida fikr yuritilar ekan, ularning haqiqiy vatanparvar, o‘z xalqi va yurtining chin fidoyisi bo‘lishi lozimligi uqtirildi. Bu millat tarbiyasi va ma’naviyati bilan bog‘liq jiddiy masaladir. Shu ma’noda, o‘zbek xalqining boy tarixi, betakror madaniyati hamda mazkur madaniyat va qadriyatlarning lisoniy ifoda shakli bo‘lmish o‘zbek tilini mukammal bilmasdan turib milliy g‘ururni oziqlantirib bo‘lmaydi. O‘zbek tilini mukammal bilish degani bu — cheksiz lug‘aviy, uslubiy, fasohiy imkoniyatlarga ega Navoiy tilining ulkan salohiyatidan foydalana olish, yoza olish deganidir. Afsuski, hozirgi o‘zbek diplomatlarining, hattoki, elchilarning bu boradagi bilimlari yetarli emas.

E’tibor berish lozimki, xorijiy tillarni puxta egallash balki diplomatning kasbiy mahorati nishonasidir, biroq o‘z ona tilini mukammal bilishi uning aynan shaxsiy fazilati sifatida qaralishi lozim. Shunday shaxsiy fazilatlarga ega diplomatlardangina haqiqiy vatanparvarlikni kutsa bo‘ladi.

Diplomatlar egallashi lozim bo‘lgan yana bir fazilat — ularning xalqchil bo‘la olishlaridir. Xalqchillik xalqqa yaqin bo‘lish, uning dardi va tashvishlaridan xabardorlik bilan birgalikda koriga yarashni ham anglatadi. Xalqchillik, ayni paytda, o‘z xalqining barcha fazilatlarini, yashash va tafakkur tarzini tabiiy ravishda, o‘z holicha, o‘ziga va o‘zligiga singdirish demakdir.

O‘zbek xalqining mehmondo‘stlik, saxovatpeshalik, adolatparvarlik, bag‘rikenglik, istihola va shu kabi yuzlab bemisl fazilatlari borki, ular zamon va makon xilqatlarida o‘z e’tirofini allaqachon topib ulgurgan.

Eramizdan avvalgi asrlarda yashagan Geradot, Strabon, Deodor, Pompey Trog kabi tarixchilar tomonidan yaratilgan qadimgi yunon manbalarida «qadimiylikda misrliklarga qiyos» qilingan Markaziy Osiyo xalqlari «azaldan qudratli va shuhratli» xalqlar sifatida ta’riflangan. Al-Ma’sudiy, Al-Maqsudiy, Istahriy, ibn Xavqal kabi arab tarixchi va etnograflarining asarlarida Xuroson va Movoraunnahr xalqlariga shunday ta’rif beriladi: «Olloh ularga ochiqqo‘llik va oqko‘ngillikni bergan, ular o‘zlarining o‘tkir aqli va Qur’onni to‘g‘ri o‘qishlari bilan ajralib turadi».

Yevropalik sayyoh Herman Vamberi o‘zining «Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi» asarida o‘zbeklarni to‘g‘ri so‘z va samimiy xalq sifatida tavsiflaydi. O‘zbek xalqining shu kabi milliy xususiyatlari va fazilatlari bitilgan manbalar bisyor. Bu borada o‘zbek diplomatlarining yumushi yengil: ularning vazifasi o‘sha fazilatlarni o‘zlarida jo etishi va o‘zbek xalqining samimiyatini boshqa xalqlarga yetkazish, ta’bir joiz bo‘lsa, targ‘ibot qilishdangina iboratdir.

Diplomatlar egallashi lozim bo‘lgan kasbiy bilim va ko‘nikmalar haqida gap ketganda, albatta bugungi kun talablaridan kelib chiqish lozim. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jahon miqyosida raqobat, qarama-qarshilik, turli manfaatlar to‘qnashuvi, geosiyosiy ziddiyatlar tobora kuchayib bormoqda. Xalqaro munosabatlar tizimi rivojida yangi sifat bosqichi kuzatilmoqda. Bu xalqaro-institutsional tizimning takomillashishida, norma ijodkorlik jarayonidagi tub o‘zgarishlarda, xalqaro huquq manbalari tizimining kengayishida, xalqaro munosabatlar sub’ektlari sonining oshishida yaqqol aks etmoqda.

Asosiy vazifasi davlatlararo munosabatlarni ta’minlash vositasi deb qaraladigan diplomatiya endilikda, davlatlar, xalqlar va xalqaro tashkilotlarning xalqaro faoliyati, ularning o‘zaro, ayrim holatlarda jismoniy va yuridik shaxslar bilan aloqalarini tartibga soluvchi vosita sifatida ham gavdalana boshladi.

Fan-texnika sohasidagi misli ko‘rilmagan yutuqlar, uchuvchi va suzuvchi qurilmalarning yangi avlodi va qudratli intellektual salohiyatga ega mikrosxemalarning paydo bo‘lishi xalqaro munosabatlar tizimini murakkablashtirmoqda. Ayni paytda, xalqaro munosabatlarning intensivlashuvi negizida siyosiy jarayonlarning o‘zaro ichki aloqadorligi ham kuchayib bormoqda.

Avvallari Parijning birgina «aksa urishi» butun Yevropani «tumov»ga yetaklasa, hozirgi kunda uzoq Afrika yoki afg‘on qishlog‘ida chaqnagan uchqunning tutini jahonning eng yirik poytaxtlarida ko‘rinmoqda.

Bugungi kun diplomati xalqaro maydondagi muhitdan to‘laqonli xabardor bo‘lishi, xalqaro munosabatlarning rivojlanish tendensiyalari hamda jahon sahnidagi ko‘pqirrali siyosiy jarayonlar orasidagi ko‘z ilg‘amas aloqadorlikni payqay olishi va his eta bilishi talab etiladi. Diplomatlarning global o‘zgarishlar epkinining hamin qadar tebranishlariga ta’sirchanligi, o‘zgarishlar davri da’vatiga hozirjavobligi bugungi kun talabi sifatida gavdalanmoqda.

O‘zgarishlar girdobida qolgan dunyoda elchining o‘z mamlakati va xalqaro maydonda ro‘y berayotgan voqealardan boxabarligi va hozirjavobligi muhim kasbiy fazilat. Har qaysi zamonda tashqi siyosat ichki siyosatning mantiqiy davomi sifatida ko‘rilgan. O‘z navbatida, muayyan vaziyatlarda ichki siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda tashqi omillar ta’siri e’tiborga olinadi.

Elchi va har qanday darajadagi diplomat o‘z mamlakati ichidagi o‘zgarishlar, islohotlar va yangiliklardan xorijiy hamkorlarni xabardor etadigan — o‘zgarishlar davrining elchisi bo‘lmog‘i lozim.

Mamlakat ichkarisidagi o‘zgarishlarning xalqaro maydondagi evrilishlarga hamohangligi va uyg‘unligini ta’minlash bugungi diplomatiyaning strategik vazifasidir. Chunki zamon va u bilan birgalikda xalqaro vaziyat, xalqaro hamjamiyat va xalqaro aloqalar tabiati o‘zgarmoqda. 2017 yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga birinchi marta tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili F.Mogerini Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlari xususida gapirar ekan, o‘zgarishlar davri sherikchiligi g‘oyasini ilgari surdi.

Fan-texnologiyalar kuchayib borayotgan hozirgi paytda bugungi kun diplomati, shubhasiz, eng yangi axborot texnologiyalari vositalari bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi lozim. Chunki hozirgi kunda turli manfaatdor guruhlar o‘rtasidagi raqobat yo‘lagi o‘zgargan. Endilikda yangi virtual bozorlar hamda eng yangi ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish texnologiyalar uchun kurash eng keskin raqobat maydonini hosil qilmoqda.

Diplomat samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun o‘z tasarrufidagi barcha rasmiy vositalar bilan birgalikda xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan ham samarali foydalana bilishi lozim. O‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakatdagi eng nufuzli fan, san’at va madaniyat arboblari bilan muloqot o‘rnatishi, ilmiy doiralar va tadbirkorlar jamoasi bilan hamkorlik rishtalarini bog‘lay olishi darkor. Bu maqsadga erishish uchun mehnat qilishi, o‘zining bilim va saviyasi bilan tegishli davralarda hurmat, e’tibor va e’tirof qozonishi lozim.

Elchi, Frans Kafka tasvirlagan «kichkina tuynuk» orqali millionlar qalbini millionlar qalbiga tutashtirishi lozim. Insonlar qalbini, xalq qalbini avvalo uning madaniyati, adabiyoti va san’atiga, milliy qadriyatlariga harmat-ehtirom ko‘rsatish orqali zabt etish mumkin, xolos.

Nihoyat, bugungi kun diplomati ochiq, tezkor va tashabbuskor bo‘lishi lozim. Tashqi siyosatning haddan tashqari siyosiylashgani va mafkuraviylashgani «sovuq urush» davrining asoratidir. Har narsadan hadiksirash, xavfsirash va yovqarash buning asosiy alomatlari edi. Biz bu davrni o‘z boshimizdan kechirdik. Harakatsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Shunday ekan, eng kichik imkoniyatlar maylida ham harakatdan to‘xtamaslik lozimligini his etmog‘imiz kerak.

Buyuk natijalarga ba’zan kichik qadamlar bilan erishiladi. Shuning uchun har bir juz’iy holatga ham e’tiborliroq bo‘lishga mas’ulmiz. Jarayonlar qutqusida nafaqat tezkor qaror qabul qilish kerak, balki uning ijrosini ham izchil ta’minlash zarur. O‘z-o‘ziga talabchanlik va ichki mas’uliyat hissi orqaligini voqealar izmini bo‘ysindirish, undan oldinga o‘tib olish va uni «etaklash» mumkin.

Mamlakatimiz rahbari bu borada o‘zining xatti-harakati bilan barcha darajadagi diplomatlarimiz uchun namuna ko‘rsatmoqda. Tashqi siyosat va diplomatiya sohasida ulkan tajribaga ega, AQShning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen «Amerika ovozi» teleradiosi muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston Prezidentining shaxsi va faoliyatiga tavsif berar ekan, uning oldinga, suhbatdoshi tomon biroz intilib gapirishini ilg‘ab, Prezidentning samimiyligini olqishlagani tahsinga sazovor. Birinchi holat Prezidentning tashabbuskorligi, muloqotga ochiqligi, suhbatdoshga xayrixohligidan darak bersa, uning samimiyligi o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan buyuk fazilatni o‘z suhbatdoshiga yetkazish vazifasini o‘taydi.

Tashqi siyosat va diplomatiya davlatchilikning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir va shunday bo‘lib qolaveradi. Globallashuv jarayoni g‘oyat keng quloch yoygan hozirgi sharoitda, ayniqsa, tashqi aloqalarsiz yashab bo‘lmasligi qo‘shimcha isbot talab qilmaydi. Ulkan tabiiy va cheksiz aqliy salohiyat zaxiralariga ega O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati, ayniqsa, jahon madaniyati va iqtisodiyotiga yanada integratsiyalashuvi har qachongidan ham muhimdir. Bu borada dastlabki zalvorli qadamlar tashlandi.

2017 yilda 21 oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi. Kuni kecha O‘zbekiston navbatdagi 134-chi hamkor davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi.

Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar huzurida O‘zbekistonning ellikka yaqin diplomatik vakolatxonalari mavjud. Afsuski, ularning hammasi ham samarali faoliyat ko‘rsatmayotganligi Prezidentimiz tomonidan ham keskin tanqid qilindi. Bularning barchasi, albatta, kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq masalaga borib taqaladi.

Tashqi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar uchun mutaxassislar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tanqidiy o‘rganish asnosida mutlaqo yangi tizim yaratish va uni milliy merosimiz, ilg‘or xorijiy tajriba hamda diplomatiya fani va san’atining eng ilg‘or yutuqlari bilan muntazam oziqlantirib borish bugungi kun talabidir.

Davlatimiz rahbari milliy diplomatiyamiz tarixiga daxldor bir nechta noyob manbalar, mualliflar, dunyoga dong‘i ketgan tarixiy shaxslar — diplomat elchilarning nomlarini keltirdiki, aslida ularning soni bir nechta yuzlik va hatto, minglikni tashkil etadi.

Bugungi kun yoshlari, talabalarini, har qachongidan ko‘ra, vatanga va xalqimizga sadoqat ruhida tarbiyalashimiz kerak. Diplomatlar uchun vatanparvarlik va millatga fidoyilik eng muhim fazilat ekan, elchilar, birinchi navbatda, o‘z xalqining barcha xislat va fazilatlarini o‘zida jo etmog‘i, ruhiga singdirmog‘i lozim. Shuning uchun ham u elchi, ya’ni elu-xalqning vakilidir. O‘z xalqining tili, tarixi va madaniyatini bilmay turib, uning dardi va orzu-umidlarini o‘zida chuqur his etmay turib, afsuski, uni tamsil etib bo‘lmaydi. Tegishli oliy dargohlardagi ta’lim va tarbiya jarayoni mana shu maqsad yo‘lida tashkil etilmog‘i kerak.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: