Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
28.04.2018

TOSHLOQDAGI MUAMMOLAR O‘Z-O‘ZIDAN HAL BO‘LMAYDI

Xabaringiz bor, har oyning dastlabki 10 kuni davomida Oliy Majlis Senati hamda Qonunuchilik palatasi a’zolari joylarda aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazmoqda. Uchrashuvlar davomida aniqlanayotgan katta-kichik muammolarni qog‘ozga qayd etib qo‘yish emas, ularga amalda yechim topish dolzarb masaladir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolaridan iborat ishchi guruh Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi haqiqiy ahvolni o‘rgandi.

Tumanda 196,2 ming kishi 51 MFYda istiqomat qiladi. Jami 48 maktab, 20 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, bir shifoxona, 3 qishloq vrachlik punkti, 6 qishloq oilaviy poliklinikasi va 6 kollej mavjud.

2018 yil uchun ham mintaqaviy investitsiya dasturi shakllantirilgan va unga 17 ta loyiha kiritilgan, 11 milliard 293 million so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan (sanoat yo‘nalishida 6 ta, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 7 ta va qishloq ho‘jaligi yo‘nalishida 4 ta). Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari kreditlari hisobidan 5 milliard 730 million so‘m, loyiha tashabbuskorlari hisobidan 5 milliard 563 million so‘m miqdorida mablag‘ sarflanishi belgilangan. Ularni amalga oshirish hisobiga 143 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

O‘rganishlar davomida ishchi guruhi a’zolari 483 xonadonda bo‘lib, 330 masalani ro‘yxatga oldi. Ko‘tarilgan muammolar chuqur tahlil qilinib, ularning 136 tasi joyida hal etildi. 14 masalani viloyat, 6 tasini respublika darajasida hal etish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqildi.

50 ga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlandi, 100 ga yaqin fuqaroni ishga joylashtirish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan kelishib olindi.

Parlament vakillari tumandagi 28-umumta’lim maktabi faoliyati, uning holati bilan yaqindan tanishdi. Maktabda o‘quvchilarga berilayotgan ta’limning sifat darajasi hamda davomat tahlil qilindi. O‘qituvchi-pedagoglar bilan muloqotda ta’limni jahon andozalariga javob beradigan innovatsion texnologiyalar asosida rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Bu borada o‘qituvchilarning tajriba almashinuvi hamda amaliy mashg‘ulotlarni ko‘paytirish kerakligiga e’tibor qaratildi.

Tumandagi «Yakkavut» mahalla fuqarolar yig‘inida oilaviy ajrimlar hamda yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq masalalar tahlil qilindi. Hududdagi muammolar o‘rganildi. Ularning yechimi yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborishga kelishib olindi.

Parlament vakillari Yoshlar ittifoqi tuman bo‘limida ham bo‘lib, yaratilgan sharoit bilan yaqindan tanishdi. Muqim ish o‘rniga ega bo‘lmagan uyushmagan yoshlar bilan ko‘proq ishlash borasida takliflar bildirildi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish masalasi bugungi kunda juda dolzarbdir. Shunga muvofiq, tumandagi chorva va dehqon xo‘jaliklarida olib borilayotgan ishlar ham ishchi guruh a’zolari diqqat markazida bo‘ldi. Aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash darajasi tahlil qilindi.

Shundan so‘ng tumandagi «Sirlimachit» mahallasida joylashgan 8-umumta’lim maktabiga borildi. Mazkur maktab binosi hamda unga yaqin joylashgan 4-maktabgacha ta’lim muassasi binosi achinarli holga kelib qolgan. Har ikkala muassasa binosining devorlari zahlab, nuray boshlagan. Mahalla ahli hududdagi yaroqsiz holga kelib qolgan yer osti qudug‘i (skvajinasi) dan sizib chiqayotgan suv bunga asosiy sabab bo‘layotganini aytdi.

Tumandagi 19 va 44-umumta’lim maktablarida esa o‘quvchilar ovqatlanishi uchun sharoit mavjud emas. Oshxona deb foydalanilayotgan joy sanitar-gigiyena talablariga javob bermaydi. Tozalikka rioya etish, bola salomatligi uchun xavfsiz tarzda ovqat tayyorlash, iste’mol qilish masalasi zudlik bilan yechim talab etadi.

2018 yil uchun tumanda eksport rejasi 10 million 566,7 ming AQSh dollari, joriy yil birinchi choragi uchun esa reja 966,4 ming dollar miqdorida belgilangan. Amalda 771,5 ming dollarlik yoki belgilangan rejaning 79,8 foizi bajarilgan.

Sanoat mahsulotlari eksport qiluvchi «Merfen-Ko» MChJ (poyabzal ishlab chiqarish) 2018 yil 1 yanvardan chetdan keltiriladigan xom ashyoga belgilanadigan soliq to‘lovlari miqdori oshishi evaziga ishlab chiqarish mahsulotlari narxi deyarli 3 barobarga ortib ketgan.

Tibbiyot birlashmasi rahbarining xalq deputalari tuman Kengashi sessiyasida hisobot berish jadvali ishlab chiqilgan, lekin 2018 yilning birinchi choragi bo‘yicha hisoboti hali hanuz berilmagan.

2016-2017 yillar davomida 50835 nafar tug‘ish yoshidagi ayollarning 50502 nafari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ammo 333 nafari sababsiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan.

Tumandagi ichimlik suv tarmog‘i 243 kilometrni tashkil qilib, 141 kilometri ta’mirga muhtoj. Aholining markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganligi atigi 4 foizni tashkil etadi. 149 ichimlik suv quduqlaridan 34 tasi ta’mirtalab holatda.

Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida yuqoridagi holatlar va aniqlangan kamchiliklar tuman mutasaddi rahbarlari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Sessiya ishtirokchilari parlament vakillari tayyorlagan tahliliy-tanqidiy axborot bilan tanishdi.

Qayd etilganidek, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan. Lekin yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar hamda e’tiborsizliklardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Uy-joy kommunal va transport xizmati, yo‘l qurilishi bilan bog‘liq dolzarb masalalar to‘planib qolgani ta’kidlandi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, pul-kredit bilan bog‘liq yechimini kutayotgan muammolar ham oz emas.

— Tumanning markaziy ko‘chalaridagi yo‘nalishli, yo‘nalishsiz taksilar uchun to‘xtash joylari tashkil qilish mutasaddi rahbarlarning e’tiboridan chetda qolgan, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyaisi a’zosi No‘mon Akbarov. — Har kim istalgan joyga avtomashinalarini qo‘yib ketishi tartibsizliklarni yuzaga keltirmoqda.

Bundan tashqari, tumandagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarida yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Ko‘p qavatli uylarning tom qismi, yo‘laklar ta’mirtalab holga kelib qolgan. Yerto‘lalarni chiqindilardan tozalash ishlari ham ko‘ngildagidek emas. Ko‘p qavatli uylarning fasad qismi o‘tgan asrni yodingizga soladi. Ularni zamonaviy ko‘rinishga keltirish uchun katta mablag‘ talab etiladi.

Istiqlol mahallasining «Yuksalish» ko‘chasida yashovchi Muhammad Sodiq Tursunaliyev va Ilhomjon Rahmatjonov davolanishga muhtoj. Ularning qarovchisi bo‘lgan onalariga esa nafaqa tayinlanmagan. Bu masalada sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari e’tiborliroq bo‘lishi talab etiladi.

Sessiyada Oliy Majlis Konunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, parlament ishchi guruhi rahbari Hotamjon Ketmonov qatnashdi va so‘zga chiqdi. Muammolarni hal etish uchun imkoniyatlar qidirib topish va hamjihatlikda harakat qilish zarurligi ta’kidlandi.

Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tuman «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish belgilandi. Tuman hokimi o‘rinbosarlariga mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikda qator vazifalar yuklatildi.

Unda tumanga viloyat mahalliy byudjetidan ajratiladigan subvensiya miqdorini kamaytirish borasida tegishli choralar ko‘rish nazarda tutilgan. Belgilangan eksport rejalarini tuman iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limi bilan birgalikda bajarish talab etiladi.

Aholining ichimlik suvi hamda gaz balonlariga bo‘lgan ehtiyojini har bir mahalla kesimida qaytadan o‘rganib chiqish va to‘plangan ma’lumotlar asosida masalaga yechim topish belgilandi. Eski tipdagi yog‘och ustunlari, kam quvvatli transformatorlar hamda havo uzatmalarini yangilash bilan bog‘liq manzilli takliflar ishlab chiqilishi qayd etildi.

Pudratchi tashkilotlar tomonidan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilayotgan uy-joylarni qurishda sifatsiz mahsulotlardan foydalanish holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shuningdek, sektorlar bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning o‘zaro hamkorlikda tizimli faoliyatini yo‘lga qo‘yishga oid masalalar ham qarorda o‘z aksini topdi.

Sessiya qarorida belgilangan har bir vazifa ustidan qat’iy deputatlik hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish kerakligi alohida ta’kidlandi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA tayyorladi.



DB query error.
Please try later.