26.04.2018

EHTIYOJMAND AYOLLAR UCHUN ARZON UY-JOY BERISH TARTIBI BELGILANDI

Dunyodagi jamiki ayollar boshpanasi bo‘lishini, unda oilasi bilan shod-xurram, xotirjam hayot kechirishni istaydi. Ammo taqdir taqozosi bilan, turli sabablarga ko‘ra ayrim ayollarda bunday imkoniyat bo‘lmaydi.

O‘tgan yili Prezidentimiz tashabbusi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, muhtoj oilalarga imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy berildi. Ularning imkoniyatlari hisobga olinib, boshlang‘ich badallar homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. Mahalliy hokimliklar, turli tashkilotlar, saxovatpesha insonlar ko‘magida katta savob ishga qo‘l urildi. Ammo ehtiyojmand ayollar va oilalarga uy berish tartibi me’yoriy hujjat bilan belgilanmagandi. Mazkur masalani oqilona hal etish maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmoni asosida joriy yil 12 aprelda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida arzon uy-joy berish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, arzon uy-joylar ?017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi hamda ?017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarorlari asosida beriladi. Har yili ajratiladigan uy-joylar soni esa 2016 yil dekabrdagi Prezident qarorida nazarda tutilgan tumanlar va shaharlar toifasiga bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni birinchi toifaga kiradigan tumanlarda bittadan, ikkinchi toifadagi tumanlarda esa ikkitadan ikki, uch qavatli uylardagi xonadonlardan 2-3 xonali, beshtagacha birinchi toifadagi va sakkiztagacha ikkinchi toifadagi tumanlardan hovlidagi imoratlari bilan 0,2 gektarli yer uchastkalaridan 2-3 xonali bir qavatli uy-joylardan ajratiladi. Shuningdek, birinchi toifaga kiradigan shaharlarda hamda Toshkent shahrining tumanlarida oltitagacha ko‘p qavatli uylardagi 2-3 xonali xonadonlardan berilishi ko‘zda tutilgan. Ikkinchi toifadagi shaharlarda esa bu ko‘rsatkich o‘ntaga yetishi qayd etilgan. Qarorda nogironligi bo‘lgan ayollarga ham uy-joy ajratilishi belgilangan bo‘lib, bunda ularning imkoniyatlari ham hisobga olingan. Ularga ko‘p qavatli arzon uylarning birinchi va ikkinchi qavatidan xonadonlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

— Ehtiyojmand ayollarga yordam berish olijanoblik, insonparvarlikning yuksak namunasi hisoblanadi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Aksavli Tumishova. — Prezident farmoni asosida hukumat tomonidan xotin-qizlarga arzon uy-joy berish tartibi tasdiqlangani ayni vaqtida va o‘rnida qabul qilingan qaror bo‘ldi, deb o‘ylayman. Aholi vakillari bu borada o‘zlarining iliq fikrlarini bildirishmoqda.

— Joylardagi muloqotlar davomida uy-joy olishda yordam berish masalasi bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar bo‘lgan, — dedi O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri Gulshan Asatova. — Ochig‘i, bu borada ma’lum bir me’yoriy hujjat mavjud bo‘lmagani bois ularga qanday javob qaytarishga hayron bo‘lardik. Prezident farmoni asosida qabul qilingan qarorda ehtiyojmand ayollarni o‘ylantirayotgan ko‘plab savollarga javob topildi. Bundan barcha birdek xursand bo‘ldi.

Oramizda uyga muhtoj, ammo arzonlashtirilgan narxida ham boshlang‘ich badalga qurbi yetmaydigan, ma’lum sabablarga ko‘ra doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan oilalar bor. Ular boshlang‘ich badal uchun 20-30 million pulni qanday qilib, qayerdan olib to‘laydi? To‘g‘risi, bu savol ko‘pchilikni qiynab kelardi. Hukumat qarorida mazkur masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni beriladigan uy-joylar uchun to‘lovning 25 foizi Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi. Bu boshlang‘ich badal hisoblanib, qaytarmaslik sharti bilan to‘lab beriladi.

Ma’lumot o‘rnida: ushbu fond joriy yil mart oyida tashkil etilgan. Fond mablag‘lari har yili 300 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda ajratiladigan Davlat byudjeti, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Arzonlashtirilgan uy-joyning 75 foizi esa ipoteka asosida tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobiga moliyalashtiriladi. Nizomda kredit dastur ishtirokchisining, ya’ni uy oluvchining o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan. Ammo talabgor ayol kam ta’minlangan, kreditni qoplash layoqati yetarli bo‘lmagan taqdirda qanday yo‘l tutiladi? Bunday vaziyatda u ishlayotgan tashkilot, kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobiga kredit to‘lovi amalga oshirilishi Nizomda o‘z tasdig‘ini topgan.

Arzonlashtirilgan uy-joyga egalik qilishni ko‘pchilik xohlaydi. Ehtiyoji bo‘lmasa-da, kelajakda farzandimga yoki nevaramga kerak bo‘lib qolar, degan o‘yda harakat qiladiganlar ham yo‘q emas. Nizomda masalaning nozik tomonlariga ham oydinlik kiritilgan. Arzon uy-joy berish uchun arizalarni qabul qilish, talabgorni tanlab olish va ularga yozma tavsiyalar berish tartibi belgilangan. Bu qanday amalga oshiriladi?.. Ariza beruvchi talabgor sifatida yozma tavsiyani olish uchun Komissiya raisiga doimiy yashash joyi bo‘yicha so‘rovnoma-ariza, hujjatlarni taqdim etadi. Bunday komissiyalar tuman va shahar hokimliklarida tashkil etilgan bo‘lib, talabgorlarni tanlab olish bilan shug‘ullanadi. Taqdim etilgan hujjatlar ishonchliligiga esa ariza beruvchi shaxsan javobgar hisoblanadi.

Arzonlashtirilgan uy-joylar haqiqatda muhtoj insonlarga berilishida navbat masalasi juda muhim hisoblanadi. Shuning uchun, Nizomda ro‘yxatga olish tartib-qoidalari ipidan ignasigacha belgilab qo‘yildi. Qarang, Nizomda ariza tuman (shahar) komissiyasi raisining qarori bilan tayinlanadigan vakolatli shaxs tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinishidan tortib, arizalar hisobi alohida ro‘yxatdan o‘tkazish jurnalida yuritilishigacha ko‘rsatib o‘tilgan. Jurnal raqamlangan, ip bilan tikilgan va Komissiyaning vakolatli shaxsi tomonidan muhrlangan bo‘lishi kerak. Har bir arizaga tegishli jurnalda takrorlanmaydigan ro‘yxatdan o‘tkazish raqami beriladi. Arizalar jurnalga ketma-ketlikda, ular olinishiga qarab kiritilishi talab etiladi. Bularning bari jarayon shaffof va adolatli bo‘lishini ta’minlash maqsadida batafsil ko‘rsatib o‘tilgan.

Arzonlashtirilgan uylarga da’vogarlar ko‘p. Tanish-bilishchilik yoki boshqa yo‘llar bilan ro‘yxatdan ilgarilab ketishga harakat qiladiganlar ham topiladi. Bu holatda uyga boshqalardan ko‘proq muhtoj inson navbatidan pastlab ketsa, uning islohotlarga ishonchi susayadi. Shuning uchun har bir murojaatchiga tegishli raqam bermasdan turib, arizani ko‘rib chiqish ta’qiqlanadi.

Dasturda ishtirok etish uchun ariza va hujjatlar taqdim etishning oxirgi sanasidan keyin 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Ijtimoiy ustuvorlik mezonlari asosida tanlov natijalari to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Bunda ariza beruvchining uy-joyga muhtojlik darajasi Komissiya tomonidan qo‘yiladigan ballardan kelib chiqib aniqlanadi. Shundan keyin ijobiy qaror qabul qilinsa, imtiyozli kredit asosida unga yozma shaklda tavsiya beriladi. Ustuvorlik yakunlari bo‘yicha olingan ballarni ko‘rsatgan holda tekshirish dalolatnomasi ikki nusxada tuziladi. Uning bir nusxasi imzo qo‘ydirilgan holda arizachiga beriladi.

Agar ariza rad etilsa, nima bo‘ladi?.. Bunday holatda aniq sabablarini keltirib o‘tish talab etiladi. Kamchiliklar to‘g‘rilanib, hujjatlarni takroran taqdim etishga haqli bo‘lgan muddatni ko‘rsatgan holda bir ish kuni mobaynida yozma shaklda xabarnoma jo‘natiladi. Talabgor xabarnomani olgandan boshlab besh ish kunida rad etilish sabablarini bartaraf etib, hujjatlarni qaytadan taqdim etishga haqli bo‘ladi.

Shu o‘rinda komissiya tomonidan arizani ko‘rib chiqishda, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni aniqlashda qanday mezonlarga tayaniladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Nizomga ko‘ra, ariza beruvchida mulk huquqi asosida turar joyning yo‘qligi, yoki ijarada, yaroqsiz xonadonda yashashi, boshqa oilalar bilan birga bir uyda istiqomat qilishi, ko‘p bolalilik (uch va undan ortiq), ariza beruvchi oilasining daromadi hisobga olinadi. Shuningdek, ijtimoiy xususiyatiga ko‘ra, alohida xonada yashashi kerak bo‘lgan bemor ayollar, oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mavjudligi, yolg‘iz o‘zi nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bola parvarishlayotgan, kam ta’minlangan oilada yakka o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalayotgan ayollarga ham arzonlashtirilgan uylardan belgilangan tartibda berilishi nazarda tutilgan.

Talabgorlar ro‘yxati shakllangach, hududiy xotin-qizlar qo‘mitasiga taqdim etiladi. Moliya vazirligi, «Oila» markazi, injiniring kompaniyalari bilan birgalikda umumlashtirilgan ro‘yxat asosida uy-joylarni qurish uchun zarur mablag‘larni aniqlaydi. Talabgorning jamg‘arma omonat hisob raqamiga boshlang‘ich badal o‘tkazilishi ta’minlanadi. Xotin-qizlar injiniring kompaniyasi filiallari bilan dastlabki shartnomani imzolashadi. Shundan so‘ng uy-joy qurish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar amalga oshiriladi.

Jarayonda kelib chiqadigan nizolar belgilangan tartibda sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

Ehtiyojmand xotin-qizlar, onalarga arzon uy-joy berish bo‘yicha aniq tartib belgilanishi o‘tkir ijtimoiy masalalarni hal etishda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Nizomda ko‘rsatilgan tartib-qoidalarga to‘liq amal qilinishi, adolat ta’minlanishi juda muhim masala. Shuning uchun bu jarayonda jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish talab etiladi.

 

Mahliyo ALIQULOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.