Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
26.04.2018

TARIX VA VAQT SINOVIDAN O‘TGAN DO‘STLIK VA HAMKORLIK YaNADA MUSTAHKAMLANADI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Turkmaniston — biz uchun tarix va vaqt sinovidan o‘tgan, ko‘p asrlik do‘stlik va hamkorlik munosabatlari bog‘lab turadigan eng yaqin qo‘shnimizdir. Haqiqiy do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlari qanday bo‘lishi lozimligini biz boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning «Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar — bir-birini qadrlaydigan va hurmat qiladigan qardosh xalqlar, mehribon qo‘shnilarning muloqotidir. Ushbu mustahkam poydevor asosida biz bundan buyon ham xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va qardoshlik aloqalarini rivojlantiramiz va mus­tahkamlaymiz», degan so‘zlarida tarix bor, bugun bor, istiqbol bor. O‘zbek-turkman xalqlarining qardoshligi, qo‘shniligi, tarix sinovidan o‘tib kelayotgan do‘stligi, qadrdonligiga ehtirom bor. Bu do‘stlikning ertangi istiqboli, ya’ni haqiqiy do‘stlik va qo‘shnichilikda boshqalarga ibrat darajasiga ko‘tarish, rivojlantirish va mustahkamlash maqsadlari mujassam. Xitoy maqollaridan birida «Kuchli odamlar yo‘ldagi to‘siqlarni olib tashlaydi, donolar butun yo‘lni bosib o‘tadi», deyi­ladi.

Bu mushtarak fikrlar o‘zbek va turkman xalqlari do‘stligining bugungi holatini va ertangi istiqbolini aks ettiradi, ularni kelajakdan kelayotgan xushxabarlar, desa arziydi. Chunki O‘zbekiston va Turkmaniston davlatlari do‘stligini yanada mustahkamlash yo‘lida uchragan to‘siqlar olib tashlanayotgani, oldinda turgan madadkorlik va hamkorlik, do‘stlik yo‘li tekis va ravon bo‘lishi rost gap.

2018 yil 24 aprel kuni ertalab ikki xalq do‘stligining yorqin istiqboli ramzi sifatida Urganch osmoniga ko‘tarilgan minglab oq kabutarlar ana shu ulug‘ niyatlar parvoziga o‘xshadi. Urganch ko‘chalari bo‘yiga chiqqan, qo‘llarida O‘zbekiston va Turkmaniston bayroqlarini tutgan minglab keksa-yu yoshning «Yashasin o‘zbek-turkman do‘stligi!» degan olqishlari, bolakaylarning do‘stlik haqidagi jarangdor she’rlari, nuroniy keksalarning duolari tadbirga yuksak ma’naviy ruh, fayz-tarovat baxsh etdi.

Qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro do‘stlikning mus­tahkamlanayotganligi mamlakatimiz ahlini quvontirmoqda. Bunga o‘zbek va turkman do‘stlik aloqalari misol. Xalq fikri — haq fikri. Biz bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar yakuni bo‘yicha Xorazm viloyat faollari, ijodkorlar, nuroniylar, turli soha vakillari, yoshlar, aholi fikrini o‘rgandik.

 

Otaboy XUDOYNAZAROV, mehnat faxriysi:

— Etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi, deganlaridek, o‘zbek va turkman et bilan tirnoqdek bir-biriga yaqin. Men ana shu do‘stlik va birodarlikni Turkmanoboddagi Islom Karimov haykali va Toshkentdagi «Ashxobod sayilgohi» timsolida, ikki xalqning tinch­ligi, xotirjamligi yo‘lida hurmatli ­Prezidentlarimiz boshlagan savobli ishlarda ko‘raman. Bugun biz Ko‘hna Urganchdagi 360 avliyoni, turkmanis­tonliklar Xiva, Buxoro, Samarqandni bemalol ziyo­rat qiladigan bo‘ldik. Har ikki xalqda non ulug‘lanadi, ana shu nonni yopadigan tandirimiz ham, uzgan issiq churagimiz bir. Dasturxon atrofiga ko‘rpachani to‘shab boshimizga silkima cho‘girmani kiyib, bog‘dosh qurib o‘tirishimiz bir xil. Suzma palovimiz bir.

 

Sadoqat MATKARIMOVA:

— Butun dunyoga dong‘i ketgan Ma’mun akademiyasi va unda faoliyat olib borgan yuksak iste’dod va qobiliyat egalari, buyuk ensiklopedist olimlar, allomalar o‘zbek va turkman xalqining buyuk ajdodlari hisoblanadi. Hozirgi kunda men faoliyat olib borayotgan Urganch davlat universitetida yuzdan ortiq turkman talabalari tahsil olmoqda.

Turkman xalq shoirlari Maxtumquli, Mulla­nafas, Andalib, Zeliliy o‘zbeklar uchun ham sevimli, ardoqli. Respublikamizda Mullanafas tavalludining 200 yilligi, Maxtumquli tavalludining 290 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar keng miqyosda o‘tkazildi. Ularning she’rlari xorazmlik mashhur xonandalar, xususan, Komiljon Otaniyozov, Jumanazar­ Bekchonovlar ijrosida mamlakatimizning boshqa mintaqalariga tarqalib, barchaning ko‘nglidan o‘rin olganligi hammamizga ma’lum. Xalqlarimiz o‘rtasidagi mehr, do‘stlik asrlardan asrlarga oshib kelmoqda va abadiy shunday bo‘lib qolishiga ishonaman.

 

Bekbergan SAPARBOYeV, mehnat faxriysi:

— Mening asli kelib chiqishim turkman. Ota-bobolarimiz bundan 350-400 yil oldin Xiva xonligi hududida qo‘nim topgan. Urganch tuman hududidan oqib o‘tgan G‘azavot kanali bo‘yida «Ulli hovli» binosini qurishgan. Keyinchalik yakka tartibdagi imoratlar ko‘paygan. Bugungi kunga kelib mahalladagi 840 dan ortiq oilada 4000 ga yaqin aholi tinch-totuv yashab kelmoqda. Bolalarimiz, nabiralarimiz turkman tilida o‘qiydi. O‘zbek-turkman quda-anda bo‘lib ketgan. Mana mening o‘zim ham o‘zbek qiziga uylanganman. Baxtlimiz. Bolalarimizning hammasi o‘qimishli, ishli. Baxtimizga ko‘z tegmasin, ilohim.

 

Gavhar IBODULLAYeVA, shoira:

— Men kindik qoni turkman tuprog‘iga tomgan, baxtini o‘zbek zaminida topgan peshonasi yarqiroq ayollardan biriman. Azaliy do‘stligimiz yanada mus­tahkamlanayotganidan ko‘ksim tog‘, boshim osmon, o‘zimga sig‘may, cheksiz-chegarasiz quvonchdaman.

O‘n sakkiz yoshimda yor-yor sadosi bilan Xorazmga kirib keldim. Ildiz otib, yaproq yozdim. To‘rt farzandimni yuragimning to‘rt bo‘lagi, deb bildim. Biri-biridan shirin, biri-biridan asal nabiralarim dunyoga kelgach, yuragimni ularga ham ushatib, sochilib-bo‘linib yashayapman. Aslida ayolning baxti shu. Toleimdan, baxtimdan juda-juda shodman.

Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga nomzodim qo‘yilganida, otamning: «Tug‘ilgan yering Turkmaniston bo‘lsa, seni saylasharmikan?» deb kuyinganlarini, deputat bo‘lganimda, «El-yurt hurmati» ordenini olganimda, «Shu kunlarni onang ko‘rganidami?», deb yelkalari silkinib-silkinib yig‘laganlarini eslaganimda hali-hanuz ko‘nglim to‘lib ketadi. Otajonim «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvonini olganimni ko‘rganlarida, bilmadim, quvonchdan naq yuraklari yorilishi tayin edi. Bularning barchasi uchun, insoniy qadr-qimmatimni boshimga toj qilib bergan O‘zbekistonimga jonim fido bo‘lsin. Ulug‘ Maxtumquli bundan 250 yil ilgari:

 

Ayting Firog‘iyning ikki eli bor —

Biri Atrak bo‘lsa, biri Xorazm.

Ayting Firog‘iyning ikki ko‘zi bor —

Biri turkman bo‘lsa, biri o‘zbegim, — degan edi.

Mening ham ikki elim bor — biri turkman bo‘lsa, biri o‘zbek. Ishonchim komil, bundan 250 yil keyin ham kelgusi avlod bu iborani faxrlanib aytib yuradi.

 

Davlatnazar RAJABOV, Xorazm viloyat ­o‘zbek-turkman do‘stlik jamiyati­ rahbari:

— Bun­yodkorlik ishlari tufayli shahar-tumanlardan tortib to chekka qishloq va mahallalargacha obod bo‘layotir. Bizning Urganch tuman G‘aybu qishlog‘idagi Turkman mahallasida juda qisqa vaqtda bolalarimizga 120 o‘rinli yangi bolalar bog‘chasi, Musiqa va san’at maktabi, 64 namunaviy turar joy, Maxtumquli nomli maktab binosi shahardagilardan a’lo qilib, zamonaviy jihozlari bilan qurib berildi. Oilaviy poliklinikalarda tish doktorigacha bor. Ochig‘i, tuman markaziga 15 kilometr yo‘l bosib borishga hojat ham qolmayapti. «Do‘stlik bog‘i» markazida do‘stlik uyi, bobomeros qadriyatimiz bo‘lgan «Ulli hovli» qayta qurildi. Hovli darvozasida o‘sha yillardan qolgan qadimiy yozuv saqlanib turibdi. Unda arab alifbosida: «Ushbu muborak «Ulli hovli» Xorazmshoh Abdulg‘ozi­ Bahodirxon tomonidan solar turkmanlari oqsoqoli Xo‘jamberdi Shermatboy iltimosiga ko‘ra, hijriy 11.9.1120 yili bunyod qilingan», deyilgan. Ana shuning o‘zi ham o‘zbek-turkman xalqlari do‘stligining bundan 400 yil oldin qanday bo‘lganiga bir mahobatli yodgorlik emasmi?

«Ulli hovli» turizm marshrutiga kiritildi. Hovlida qadimiy hunarmandchilik namunalari, foto, kartinalar galereyalari, gilamchilik, zargarlik, kulolchilik, temirchilik, qo‘g‘irchoqsozlik, o‘zbek-turkman musiqa asboblari ustaxonalari ishlamoqda. Hovliga kirganingizda turkman baxshilarining qadimiy ohanglari sizni o‘z og‘ushiga oladi.

Bu yil Urganch tuman Cholish qo‘rg‘onida bunyodkorlik ishlari boshlandi. U yerda yashayotgan qozoq xalqi vakillari ham bundan xursand. O‘tgan yili O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti ­Komiljon Otaniyozovning 100 yillik yubileyi keng nishonlanib, buyuk hofizning ijod markazi, uy muzeyi barpo etildi. Viloyat markazida 20 yil orzu qilingan Oxunbobo masjidi qurilishi ishlari yakunlanish arafasida. Yuz yillik orzular ushalib, temir yo‘li Xivagacha keldi. Yaqin qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik iplarining bog‘lanishi mushkullarni oson qilayotir.

 

Kenjaboy ARTIQOV, mehnat faxriysi:

— O‘zbek-turkman azal-azaldan qondosh-qarindosh. Amudaryodan suv ichadi. Men bir umr suv xo‘jaligi sohasida ishlab kelganman. Ko‘p yillar Turkmaniston suv xo‘jaligi vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan ­Tekebay Atiyevich va boshqa rahbarlar bilan ko‘p bora muloqotda bo‘lganman. Ayniqsa, Toshhovuz viloyatning suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida uzoq yillar mehnat qilgan Allanazar Vapayev bilan og‘a-inidek bo‘lib ishlaganmiz.

U vaqtlar G‘azavot, Shovot hamda Qilichboy-Arna kanallaridan suv ichganmiz. Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha bironta muammo chiqmagan. O‘tgan 2017 yil 23-24 noyabr kunlari Toshkent shahrida Davlatlar­aro suv xo‘jaligi masalalarini muvofiqlashtirish komissiyasining 25 yillik yubileyini nishonladik. Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston suv xo‘jaligi rahbarlari va faxriylar ishtirok qildi. Bir-birimizni bag‘rimizga bosib, shod bo‘ldik.

Azaldan qondosh-qarindosh ikki elning bordi-keldisi yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan endi bemalol to‘y-ma’rakalarga borib kelamiz. Shu kunlarga yetkazganiga shukr.

 

Qurbon MUHAMMADRIZO, Maxtumquli mukofoti laureati:

 — Turkman xalqining buyuk shoiri Maxtumquli shunday degan edi:

 

Qadrdon do‘stingdan yuzing o‘girma,

Borsang, boshlariga toj etar seni.

Biz bu tuyg‘uni o‘tgan yil noyabr oyida Turkmanis­tonda bo‘lib o‘tgan o‘zbek madaniyati kunlarida, bugun O‘zbekistonda his etdik. Ya’ni, taniqli turkman shoiri Qora Sayitliyev bir vaqtlari yozganidek:

 

Turkmanning uyida majlis ochilsa,

Navoiydan boshlanar baxshilar sozi.

O‘zbekning uyida ma’ni sochilsa,

Firog‘iydan bo‘lar donolar so‘zi.

 

O‘zbek va turkman xalqlari taqdiri tutashib ketganligiga yana bir yorqin misol: Hazrat Navoiy bir vaqtlar bosh vazir sifatida Marv, Nisa (Ashxobod) yaqinidagi shaharlarni obod qilish uchun jon kuydirgan. Endilikda turkman xalqi Navoiy qadami tekkan joylarni ziyoratgohga aylantirdi.

Uzoqqa borib o‘tirmaylik, turkman xalqining mashhur adibi Xidir Daryoyev o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyni o‘z ustozi hisoblagan bo‘lsa, o‘zbek shoiri G‘afur G‘ulom bilan turkman yozuvchilarining otaxoni Berdi Kerboboyevning, Zulfiya bilan Tovshon Esenovaning do‘stligi, birodarligi kabi misollar ikki xalq ma’naviyatining mushtarakligiga ibratli misoldir.

Shu yerda ikki davlatning azaliy do‘stligi tarixidan bir misol: X asrlarda Tajan daryosida qurilgan «Puli xotin» ko‘prigi orqali ajdodlarimiz quda-andachilik, savdo-sotiq bahonasida bir-biri bilan bordi-keldi qilishgan. Keyinchalik hazrat Navoiy ham shu ko‘prikdan o‘tgan. Andijon, Marg‘ilon, Samarqand, Turkiston va Buxoroi sharif, Xiva shaharlarini ixtiyor etganda, Maxtumquli oyoqlariga poyandoz bo‘lgan.

Ikki xalqni bog‘lagan bunday ko‘priklar, yo‘llar juda ko‘p. O‘zbek va turkman diyori fuqarolarining niyati shuki, bu ko‘priklar, bu yo‘llar qardoshlar uchun ularning qalbidek, dasturxonidek doim ochiq turgay.

Ana shu do‘stlikning ma’naviy dasturxonini bezash­ maqsadi, turkman xalqining faylasuf ­shoiri Maxtumquliga bo‘lgan muhabbat meni u haqda roman yozishga undadi. Maxtumquli meni qo‘llab-quvvatladi, Ashxobodga yetakladi, hurmatli Gurbanguli ­Berdimuhamedov ko‘ksimga «Maxtumquli-Firog‘iy» medalini taqib qo‘ydi.

 

Farrux OTAGALDI, yosh shoir:

 

— Darvozang oldida turibman sokin,

Salomim qabul et, ey Ulli hovli.

Suray ko‘zlarimga bobolar xokin,

Salomim qabul et, ey Ulli hovli.

 

Ochildi darvozang, bag‘riga oldi,

Bir eshik — o‘zbegim, birisi — turkman.

Bobolar nafasin ruhimga soldi,

Salomim qabul et, ey Ulli hovli.

 

Do‘stlik darvozasi abadiy bo‘lsin,

Do‘stlikning yo‘llari gullarga to‘lsin.

O‘zbek va Turkmanning iqboli kulsin,

Kalomim qabul et, ey Ulli hovli!

 

Xalqlarimizni bog‘lovchi ma’naviy-ma’rifiy, moddiy-ma’naviy ko‘priklar, yo‘llar juda ko‘p. Yangilari qurilmoqda. Bu ko‘priklar qardosh xalqlarimiz ko‘nglidek, farovon dasturxonidek doim ochiq turgay.

 

Muhammadjon QURONOV,

Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari,

pedagogika fanlari doktori.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: