Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
20.09.2012

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASIDA

2012 yil 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respub­likasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi fraksiya­sining tashabbusiga binoan O‘zbekiston Respub­likasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi axborotiga bafishlangan parlament eshituvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qonunchilik palatasining deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va muassasalarning vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda mamlakatimiz Prezidentining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli mustaqillik yillarida O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini va turmushimizning barcha sohalarini yanada izchil rivojlantirish uchun mustahkam asoslar yaratilgani ta’kidlandi. Iqtisodiyotni rivojlantirishning «o‘zbek modeli» jahon moliyaviy inqirozining xavf-xatarlari va tahdidlariga samarali qarshi turishning aniq misollari va natijalarini namoyon qilganligi uchun jahon hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga tortdi. Mo‘ljallangan islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga nisbatan kompleks yondashuv jahondagi ko‘plab mamlakatlarda moliyaviy va iqtisodiy inqiroz hali ham davom etayotgan va buning oqibatida ish o‘rinlari qisqartirilayotgan, korxonalar yopilayotgan bir paytda fuqarolarimizning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ­barqaror himoyalanganligiga erishish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konsti­tutsiya­si, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mamlakatimizda aholini ish bilan ta’minlash sohasida mustahkam ijtimoiy kafolatlarning huquqiy asosini tashkil etadi. O‘zbekis­ton Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisidagi davlatimiz rahbarining ma’ruzasida ijtimoiy ustuvorliklarga katta e’tibor qaratilgan. Parlament eshituvida ta’kidlab o‘tilganidek, ­Inqirozga qarshi chora-tadbirlar dasturi va «Mustahkam oila yili» Davlat dasturi doirasida ham bir qator vazifalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda qabul qilinayotgan ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarining ro‘yobga chiqarilishi davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning ajralmas qismidir. Dasturni ro‘yobga chiqarish jamiyatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikning muhim omilidir.

Ushbu dasturni noyob deb atash mumkin, zero, mamlakat parlamenti darajasida qabul qilinayotgan bunday dasturlar jahonning hech bir davlatida yo‘q. Dasturni bajarish nafaqat barqaror ish o‘rinlari tashkil etishga ko‘maklashadi, balki fuqarolarning ijtimoiy himoyasini ham ta’minlaydi, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi. Umuman olganda, aholining ish bilan ta’minlanganlik darajasining o‘sishiga, aholi daromadlari va turmush farovonligining oshishiga ham ko‘maklashadi. Dastur mamlakatimiz mintaqalari va iqtisodiyot tarmoqlaridagi mavjud salohiyatdan mehnat bozorida ish kuchiga bo‘lgan ehtiyojni ko‘paytirish uchun yanada samarali foydalanish imkonini beradi. Dasturda aholini ish bilan ta’minlashning tashkiliy masalalarini tartibga solish, shuningdek, ushbu sohaga doir amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish tizimi nazarda tutilganki, bu hol, umuman, bizning demokratik jamiyatimiz yanada rivojlanishiga ko‘maklashadi.

Tadbirda so‘zga chiqqan deputatlarning fikricha, ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining o‘tgan davr ichida qanday bajarilganligi to‘g‘risidagi axborotni eshitish dolzarbligining sababi huquqni qo‘llash amaliyotini, shuningdek, keyingi yillarda bunday dasturlarni ishlab chiqishning mexanizm­lari va uslublarini takomillashtirishni hisobga olgan holda dasturning parametrlari va talablari bajarilishi samaradorligini yanada oshirishdan iboratdir.

Ta’kidlandiki, mamlakatimizda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash mexanizmi joriy etilganligi hamda parlament tomonidan ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi qabul qilinganligi tufayli 2011 yilda 950 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etildi. Bu yil esa faqatgina yanvar-iyun oylari ichida 510,5 mingta ish o‘rni yaratildi (yoki shu davrga mo‘ljallangan prognoz parametrlari 105,5 foizga bajarildi).

Eshituv davomida investitsiya das­turiga, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini mahalliylashtirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlariga muvofiq, yangi korxonalarni ishga tushirish va ishlab turganlarini kengaytirish; kichik korxonalar, mikrofirmalar tashkil etish va yakka tartibdagi xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish; kasanachilikni rivojlantirish, shu jumladan, korxonalar va fuqarolar o‘rtasidagi kooperatsiya asosida mehnat shartnomalari bo‘yicha rivojlantirish, shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish; chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik mahsulotlari va boshqa mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari tashkil etish hamda ularni kengaytirish; ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini rivojlantirish; vaqtincha ishlamayotgan korxonalarni, shu jumladan, tijorat banklarining balanslariga o‘tkazilgan bankrot korxonalar faoliyatini qayta tiklash hisobiga ish o‘rinlari tashkil etish va aholini ish bilan ta’minlashga doir keng axborot taqdim etildi.

Biroq, dastur parametrlarining joylarda bajarilishini o‘rganish vaqtida mamlakatimizning ayrim mintaqalarida tashabbuskorlik yo‘qligining hamda yangi korxonalarni ishga tushirish va ishlab turgan korxonalarni kengaytirish, fermer va dehqon xo‘jaliklari tashkil etish hamda ularni kengaytirish, kichik korxonalar, mikrofirmalar tashkil etish, yakka tartibdagi xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va bosh­qa shu kabilar hisobiga ish o‘rinlari tashkil etish borasida qoloqlik mavjudligining ayrim hollari aniqlandi. Bularning barchasi, deputatlarning fikriga ko‘ra, bunday ahvolga yo‘l qo‘ymaslikning kompleks chora-tadbirlarini ishlab chiqishni talab qiladi.

2012 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi axborotni batafsil muhokama qilish vaqtida siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish hisobiga aholi bandligi darajasini oshirishning mavjud imkoniyatlaridan foydalanish muhim ahamiyatga ­­­ega ekanligini ta’kidladilar. ­O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolarining fikriga ko‘ra, yangi ish o‘rinlari yaratish uchun infratuzilma tashkil etish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari 2012 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining bajarilishi ulkan ijtimoiy ahamiyatga molik ekanligi haqida gapirib, dasturning bajarilishi iqtisodiyotni va ijtimoiy sohani isloh qilish jarayonlarida parlament rolini kuchaytirishga real bog‘liq ekanligini ta’kidladilar. XDP fraksiyasi a’zolarining fikriga ko‘ra, kollejlar bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga doir qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish zarur. Fraksiya a’zolari keyingi yillarda ushbu dasturni yanada takomillashtirish zarurligi xususida ham to‘xtalib o‘tdilar. Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlari bajarilishining borishi ustidan jamoat nazoratini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratish zarurligini, ushbu jarayonga sohadagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish maqsadida mahalliy Kengashlar deputatlarini, ish beruvchilar va xodimlarning vakillik organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb etish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining vakillari kollejlar va boshqa o‘quv muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalalariga ko‘proq e’tibor qaratishni, turli yirik investitsiya loyihalarini faolroq joriy etishni taklif qildilar. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi frak­siyasi a’zolarining fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sanoati asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishning 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan dasturini ro‘yobga chiqarish va boshqa dasturlarni ijro etish uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish zarur. Fraksiya a’zolari ta’kidladilarki, «O‘zbekenergo», «O‘ztrans­gaz», «O‘zavtoyo‘l» kabi korxonalar mintaqaviy bo‘linmalarining mintaqada xizmat ko‘rsatish va servis sohasi infratuzilmasini, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani kuchaytirish kerak. Yana shu ham ta’kidlandiki, milliy hunarmand­chilikni, barcha turdagi xizmatlar va servisni yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar va preferensiyalar berishni, soliq yukini kamaytirishni davom ettirish zarur. Shu munosabat bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining «Hunarmand» uyushmasi bilan ijtimoiy sherikligini kuchaytirish zarur ekanligi qayd etildi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining a’zolari ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ro‘yobga chiqarishda ilg‘or innovatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalariga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladilar. Ularning fikricha, mehnat va bandlik sohasida davlat kafolatlarini mus­tahkamlashning qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish, xodimlar hamda ish beruvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish zarur.

O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar e’tiborni mintaqalarning ehtiyojlarini, geografik jihatdan joylashuvini hisobga olgan holda barqaror ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, mahalliy imkoniyatlardan samarali foydalanish, bunda atrof-muhitga, biologik xilma-xillikka va aholi salomatligining holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatilishiga qarshi kurash ifodalangan normalarga rioya etish zarurligiga qaratdilar. Hozirgi zamon korxonalari yangi ish joylari tashkil etilganida ekologik jihatdan sof tovarlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan texnologiya­lardan foydalanishlari kerak. O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar korxonalar energiyani tejaydigan hozirgi zamon muqobil texnologiyalarini qo‘llashlari zarurligini ta’kidladilar.

Parlament eshituvi ishtirokchilarining fikricha, o‘tkazilgan ushbu tadbir 2012 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi samarali va og‘ishmay ijro etilishiga ko‘maklashadi. 2012 yilda tarmoqlar kesimidagi (bandlik yo‘nalishlari) va mintaqalar bo‘yicha prognoz parametrlariga muvofiq, 967,5 mingta ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilgan ushbu dastur mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ­barqaror rivojlanishining eng muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Muhokama vaqtida bayon etilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2012 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi axborotni ma’lumot uchun qabul qildi.

Parlament eshituvi yakunlari bo‘yicha 2012 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining parametrlarini mintaqalar va yo‘nalishlar kesimida sifatli va to‘liq bajarish; deputatlar korpusi va ijro etuvchi hokimiyat, markaziy va mahalliy davlat organlari dastur parametrlarining bajarilishi bo‘yicha birgalikda harakat qilishini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish; oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish hisobiga ish o‘rinlari tashkil etish; aholi bandligini ta’minlash sohasidagi qonunchilikni yanada rivojlantirish; keyingi yillarda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ishlab chiqilishining mexanizmlari va uslublarini yanada takomillashtirish yuzasidan muayyan takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Muhokama etilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi axborot xizmati.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: