Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
05.04.2018

10 SOTIX YERDAN UCH MARTA HOSIL OLISH SIRLARI

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Qozoq qishlog‘i ahli 8-10 sotix tomorqasidan millionlab daromad qiladi. Xo‘sh, ular bunga qanday erishmoqda?

— Faqat mehnat orqali-da, — deydi «Shodlik» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhiddin Rustamov. — Odamlar hali qish tugamay tomorqada dehqonchilik ishlarini boshlab yuboradi. Asosan ertachi sholg‘om, bodring, kartoshka kabi ekinlar yetishtiradi. Ularni yig‘ishtirib olgach, bo‘shagan yerlarga pomidor ekishadi. Kuzda esa yana kechki sholg‘om bilan sabzi. Xullas, yil davomida tomorqadan uch marta hosil oladi. Shuning ortidan bolalarini o‘qitadi, uy-joy ko‘taradi, bu yog‘i to‘y-hasham, mashina deganday...

Mahsulot qancha erta yetishtirilib, bozorga olib chiqilsa, daromadi ham shunga yarasha bo‘ladi. Qozoq qishlog‘idagilar yanvar oyining uchinchi o‘n kunligidan boshlab yerga ertachi sholg‘om urug‘ini qadaydi. Hali qish o‘rtasi bo‘lishiga qaramay, bu borada ham qozoqliklarning o‘ziga xos sinalgan usuli bor. Issiqxonada har uchta pushtachaga bir qator sellofan o‘rami yoyib qoplanadi. Shamol ko‘tarib yubormasligi uchun atrofi tuproq bilan ko‘miladi. Bunda sellofan ikki vazifani bajaradi. Birinchidan, yerni qizitadi. Ikkinchidan, mavjud namlikni saqlab turadi. Shuningdek, urug‘ tanlash ham muhim. Keling, yaxshisi ularning o‘zi bu haqda gapirib bersin.

— Tomorqamizning 10 sotixiga ertachi sholg‘om ekkanmiz, — deydi Rustam aka Boymurodov. — Avvalo, sholg‘om ekiladigan yer obdon ag‘darilib, yiliga ikki marta mahalliy o‘g‘it bilan to‘yintiriladi. Masalan, men har qadamiga bir arava go‘ng solaman. Shunday qilinsa, mineral o‘g‘itlarga hojat qolmaydi. Asosiy ish issiq kunlar kelishi bilan plyonkani ko‘targandan keyin boshlanadi. Ikki-uch marta o‘toq qilinib, siyraklashtiriladi. Bunda oila a’zolarim asosiy ko‘makchi. Sholg‘om tez rivojlanuvchi ekin. Aprelning boshida bozorga chiqadi.

Mahsulotni yetishtirgach, pullashni ham bilish kerak. Aks holda, mehnatingizga kuyib qolishingiz hech gap emas. Qozoqliklarning ta’kidlashicha, «sholg‘om» so‘zining ma’nosi ham «shodu g‘am» degani ekan. Vaqtida bozorga chiqarib, pullay olsangiz, shod bo‘lasiz, mabodo eplay olmasangiz, g‘amga botasiz. Oila bekasi Sayyora Daminovaning sholg‘om xaridorgirligini oshirishda o‘zi ishlab chiqqan jaydari usullari bor. Saralab olingan sholg‘om dastlab bir-ikki soat ochiq havoda, quyosh tegadigan joyga terib qo‘yilishi lozim. Shunday qilinmasa, xonadon sohibasining aytishicha, hali xom bo‘lgani sababli sholg‘omning qizil rangi uchib, bozori o‘tmay qolar ekan. Keyingi bosqichda terib qo‘yilgan sholg‘omning barglari chiroyli qilib kesib chiqiladi. So‘ngra yuvilib, uch-to‘rt donadan qilib bog‘lanadi va qopga joylanadi.

— Ertachi sholg‘om urug‘ ham tanlaydi, — deya suhbatimizga qo‘shiladi tajribali dehqon Erkin aka Ro‘ziyev. — Chetdan urug‘ olmaymiz. Kechki yetishtirilgan sholg‘omdan saralab-saralab olingan sholg‘omlarni urug‘lik uchun alohida o‘rada saqlaymiz va erta bahorda ekib, o‘stirib urug‘ini olamiz. Bu bilan ish yakunlanmaydi. Olingan urug‘ni bir yil saqlab, keyin ekilsa, hosildorligi yuqori bo‘ladi.

— Mo‘l hosil olishda yana nimalarga e’tibor qaratish lozim? — so‘raymiz ulardan:

— Sholg‘om suvsevar ekin, — izoh beradi Erkin aka. — Hosilning katta-kattasini oradan terib olib, suv quyish kerak. Bu hol har uch-to‘rt kunda takrorlanaveradi. Iloji boricha oqova suv bilan sug‘organ ma’qul. Shunda hosil mo‘l bo‘ladi. Terib olingan sholg‘om esa bozorga olib chiqiladi.

Darvoqe, «Shodlik» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Qozoq, Govxona, Xushvaqt, Chorvoqboyg‘undi, Qumboyg‘undi kabi qishloqlarning tomorqachilikdagi tajribasi ko‘pchilikka o‘rnak. Bu qishloqlar ahli bodring, pomidor, kartoshka yetishtirishni ham yaxshi o‘zlashtirgan. Hozirda sholg‘om bilan birga kartoshka ham ekib bo‘lingan. Bodring uchun esa joylar tayyor holatga keltirilgan. Sholg‘omni pullab bo‘lgach, kartoshkaga navbat keladi, so‘ngra bodringga... Xullas, mazkur qishloqlardagi har bir xonadonda bu hol an’anaga aylangan.

Ammo, guruch kurmaksiz bo‘lmas, deganlaridek, mo‘jazgina tomorqasini bo‘sh qo‘yib, e’tiborsiz qoldirayotganlar ham topiladi. «Shodlik» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Govxona qishlog‘ida yashovchi Zayniddin Sayfullayev ham 8-10 sotixlik tomorqasidan unumli foydalanmaydi. Bahorning ikki oyi ortda qolgan bo‘lsa-da, mahalla faollarining qistovi bilangina tomorqasidagi yerlarni endi ag‘darmoqda. U ishsizlik tufayli turli joylarda yollanma ishchi sifatida ishlagani, shu bois tomorqasini biroz e’tiborsiz qoldirgani va endi bu xatoni qayta takrorlamasligini ta’kidladi.

Shu o‘rinda qishloqda uyiga xalta ko‘tarib qaytayotgan odamlar haqida bir mulohaza... Ularning aksariyati kartoshka, piyoz, sabzi, sholg‘om... Nega? Ularda tomorqa yo‘qmi? Bor. Faqat tomorqaga biroz e’tiborsiz, buning ustiga hafsalasizlik, yanayam aniqroq aytganda, dangasalik.

Yana bir gap: viloyat bozorlarida sotilayotgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining ma’lum qismi boshqa viloyatlardan keltirilmoqda. Demak, voha aholisining bu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda qo‘shni viloyatlar dehqonlarining ham kattagina hissasi bor. Vaholanki, viloyatda bu borada ushbu mahsulotlarni qo‘shni viloyatlarga chiqarish, hatto eksport qilish imkoniyati ham mavjud.

 

O‘.BAROTOV,

O‘zA muxbiri.



DB query error.
Please try later.