Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
03.04.2018

QARDOSH QARDOSHIGA QUCHOQ OCHMOQDA

26-28 mart kunlari o‘zbekistonlik bir guruh ijodkorlar Janubiy Qozog‘iston viloyatida bo‘lishdi

Bugun yon-atrofimizdagi qo‘shni xalqlar, davlatlar bilan qon-qardoshlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotgani haqida so‘z yuritar ekanmiz, bir haqiqatni barchamiz yakdillik bilan tan olamiz: o‘zaro munosabatlarimiz tarixida, hech shubhasiz, yangi, yorqin sahifa ochilmoqda. Qalbimizga behad g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan jihati shundaki, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mana shunday o‘zaro ishonch va samimiyatga asoslangan do‘stona hamkorlik aloqalarining rivojida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev asosiy tashabbuskor bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Prezidentlari o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan bepoyon qozoq diyorida ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ularning barchasi ikki qardosh xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, hozirgi murakkab dunyoda do‘stlik hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

O‘zbek va qozoq dili — diliga, tili — tiliga, o‘tmishi — o‘tmishiga, kelajagi — kelajagiga payvast xalqlar desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Azal-azaldan ota-bobolarimiz hamdamu hamnafas, yelkadosh bo‘lib, o‘zaro quda-anda, do‘stu qardosh bo‘lib yashab kelganlari haqida qancha she’rlar, dostonu g‘azallar bitilgan. «Qozog‘im — qardoshim», «o‘zbegim — o‘z og‘am», «yo‘ldoshing qozoq bo‘lsa, yo‘ldan ashamaysan» degan iboralar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Ularning barchasi asrlar sinovidan o‘tgan qardoshlikning qalblarimizga muhrlangan ifodasidir.

Ikki xalqning atoqli shoirlari — G‘afur G‘ulom va Sobit Muqanov bu qardoshlikni doimo ulug‘lab kelgan. Bu haqda o‘ylaganda G‘afur G‘ulomning do‘stlik haqidagi qaynoq satrlari yodga tushadi.

Ulug‘ to‘ying, quvonaman,

Yo‘lbarsday gurkirayman.

Qorabayir yollarini

Poygalarda tarayman,

Maqtanmayman, chin aytganda,

Bir chamalab qarayman.

Aytishuvda Sobit bilan

Tortishuvga yarayman.

O‘zbek elning dong qozongan,

Mananday oqiniman,

Jon qozoqning oqinlarin,

Do‘stiman, yaqiniman.

 

Ulug‘ qozoq oqini, faylasufi va ma’rifatparvari Abay Qo‘nonboyevning o‘z elining ma’naviy dahosi bo‘lib yetishishida buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiyning ta’siri katta bo‘lgan. Bu borada Qozog‘iston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, yozuvchi G‘abit Musrepovning quyidagi e’tirofini esga olish o‘rinli bo‘ladi: «O‘zbek xalqining donishmand shoiri Alisher Navoiyning asarlarini o‘qib, undan o‘rnak olmagan shoir kam. Klassik adabiyotimizning buyuk cho‘qqisi — Abay ham Navoiyni o‘ziga ustoz, deb bilgan, iste’dodiga ta’zim qilgan».

Alisher Navoiy bilan Abay turli zamonlarda yashagan bo‘lsalar ham o‘z xalqining baxtini, kamolini o‘ylab, adolatga intilib, ezgu va olijanob maqsadlar yo‘lida jon kuydirgan. Shuning uchun ularning hayot va ijod yo‘llarida mushtarak jihatlar ko‘p.

Misol uchun, Alisher Navoiy davlat arbobi sifatida yurtni obod qilish, oddiy mehnatkash xalqning og‘irini yengil, turmush darajasini yaxshilash borasida bir qancha adolatli farmonlar chiqargan bo‘lsa, Abay Qo‘nonboyev 1885 yil Semipalatinsk o‘lkasida istiqomat qilayotgan qozoqlar uchun 60 moddadan iborat qonun loyihasini tuzib, xalq orasida joriy etgan.

Alisher Navoiy bobomizning

Odamiy ersang demagil odami,

Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami,

kabi misralari xalqimiz o‘rtasida ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan bo‘lsa, Abayning «Otang farzandi bo‘lma, odam farzandi bo‘l» singari satrlari qozoq xalqining tilida va dilida doimo jaranglab kelmoqda.

Akademik Muxtor Avezovning quyidagi fikrlari ham Abayni o‘zbek xalqiga va uning qalam sohiblariga bo‘lgan mehru muhabbatining naqadar yuksak ekanidan dalolat beradi: Abay Qo‘nonboyev o‘g‘li Oqilboyga hazrat Alisher Navoiyning «Sab’ai sayyor» dostoni syujeti asosida «Jarroq» nomli asar yozishni topshirgan, nabiralaridan birining ismini Bobur qo‘ygan. Shuningdek, Abay Qo‘nonboyev o‘zining «Hikmatlar» kitobida bunday so‘zlarni yozgan:

«O‘zbek dehqoni yetishtirmagan o‘simlikning o‘zi yo‘q, ular yasamagan buyum yo‘q. Ahillikda yashashadi, adovat qo‘zg‘amaydi. Taniqli boylari, bilimdon mullalari, hunarmandlik va mo‘l-ko‘llik deysizmi, boadablik deysizmi — hammasi ularda bor».

Abay butun umri mobaynida o‘z xalqini tinchlikka, ilm-ma’rifatga, tarqqiyotga, ahillik va totuvlikka chorlab yashadi:

Men o‘lanni yozmayman ermak uchun,

O‘tgan-ketgan gaplarni termak uchun.

Men o‘lanni yozaman tushunganga,

Avlodimga bor saboq bermak uchun.

Ulug‘ ajdodlarimizning iymon-e’tiqod, ilmu hikmatga asoslangan bunday boy merosi bugungi kunda ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, yosh avlodni qardosh xalqlarimizga hurmat va mehr ruhida tarbiyalashga, ruhan va ma’nan o‘zaro yaqin bo‘lishimizga xizmat qiladi.

Turli insoniy tushuncha va qadriyatlar sinovdan o‘tayotgan bugungi alg‘ov-dalg‘ov zamonda biz bir-birimizga qalban yaqin bo‘lib, o‘zaro muammolarimizni birgalikda hal etishimiz, umumiy kelajagimizni birgalikda qurishimiz g‘oyat muhimdir. Shuning uchun ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida»gi qarori nafaqat biz qalam ahli, adabiyot ixlosmandlari, balki yurtimizdagi hamda qardosh Qozog‘iston Respublikasidagi keng jamoatchilik vakillari qalbida chinakam mamnuniyat, iftixor hissini uyg‘otdi. Chunki qarorda ta’kidlaganidek, «Ezgulik va do‘stlik kuychisi, Abay Qo‘nonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda».

Qarorda Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng targ‘ib etish bo‘ycha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Abay Qo‘nonboyevning «Saylanma» asarini, «O‘zbek va qozoq adabiy aloqalari» nomli adabiy-tahliliy maqolalar to‘plamini o‘zbek tilida nashrga tayyorlash, har yili shoir tug‘ilgan 10 avgust sanasida Toshkent shahridagi Abay Qo‘nonboyev haykali poyiga gul qo‘yish marosimi va mushoira o‘tkazish va boshqa muhim tadbirlar o‘tkazish belgilandi.

O‘rni kelganda shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, shu yil 15 mart kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan «Qozog‘istonda O‘zbekiston yili»ning rasmiy ochilish marosimi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning aynan Navro‘z bayrami kuni Samarqandga tashrifi, Navro‘z tantanalarida ishtirok etib, xalqimizni qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etishi ikki davlat o‘rtasidagi qadim qadriyatlar, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlari rivojida haqiqatan ham yangi davr boshlanayotganining tasdig‘idir.

Ana shu yangi davr, yangi orzu-umidlarning chorloviga muvofiq 26-28 mart kunlari biz bir guruh ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali rahbarligida Janubiy Qozog‘iston viloyatiga tashrif buyurdik. Tashrifdan kutilgan maqsad — Toshkentdagi xalqaro Amir Temur xayriya jamg‘armasining Qozog‘iston Respublikasidagi bo‘limi va Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalarining «Do‘stlik» hamjamiyati tashabbusi bilan Turkiston shahrida «Biz bir xalqmiz: Amir Temur — buyuk bunyodkor» mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etish edi. Anjumanda tarixchi olim va pedagoglar, xalqaro Amir Temur xayriya jamg‘armasining mamlakatimiz viloyatlaridagi bo‘limlari rahbarlari, qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan mehmonlar, jamoat tashkilotlari a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Biz tashrifimizning ilk kunini Chimkent shahrida Mahmud Koshg‘ariy nomidagi maktabda shahardagi maktablarning o‘zbek-tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari, ta’lim fidoyilari, o‘quvchilar bilan uchrashuvdan boshladik.

Qozog‘istonda yashayotgan o‘zbeklarning chehrasidagi quvonchu hayajonni so‘z bilan ifoda etish qiyin. 2018 yilning Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilingani va 2019 yilning esa O‘zbekistonda Qozog‘iston yili sifatida o‘tishi rejalashtirilgani hammani xursand qilmoqda.

Mazkur maktab o‘quvchilari O‘zbekiston shoirlari she’rlarini yoddan burro-burro o‘qishlari, shoirlarimizning ehtiros va hayajonli chiqishlari dillarni bir-biriga yanada yaqin qildi. So‘zga chiqqan har bir muallim, shoir, yozuvchi ikki davlat Prezidentlarining olib borayotgan oqilona siyosatlaridan mamnun ekanlarini izhor etishdi. Qardosh xalqlarimiz tinchligi, farovon hayoti, baxtu saodati yo‘lida olib borilayotgan ezgu ishlarga hissa qo‘shish aslida har bir yurt fuqarosining burchi ekanini ta’kidlashdi. Mezbonu mehmonlar chehrasiga boqib anglaganim shu bo‘ldiki, ushbu uchrashuv tugashini hech kim istamayotgandek.

Maktabdagi uchrashuvdan keyin O‘zbekistondan borgan 20 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilarini Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi Janseyit Tuymebayev qabul qildi va so‘nggi bir yarim yilda Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini iftixor bilan gapirdi.

Biz hokimdan Chimkentda ulug‘ shoir bobomiz Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan yangi istirohat bog‘i ochilayotganini eshitib, cheksiz mamnun bo‘ldik.

Tabiiyki, Janubiy Qozog‘istonga borgan odam barcha turkiy xalqlar farzandlari uchun birdek suyukli Ahmad Yassaviy hazratlarining muborak qadamjosini ziyorat qilishga oshiqadi. Biz avval Yassaviy bobomizning padari buzrukvorlari Ibrohim ota, volidai muhtaramalari Qorasoch ona ziyoratgohlariga — Sayramga yo‘l oldik. Beqiyos shukrona ila bu ziyoratlarni ado etdik.

Sayram — Qozog‘istonga o‘nlab o‘zbek olimu fuzalolarini, atoqli shoir va yozuvchilarni, san’at, madaniyat namoyandalarini bergan muqaddas maskan. Ko‘rkam va maftunkor Sayram ko‘chalaridan o‘tib borar ekanmiz, beixtiyor bundan 42-43 yil muqaddam asli shu yurtda tug‘ilgan taniqli shoir va tarjimon Mirpo‘lat Mirzo (oxirati obod bo‘lsin) uylanganida to‘yiga kelganimiz yodga tushdi.

Bundan keyingi tashrifimiz Sayramdagi o‘zbek drama teatriga bo‘ldi. Prezident Nursulton Nazarboyev ushbu teatrning ochilishi marosimida qatnashib, so‘zlagan nutqida «Qozog‘iston — o‘zbeklarning ham tarixiy vatanidir» deb aytgan edi, —deydi iftixor bilan teatr direktori, Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalarining «Do‘stlik» hamjamiyati raisi Ikromjon Hoshimjonov.

Teatr jamoasi bilan uchrashuvimiz Sayram ijodkorlari, keng jamoatchilik bilan o‘tkazilgan ma’rifiy kecha, mushoiraga aylanib ketdi. Teatr jamoasi Muhammad Ali qalamiga mansub «Alisher Navoiy va Husayin Boyqaro» dramasidan parcha namoyish etishdi. Biz teatrdan bir olam taassurot bilan chiqdik.

Keyingi ziyoratimiz O‘tror tumanidagi O‘tror qadimiy qal’asiga va Arslonbob maqbarasiga bo‘ldi. Oqshom cho‘kkanida Turkiston shahriga kirib bordik. Qozog‘istonlik do‘stlarimizning samimiy mehmondo‘stligidan bahramand bo‘lib, o‘nlab davlat rahbarlari tashrif buyurgan hashamatli koshonada dasturxon tevaragida xush tilaklar — she’rga, she’rlar — qo‘shiqqa ulanib, maftunkor anjuman tashkil etildi.

28 mart kuni tongda Ahmad Yassaviy hazratlarining maqbarasini ziyorat qilish sari otlandik. Maqbara chor-atrofidagi obodonchilik ishlari, ulkan inoshootlar har bir ziyoratchi qalbiga o‘zgacha shukuh baxsh etadi. Amir Temur bobomiz bunyod etgan bu ulkan maqbaradan Sohibqironning salobatli ovozi taralib turgandek go‘yo.

Bu qadim go‘shaga daryodek oqib kelayotgan ziyoratchilar orasida yo‘rgakdagi bolasini bag‘riga bosgan kelinchaklardan tortib, to‘qsonu yuzni qoralagan bobolar, momolar, boshiga o‘rab olgan ro‘mollari o‘zlariga yarashgan qizaloqlargacha — barchasi Yaratgandan bir ilinj tilagandek, shukronalik bilan odimlab, Ahmad Yassaviy hazratlari poyiga qadam qo‘yadi.

Beixtiyor dilimda she’r o‘qiyman:

 

Tangriga shukrona so‘zim boshida,

Gunohim oqadi ko‘zim yoshida,

Haqni deganlarning siz bardoshida,

Poyingizga keldim, Yassaviy bobo.

 

Orin o‘ylaganga — oriyat yo‘ldosh,

Iymon, diyonat but, Yaratgan qo‘ldosh,

Umringiz — hikmatdir, dilingiz — quyosh,

Poyingizga keldim, Yassaviy bobo.

 

Qo‘l — ishda, dil har on Xudoda bo‘lsa,

Jonlar haq ish uchun fidoda bo‘lsa,

Azizlarning ruhi duoda bo‘lsa,

Poyingizga keldim, Yassaviy bobo.

 

Ziyoratdan so‘ng dillarda o‘zgacha shukuh, yengil qadamlar bilan ziyoratgohning shundoq yonginasida, Turkiston shahridagi tarixiy-etnomadaniy muzeyning majlislar zalida so‘zimiz avvalida ta’kidlaganimiz «Biz bir xalqmiz: Amir Temur — buyuk bunyodkor» mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda qatnashdik. Anjumanni Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalarining «Do‘stlik» hamjamiyati va xalqaro Amir Temur xayriya jamg‘armasining Qozog‘iston Respublikasidagi bo‘limi raisi Ikromjon Hoshimjonov boshqardi.

Anjumanni qutlov so‘zi bilan ochgan Turkiston shahar hokimi o‘rinbosarining samimiy so‘zlari qalbimizda iftixor uyg‘otadi. «O‘zbekistonlik qardoshlarimiz Janubiy Qozog‘istonga tashrif buyurganiga ikki kun bo‘ldi. Siz yurtimizga O‘zbekistonning iliq havosini olib keldingiz. Ikki kun ichida o‘riklarimiz oppoq bo‘lib gullab ketdi».

Konferensiyada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro Amir Temur xayriya fondi raisi Kozim Habibullayev, ko‘plab tarixchi va pedagog olimlar, ijodkorlar, etnomadaniy birlashmalar rahbarlari so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Konferensiya a’lo darajada o‘tdi.

Konferensiyadan so‘ng biz ijodkorlar o‘zbek adabiyoti darg‘alaridan biri, atoqli yozuvchi Odil Yoqubov tug‘ilib, kamol topgan Qarnoq qishlog‘iga yo‘l oldik. Faqat o‘zbeklar istiqomat qiladigan bu tarixiy maskanda o‘tmishda 40 madrasa, to‘rt masjid bo‘lgan. Amir Temur bobomiz Ahmad Yassaviy maqbarasidagi qozonni shu qishloqda quydirgan ekan.

Biz ustoz Odil Yoqubov ta’lim olgan maktabga borganimizda shu o‘quv dargohida Turkiston shahridagi maktablarning o‘zbek tili va adabiyoti muallimlari ilmiy-amaliy konferensiyasi ustidan chiqdik. Odil Yoqubov xotirasiga bag‘ishlangan uchrashuvimiz Qarnoq qishlog‘ining oqsoqollari, faollari, maktab o‘qituvchilari, konferensiya ishtirokchilari bilan nihoyatda qizg‘in, samimiy o‘tdi. Odil Yoqubovning hayoti, ijodiy faoliyatini yorqin aks ettirgan muzey bilan tanishdik.

Qaytishimizda esa Mirtemir domla tug‘ilgan Iqon qishlog‘ini ziyorat qildik. Mirtemir domlaning muzeyi bilan tanishib, ustoz haykali poyiga gullar qo‘ydik. Haykal poyida she’rlar o‘qildi, samimiy tilaklar aytildi.

Bu ijodiy safarda biz bir daqiqa tinim bilmadik. Ammo toliqqanimizni ham his qilmadik. Chunki ikki qardosh xalq vakillari tilu dilidagi xushnudlik, chehralardagi tabassum, bildirilgan fikrlar — ikki millat ahli orziqib kutgan kunlarning amaldagi ifodasi bo‘lib jarangladi.

Shuni mamnuniyat bilan aytish joizki, har ikki davlatda ham, ya’ni O‘zbekistonda — qozoqlarga, Qozog‘istonda — o‘zbeklarga yashash, mehnat qilish, o‘qish, o‘z milliy an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish uchun birdek qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Agar O‘zbekiston misolida tahlil qilsak, yurtimiz aholisining 3 foizini qozoq millatiga mansub aholi tashkil etadi. Eng quvonarlisi, ular orasida O‘zbekiston Qahramonlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, 47 nafar fan doktori, 240 nafar fan nomzodi, ko‘plab unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlanganlar, qanchalab davlat idoralari rahbarlari bor.

O‘zbekistonda 396 qozoq maktabi bo‘lib, ularda 50868 nafar o‘quvchi ta’lim oladi.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari — Nukus davlat universitetida, Ajiniyaz nomidagi pedagogika institutida hamda Guliston davlat universitetida, Navoiy davlat pedagogika instituti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida qozoq tili va adabiyoti bo‘limlari faoliyat yuritib kelmoqda.

Qozog‘iston aholisining 3,1 foizini o‘zbeklar tashkil etadi. Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniyat birlashmalarining respublika bo‘yicha 35 bo‘limi faoliyat yuritmoqda. Mamlakatda 136 maktabda o‘zbek tili o‘qitiladi. Shundan 15 maktabda ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi. 121 maktabda esa aralash tilli sinflar mavjud.

Sayramdagi o‘zbek drama teatri jamoasi 2003 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shu davrgacha dunyoning o‘nlab mamlakatlarida gastrol safarlarida bo‘lgan. Qozog‘istonda 9 gazeta va jurnal o‘zbek tilida chop etiladi. Shuningdek, teleko‘rsatuv va radio eshittirishlar mavjud.

Bir so‘z bilan aytganda, qardosh Qozog‘iston Respublikasiga qilgan ijodiy safarimiz ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi. Bu safar tinchlik, ezgulik, do‘stlik tarannumiga aylandi. Har ikki davlat rahbarlari tomonidan chuqur o‘ylab olib borilayotgan siyosat har ikki xalqning baxtu saodatiga, asriy an’analarining bardavomligiga, millatlarimiz inoqligiga xizmat qilayotganini ko‘rib, do‘stligimiz, qardoshligimiz kelgusida yanada mustahkamlanishiga ishonch hosil qildik.

 

Mahmud TOIR,

O‘zbekiston xalq shoiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: