03.04.2018

O‘ZBEKISTONDA 20 GA YAQIN SOLIQ TURI BOR, RIVOJLANGAN MAMLAKATLARDA ESA BOR-YO‘G‘I 6-7 TA...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi mamlakatimiz soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.

«O‘zekspomarkaz»da bo‘lib o‘tgan loyiha taqdimotida soliq sohasi ekspertlari, ishbilarmonlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, xalqaro moliyaviy institutlar hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

— Barchamiz soliq to‘lovchilarmiz. Shunga binoan, bugungi muhokama bevosita barchamizga tegishli bo‘ladi. Har birimizning oylik maoshlarimizdan ushlab qolinayotgan, tadbirkorlarning daromadlaridan olinayotgan soliq pullari nimaga sarflanayotganini bilishga haqqimiz bor, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o‘rinbosari Go‘zal Islomova. — Soliq konsepsiyasining negizida mamlakat raqobatbardoshligini ko‘tarish yotibdi. Globallashuv jarayonida har bir davlat mehnat va iqtisodiy zaxiralar uchun kurashmoqda. O‘zbekiston katta zaxiraga, ulkan tabiiy boyliklar va inson resurslariga ega bo‘lishiga qaramay, mamlakatimizning global sarmoya bozorida raqobatbardoshligi haqida so‘z ketganda, ma’lum bo‘ladiki, investorlarga bizning mamlakatimizga kelish qiziq emas. Ular bizga pul tikishni xohlamayapti. Nima uchun? Biz soliq konsepsiyasini ishlab chiqishda ayni shu savolga javob topishga urinib ko‘rdik.

Muhokama davomida soliqqa tortishning amaldagi usullari va kelib chiqayotgan muammolar, bugungi zamon talablari, ilg‘or g‘oyalar, maqsad va vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi soliq tizimi va ma’murchiligi bozor iqtisodiyoti tamoyillariga javob bermaydi.

Ayniqsa, biznes sohasida katta soliq yuki saqlanib qolyapti. Soliqlarning ko‘pligi, soliqqa tortish tartib-taomillarining murakkabligi iqtisodiy o‘sishga raqobatbardoshlik rivojiga monelik qilmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, hozir mamlakatimizda 19 turdagi soliqlar amal qiladi, ko‘pdan-ko‘p rivojlangan davlatlarda esa bu ko‘rsatkich atigi 6-7 tani tashkil etadi.

Hozir kichik biznes sub’ektlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo‘shayotgan hissasi 50 foizdan ortiq, biroq uning soliq tushumidagi ulushi 7 foizdan bir oz ko‘p, xolos. Soliqning yuqori darajasi va qo‘shimcha qiymat solig‘ini (QQS) undirish tizimi soliq to‘lovchilarning aylanma mablag‘lari tortilishiga, iste’mol mahsulotlari narxlarining qimmatlashishiga olib kelib, yirik va kichik biznes o‘rtasida kooperatsiyaning o‘sish sur’atiga to‘sqinlik qilmoqda...

O‘zbekistonda ishga yaroqli aholi soni o‘n uch milliondan ko‘proq. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 5,7 million nafari ish bilan band va daromad solig‘i to‘laydi.

Shuni ham aytish kerakki, savdo va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari tekshirilganda, xodimlar soni kamaytirib ko‘rsatilishi kabi hollar oydinlashgan. Ya’ni, 20 ta xodim soliq to‘lab ishlayotgan bo‘lsa, 60-80 nafari norasmiy tarzda ishlab, soliqdan yashirilgan.

— Biz bu masalada tadbirkorlarni ayblashga haqli emasmiz, — deydi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Musayev. — Nimaga desangiz, tashkilot rahbari qo‘l ostida ishlayotgan xodimga maosh berish uchun to‘lanadigan soliq, hamma ijtimoiy to‘lovlar bilan qo‘shib hisoblaganda, 55 foizdan oshadi. Aksariyat investorlar O‘zbekistonda soliq qonunchiligi sog‘lom raqobatni, ochiq-oshkoralikni, soliq yukining maqbul miqdorini va investorlar huquqini himoyalashni ta’minlay olmayapti, degan fikrda.

Yangi ishlab chiqilgan Konsepsiya loyihasida soliq qonunchiligini soddalashtirish, me’yoriy hujjatlardagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etish, soliq to‘lovchilar manfaatini himoya qilish, tadbirkorlarga soliq bosimini yengillashtirish, katta va kichik korxonalar orasida soliq miqdoridagi tafovutga barham berish kabi davr talabiga hamohang yondashuvlar ilgari surilgan.

Teng raqobat muhitini yaratish maqsadida shaxsiy soliq va bojxona imtiyozlarini berish qat’iyan taqiqlanishi rejalashtirilyapti. Soliq hisobotlari soddalashtiriladi, shuningdek, qo‘shimcha qiymat solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushiriladi. Lekin, shu bilan birga, aylanma mablag‘ miqdori 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lgan barcha soliq to‘lovchi uni to‘lashi lozim bo‘ladi.

Jismoniy shaxslar daromad solig‘i, fuqarolarning yagona ijtimoiy to‘lovlar va sug‘urta badallarini Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga soliqqa tortish 25 foizli tekis shkaladagi stavka bo‘yicha yakka tartibdagi jismoniy shaxslar daromad solig‘i sifatida birxillashtirish ko‘zda tutilyapti.

Shuningdek, yuridik shaxslarning mulk solig‘i bo‘yicha soliq yuki bosqichma-bosqich kamaytiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Konsepsiya loyihasida soliq tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish va isloh qilishga oid takliflar o‘rin olgan.

Ushbu loyiha to‘rt qismdan iborat bo‘lib, jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo‘yicha uni yanada takomillashtirish kutilmoqda.

 

Bardambek SA’DULLAYEV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.