03.04.2018

MUROJAATLARGA BEPISAND MUNOSABAT VA BAJARILMAGAN DASTURLAR

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolaridan iborat ishchi guruhlar shahar va tumanlarda bo‘lib, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazayotgani islohotlar samaradorligini yanada oshirmoqda. Bu mexanizm xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, turli muammolar joyida bartaraf etilishiga xizmat qilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov rahbarligidagi parlament vakillaridan iborat ishchi guruh bu gal Namangan viloyatining Namangan tumanida bo‘ldi.

O‘rganilgan masalalar xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida muhokama qilindi.

Sessiya ishtirokchilari dastavval aniqlangan kamchilik va muammolar haqidagi axborot bilan tanishdi. Bu haqda Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Abdug‘affor Qirg‘izboyev ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mavjud dastur va me’yoriy hujjatlar asosida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Biroq yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Tumanda 168 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, 53 mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. 870 xonadonda, 71 ijtimoiy soha ob’ektlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 27 yo‘nalishda 1210 ta muammoli masala aniqlandi. Hududni kompleks rivojlantirish, aholi turmushini yaxshilashga xizmat qiluvchi 610 masala joyida hal etildi. 600 ga yaqin masala tuman hokimligi orqali tegishli mutasaddi tashkilotlarga ijro uchun yuborilib, nazoratga olindi. Bir qator masalalar yechimi viloyat tashkilotlarining aralashuvi bilan hal etildi. Respublika darajasida hal etiladigan 8 yirik muammoni parlament nazoratining turli shakllari orqali bartaraf etish rejalari belgilab olindi.

Aniqlangan masalalarning aksariyati uy-joy, kommunal va transport xizmati hamda yo‘l qurilishi bilan bog‘liq. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, pul-kredit masalalarida ham yechimini kutayotgan muammolar bor.

Tumanda 21 ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, 6 xususiy uy-joy mulkdorlar shirkati tuzilgan. Rejaga ko‘ra, 2017 yilda ko‘p qavatli uylarning tom qismini (3536 m.kv.) mukammal ta’mirlash va uch uy oldida bolalar maydonchasini qurish nazarda tutilgan. Ammo bu ishlar amalga oshmagan. Uy egalarining to‘lovlari ham 50 foizni tashkil qiladi.

«Dehqonobod» MFY hududida joylashgan to‘rt qavatli uyda kanalizatsiya yaxshi ishlamasligi sababli, yerto‘lani suv bosib ketgan, fuqarolarning mutasaddi rahbarlarga murojaatlari e’tiborsiz qoldirilgan.

Tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2016 yildan hozirgi kunga qadar 6200 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa-da, ushbu daraxtlarni parvarishlash bo‘yicha yetarli darajada ish olib borilmagan. Shu bilan birgalikda, obodonlashtirish ishlari samarali tashkil etilmaganligi sababli, markaziy ko‘chalarning tozaligi qoniqarsiz ahvolda.

«Toza hudud» DUKning Namangan tuman filiali tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tumandagi 53 ta MFYdan 25 tasi, yuridik shaxslarning 15 foizi xizmat bilan qamrab olingan. So‘nggi 8 oyda aholiga ko‘rsatilgan xizmat uchun tushirilgan mablag‘ni tuman aholisiga nisbatan olinsa, qamrov darajasi 0,35 foizni tashkil etadi. «Oqbuloq» MFY hududidan o‘tgan Kosonsoy qirg‘oqlarida, «Beshkapa» MFY, «Bo‘ston» MFY hududlarida noqonuniy chiqindixonalar paydo bo‘lgani achinarli. Bu kabi holatlar natijasida tumanda o‘tkir ichak kasalliklari va o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish oldingi yilga nisbatan ikki barobarga ortgan.

Tuman hududida umumiy foydalanishda bo‘lgan davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarining 16,5 km. qismi, mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarining 87,5 km. qismi ta’mirga muhtojligi sessiyada tanqid qilinib, mutasaddilardan mas’uliyat so‘raldi va masalani hal etish choralari belgilandi.

Mehnat va aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi markaz tomonidan ro‘yxatga olingan 3172 nafar ishsiz fuqaroning 433 nafari ish bilan ta’minlangan xolos.

 2018 yil 1 mart holatiga tumanda ro‘yxatdan o‘tgan jami 1652 ta tadbirkorlik sub’ektining 664 tasi yoki 40,1 foizi turli sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmayapti. «Mo’jiza shirinligi» MChJ 2017 yilda ro‘yxatdan o‘tgan. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun «Xalq banki» tuman filialidan kredit olib, tuman hokimligiga joy ajratib berish haqida murojaat qilgan. Yer ajratilmagani bois, o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

1057 yakka tartibdagi tadbirkorlarning 355 tasi turli sabablarga ko‘ra faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Tumanda zarar ko‘rib ishlayotgan sub’ektlar 217 tani tashkil etmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘pdir.

Tumanda Namangan viloyatini 2016-2018 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining ijrosi ham qoniqarsiz. Sanoat sohasini rivojlantirish yo‘nalishida 597 o‘rniga 397 ish o‘rni yaratilgan. «Namangan evro qurilish ta‘mir servis» xususiy korxonasi 50 o‘rniga 25 ta, «Lochinbek Azizbek tekistil servis» MChJ tomonidan 30 o‘rniga 20 ta ish o‘rni yaratilgan xolos. «Asadbek g‘isht sanoati» MChJ tomonidan 10, «Navbahor navro‘z nonlari» xususiy korxonasi tomonidan 10 ish o‘rni yaratish rejalari qog‘ozda qolib ketgan.

 Ishchi guruh tumanda avval davlat tasarrufida bo‘lib, xususiylashtirilgan 4 ob’ekt hozirda faoliyat ko‘rsatmayotganiga guvoh bo‘ldi. Tadbirkorlarning yer ajratib berish to‘g‘risidagi murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaydi. Mirzahamid Rahimov, G‘anisher Kenjayevlarning arizalari tuman hokimining ish stolida ikki oylab qolib ketgan.

Hokim o‘rinbosari H.O‘rinov hamda tuman arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i B.Qo‘chqorovlar fuqarolarning murojaatlariga bepisand munosabatda bo‘lishgan.

Banklar ish haqi uchun resurslar yetishmasligini ro‘kach qilib, yetarli mablag‘ ajratmayotganidan fermer xo‘jaliklari ishchilari g‘oyat norozi. Xizmat haqini o‘z vaqtida ololmaslik, texnikadan qarzdorlik, ehtiyot qismlar sotib olishga mablag‘ yetishmasligi kabi muammolar ham bank xizmatlarining sifatsizligidan yuzaga kelgan.

Ta’lim tizimidagi yangilanishlarga ham tumanda e’tibor yetarli emas. Jumladan, tumanda 25 maktabgacha ta’lim muassasasi, 34 maktab, 8 kasb-hunar kolleji, shuningdek, bolalar va o‘smirlar sport maktabi, «Barkamol avlod» markazi, bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Maktabgacha ta’lim muassasalarining umumiy quvvati 3790 o‘rinni tashkil etadi. 13 ming 341 nafar 3-7 yoshli bolalarning 3987 nafari, ya’ni 29,9 foizigina maktabgacha ta’limga jalb etilgan. «Elatan», «Kaykovus», «Kurmak», «Ravnaq», «To‘sar» mahalla fuqorolar yig‘inlari hududlarida maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud emas. Bolalar bog‘chalarining 12 tasida elektr tizimlari yaroqsiz holatda.

7-sonli bolalar bog‘chasi esa salkam 2 yildan buyon vaqtincha qishloq shifoxonasida mutlaqo noqulay sharoitda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Sessiyada tumandagi boshqa kamchiliklar va ularning sabablari, muammolarni hal qilish masalasi atroflicha ko‘rib chiqildi.

 

Nosirjon DEHQONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.