Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
29.03.2018

TINCHLIK ORZUSI: afg‘onistonlik yoshlar tahririyatimiz mehmoni

«Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi kunlari matbuot markazida o‘tgan tadbirlar paytida afg‘onistonlik to‘rt nafar talaba jurnalistlar diqqat-e’tiborida bo‘lishdi. Ular Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida o‘qiyotgan yoshlar edi. Konferensiya munosabati bilan ular Afg‘oniston yoshlari vakillari sifatida Toshkentga taklif etilgandi.

Konferensiyadan so‘ng ular o‘z ustozlari bilan birga tahririyatimiz mehmoni bo‘lishdi.



Asadillo AZIZIY, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi:

Sa’diy Sheroziy bir asarida yer yuzidagi insonlarni bir odam tanasiga qiyoslaydi. Agar kishining biror a’zosi og‘risa, butun vujudi azoblanishini aytadi. Shuning uchun bir inson dardi bashariyat hayotiga ta’sir qilishi chiroyli tarzda ifodalangan. Afg‘onistonni bir necha yillardan buyon qiynayotgan muammo ham barchani birdek tashvishga solishi kerak, deb hisoblayman.

Afg‘on hukumati doimo tolibonlar bilan murosaga kelishga harakat qiladi. Prezidentimiz bayramlarda, hayit kunlarida tolibonlarga qarata bir-birimizga quchog‘imizni ochaylik, yarashaylik, deb murojaat qiladi. Tolibonlar bu taklifni bir necha shart evaziga qabul qilishni bildirishgan. O‘zbekiston Prezidenti ham konferensiyada so‘zlagan nutqida shu masalaga alohida e’tibor qaratdi. U afg‘on xalqi dardiga dunyo mamlakatlari rahbarlari e’tiborini qaratmoqda. Kelishuv borasida har qanday ko‘makka hozirligini bildirdi.

Juda ta’sirlandim, quvondim, boshim osmonga yetdi. Negaki, yurtimizning ko‘pgina go‘shalarida vayrongarchilik, bolalar ota-onasidan erta yetim qoladi. Ularda xotirjam kayfiyatda ta’lim olish imkoniyati yo‘q.

Ushbu chaqiriqqa javoban biz Afg‘oniston xalqi, millatimiz va qaysi hududdan bo‘lishimizdan qat’i nazar, urush, qo‘poruvchilik yetar endi, deb bir-birimizga madad bo‘lishimiz, yurtimiz kelajagi uchun birdamlikka erishishimiz zarur.

Bugungi kungacha afg‘on diyorida tinchlikni ta’minlash maqsadida bir necha bor xalqaro konferensiya o‘tkazilgan. Oliy darajadagi Toshkent xalqaro konfrensiyasining oldingilaridan farqi shundaki, bu anjumanda dunyoda o‘z so‘ziga ega bo‘lgan davlatlar vakillari ishtirok etdi. Eng muhimi, fikrlar, manfaatlar mushtarak keldi.

Oilada 7 qiz, 2 o‘g‘ilmiz. Uch opam va bir singlim turmushga chiqqan. Otam olamdan o‘tganidan so‘ng men oila boquvchisi edim. O‘zbekiston bilan Afg‘oniston Prezidentlari kelishuvi, yaratgan imkoniyati tufayli O‘zbekistonga o‘qishga keldim. Bo‘lmasa kambag‘al bir oila bolasi bo‘lgan menga aslo o‘qish nasib etmasdi.

Afg‘oniston deganda ko‘pchilik o‘q tovushlari, portlashlar doim eshitilib turuvchi joyni tasavvur qiladi. Aslida ayrim hududlarimizda, ya’ni Badaxshon, Qunduz, Bag‘lon, Juzjon kabi 9 viloyatda boshqa joylarga nisbatan tinchroq hayot hukm suradi. Afsuski, boshqa viloyatlarning taqdiri qorong‘ulik ichida qolgan. Farzandlar uydan chiqar ekan, onalari bilan xayrlashib, rizolik so‘raydi. Chunki uning oilasiga qaytishi dargumon. Demakki, hayot tarzi ham rejalarsiz, orzu-maqsadlarsiz, shunchaki yashab qolishga harakatdan iboratdir. Bu esa inson qalbini larzaga keltiradi, urushga nisbatan nafratni uyg‘otadi.

O‘zbekistonga kelib bildimki, urf-odat, an’analarimiz, qadriyatlarimiz juda ham o‘xshash ekan. Bayramlarimiz ham bir-biriga o‘xshaydi. Chunki biz bir ajdodning avlodlarimiz.

Bizni umumiy tarix bog‘lab turibdi. Bir daryo ajratgani bilan qalban yaqinlik, birdamlik hech qachon bizni tark etmasin. Toshkentda bo‘lgan kunlarim qo‘lni-qo‘lga berib, tinchlik sari yagona maqsad yo‘lida oldinga qadam tashlaylik, degan xulosani angladim va kuchim boricha ana shu maqsad sari kurashaman.



Asila NOIBZODA, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi:

Oilada besh nafar farzandmiz. Otam qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis. Onam o‘qituvchi. Bolaligimdan ularga havas qilib, universitetda tahsil olishni, qo‘shimcha to‘garaklarga qatnashni istardim. Yurtimizdagi notinchlik sabab hatto qizlar ko‘chada yolg‘iz yurolmaydi. Shuning uchun men ham qo‘shimcha kasb-hunar egasi bo‘lolmadim.

Orzularimdan biri Toshkentni ko‘rish edi. Oddiy oilaning farzandi bo‘lganim uchun bu menga qo‘l yetmasdek tuyulardi. Toshkentga kelishga na imkoniyatim, na mablag‘im bor edi. O‘zimga-o‘zim O‘zbekiston qayerda-yu, sen qayerdasan, derdim. Bu orzu armon bo‘lib qoladi, deb o‘ylardim. Shukirki, orzularimga erishdim. Nafaqat O‘zbekistonni ko‘rish, balki bu yerda o‘qish imkoniga ham ega bo‘ldim. Buning uchun O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlariga chin dildan minnaddorchilik bildiramiz.

Surxondaryoda Navro‘z bayramida qatnashdik. Toshkentga kelib, diqqatga sazovor joylarda bo‘ldik. Uyga qaytgach, xayrli safarim haqida oila a’zolarimga aytib beraman. Bularning barchasi uchun O‘zbekiston Prezidenti hamda Afg‘oniston Prezidentidan minnatdorman.

Konferensiyada O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro fond tashkil etish taklifini bildirdi. Bu taklifdan juda ham minnatdor bo‘ldik. Ushbu tashabbus amalga oshsa, yurtimizda ko‘plab kadrlar tayyorlash, iste’dodli talabalar va yosh olimlar uchun stipendiyalar, grantlar ajratishga erishiladi.

Yana shuni zo‘r mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, dunyoning bir qancha mamlakatlarida afg‘onistonlik yoshlar ta’lim oladi. Ammo ular uchun alohida ta’lim markazi tashkil etilmagandi. O‘zbekiston bizga shunday imkoniyatni berdi. Markazimizda tikuvchilik, kulolchilik, sport, san’at, fan va xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha 20 ga yaqin to‘garak bor. Dam olish kunlari ziyorat joylarga boramiz. Keyingi haftada yana 35 nafar, undan so‘ng 300 nafar afg‘on yigit-qizlari safimizga qo‘shilar ekan. Bu yangilikdan boshimiz osmonga yetdi.

Afg‘oniston yoshlari yurtimizda tinchlik hukm surishini, osoyishtalikda ta’lim olishni, taraqqiyotga xizmat qilishni istaydi. O‘ylaymanki, yuqori darajadagi xalqaro Toshkent konferensiyasi bunday orzular ushalishi sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.



Abdusalim FORUQIY, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi:

Bobomning bolaligi shu yurtda o‘tgan. Shundanmi, bu yurtga mehri bo‘lak edi. O‘zbekiston haqida gap ketganda, doim ko‘zlari yoshga to‘lardi. U kishi menga sayyoh sifatida bo‘lsa ham, kindik qoni to‘kilgan joyga borishimni ko‘p aytardi. Men esa bobo, Xudo xohlasa, ota yurtingizga, albatta, ta’lim olish uchun boraman, derdim. Bobom vafot etganiga o‘n yildan oshdi. Ammo bugun men O‘zbekistonning azim Toshkentida turib, xalqaro konfrensiyada qatnashganimdan bobomning ruhi shod bo‘lganiga ishonaman.

Dunyoning bir qancha mamlakatlarida o‘qish imkoniyatiga ega edim. Ammo men O‘zbekistonda tahsil olishni afzal bildim.

Biz ko‘plab afg‘onistonlik yoshlar O‘zbekistonga kelib o‘qish uchun imtihon topshirdik. Yurtingizga kelishdan oldin Prezidentimiz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u kishi bizga har birimiz nafaqat talaba, balki Afg‘onistonning elchisi ekanimizni ta’kidladi. Biz ikki davlat o‘rtasidagi rishtani yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishimiz kerakligini yuragimizdan anglab turibmiz.

Markazdagi ustozlarimiz nihoyatda talabchan. Darsdan so‘ng to‘garaklarga borishimiz, kutubxonadan foydalanishimizdan tortib, yotoqxonada yashash sharoitimiz haqida ham qayg‘uradi, 24 soatlab biz uchun mehnatini ayamayotgan o‘qituvchilarimiz ishonchini oqlashga va’da beramiz.

Yuqori darajadagi xalqaro Toshkent konferensiyasi o‘tkazilishini eshitib, juda xursand bo‘ldik. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xalqaro minbarlarda turib, yer yuzidagi davlatlarni Afg‘oniston tinchligi yo‘lida birlashishga ko‘p bora da’vat qilgan edi. Men buni bobomdan eshitganman. Bugun Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev bu ishni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Afg‘oniston muammosi faqat Afg‘onistonga tegishli, degan qarash noto‘g‘ri ekanini ta’kidlamoqda. U kishining konferensiyadagi nutqida biz xavf-xatarlarning ba’zi birlarini «o‘zimizniki», boshqalarini esa «birovniki», deb qabul qilmasligimiz kerak, bunga haqqimiz yo‘q, dedi. Demak, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, buzg‘unchilik, jaholat va razolatga qarshi hamjihatlikda kurashishimiz kerak.



Ra’no SHERZOD, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi:

O‘zbekistonga kelishdan oldin Toshkent go‘zal bir shahar ekanini eshitgandim. O‘zbekistonning ayrim telekanallari orqali ham ko‘rib turardik. Ammo Toshkent biz o‘ylagandan ancha obod va ko‘rkam shahar ekan.

Termizga yangi kelgan kunlarimiz yuragimizdagi qo‘rquv bizni tark etmadi. Hatto qo‘qqisdan biror qattiqroq shovqinni eshitsak, o‘zimizni panaga olishga harakat qilgan holatlar bo‘ldi. Keyin bir-birimizga aytdik, axir biz Afg‘onistonda emasmizku. Hozir orzuimizdagi hayotda yashayapmiz.

Afg‘onistonda tushgacha o‘qib, kunning ikkinchi yarmida uy ishlariga qarashardik. Bo‘sh vaqtimizni asosan bekor o‘tkazar edik. Sababi, to‘garaklarga qatnash, madaniy hordiq olish uchun sharoit yo‘q. O‘zbekistonda o‘qishni boshlagach, uyqusizlikdan biroz qiynaldik. Lekin vaqt o‘tib, o‘qish va o‘rganishning afzalliklarini tushundik. Bugun yigirma to‘rt soat tahsil olishga tayyormiz. Bizga berilgan ikki yil vaqt davomida ko‘proq bilimga ega bo‘lish, kamida besh tilni o‘rganishni maqsad qildik.

Qisqa qilib aytganda, o‘zbek xalqi bizni samimiy kutib oldi. Bu yerda tahsil olayotganimizdan faxrlanamiz. Konferensiyada bildirilgan fikrlar natijasida yurtimizdagi boshqa tengdoshlarimiz ham ana shunday baxtga erishishiga ishonamiz.

Meni O‘zbekiston Prezidentining Afg‘onistonda milliy kelishuv jarayoniga xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘mak berish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish haqidagi takliflari ayniqsa, quvontirdi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Toshkentda o‘tgan bu nufuzli konferensiya Afg‘onistonda tinchlikni qaror toptirish yo‘lida muhim bir qadam bo‘ldi, deb o‘ylayman. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilsa, o‘z taqdirimizni o‘zimiz hal qilish imkoniga ega bo‘lamiz.

Terrorizmni moliyaviy va moddiy texnik qo‘llab-quvvatlashning oldi olinishiga umid qilamiz. Bu butun dunyo umumiy xavfsizligi uchun xizmat qiladi va ushbu yo‘lda O‘zbekistondek hamkorimiz hamda do‘stimiz borligidan bag‘oyatda mamnunmiz.



Shuningdek, suhbat davomida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi direktori Oybek Ro‘ziyev, direktor o‘rinbosari Toshpo‘lat Toshev markaz faoliyati haqida atroflicha gapirib berdi. Afg‘on yoshlarining bilimga chanqoqligi, yangilikka intiluvchanligi hamda berilgan vazifani o‘z vaqtida puxta tayyorlashini ta’kidlashdi.



«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari

Zilola UBAYDULLAYEVA,

Mahliyo ALIQULOVA yozib oldi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: