Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
27.03.2018

BARHAYOT MEROSIMIZ KELAJAK AVLODLAR UCHUN

Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi vaqtda Samarqand viloyati hududida 1850 dan ortiq madaniy meros ob’ektlari mavjud. Ularning 1105 tasini arxeologik, 669 tasini tarixiy-me’moriy, 27 tasini monumental yodgorliklar, 39 tasini me’moriy lavhalar tashkil etadi. Shuningdek, 37 ta diqqatga sazovor ziyoratgoh maskanlar mavjud.

Samarqand viloyatidagi barcha tarixiy ob’ektlar pasporti tayyorlanib, hujjat yuritish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara bermoqda. Tarixiy-me’moriy obidalar, buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas joylar qayta ta’mirlandi. Shohizinda me’moriy obidalar majmuasi, Imom al-Buxoriy masjid-majmuasi, Xoja Doniyor ziyoratgohi, Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi, Bibixonim maqbarasi, Nodir Devonbegi madrasasi, Afrosiyob muzeyi, Hazrati Dovud va Chor chinor ziyoratgohlarida amalga oshirilgan ulkan ta’mirlash-bunyodkorlik ishlari shular jumlasidandir.

Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi jamoasi muzeylarni yangi eksponatlar bilan boyitish, ta’mirlash, obodonlashtirish, mehmonlarni, ayniqsa, xorijlik sayyohlarni muzey muassasalariga jalb etish borasida fidoyilik bilan mehnat qilmoqda.

Shahardagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida bo‘lgan kishi o‘tmishga sayohat qiladi. Boy tariximizdan darak beruvchi ko‘plab eksponatlar bilan tanishadi. «Markaziy Osiyoda yozuvning paydo bo‘lishi tarixi», «O‘zbekiston zargarlik san’ati», «XIX asr oxiri XX asr boshlarida an’anaviy kiyinish madaniyati», «Samarqand: kecha va bugun», «O‘zbekiston tasviriy san’at durdonalari», «O‘zbekistonda kulolchilik san’ati», «O‘zbekistonda metallga badiiy ishlov berish san’ati», «O‘zbekiston dunyo madaniyati chorrahasida», «O‘zbekistonda mato to‘qish va matoga badiiy gul bosish san’ati», «Mustaqillik ekspozitsiyasi», «Rangtasvir ekspozitsiyasi», «O‘zbekiston kashtachiligi», «O‘zbekiston gilamchiligi» kabi ko‘rgazma va ekspozitsiyalar kishiga olam-olam zavq bag‘ishlaydi.

Muzey-qo‘riqxonada fond ishlarini yuritish, muzey ashyolari va kolleksiyalarini sotib olish, saqlash borasida fond xarid komissiyasi tashkil etilgan bo‘lib, bu borada o‘z takliflarini beradi va shu asosda eksponatlar miqdori oshiriladi. Jumladan, 2017 yil davomida muzey fondlariga jami 599 dona turli ashyolar qabul qilindi. Ularning 379 donasi asosiy fondga, 207 donasi ilmiy-yordamchi fondga va 13 donasi vaqtinchalik saqlovga topshirilgan. Ayni paytda muzey-qo‘riqxonaning asosiy va ilmiy-yordamchi fondlaridagi ashyolarning soni 235 ming 783 donani tashkil etmoqda.

2017 yilda o‘tkazilgan «Sharq taronalari» festivali doirasida O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Samarqand bo‘limi bilan hamkorlikda Samarqand hunarmandlari ijodi asosida xalqaro ko‘rgazma tashkil etildi. Unda 1997 yildan shu paytgacha bo‘lib o‘tgan festivallarda namoyish etilgan nodir cholg‘u asboblari, ishtirokchilarning milliy liboslari, shuningdek, samarqandlik musavvirlar tomonidan ishlangan tasviriy va amaliy san’at asarlari o‘rin oldi.

Mis, kulolchilik va chinni idishlarda, gilam va turli matolarda Samarqandning diqqatga sazovor joylari aks ettirilgan buyumlar ham ko‘rgazmada namoyish etildi. Milliy an’ana va qadriyatlar asosida yaratilgan xalq qahramonlari haykalchalari, o‘ymakor naqshlar solingan mo‘jaz sandiqchalar, mitti milliy musiqa asboblari xorijlik mehmonlar uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi.

Muzey-qo‘riqxona tomonidan ekspeditsiya va ilmiy safarlarning tashkil etilishi o‘tmish va bugunni bevosita bog‘lashga xizmat qiladi. Negaki, nafaqat shaharlarda, ko‘pgina uzoq qishloqlarimizda ham yurtimizning boy tarixi bilan bog‘liq ashyolar ko‘p. Ularni mahalliy aholi, ayniqsa, tarix bilan qiziquvchilar yaxshi bilishadi. Shu bois muzey xodimlari bunday ishlarni mutaxassislar, asosan, O‘zFA Arxeologiya instituti xodimlari bilan hamkorlikda tashkil etishadi. Masalan, 2017 yilda Nurobod tumanidagi Jom va Tim qishloqlari tarixi va etnik hayotini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan etnografik ekspeditsiyada yangi tarixiy ashyolar izlab topildi va ular fond-xarid komissiyasiga taqdim etildi.

2017 yilning may oyida Xitoyda o‘tkazilgan «Bir makon, bir yo‘l» mavzusidagi forumda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining xalq hunarmandchiligi namunalari ko‘rgazmasi namoyish etilib, yuqori bahoga sazovor bo‘ldi. Muzey-qo‘riqxona tomonidan Rossiya Etnografiya muzeyi, Samara shahri muzeyi, Sankt-Peterburg shahridagi Rerixovlar oila muzey-instituti, Germaniyaning Shtutgart shahridagi «Linden muzeyi», Komor orollari muzeylari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Madaniyat vazirligi hamda Fransiya, AQSh, Shveytsariya va Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonalari tashabbusi bilan Fransiyaning Parij shahrida joylashgan «Afrosiyob devoriy suratlarini saqlash va ta’mirlash» assotsiatsiyasi o‘rtasida shartnoma imzolagan edi. «Afrosiyob» qadimiy devoriy suratlarni ta’mirlash ishlari 2014 yildan boshlangan bo‘lib, 2017 yilda nihoyasiga yetkazildi. Yil davomida viloyat davlat muzey-qo‘riqxonasi tizimidagi muzeylar va tarixiy obidalarga jami 1 million nafardan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi. Shundan 160 ming 531 nafari xorijiy sayyohlardir. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 11 iyuldagi «Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan 114 ming 300 nafar o‘quvchi va talaba hamda ularga hamrohlik qiluvchilarning muzey va tarixiy obidalarga kelishi ta’minlandi.

2017 yilning 16-17 may kunlari YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Madaniyat vazirligi, O‘zFA hamkorligida Samarqand shahridagi Registon majmuasining Ulug‘bek madrasasida «O‘zbekistonning madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqot» mavzusida xalqaro ilmiy-madaniy kongresi o‘tkazildi. Unda muzey-qo‘riqxona ilmiy xodimlari kongress doirasida o‘tkazilgan seksiyalar ishida faol ishtirok etib, tizimda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, O‘zbekiston xalqlari madaniyatini keng targ‘ib etish, ko‘p yillar davomida muzey fondlarida saqlanib kelinayotgan tarixiy ashyolarni o‘rganish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Kongress ishtirokchilari O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi, Afrosiyob va Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasidagi Samarqand shahrining asos solinishiga oid ekspozitsiyalar bilan tanishtirildi, ekskursiyalar tashkil etildi. Ayniqsa, «O‘zbekiston jahon sivilizatsiyasi chorrahasida», «O‘zbekistonda ilk yozuvning paydo bo‘lishi tarixi», «Qadimgi Samarqand tarixi», «Temuriylar davridagi Ulug‘bek dahosi» kabi ekspozitsiyalar kongress ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yil 11 dekabrda qabul qilingan ?017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorga binoan Samarqand shahrida yangi muzey binosi qurilishi uchun mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Viloyat O‘lkashunoslik muzeyida katta hajmdagi kapital ta’mirlash ishlari bajariladi. Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi, «Afrosiyob» muzeyi, Kattaqo‘rg‘on shahri, Paxtachi, Ishtixon tumanlaridagi tarix muzeylari va Samarqand shahridagi Sadriddin Ayniy yodgorlik uy-muzeylari joriy ta’mirlanadi.

Ancha paytlardan buyon ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolib kelayotgan Qo‘shrabot tumani, Jo‘sh qishlog‘idagi Ergash Jumanbul o‘g‘li yodgorlik muzeyi ham ushbu dasturga asosan rekonstruksiya qilinadigan bo‘ldi. Bu yangilikni nafaqat qo‘shrabotliklar, balki mamlakatimizdagi adabiyot ixlosmandlari, xalq og‘zaki ijodi jonkuyarlari mamnuniyat bilan kutib oldilar. Yodgorlik muzeyi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufiga o‘tkazilgani esa uning bundan buyon madaniyat va ma’naviyat maskani sifatida muxlislar bilan gavjum bo‘lishini kafolatlaydi. Dasturda muzeylarni eng zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar, elektrotexnika qurilmalari bilan to‘liq ta’minlash masalalari ham qamrab olingan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 iyundagi ?017 — 2019 yillarda Samarqand shahri va Samarqand viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan bir necha tarixiy inshootlarda ta’mirlash ishlari olib borildi. Bibixonim masjidi restavratsiya qilinishi uchun 250 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, pudratchi tashkilot «Samarqandta’mir» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan janubiy kichik masjid ichki devorini ta’mirlash, badiiy naqshlarini tiklash ishlari olib borildi. Tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan tom qismi muzey-qo‘riqxonaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘liq ta’mirdan chiqarilib, umumiy qiymati 140 million so‘mlik ish bajarildi.

«Ruhobod» madrasasini restavratsiya qilish uchun 150 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, shartnoma asosida pudratchi tashkilot — «Me’mor sayqal» MChJ tomonidan maqbaraning devorlarini konstruktiv mustahkamlash, ichki devorlarini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Nodir devonbegi madrasasini restavratsiya qilish uchun 400 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, shartnoma asosida pudratchi tashkilot — «Me’mor sayqal» MChJ tomonidan madrasaning tashqi va hovlidagi keramik naqshlar ta’mirlandi.

2017 yilda Amir Temur maqbarasi tashqi devorini ta’mirlash, pandus qurish hamda maqbaraning ichki qismida ta’mirlash ishlarini olib borish uchun muzey-qo‘riqxona byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan tayyorlangan smeta loyiha hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilib, qayta tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining muzey-majmua hududida joylashgan «Yulduzli osmon» pannosi devorining ustki qismi mis bilan qoplanib, ta’mirlandi. Muzeyning ichki ekspozitsiyasi singan plitkalari yangisiga almashtirildi. Hududdagi shikastlangan plitkalarning bir qismi ta’mirdan chiqarildi. Tungi yoritgich chambaragi qayta ta’mirlandi.

Paxtachi tuman tarixi muzeyining eskirgan tomi qismi to‘liq ochilib, qayta ta’mirlandi. Smeta loyihasi asosida 127 million so‘mlik ishlar amalga oshirildi.

Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan Samarqand azaldan o‘zining me’moriy va tarixiy obidalari bilan dunyo nigohini o‘ziga jalb etib kelgan va bu qiziqish bugun ham tobora ortib bormoqda. Mustaqillik davrida amalga oshirilgan ezgu ishlar, erishilayotgan yutuqlar bu ko‘hna zaminda turizm salohiyatini yanada oshirmoqda. Bunda muzey xodimlarining xizmatlari alohida o‘rin tutadi.

 

Abdurasul SATTOROV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: