Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
27.03.2018

INSON HUQUQI, ERKINLIGI — OLIY QADRIYAT

Bugun mamlakatimizda yuksak talabchanlik bilan olib borilayotgan sud-huquq islohotlari zamirida fuqarolarimiz huquqi, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmatini munosib himoya etishdek insonparvar g‘oya mujassamligi har birimizga yaxshi ma’lum. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonidan so‘ng bu masalaga yanada jiddiy e’tibor qaratila boshlandi.

Ma’lumki, ushbu Farmonda ko‘zda tutilgan bosh maqsad sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi, jinoyat protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, ya’ni qonun oldida hammaning tengligini amalda namoyon etishdan iboratdir.

Afsuski, o‘tgan davrda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, bu holat aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgani biz saboq chiqarib olishimiz kerak bo‘lgani achchiq haqiqatdir. Farmonda ta’kidlanganidek, jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish jarayonida dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik hamda xolislikni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliq mavjudligini huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili yaqqol ko‘rsatdi.

Bugungi talab shundan iboratki, sud organlarining birinchi darajadagi e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari himoyasi bo‘yicha kafolatlangan barcha tartib qoidalarga, aniqrog‘i, konstitutsion prinsiplarga og‘ishmay amal qilish kerak bo‘ladi. Qonunning bu normalariga rioya qilishdan har qanday chekinish jinoyat protsessida qonuniylikni buzish hisoblanadi. O‘z navbatida, bunday xatti-harakatlar tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Farmonning 2-bandi talablariga e’tibor qarataylik. Unda «jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik tazyiq va qadr-qimmatini kamsituvchi muomala turlarini qo‘llab» shaxsni erkin fikrlash, haqiqatni bayon etish kabi imkoniyatidan foydalanishga bosim o‘tkazish yo‘li bilan olingan ko‘rsatuvlardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Men o‘z tajribamdan kelib chiqib aytmoqchimanki, sud-tergov faoliyatini amalga oshirish jarayonida bu kabi holatlarga duch kelingan vaqtda yoki ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan shikoyatlar bo‘lganda, sudyalar bu holatlarni albatta tekshirib ko‘rishi, buning uchun bir qancha protsessual harakatlarni amalga oshirishi lozim bo‘ladi. Masalan, shaxsni hibsda saqlab turgan hibsxona ma’muriyatining tibbiy yordam qismiga yoki shaxs murojaat qilgan tibbiy muassasaga yozma ravishda so‘rovnoma yuborishi, olingan tan jarohati yuzasidan ma’lumot mavjudligini aniqlashga kirishishi kerak. Agar tan jarohati izlari saqlanib qolgan bo‘lsa, bu jarohatlar yetkazilgan vaqtni aniqlash maqsadida tibbiy ekspertiza tayinlanadi. Shuningdek, hibsda saqlanayotgan shaxs o‘ziga nisbatan sodir etilgan noqonuniy harakatlar yuzasidan qaysi nazorat etuvchi organga murojaat qilganligi haqida surishtiriladi. Shuni ham aytish kerakki, shaxsning murojaati haqiqat ekanini tasdiqlovchi birinchi belgilar sud-tergov faoliyatiga yetib kelmay yo‘qolib ketgan hollar oz emas.

Sud islohotlari haqida gap ketganida, sudning bosh vazifasi insonni jazolash emas, balki uning huquqini himoya etish ekanligi takror va takror aytilmoqda. Biroq hayotda shunday holatlar yuz beradiki, birinchi marta tergov berayotgan yoki sudlanayotgan shaxs o‘zining konstitutsion huquq va majburiyatlarini yaxshi bilmasligi, huquqiy savodxonligi yetarli emasligi oqibatida advokat yoki tarjimon xizmatidan foydalanishni shart emas, deb hisoblab, o‘zini o‘zi qiyin ahvolga solib qo‘yishi, haqiqiy holat aniqlanishini murakkablashtirib yuborishi, gohida esa dalillar yo‘qolib ketishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Buning oqibatida sodir etilgan harakatlarni qonuniy baholash qiyinlashadi.

Ushbu Farmonning mohiyatiga ko‘ra, endilikda yuqorida sanab o‘tilgan holatlar amaliyotda uchragan taqdirda, ular yuridik kuchga ega bo‘lmagan ma’lumotlar deb hisoblanadi, jinoyat ishlarini ko‘rish davrida ulardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Farmonning 5-bandida sudlarga sudlanuvchilardan dalillarni yig‘ishda ruxsat berilmagan uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar kelib tushgan taqdirda ular qonun bilan belgilangan tartibda majburiy tekshirilishi shart ekanligi ko‘rsatilgan. Sud amaliyotida ko‘p uchratganmiz, o‘zlariga e’lon qilingan aybdan norozi bo‘lgan, hibsda saqlanayotgan shaxslar aksariyat holatlarda ariza va shikoyatlarini tergov izolyatori orqali sudlarga yo‘llaganliklarini ma’lum qiladilar. Lekin bunday arizalar sudgacha yetib kelmagan holatlar ko‘p uchraydi. Endilikda bunday ariza va shikoyatlar prokuror tomonidan majburiy tarzda tekshirilishi mazkur Farmon bilan mustahkamlandi. Bu talab-qoidalar fuqarolarimizning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.

Hozirgi kunda fuqarolardan sudlarga bo‘layotgan murojaatlardan ko‘rinib turibdiki, aholining huquqiy madaniyati va bilimi oshib bormoqda, sud-huquq idoralariga ishonch ham mustahkamlanmoqda. Bu o‘zgarishlarning asosiy omillari sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning ijrosi yuzasidan amaliy ishlar olib borilayotganida ekanligini e’tirof etish kerak. Shu o‘rinda takror bo‘lsada ta’kidlash kerak, 2017 yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganligi, vaholanki, ungacha oxirgi besh yilda atigi 7 nafar shaxs oqlangani Farmonning sharhida alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, joriy yilda dastlabki tergov organlari tomonidan reabilitatsiya va boshqa asoslar bo‘yicha 3511 nafar jinoyat ishi tugatilgan. Demak, sud mustaqilligini ta’minlash orqali fuqarolar huquqlari qonuniy himoyasini mustahkamlash borasida muhim qadamlar tashlanmoqda. Shuni ham aytish kerakki, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha insonparvarlik tamoyillariga asoslangan huquqiy hujjatlar yaratilmoqda. Ammo ular hayotga qanday joriy etilishi biz sud-huquq organlari xodimlarining bilimi, mahorati, qat’iyatligi va xolisligiga bog‘liq.

 

Yoqutxon HAYDAROVA,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi raisi.



DB query error.
Please try later.