Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
27.03.2018

AFG‘ONISTONDA TINCHLIK O‘RNATISH — MARKAZIY OSIYONING BARQARORLIGI VA TARAQQIYOTI KAFOLATIDIR

Jo‘liboy ELTAZAROV, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti dekani, professor:

— Afg‘oniston xalqi bilan Markaziy Osiyo xalqlarini, jumladan, biz — o‘zbeklarni ming yillar davomida mustahkam tarixiy, madaniy, etnik aloqalar o‘zaro bog‘lab turadi. 1747 yilda Xurosonda Afg‘oniston davlati tashkil topganiga qadar bu geografiyada bizning va afg‘onlarning ajdodlari buyuk saltanatlar qurgani, betakror tamaddunlar yaratgani, dunyo, Sharq va musulmon madaniyati, fani, adabiyoti va san’atiga katta hissa qo‘shgan olimu fuzalolar aynan mana shu zamindan yetishib chiqqani ma’lum. Afg‘onis­ton — Abu Rayhon Beruniy, ­Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi jahon fani va madaniyatida beqiyos iz qoldirgan buyuklarimizning xoki yotgan tuproqdir. Qolaversa, bu mamlakatda ko‘p millatli turkiy tillarda so‘zlashuvchi xalqlar o‘zbeklar, turkmanlar, qozoqlar, qirg‘izlar va tojiklarning yashashi ma’lum. Shu sababli mana qirq yildirki, Afg‘onistonda davom etib kelayotgan siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy buhron eng avvalo, butun Markaziy Osiyo xalqlari qatori O‘zbekiston xalqini ham tashvishga solib kelmoqda.

1989 yilda Hayraton ko‘prigi orqali oxirgi sho‘ro askari Afg‘onistonni tark etganidan buyon jahon hamjamiyati va Afg‘onistonning Markaziy Osiyodagi qo‘shni va qardoshlari tomonidan bu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish bo‘yicha ko‘p sa’y-harakatlar qilindi. Jumladan, 1990-yillarning boshida mintaqaning endigina mustaqillikka erishgan davlatlari — O‘zbekiston, Qozog‘is­ton, Qirg‘iziston va Turkmaniston rahbariyatining tashabbusi bilan Toshkent, Olmaota, Bishkek va Ashxabodda Afg‘onistondagi qarama-qarshi kuchlar liderlarining tinchlik va o‘zaro kelishuv muzokaralari o‘tkazilgan edi.

2001 yil 11 sentabr Nyu-Yorkdagi terroristik hujumlardan keyin Afg‘onistondagi ahvol keskin o‘zgardi va vaziyat yanada chigallashdi. Dunyo geopolitik va geostrategik markazlarining raqobat maydoniga va xalq­aro terrorizmning markazlaridan biriga aylangan bu mamlakatdagi murakkab vaziyatdan chiqishning yo‘llari BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar, nufuzli mamlakatlar tomonidan uzoq yillar davomida izlab ko‘rilganiga qaramay, 2011-2014 yillarda AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari o‘z vatanlariga qaytganidan keyin bu yerda qayta tiklash borasida birmuncha ijobiy siljishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, umuman aytganda, Amudaryo ortidagi o‘lkada hanuzgacha mustahkam tinchlik va barqarorlik qaror topmadi.

Afg‘onistonda o‘nlab yillardan beri davom etgan siyosiy vaziyat birinchi navbatda Markaziy Osiyo davlatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatganini alohida ta’kid­lash kerak. Dunyo okeaniga eng yaqin yo‘llar o‘tuvchi, Hindiston va Janubiy Osiyo mamlakatlari kabi bozorlarga chiqish hududida joylashgan Afg‘onistondagi krizis mintaqa mamlakatlarining tashqi savdo­-iqtisodiy aloqalarining rivojiga ham to‘siq bo‘lib kelmoqda. Boshqa tarafdan bu yerda mintaqa uchun yangi tahdidlar va chaqiriqlar, xususan terrorizm, diniy ekstremizm, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarog‘lar savdosi kabi xavf-xatarlar ham saqlanib qolmoqda.

Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishning eng muhim omillaridan biri uni dunyo va mintaqa iqtisodiyotiga, jahon transport-kommunikatsiya tizimiga integratsiya qilish va bu yurtda ta’lim va madaniy-ma’rifiy ishlar saviyasini ko‘tarishdir. Bu jarayonlar Afg‘onistonning qo‘shnilari ishtirokisiz amalga oshishi qiyin, albatta. Buni chuqur anglagan Markaziy Osiyo davlatlari, birinchi nav­batda ­O‘zbekiston Respublikasi keyingi chorak asrdan ortiq davr mobaynida Afg‘onistonda tinchlikni barqaror qilish va bu mamlakatni jahon temir yo‘llari tizimiga ulash, o‘lkadagi sanoat, tijorat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, ta’lim, maorif va madaniyatni rivojlantirish va aholini oziq-ovqat bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha beg‘araz yordam ko‘rsatib kelmoqda.

2010 yil noyabr oyida Afg‘onistonning yangi tarixida yangi sahifa ochildi. Bu mamlakat sarhadlarida temir yo‘l mavjud bo‘lmagan davlatlar qatoridan chiqdi, O‘zbekistonlik temiryo‘lchilar avval Hayraton, keyin Mozori Sharifgacha bo‘lgan temir yo‘l tarmog‘ini qurib bitirdilar va nihoyat, Afg‘oniston o‘z temir yo‘l tizimiga ega bo‘ldi. O‘zbek temiryo‘lchilari bu yo‘lni mamlakat poytaxti Kobul va janubidagi Hirot shahriga va undan Eron temir yo‘l tarmog‘iga qadar uzaytirish, yo‘lovchi va yuk poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish hamda afg‘on xalqini eng qulay va arzon transport vositasi bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvlarga asosan o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqdalar.

Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazining tashkil etilgani ham mamlakatimizning Afg‘oniston ta’lim tizimi va xalq xo‘jaligi uchun yetuk kadrlar yetkazib berishda ko‘rsatgan do‘stona yordamining yaqqol namunasidir.Termiz tumanida barpo etilgan ta’lim markazida qo‘shni davlat yoshlarining o‘zlari tanlagan kasb bo‘yicha o‘qib, izlanishi va yetuk mutaxassis bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

...2011 yilda Turkiya Respublikasining Mug‘la universitetida ishlagan paytimda Istanbulda o‘tgan xalqaro simpoziumda ishtirok etgan edim. Ushbu anjuman Afg‘onis­ton muammosiga bag‘ish­langan bo‘lib, uning qatnashchilari, xalqaro ekspertlar Afg‘onis­tondagi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan vaziyatni O‘rta Osiyodagi davlatlar, birinchi navbatda O‘zbekistonsiz hal etib bo‘lmasligini aytishgan edi. Shuningdek, xalqaro simpoziumdagi ma’ruzamda dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish borasidagi ishlari faqat uning qo‘shnilari bosh qo‘shganida va faol ishtirok etganidagina muvaffaqiyatga erishishi mumkin ekanligini bayon etgan edim, jahon mamlakatlaridan kelgan olimlar mening bu fikrimga qo‘shilgan edilar.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatining dastlabki kunlaridanoq Afg‘oniston muammosiga jiddiy e’tibor qaratdi. Markaziy Osiyo va uning bir qismi bo‘lgan Afg‘oniston bilan do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yuqori saviyaga ko‘tarish, mintaqada yangicha, ishonch va hamkorlikka, do‘stlik va hamjihatlikka asoslangan muhitni vujudga keltirish vazifasini o‘z tashqi siyosatining markaziga qo‘ygan mamlakatimiz rahbari bu xususida xalqaro anjumanlarda o‘zining amaliy takliflarini bildirib kelmoqda.

Prezidentimiz O‘zbekis­tonning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, yaqin va uzoq qo‘shnilar bilan konstruktiv, o‘zaro manfaatli hamda yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga asoslangan tashqi siyosati tamoyillarini BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida batafsil bayon qildi. So‘ng o‘tgan yilning noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzusidagi konferensiyada Markaziy Osiyo, jumladan, Afg‘onistonda mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi qo‘shma sa’y-harakatlarning keng qamrovli dasturini taklif etdi. Eng dolzarb va o‘tkir muammolardan biri — qo‘shni Afg‘onistondagi nizoni hal qilmasdan oldimizda turgan maqsadlarga erishishning iloji yo‘q, chunki u tarixiy va geo­siyosiy jihatdan mintaqamizning ajralmas bo‘lagi hisoblanadi, deya ta’kidlab o‘tgan edi davlatimiz rahbari.

Samarqanddagi xalqaro anjumanda so‘zga chiqar ekan, O‘zbekiston Prezidenti xavfsizlikka tahdidlarni «o‘ziniki va o‘zgalarniki» deb ajratishdan voz kechish, «yalpi xavfsizlik» tamoyiliga amalda rioya qilish zarurligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri da’vat qildi.

Mamlakatimiz rahbari BMT minbaridan haqli ravishda ta’kidlaganidek:

Afg‘onistondagi vaziyatni bar­qarorlashtirish nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti bo‘lib qoladi. Aminmizki, Afg‘onistonda tinch­likka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir. Muzokaralar afg‘onistonliklarning o‘zlari hal qiluvchi o‘rin tutadigan holda, Afg‘oniston hududida va BMT shafeligida o‘tishi lozim. Donishmand afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil hal qilishga haqlidir...

Prezidentimiz tomonidan Afg‘o­niston bilan hamkorlikda Toshkent shahrida «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini o‘tkazish tashabbusining ilgari surilishi O‘zbekiston rahbariyatining mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy strategiyasining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi.

Toshkent uchrashuvida ishtirok etish uchun Xitoy, Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi siyosiy mahkamalari rahbarlari taklif etilganligi, unda Prezidentimiz hamda Afg‘oniston rahbarining shaxsan ishtirok etishi forumning naqadar jiddiyligi va nufuzining yuqoriligini ko‘rsatadi. Ishonamizki, bu sammit Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda, Markaziy Osiyodagi xalqlarning azaliy va abadiy do‘stlik va hamkorligini mustahkamlashga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: