15.03.2018

QADIM JOM OBOD GO‘SHAGA AYLANADI...

Samarqand viloyati hokimligi «Obod qishloq» dasturi doirasida Jom qishlog‘ini obod maskanga aylantirish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu munosabat bilan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan hududning infratuzilmasi, ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi xonadonlari holati, mavjud muammolar atroflicha o‘rganildi. Shu asosda Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallalari bo‘yi­cha loyihalar ishlab chiqildi.

Nurobod tumanining sharqiy hududidagi tog‘lar bag‘ridan boshlanib, quyi qismi Chiroqchi va Ulus cho‘llariga tutashib ketuvchi Jom qishlog‘ining tarixi qadim-qadimlarga borib taqaladi. Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘­lab turuvchi, ta’bir joiz bo‘lsa, ular o‘rtasida go‘yo ko‘prik vazifasini o‘tovchi bu qishloq respub­likamizdagi eng ko‘hna, yirik aholi maskanlaridan biri hisoblanadi. Ko‘pgina hududlarda mahallalarni bir necha qishloqlar tashkil etadi. Bu yerda esa birgina Jomning o‘zi — Jom, Girdiqo‘rg‘on, Tegirmonboshi, Omondara mahallalariga bo‘linadi. Jom qish­loq fuqarolar yig‘iniga birlashgan ana shu to‘rt mahalla va shu hududga qarashli yana ikki mahalla fuqarolar yig‘inida 30 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda.

Qishloqda o‘tmish obidalari ko‘p. Ular haqida tarixiy manbalarda ham hikoya qilingan. Jumladan, Jomning yuqori qismi — Omandara hududida qoraxoniylar tomonidan XI asrda barpo etilgan G‘ishtband suv ombori haqida O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasining 14-jildida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:

«G‘ishtband — XII asrdagi suv ombori to‘g‘onining qoldig‘i. Oman­darasoyda joylashgan G‘isht­bandning suv to‘planadigan ichki tomoni tik, tashqarisi zinapoya shaklida. Soyning qishki oqimi va bahorgi sel suvlari omborga to‘planib, qariyb 300 kub metrli suv zaxirasi hosil qilgan. G‘ishtband tufayli ­Samarqand va Qarshi oralig‘idagi qadimgi karvon yo‘li yoqasida mus­tahkam qal’a qad ko‘targan. Qal’a­ning xarobalari hozirgi vaqtda Kattatepa deb ataladi. U G‘ishtbanddan 5 kilometr g‘arbda, Jom qish­log‘i yaqinida joylashgan. Jom qishlog‘ining o‘zida 250-300 gektar yer maydoni sug‘orilib, obod etilgan. Suv ombori nurash, loyqa bosishi natijasida ishdan chiqqan».

O‘tgan asrda mazkur suv omborini qaytadan tiklash borasida bir necha bor harakatlar qilingan. ­Lekin bu ezgu niyatlar amalga oshmadi. Nihoyat, o‘tgan yili ushbu inshoot qurilishi uchun respublika byudjetidan 3 milliard 200 million so‘m ajratildi va bunyodkorlik ishlari bosh­lab yuborildi.

Shu bilan birga, joriy yilda «Obod qishloq» dasturi doirasida qishloqlardagi barcha uylar xatlovdan o‘tkazilib, kadastr hujjatlarini tayyorlash choralari ko‘rilmoqda. Xonadon egalariga uy-­joylarini zamon talab­lari darajasida ta’mirlash uchun loyihalar taqdim etildi. Bu ishga imkoniyati yetmaydigan oilalarga viloyat hokimligi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, bir qator boshqarma va idoralar, tadbirkorlar homiylik yordami ko‘rsatmoqda. Uy-joyi bo‘lmagan o‘ndan ortiq oila uchun zamonaviy uy-joy qurib beriladi. Shuningdek, 200 dan ortiq oilaga gaz plitasi va boshqa uy-ro‘zg‘or buyum­lari sovg‘a qilinadi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ikkita artezian qudug‘i qazilib, suv minoralari o‘rnatiladi. Mavjud suv tarmoqlari ta’mirlanib, 500 metr masofaga yangi quvur o‘tkazish rejalashtirilgan. Qishloq uylarining tarqoq joylashgani va elektr tarmoqlari pala-partish tortilgani tufayli bu borada ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Eski, yaroqsiz tayanch ustunlari yangisiga almashtiriladi va yangi tarmoqlar tortiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1000 ga yaqin tayanch ustunlari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. 15 ta zamonaviy, kichik transformatorlar qo‘yiladi...

Ayni chog‘da Jomning keng dalalarida ko‘klam nafasi ufurmoqda. Tabiatning ilk bahoriy havosi jomliklar qalbiga ajib bir iliqlik, tiniqlik olib kirdi. Qishloqlarda boshlab yuborilgan ulkan bunyodkorlik ishlari hammaning kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Katta-yu-kichik hasharga otlandi.

Hozir bu yerda yuzdan ortiq korxona va tashkilotdan jalb etilgan 2 mingdan ziyod ishchi-xodim, 150 dan ko‘proq qudratli texnika ishlamoqda. Ularning safi viloya­t­ning turli hududlaridan kelayotgan hasharchilar hisobiga kun sayin kengayib bormoqda.

Ko‘chalarda shag‘al, tosh yuklangan avtomashinalar karvoni uzilmaydi. Asfalt yotqizayotgan texnika moslamalari gurillab ishlaydi. Qo‘lida belkurak, ketmon tutgan ishchilar, uylarni ta’mirlash bilan mashg‘ul bo‘lgan ustalar bir lahza tinim bilmaydi. Qir bag‘rida qurilgan uylarda ham zamonaviy turmush sharoiti yaratilmoqda, uzoqdan kelib ishlayotgan hasharchilar uchun palatkalar tikilgan.

Qishloqda obodonchilik ishlari eng avval yo‘llarning butkul qayta qurilishidan boshlandi.

— Dasturga ko‘ra, birinchi bos­qichda Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallasida zamonaviy mahalla markazi, Nuroniylar maskani va choyxona, ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi, — deydi viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i, Oliy Majlis Senati a’zosi Norqul Sodiqov. — Hududdagi madaniyat va aholi dam olish markazi atrofida zamonaviy istirohat bog‘i, xotira maydoni, yozgi amfiteatr, muzey va boshqa inshootlar bunyod etiladi. Ko‘hna Jom bozorini zamonaviy arxitektura talablari bo‘yicha rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi. Hududdagi mavjud 12 o‘rta umumta’lim maktab­lari holati, ularning ko‘rgazmali qurollar, jihoz va inventarlarga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganilmoqda. Qishloq hududidagi 5,4 kilometr yo‘lga asfalt yotqiziladi, 22 kilometr ichki yo‘llarga qum-shag‘al to‘kilib, tekislanadi. Hozir yo‘l qurilishi korxonalari tomonidan zarur texnika vositalari va ishchi kuchi jalb etilib, bu ishlar bosh­lab yuborildi.

Bundan tashqari, qishloq hududidagi kasb-hunar kolleji va umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari, aholi xonadonlari ham ta’mirlanadi. Aholini toza ichimlik suvi, suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, yo‘llarni ta’mirlash, qishloqda elektr ta’minotini yaxshilash yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar asosida rejali ishlar yo‘lga qo‘yildi.

— Jom qishloq fuqarolar yig‘inidagi 2700 dan ortiq xonadonga kirib, aholini qiziqtirayotgan masalalar haqida suhbatlashdik, mavjud muammolarni o‘rgandik, — deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limining raisi Mahmud Boboyorov. — Ushbu muloqotlar davomida aniqlangan muammolarning aksari tegishli soha mutasaddilari tomonidan joyida hal etildi. Boshqa masalalarning har biri yuzasidan ham aniq vazifalar, mas’ullar belgilanib, muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, olti mahallaning har biridan 10 kishidan, jami 60 nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. Hududdagi aholining barcha qatlami chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayapti.

Viloyatdagi yetakchi tibbiyot markazlarining 30 nafardan ortiq malakali mutaxassislari bugun aynan shu yumush bilan shug‘ullanishayapti. Jom qishloq oilaviy poliklinikasida ushbu jarayon davom ettirilmoqda. Kasalligi aniqlangan ehtiyojmand fuqarolar yo‘llanma asosida ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga yuborilib, davolanadi. Hudud aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash uchun «Damas» rusumli avtomashina ajratiladi va doimiy ravishda tez yordam ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etiladi.

— Jomdagi eng muhim masalalardan biri — aholi xonadonlarida zamonaviy turmush sharoiti yaratish, kommunal sohalardagi muammolarni bartaraf etishdan iborat, — deydi O‘zXDP viloyat kengashi raisi Majid­xon Usmonov. — Partiyamizning saylovoldi das­turida ta’kidlanganidek, bu yerda aholining kam ta’minlangan ­qatlamlari ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Dastur doirasida birgina Jom qish­log‘ida 4300 dan ortiq ishsiz fuqaro bandligini ta’minlash hamda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan kishilarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.

— Jom qishlog‘ida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarida yoshlar ham faollik ko‘rsatmoqda, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bo‘lim mudiri Baxtiyor Sultonov. —Ular yo‘l qurilishi ishlarida, atrofni tozalash, obodonlashtirish, daraxt ko‘chatlari o‘tqazishda qatnashmoqda, uy-joylarni ta’mirlashda ustalarga yordam berishmoqda. Bu ishga 360 nafar yetakchi, 490 nafar oliy ta’lim muassasalari talabalari jalb etilgan. 3-4 mart kunlari uyushtirilgan «Yoshlar aksiyasi» doirasida ham mingga yaqin yoshlar Jomdagi bunyodkorlik ishlarida qatnashdi.

— Bir umr o‘qituvchilik qildim, — deydi Jom mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi, O‘zXDP a’zosi Qayum Turg‘onov. — Ilgari bizning qish­loq e’tibordan chetda qolib kelayotgandi. Shifersiz, zax va xarob uylarda yashardik. Maktablarimiz nochor edi. Un, yog‘ kabi kundalik ehtiyoj mollari yetishmasdi. Endi hammasi o‘zgardi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Obod qishloq» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan mana bu xayrli ishlar qishlog‘imizda yashayotgan yoshu qarini quvontirayapti.

— Qishlog‘imiz bahavo bir go‘sha. Tog‘lar va qirlar o‘rab turgani uchunmi, qishi ham unchalik sovuq bo‘lmaydi, — deydi girdiqo‘rg‘onlik Azamat Mahmudov. — Yozda esa salqin. Omondara degan katta buloq suvidan qishloq bo‘ylab ichimlik suvi tarmog‘i o‘tkazilgan. Yana shu daradan boshlanadigan bir soyimiz ham bor. Ammo bu ekinlarni sug‘orishga yetarli emas. «Obod qishloq» dasturi doirasida bunday muammolar albatta hal etiladi.

Qishloq odamlari bilan suhbatlashsangiz, tog‘lar etagida joylashgan Jom, uning qadimiyligi haqida bir dunyo ma’lumotlarni faxrlanib keltirishardi. Bugun esa qishloqda olib borilayotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari, qishloq ahliga ko‘rsatilayotgan g‘am­xo‘rlik to‘g‘risida to‘lib-toshib gapirishmoqda, shukronalik so‘zlarini aytishmoqda.

 

Abdurasul SATTOROV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.