Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
11.03.2018

YUKSAK MA’NAVIYATGA ASOSLANGAN DO‘STLIK

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasining V yo‘nalishida millatlararo totuvlik, yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan edi. O‘tayotgan kunlar ushbu hayotbaxsh g‘oyalarning ro‘yobini ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbarining Prezident Imomali Rahmonning taklifiga binoan 9 mart kuni davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasida bo‘lishi ikki mamlakat hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonchimiz komil. Ko‘chalarda O‘zbekiston Prezidenti istiqboliga chiqqan minglab tojikistonliklarning yuz-ko‘zlaridagi shodlik bu tashrif orziqib kutilgan voqea ekanini ko‘rsatdi.

 

XUSH KELIBSIZ!

9 mart tongi. Tojikiston poytaxtining 15 mingdan ortiq aholisi, yoshlari oliy martabali mehmonga peshvoz chiqdilar. Ular markaziy ko‘cha bo‘ylab, karnay-surnay sadolari ostida o‘zbek-tojik do‘stligini olqishlab, tarannum qildilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilarning oddiy, samimiy munosabatlari 9-martning taftini, haroratini, kayfiyatini ko‘rsatib turibdi:

Muhammadisa: — Serquyosh Tojikistonga xush kelibsiz, hurmatli Prezident! Biz Tojikiston xalqi Sizning mehringiz va ikki buyuk xalqni birlashtirish salohiyatingizni yuksak qadrlaymiz. Biz Siz uchun, do‘stligimiz uchun duo qilayapmiz. Biz orzu qilgan, Yaratgandan so‘ragan kunlar keldi.

Anis: — Tojikistonga xush kelibsiz! Sizni ko‘rishdan chin qalbimizdan shodmiz.

Ozod: — Sharqda bir hikmat bor: qo‘shning qarindoshdan yaqin. Ammo tojik va o‘zbek xalqlari haqida gapirganda, ular nafaqat yaqin qo‘shni, nafaqat qarindosh, ular BITTA XALQ! Faqat har xil tilda gapirishadi. Aniqrog‘i, bir xil so‘zlarni sal boshqacharoq aytishadi... xolos.

Zuxriddin: — Assalomu alaykum, hurmatli Prezident Shavkat Miromonovich, Sizni Tojikiston Respublikasiga tashrif buyurishingiz barcha Tojikiston xalqini juda xursand qildi va Sizning tashrifingizni xursandchilik va bayramdek kutib olamiz. Sizga kattadan katta rahmat. Sizga Ollohdan sihat-salomatlik va uzoq umr tilaymiz. Xush kelibsiz!!!

 

BESH TILDA BOR BITTA SO‘Z

Do‘stlik. Ulug‘ fazilatning nomi. Uni fazilatlarning yuzboshisi, desak arziydi. Chunki samimiyat, mehribonlik, muvofiqlik, yoru hamdamlik, sadoqat, jonkuyarlik, g‘amxo‘rlik, xayrixohlik, rafiqlik, shafiqlik, muxlislik, fidoyilik, beg‘arazlik, vafodorlik, yaqinlik, qadrdonlik... kabi fazilatlar do‘stlikni boshlariga ko‘tarib turishadi.

Navoiy, Rudakiy, Abay, Maxtumquli, To‘qtag‘ul ijodi nafaqat qo‘shni xalqlarni, balki butun bashariyatni mehr-oqibatga, do‘st-birodarlikka da’vat etib kelayotir. Zero, do‘st, ahil xalqlar birga yashab, birga taraqqiy etishning ma’naviy kafolati. Bobolar o‘gitlariga sadoqat, xalqimizdagi odamgarchilik, xushfe’llik, O‘zbekistonda olib borilayotgan milliy siyosat milliy, diniy mansubligidan qat’i nazar barcha xalqlarning o‘zaro totuvligini ta’minlamoqda.

Maqol — ma’naviy durdona. Bir maqol 300 yilda dunyoga keladi, deydilar. O‘zbek, qozoq, turkman, tojik, qirg‘iz xalq maqollarining eng ko‘pi do‘stlik haqida. Ajdodlarimizning vasiyati — do‘stlik. Bugun nuroniylarimizning nasihati — do‘stlik. Chunki bu xalqlarning minglab yillik do‘stlik tarixi bor.

Yana bir hayrat: do‘stlikni bu besh xalqbesh tildabir xil qo‘llaydi:

O‘zbek «Do‘sti borning dardi bo‘lmas», desa, qozoq «Do‘stlik yo‘q joyda muvaffaqiyat yo‘q», deydi. Turkman «Do‘stsiz dunyo qorong‘u», desa, tojik «Mehribon do‘stlaringni yo‘qotma», qirg‘iz «Do‘st kulfatda bilinar», deydi.

«Do‘st bilan obod uying...» bu qo‘shiq do‘stlikning madhiyasi, o‘zbeku tojikning birday sevimli navosi, taronasi.

Jahonning ayrim mintaqalarida ko‘pmillatlilik muammo, deb qaralsa, biz ko‘pmillatlilikni qadriyat, boylik, deb bilamiz. Zero, ko‘pmillatli mamlakat — rango-rang gulli chamanzorga o‘xshaydi. Bu gullar turfa rang, anvoyi hidlar taratib, bo‘ston zeboligini oshirayotir. O‘zbekiston — 136 millat va elatlarning zebo gulshani. Jahon ma’naviy-madaniy maydonini bezamoqda.

 

BU GULSHANGA KO‘Z TEGMASIN

Bugun O‘zbekistonda arab, bolgar, boshqird, grek, gruzin, dungan, litva, xitoy, qrim-tatar, qoraqalpoq, belorus, buxoro yahudiylari, uyg‘ur, arman, nemis, polyak, yahudiy, qirg‘iz, ukrain, ozarbayjon, turkman, tatar, qozoq, tojik, rus, koreys millati va elati vakillari tomonidan tuzilgan milliy-madaniy markazlar emin-erkin faoliyat ko‘rsatmoqda.

Barcha millat va elatlar adolat, tenglik va kengliklardan bahramand. Ertangi kundan xotirlari jam. Chunki «O‘zbekiston — umumiy uyimiz!», degan e’tiqod g‘olib. Sobit. Bugun O‘zbekistonni Aleksandr Pushkin, Abay, Taras Shevchenko, Nizomiy Ganjaviyning haykallarini, Rudakiy, Shota Rustaveli, Abay ko‘chalarini, koreys, tojik navolariyu o‘zbek-turkman do‘stlik bog‘isiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

 

IKKI TILDA SO‘ZLAGUVCHI BITTA XALQ

O‘zbekistonni besh ustuvor yo‘nalish asosida rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida xalqlar do‘stligini yanada mustahkamlash eng ustuvor masala ekanligi qayd etilgan. Buning yaqqol misolini qo‘shni davlatlar bilan bordi-keldi, do‘stlik darvozalarining lang ochilayotganida ko‘rib shodmiz. Bunga O‘zbekiston — Tojikiston, o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stligi yanada mustahkamlanayotgani yaqqol misol.

Gazeta, ijtimoiy tarmoqlarda chegaralardagi nazorat punktlari ochilayotganidan xushxabarlar berildi: «O‘zbekistonning Samarqand viloyati bilan Tojikistonning So‘g‘d viloyatini bog‘lab turuvchi «Sarazm-Jartepa» nazorat-punktidagi devor buzib tashlandi». Devorni buzish marosimida har ikki davlat chegarachilari delegatsiyalari ishtirok etdi. Ikki davlat sarhadidagi mazkur to‘siqning balandligi 3 metr va uzunligi 10 metrga teng edi», degan xabarlardan ikki xalq ham mamnun. Endi bizni balandligi 3 metr devor emas, ikki tomonlama, minglab kilometr ravon yo‘llar chorlamoqda. Bu yo‘llar — do‘stlik va hamkorlik yo‘llari. Bu yo‘llar atroflariga terminal, mehmonxona va avtoturargohlar barpo bo‘ladi.

Panjikent tumani Sarazm qishlog‘ida yashovchi Osim Jamolovning gapi — gap: bu — chegaradagi o‘zgarishlar bir-biriga qo‘shni ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yaxshilanib borayotganining yana bir tasdig‘i. Tojikistonlik jurnalistlar Panjikentda Navro‘z bayramiga O‘zbekistondan delegatsiya tashrif buyurishi haqidagi xushxabarlarni tarqatmoqdalar.

Hukumatimiz qarori asosida Jizzax viloyatida Kushkent, Uchqo‘rg‘on yo‘lidagi o‘tkazish punktlari ochilib, tojikistonlik mehmonlarning hududga tashrifi boshlandi, ularga alohida ehtirom ko‘rsatildi. Shundan so‘ng tojik birodarlar mamlakatiga tashrif buyurildi. Bu yerda ham katta bayram tantanalari uyushtirildi.

Mehmondo‘stlikda ikki xalq biri biridan o‘zadi.To‘ylari bir. To‘ylarda bir-birlarining yelkalariga yopadigan to‘nlari bir. To‘y ertasi kelinlarning beradigan salomlari bir. Beshik to‘y — nevara to‘ylari bir. Beshik ustidan sochiladigan shirinliklari bir. Hashari bir...

Xalqlarimizning mingdan ortiq taomlari, ichimlik, shirinliklari o‘xshash. Albatta taomlarimiz orasida palov ikki xalqning ham taomlari orasida to‘ralik qiladi. Nonimiz, uning mazasi o‘xshash.

Ma’naviyati bir. Madaniyati bir. Go‘zal axloqi, o‘zaro shirin muomalasi bir. Bu birlik bejiz emas. Axloq, xulq — madaniyatdan, madaniyat — ma’naviyatdan. Ma’naviyat nazariy hodisa emas. U bor, har nafasimizda ko‘ramiz, eshitamiz, tushunamiz, hayratlanamiz. Shuning uchun donolarimiz «Ma’rifat nadandur?», degan savolga «Hayratdandur», deb tushuntirib ketishgan. Ana shunday hamohang ma’naviyat o‘zbek-tojik allomalari merosida mujassam. Sa’diy Sheroziy:

Tu, k-az mehnati digaron beg‘amy,

Nashoyad ki nomat monand odamy,

ya’ni agarda sen boshqalarning mehnatu tashvishlariga beg‘am, befarq ekansan, seni odam deb atab bo‘lmas, deydi.

Hazrat Navoiyning:

Odami ersang, demagil odami,

Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

satrlari ikki xalqning hamrozligini, azaliy ma’naviy ildizlarini ko‘rsatadi.

Bugunga qaytaylik. Tojikiston xalq artisti Jo‘rabek Murodov kuylaydi:

Tojikiston o‘g‘lidurman, o‘zbegim guftod pisar,

Rost go‘yam, har kadomash sevgilimdur jon qadar...

Eshitsak, eslasak, dilimiz ravshan, ko‘nglimiz xurram. Bu g‘azalni «o‘zbek-tojik xalqlari do‘stligining kuychisi» — O‘lmas Jamol yozgan edi. Shoir O‘zbekistonda tug‘ilib, Tojikistonda yashab, bir umr o‘zbek va tojik tillarida ijod qildi. Undan avlodlarga nazm devonlari qoldi. Ular ham ikki tilda.

 

DO‘STLARINGNI YO‘QOTMA


To tavony do‘stonro gum makun,

Do‘stoni mehrubonro gum makun.

Dar chahon bedo‘st budan mushkil ast,

Mushkilosonkun kasonro gum makun.

 

Ya’ni, ey birodar, qo‘lingdan kelgunicha do‘stlaringni yo‘qotma. Senga mehribonlaringni yo‘qotma. Bu dunyoda do‘stsiz yashash juda qiyin, mushkul. Mushkullaringni oson qiluvchi kishilaringni yo‘qotma, deb yozgan edi tojik shoiri Mirzo Tursunzoda.

Shoirning eng gullagan yoshligining bir necha yili O‘zbekistonda — Toshkentda o‘tganligini bilib, mamnun bo‘lamiz. Ha, Mirzo Tursunzoda 1930 yilda Toshkentda oliy pedagogik ta’lim muassasasini bitirgan. Ma’lum vaqt Toshkentda yashab, o‘qigan, O‘zbekiston va o‘zbek xalqi hayoti haqida asarlar yozgan. Oybek, G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Zulfiya, Mirtemir va boshqalar bilan do‘stona, ijodiy aloqada bo‘lgan. Asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. Uning otashin she’rlaridan biri — «Osiyo ovozi» bugungi kunga — Markaziy Osiyo xalqlarining bir-birlariga ochilgan quchoqlarini sharhlab, sharaflab turibdi:

Osiyo gapirar, tinglang ovozin!

Jo‘shqin daryo mavjin, hayqiriq sozin!

Osiyo uyg‘ondi, uxlamas, uyg‘oq,

Bo‘ldi rostlik, do‘stlik u bilan o‘rtoq.

 

Osiyoda biri biridan judo —

Emaslar xalqlar — qo‘shnilar aslo.

Mevadan mevaga bo‘lgandek payvand,

Qo‘shnidan qo‘shni ham olur yangi pand.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga Abdurahmon Jomiyning o‘zbek tilida chop etilgan «Muhabbat maxzani» kitobini sovg‘a qilishlarida buyuk ma’naviy hikmat bor. Zero kitob ikki xalq uchun ham muqaddas tutiladi. Bu tuhfa ikki ma’rifatli xalq bir-biriga kitobning ikki muqovasidek yaqinligi, ikki muqova orasida bir-biriga limmo-lim mehr-muhabbat borligini tajassum etdi. Bir-birining tillarini o‘rganish, o‘quv, badiiy adabiyotlar, davriy va ilmiy nashrlar almashish, ikki mamlakatning mumtoz va zamonaviy mualliflari asarlarini tarjima qilish, ta’lim va olimlar hamkorligi aloqalarimizga ma’naviy ziynat berdi.

Tojikiston poytaxtidagi istirohat bog‘ining «Nizomiddin Alisher Navoiy» deb nomlanishi, Samarqandda ikki xalqning buyuk vakillari — Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga yodgorlik o‘rnatilgani katta mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Toshkent shahri Sergeli tumani yo‘nalishidagi yangi metro bekati Mirzo Tursunzoda nomi bilan atalishi zamirida ham katta ma’no mujassam, ulug‘ shoir o‘zbek va tojik xalqlari uchun birdek ardoqli ekanini anglatadi.

 

DO‘STLIK BAHORI

Odamlar aslida tabiatan bir-birlariga yaqin. Faqat odatlari farq qiladi, degan edi Konfutsiy. Biz o‘zbek-tojik xalqlari ham tabiatan, ham urf-odatlarimiz bilan yaqinmiz.

Xalqlarimiz Navro‘z taraddudida. Navro‘z udumlari, taomlarimiz ham o‘xshash. Bahor taomlari malikasi — sumalakni mayin qo‘zg‘a, xalqlarimizning do‘stligi yanada mustahkam bo‘lsin, deb duolar qilamiz. Ikki tilda — «shiru-shakar» qo‘shiqlar aytiladi. Chunki bir rubobning ikki toridek ohangdosh qalblar, teran ma’naviy ildizlar azaldan bizlarni birlashtirgan. Birlashtiradi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon taklifiga binoan Tojikistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan shartnomalar, samimiy muloqotlar, tojik xalqining o‘zbek xalqiga ko‘rsatgan yuksak hurmat-e’tibori, ehtiromi do‘stligimiz yanada yuksalishi va mustahkamlanishiga, abadiy bo‘lishiga kafolat beradi.

 

 Muhammadjon QURONOV,

pedagogika fanlari doktori.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: