Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
08.03.2018

«TILXAT BERAMIZ SHU HAQDAKIM...»

Ammo tilxat inobatga olinmadi...

«Hurmatli tahririyat! Sizga firibgarlardan jabr ko‘rgan bir inson murojaat etmoqda. Aldanib qoldim, boshimga ko‘p balolar yog‘dirildi. Sudlar esa mavjud dalillarni, holatlarni tahlil qilmasdan, firibgarlar foydasiga aj­rim chiqarmoqda...

Voqea tafsiloti quyidagicha: Uchqun Rahimov tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida shahar hokimiyati qarori bilan Yunusobod tumani, A.Donish ko‘chasida ajratilgan yerda bankdan olingan kredit va shaxsiy mab­lag‘lari hisobidan «Sog‘lomlashtirish, maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo markazi»ni qurishga kirishadi. Keyinroq bankdan olgan qarzlarini to‘lashga qiynalib qolganligi sababli, Yunusobod tumani, Sohibkor ko‘chasida joylashgan 29-uyni sotuvga qo‘yadi. Akasining qudasi bo‘lmish Toshniyozova va Boymuradov uyni begona qilmasdan o‘zlariga sotishini Rahimovdan qattiq iltimos qilishadi. Nihoyat, tomonlar o‘rtasida kelishuv bo‘ladi. Rahimovning roziligini olgan Boymuradov va Toshniyozova shuncha pulni birdaniga (850 000 000 so‘m) to‘lashga imkonlari yo‘qligini ro‘kach qilib, bir yil mobaynida to‘lashni bo‘yinlariga olib, «tilxat» yozib berishlarini aytishadi. Rahimov qiyin ahvolga tushib qoladi: bir tomondan sotaman, deb so‘z berib qo‘ydi. Ikkinchi tomondan qudachilik... Ana shunday xayollar bilan ularning taklifiga rozi bo‘ladi. Shu tariqa xaridorlar U.Rahimovga asosiy summani bir yil ichida to‘lab berishni va’da qilib, 2008 yilning 3 mart kuni o‘z qo‘llari bilan «tilxat» yozib berishadi. Rahimov ularga ishonadi. Tilxatda uy-joyning narxi 850 000 000 so‘m (450 000 AQSh dollari)ga baholanganligi ko‘rsatiladi. Tomonlar ertasiga, ya’ni 4 mart kuni Yunusobod tumanidagi 6-sonli notariusda oldi-sotdi shartnomasini imzolashadi. Notariusning o‘z mijozlariga qarab, pullaringizni ­oldingizmi, degan savoliga Rahimov qudalar gapiga ishonib «tilxat»ni ko‘rsatib, ha, oldim, deb javob beradi.

Vaqt o‘tgan sayin masala keskinlasha boshlaydi. Chunki Rahimovning qurilishi davom etyapti. Unga pul suv bilan havodek zarur. Oradan besh oy o‘tsa-da, qarzdorlar uyning pulini to‘lashmaydi. Uchqun Rahimovning ko‘nglida shubha uyg‘onadi: «nahotki, bermay qo‘yishsa?..» O‘sha kuniyoq qudalar bilan uchrashadi. Ular esa «...tilxat beramiz shu haqdakim, Rahimov Uchqundan olgan hovlimiz uchun haqiqatan ham 450 000 (to‘rt yuz ellik ming) AQSh dollari miqdorida qarzimiz bor, 2008 yilning oxirigacha qarzimizni to‘liq uzishga va’da beramiz. Hozirgi kunda imkoniyatimiz yo‘q», deb o‘z qo‘llari bilan ikkinchi bor «tilxat» yozib berishadi. Rahimov juda qiyin vaziyatda qoladi. Bankdan olingan kreditning muddati yaqinlashmoqda, uyning pulidan boshqa keladigan mablag‘ yo‘q. Boymuradov va Toshniyozovalar Rahimovning aynan mana shunday mushkul ahvolga tushib qolishini kutishgan shekilli, ular U.Rahimovning bankdan olgan kreditlarini o‘z qarzlari evaziga yopib berishni taklif qilishadi. Qarzni to‘lay olmay qiynalib turgan U.Rahimov bunga rozi bo‘ladi. Shundan so‘ng Toshniyozova va Boymuradov o‘zlari ta’sischi va rahbar bo‘lgan «Avto Kredit BMM Servis» hamda «Shohruh Avto Servis» MChJlar hisobidan U.Rahimov ta’sischi va rahbari bo‘lgan «ARNO Eksklyuziv» MChJ hisobiga qarzni uzish uchun emas, balki moliyaviy yordam sifatida pul o‘tkazishadi. Rahimov avvaliga bunga e’tibor qaratmaydi, keyinroq bilib qoladi. So‘ngra qudalarning muomalasi sovib borayotganidan xavotirga tushadi. Shuning uchun uyining pullarini undirib berishini so‘rab sudga da’vo-ariza bilan murojaat qiladi. Toshniyozova esa zudlik bilan Rahimovdan berilgan moliya­viy yordamni qaytarishni talab qilib, sud­ga qarshi da’vo ariza beradi. Mirzo Ulug‘bek tumanlararo fuqarolik sudi 2009 yil, 29 iyulda bu ishni ko‘rib chiqadi. Sudda tomonlar o‘zaro kelishuv bitimini tuzishadi. Rahimovning bitim tuzishdan boshqa chorasi qolmaydi. Agar o‘shanda sud Toshniyozova va Boymuradovga, avval sizlar bergan «tilxat»ingizga muvofiq qarzingizni uzing, keyin Rahimov siz bergan «beminnat» yordamni qaytaradi, deganda, ehtimol, vaziyat bunchalik og‘ir tus olmasdi.

Xullas, tortishuv keskinlashadi. Mirzo Ulug‘bek tumanlararo fuqarolik sudi va Toshkent shahar sudi masalani Boymuradov va Toshniyozova foydasiga hal qiladi.

Uyni qaytarib olishga ko‘zi yetmagan U.Rahimov o‘zaro kelishuvga rozi bo‘ladi. Aks holda uydan ajralgani yetmaganidek, bo‘yniga «qarz» ham ilib qo‘yishmoqda.

Er-xotin vaqtni o‘tkazmay o‘ylagan yangi rejani amalga oshirishga kirishishadi. 2014 yil 9 iyun kuni Toshniyozova va Boymuradovlar fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga 2009 yil 21 iyulda tuzilgan kelishuv bitimini «...yuzaga kelgan yangi holatlar (er-xotin yangi holat sifatida 2009 yilning may oyida oldingi sana bilan tuzilgan 01-sonli qalbaki shartnomani ro‘kach qilishadi) bo‘yicha qayta ko‘rib chiqishni so‘rab ariza berishadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi 2009 yilning 21 iyulida tuzilgan tomonlarning o‘zaro kelishuv bitimini 2014 yilning 16 iyul kuni bekor qilib, ishni yangi ochilgan holatlar asosida ko‘rishni boshlaydi. U.Rahimov ham o‘z navbatida oldi-sotdi shartnomasini bekor qilib, er-xotindan uy-joyining pulini undirib olish yuzasidan sudga da’vo-ariza yozadi. G.Toshniyozova esa quyidagi mazmunda yana bir qarshi da’vo-ariza kiritadi: — «Nizoli hisoblangan, Toshkent shahar, Yunus­obod tumani, Sohibkor ko‘chasi, 29-uyni men 2008 yilning 4 mart kuni javobgar U.Rahimovdan oldi-sotdi shartnomasi bilan sotib olganman va ushbu shartnomaga ko‘ra nizoli xonadon 850 000 000 so‘mga baholangan edi. Biroq naqd pul mablag‘imiz kam bo‘lganligi bois, ushbu xonadon uchun pullarni bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga kelishdik va bu haqda «tilxat» berib, so‘ng­ra notarial oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirganmiz. To‘lanishi lozim bo‘lgan 850 000 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i hisobidan «Avto Kredit BMM Servis» va «Shoxruh Avto Servis» MChJlarimiz hisob raqamlaridan U.Rahimovga tegishli «ARNO Eksklyuziv» MChJning bankdan olgan kreditlarini yopish uchun uning hisob raqamiga moliyaviy yordam tariqasida pul o‘tkazganmiz. Bizga shu pul mablag‘larini undirib berishingizni so‘raymiz».

Sudya A.Bo‘riyev ishni bir yilga cho‘zib, 2015 yilning 24 iyun kunida, G.Toshniyozova o‘zi kiritgan qarshi da’vo-arizasini qaytarib olganligi to‘g‘risida ajrim chiqaradi. G.Toshniyozova o‘z da’vo-arizasida U.Rahimovga uy uchun kelishilgan naqd pul o‘rniga 2008 yil 3 mart kuni «tilxat» bergani va shu asosda 2008 yilning 4 mart kuni oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilganini tan olmoqda. (Savol tug‘iladi: nima sababdan sud notariusning shartnomasini ro‘kach qilib, Toshniyozova birovning uyini o‘zlashtirib olganligini to‘la isbotlovchi mazkur hujjatni o‘z ajrimi bilan ish materiallaridan chiqarib tashlagan?!) Shundan so‘ng er-xotin Boymuradov va Toshniyozovalar o‘z qo‘llari bilan yozgan «tilxat»dan tonishib, qarzlarini oldi-sotdi shartnomasini tuzishdan ikki-uch kun oldin to‘liq to‘lashganini aytib, ko‘rsatmalar berishadi. Sudyalar esa ulardan bir og‘iz bo‘lsa-da, «yaxshi, uyning pulini oldindan to‘lagan ekansizlar, unda nima uchun 2008 yilning 3 mart va 26 avgust kunlari «tilxat» yozib berding­lar?», deb so‘ramaydi. Yuqoridagi holatlar na tuman va na shahar sudyalarini qiziqtirmaydi. Yana bir savolga e’tibor qaratilmayotir. Uy pulini birdaniga to‘lashga imkoni yo‘qligini tan olib, ikki marta tilxat ­berayotgan er-xotin qanday qilib, uyning pulini to‘lagan bo‘lishi va buning ustiga yana Rahimovga moddiy yordam ko‘rsatishi mumkin?! Biroq Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi 2015 yilning 29 iyun kunida shunday qaror chiqaradi: «Da’vogar Rahimov Uchqunjon Saitovichning javobgar Toshniyozova Gulnora Sultanovnaga nisbatan pul mablag‘ini undirish haqidagi da’vo-arizasini qanoatlantirish rad etilsin. Da’vogar U.Rahimovdan davlat foydasiga 85 000 000 (sakson besh million) so‘m miqdorida davlat boji undirilsin».

2015 yilning 5 va 26 noyabr kunlarida U.Rahimov tomonidan kiritilgan kassatsiya shikoyatlari sudya A.Bo‘riyev tomonidan ajrim bilan qaytarilgan. Keyinchalik ishni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqqan Toshkent shahar sudi tuman sudining qarorini o‘zgartishsiz qoldiradi. Natijada ham uyidan, ham sud jarayonlariga to‘lagan mablag‘idan, ham o‘n yilga yaqin ketgan vaqtidan, asablaridan ajralgan U.Rahimov endi davlatga 85 000 000 so‘m pul ham qarz bo‘lib qoladi.

Ma’lumki, ishni ko‘rish jarayonida sudyaning ichki ishonchi katta ahamiyatga ega. Mazkur ishni qayta-qayta ko‘rib chiqqan Mirzo Ulug‘bek tumani sudyasi javobgarlarning kimligi, ya’ni ilgari aynan firibgarliklari uchun bir necha marta jinoiy javobgarlikka tortilganiga e’tibor qaratmadi shekilli. Darhaqiqat, M.Boymuradov O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi — boshqa shaxslarga tuhmat qilish, sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish; 167-moddasi, 3-qismi — o‘zgalarning mulkini o‘zlashtirish, talon-taroj qilish; 168-moddasi 3-qismi — firibgarlik; 179-moddasi — soxta tadbirkorlik va 189, 190, 206, 209, 211, 227, 233, 243-moddalari bilan 4 marotaba sudlanib, jami o‘n bir yil-u ikki oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning xotini Toshniyozova ustidan ham yuqorida ko‘rsatilganidek, firibgarligi uchun ish ochilib, nima sababdandir yopilgan... Ehtimol, aybi isbotlanmagandir.

U.Rahimov o‘z shaxsiy mablag‘i evaziga qonuniy ravishda qurgan «Sog‘lomlashtirish, maishiy xizmat ko‘rsatish, savdo va ishlab chiqarish» kompleksi 2009 yilning oxirida ishga tushirilishi va kamida 100 ta ish o‘rni ochilishi rejalashtirilgan edi. Afsuski, 2009 yildan to hozirgi kunga qadar bu kompleksga «taqiq» solib qo‘yilgan. U.Rahimovning aytishicha, hozirda majmua Toshkent tumanlararo sudining sudyasi R.Sagatovning hal qiluv qarorlari asosida «o‘ta arzon» narxlanib, Majburiy ijro byurosi orqali auksionga chiqarilgan. Bunday hol kishida har xil shubhalarni uyg‘otadi. Kimlardir shu yo‘l bilan tadbirkor U.Rahimovdan mazkur kompleksni tortib olishni maqsad qilib qo‘ymaganmikin?

Uchqun Rahimov oddiy tadbirkor. Mahmud Boymuradov ashaddiy firibgar ekani muqaddam Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan sudlanganidan ko‘rinib turibdi. Buning ustiga, ishda eng muhim dalil hisoblangan ikkita «tilxat» negadir sudyalarni qiziqtirmayapti. Bunday holat sud tajribasida qanday baholanadi? Yoki yana bir savol ustida o‘ylash kerak bo‘ladi. Oldi-sotdi shartnomasi imzolanayotgan paytda nima sababdan uyni sotishga Rahimov xotinining roziligi olinmagan? Ish hujjatlarini varaqlar ekansiz, savol ketidan savol tug‘iladi. Aytaylik, yangi ochilgan holatlar nega ochiqlanmaydi? Toshniyozova o‘z qo‘li bilan aniq yozib bergan isbotlar inobatga olinmasdan, nega ishdan chiqarib tashlanadi? Bizningcha, bu jinoyat ishi xolis va chuqur o‘rganishni taqozo etadi. Birorta tugun ochilmay qolsa, har bir holatga aniq yuridik baho berilmasa, g‘avg‘o davom etaveradi. Bundan avvalo sud va qonun obro‘siga putur yetadi, odamlar norozi bo‘ladi, jamiyat ziyon ko‘radi.

 

Yoqubjon XO‘JAMBERDIYEV,

Shohruh AKBAROV.



DB query error.
Please try later.