Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
09.01.2018

YANGILANAYOTGAN O‘ZBEKISTON

Manfaatlar muvozanati yoxud «qizil chiziq»ni bosib o‘tishga hech kimning haqqi yo‘q

Odamzot doimo haqiqatga, adolatga intilib yashaydi. Uning uchun bu — umrning ma’no-mazmunini belgilaydigan bosh mezon, asosiy matlabu maslak, desak, adashmagan bo‘lamiz. Agar shu tuyg‘u bo‘lmasa, inson hayotidagi eng muqaddas tushuncha va qadriyatlar ham balki bo‘lmas, bu qadar yuksak darajaga ko‘tarilmas edi.

 

HAR ISHDA ADOLAT KERAK

Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz dunyo chamani adolat bilan obod bo‘ladi, deb bejiz ta’kidlab aytmaganlar. Bu haqda uzoq gapirish, fikr yuritishga sira ham hojat yo‘q, deb o‘ylaymiz. Chunki bugungi hayotimizda har qadamda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hal bo‘lib, bu haqiqat o‘zining amaliy tasdig‘ini topib borayotganiga bevosita o‘zimiz guvohmiz.

Bugungi kunda xalqaro miqyosda mamlakatimiz haqida gap ketsa, «Yangilanayogan O‘zbekiston», «Demokratlashib borayotgan O‘zbekiston» degan iboralarni qo‘llash tobora keng rasm bo‘lmoqda. Shuning o‘ziyoq jonajon yurtimizning jahon maydonida mutlaqo yangi imidji shakllanib borayotganini ko‘rsatadi.

Bu ham muhim, lekin bundan ham muhimi — oddiy odamlar, xalqning hayoti sifat jihatidan tubdan o‘zgarmoqda. Albatta, ular, xuddi ertaklardagidek, bir ko‘z ochib yumguncha aql bovar qilmas katta boylikka, tog‘dek xazinaga ega bo‘lib qolgani yo‘q. Ularning kundalik hayotida tashvish va muammolar, yetishmovchiliklar bor. Lekin ular har qanday xazinadan ham aziz va qadrli bo‘lgan boylikka — «shu yurtning egasi — men», «bizga suyanch va tayanch bo‘ladigan, har qanday sharoitda ham qo‘llab-quvvatlaydigan Prezidentimiz bor» degan ishonch bilan yashash imkoniga ega bo‘ldi.

Bugungi yurtdoshlarimiz boshqaruv idoralarining turli bo‘g‘inlarida ilgari chuqur ildiz otgan salbiy holat — o‘z yurtida «otangga bor, onangga bor», deb, eshikma-eshik sarson qilish illatiga, o‘z shaxsiy manfaatidan boshqa narsani o‘ylamaydigan byurokratlarning zug‘umi, aldov va firiblariga jimgina chidab ketadigan odamlar emas. Ular Prezidentning Xalq qabulxonalarini biladi, Virtual qabulxonani biladi. Eng muhimi, o‘zining haq-huquqlarini, hokimiyat — xalq ekanini yaxshi biladi va shuning hisobidan kuchiga kuch, ishonchiga ishonch qo‘shiladi.

Milliy qonunchiligimizda «hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati», degan qoida bor. Har bir hokimiyat tarmog‘ining o‘z qonuniy vakolatlari doirasida, ayni vaqtda umummilliy ahamiyatga molik eng zarur masalalarda o‘zaro kelishib, uyg‘un holda harakat qilishini ta’minlashda bunday prinsipning ahamiyati beqiyos kattadir. Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lib ishlagan paytlarimda bu haqda huquqshunos do‘stlarimiz, deputatlar bilan ko‘p gaplashar edik. Lekin, afsuski, joylarda aholi va davlat hokimiyati idoralari, huquq-tartibot organlari, xo‘jalik birlashmalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turishda ana shunday tiyib turish va mutanosiblikni ta’minlash mexanizmlari yo‘q edi. Dangalini aytadigan bo‘lsak, qonunda nazarda tutilgan qoidalar ham aniq huquqiy mexanizmlarning yo‘qligi tufayli deyarli ishlamas edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida o‘rinli ta’kidlanganidek, «o‘lik qonunlar» joylarda ta’bir joiz bo‘lsa, «o‘lik vaziyat» — hech qanday yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydigan muammolarni yuzaga keltirar edi. Shuning uchun mahalliy rahbarlar «o‘zi — xon, ko‘lankasi — maydon» degan «prinsip» asosida ishlar, ularning aytgani — aytgan, degani — degan edi. Xalq orasida hech kim ularning mushugini «pisht» deya olmas edi.

Mamlakatimizning har bir hududida Xalq qabulxonalari tashkil etilishi va ular timsolida Prezident vakillarining ish olib borishi aholi va davlat idoralari, boshqa tashkilotlar manfaatlari o‘rtasida o‘ziga xos muvozanat bo‘lishiga, aytish mumkinki, «qizil chiziq»ni ko‘r-ko‘rona bosib o‘tish holatlarining kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Prezidentimiz yuqorida zikr etilgan Murojaatnomada bu masalaga alohida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidladi: Qisqa muddatda ana shu qabulxonalarga bir yarim milliondan ziyod fuqaro murojaat qilgani va qancha-qancha odamning yillar davomida hal etilmagan muammolari ijobiy yechilgani O‘zbekistonda xalq hokimiyati nomiga emas, amalda joriy etilayotganini ko‘rsatmoqda. Joylarda rahbarlarning yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tezlik bilan bartaraf etish yuzasidan shaxsiy javobgarligi kuchaygani mazkur tizimning muhim natijasi bo‘ldi.

Darhaqiqat, endi rahbarlar ham Xalq qabulxonalari, Virtual qabulxonalar borligini biladi va hushyor tortadi, haddidan oshmaydi. Yuqorida ta’kidlangan «qizil chiziq»ni bosib o‘tishga hech kimning haqqi yo‘q ekani ularni faqat qonun asosida, vakolat doirasida faoliyat ko‘rsatishga undaydi.

O‘tgan bir yillik hayot tajribasidan bugungi kunda barchamiz yana bir haqiqatni yaxshi bilamiz: mamlakatda tinchlik va taraqqiyotga erishish uchun, avvalo, xalqni rozi qilish kerak. Hazrat Navoiy aytganlaridek:

Agar el qilmadi himoyat sanga,

O‘zingdin kerakdir shikoyat sanga.

El-yurtga esa ko‘p narsa kerak emas, har bir ishda adolat bo‘lsa bas. Shuning uchun davlatimiz rahbari Menga balandparvoz gaplar, quruq hisobotlar emas, odamlarning roziligi kerak, deb aytmoqda, barchamizni ana shu mezon asosida ishlash va yashashga da’vat etmoqda.

 

ORQAGA YO‘L YO‘Q

Bugungi tobora o‘zgarib, yangilanib borayotgan hayotimiz, uning qadr-qimmati, kechagi kunimizdan osmon bilan yercha farqi borligi haqida o‘ylaganda, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qalbida haqli bir savol tug‘ilishi tabiiy. Albatta, barchamiz xom sut emgan bandamiz. Oddiy odamlarning arzu dodi Prezidentgacha yetib boradigan, har qanday yuqori lavozimdagi mansabdor shaxs xalq bilan hisoblashadigan, uning dardiga quloq tutadigan kunlarga yetdik, lekin falak gardishi aylanib, yana kechagi kunga qaytib qolmaymizmi, degan xayollar ba’zan ko‘nglimizga g‘ulg‘ula soladi.

Prezidentimiz bunday kayfiyatlarni bamisoli oldindan his etgandek, keyingi paytdagi chiqishlarida, xususan, Konstitutsiyamizning 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida, Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu haqda qat’iy va aniq fikrlarni bayon qildilar: orqaga yo‘l yo‘q, kechagi kunga olib boradigan ko‘priklar allaqachon yonib ketgan. Suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib bo‘lsa ham faqat oldinga borishimiz shart. Bugun gap xalqimiz, Vatanimizning taqdiri va kelajagi, jondan aziz bolalarimizning baxti va kamoli haqida bormoqda.

Eng muhimi, kechagi hayotga, noreal raqamlar ortidan quvish, amalga oshmaydigan xomxayollarni haqiqat sifatida taqdim etishdek noma’qul ish uslubi hukmronlik qiladigan muhitga qaytishni xalqning o‘zi istamaydi. Chunki yolg‘on va’dalar, balandparvoz hisobotlar bilan hech kimning qorni to‘ymaydi. O‘zini o‘zi aldab, shunga mahliyo bo‘lib o‘tiradigan jamiyatga boshqalar ham yordam bermaydi. Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida bizni aynan shundan ogohlantirdi. O‘zimiz o‘zimizga xiyonat qilmasak, o‘zimiz o‘zimizni aldamasak, halol-pok bo‘lib mehnat qilsak, men aminman, ko‘zlagan barcha marralarimizga albatta yetamiz...

Hammamiz shu xalqning farzandimiz. El-yurtimizning ko‘ziga, yuziga qarab, ochiq tan olishimiz kerak: afsuski, joylarda aldam-qaldam ishlar hali ham davom etmoqda. Quyi bo‘g‘indagi ba’zi rahbarlar pinagini ham buzmasdan, bemalol eskicha ishlab yuribdi.

Prezidentimiz yaqinda Toshkent viloyatida bo‘lib, xalq bilan muloqot qilganida, islohotlarning borishi bilan tanishganida ana shunday holatlarni ko‘rib, juda achinib gapirdi. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida mavjud ahvolni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha shuncha ishlar qilinayotganiga qaramasdan, Yangiyo‘l shahridagi shifoxonalarda vaziyat hamon eski hammom — eski tos bo‘lib qolayotgani haqiqatan ham bizga yarashmaydigan holdir. Davlatimiz rahbari xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida joylarda ishni tashkil etishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni chuqur tahlil qilib, ularning sabablarini, ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish yo‘llarini aniq ko‘rsatib berdi. Mamlakatimizning boshqa joylarida muvaffaqiyatli qo‘llanayotgan, yaxshi natija berayotgan to‘rt sektor faoliyati jiddiy tanqid qilindi. Sektorlar ishida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim rahbarlar shu joyning o‘zida vazifasidan ozod etildi. Oldimizda juda katta vazifalar turibdi. Aldov, yolg‘on va’da odamlarning joniga tegib bo‘lgan. Oldimizda katta kurash turibdi. Kurashga tayyor odamdan natija kutsa bo‘ladi. Amal ishlamaydi, odam ishlaydi, dedi Prezidentimiz.

Biz kurashga tayyormizmi? Jonimizni ozgina koyitishga, oromu halovatdan jindak bo‘lsa ham voz kechib, o‘zimizni qiynashga tayyormizmi? O‘z oldimizga ulug‘ maqsadlar qo‘ydikmi, shunga yarasha harakat qilishimiz, butun borlig‘imizni shu yo‘lda safarbar etishimiz kerak. Bu borada Prezidentimiz barchamizga o‘rnak bo‘lmoqda.

Toshkent viloyatida tug‘ilib kamolga yetgan bir ijodkor sifatida shuni alohida mamnuniyat bilan qayd etamanki, qisqa muddatda Prezidentimizning viloyatimizga bir necha bor tashrif buyurishlari, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, moliyalashtirish manbaasini kengaytirish maqsadida boshqa viloyatlarga nisbatan keng ko‘lamda mablag‘ ajratayotgani, yuzlab ehtiyojmand oilalarning dardiga malham bo‘layotgani ko‘p millatli viloyat ahliga cheksiz quvonch baxsh etdi. Bu quvonch ayni paytda zimmamizga juda katta vazifalar ham yuklaydi.

Chunki hamma havas qiladigan yangi davlat, yangi jamiyat qurish, bugungi rivojlangan dunyo bilan teng raqobat qilish uchun har birimizdan harakat, mas’uliyat va yana bir bor mas’uliyat talab etilmoqda. Hech narsadan cho‘chimay, mas’uliyatni dadil zimmaga olish — bu mardlikdir. Uni amaliy ishlar bilan oqlash esa — olijanoblik va fidoyilikdir. Bu ishlar biz uchun yangilik emas. Ota-bobolarimiz bunday sinovlardan necha bor o‘tganlar. Xalqimiz — katta kurash tajribasiga ega bo‘lgan xalq. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida tarix va bugungi hayot muammolarini, buyuk ajdodlarimiz ibrati va bugungi avlodlarning ular oldidagi burchi haqida gapirib, turli davrlarni qiyoslab, bu boradagi mushtarak nuqtalarni alohida ta’kidlaydi. Tarixdan, ajdodlar an’anasidan ibrat olib yashashga da’vat etadi.

 

INNOVATSIYA — BU KELAJAK DEGANI

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2018 yil mamlakatimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilindi. Bu degani yangi yilda faollik, shijoat, dadil tashabbuslar yanada rag‘batlantiriladi, innovatsion fikrlash, innovatsion yondashuv va faoliyat hayotimiz asosiga aylanadi, deganidir.

Albatta biz, barchamiz Shavkat Mirziyoyev o‘z Prezidentlik faoliyatini boshlagan birinchi kunlardanoq O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichda davom ettiramiz, deb aytgan so‘zlarini eshitib, ularning zamiridagi ma’nolarni, ya’ni mamlakatimizning rivojlanish sur’atlari tezlashishi, xalqimiz uchun yangi-yangi imkoniyatlar ochilishini o‘zimizcha tasavvur qilgan edik. Lekin ochiq e’tirof etishimiz lozim, taraqqiyotimiznig yangi bosqichidagi o‘zgarishlar ko‘lami va miqyosi bu qadar keng, bu qadar ulkan bo‘lishi, jamiyatimizning hayot manzarasi qisqa muddatda shunchalik o‘zgarib ketishini xayolimizga ham keltirmagan edik.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, 2018 yilda — Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida bizni yanada ulkan o‘zgarishlar, yanada murakkab vazifalar kutmoqda. Bu albatta oson sinov bo‘lmaydi. Umuman, o‘zimiz ko‘ryapmiz, bugungi dunyoda oson vazifaning o‘zi yo‘q va bo‘lmaydi ham. Turli illyuziya va xomxayollarga berilish, sodda bo‘lib yurish davri o‘tdi. Zamon hamma sohalarda aniq hisob-kitoblar, aniq rejalar asosida yashashni talab etmoqda. Shuning uchun Prezidentimiz har bir sohadan, har bir rahbardan o‘z ish rejasi — «yo‘l xaritasi»ga ega bo‘lishni talab etmoqda.

Tabiiyki, Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilidagi dolzarb vazifalar biz — ijod ahlidan alohida faollik va safarbarlikni talab etadi. Innovatsion g‘oyalar, innovatsion rivojlanish hammadan ham ko‘ra ijodkorlarga yaqin va tushunarli qadriyatlardir. Chunki tarixdan ma’lum, mumtoz shoir va yozuvchilar necha o‘n yillik rivojlanish istiqbollarini oldindan ko‘rib, o‘zlari yashagan davrdagi eskicha qarashlarga qoniqmasdan, yurak qoni bilan yozgan asarlarida yangi g‘oyalarni ilgari surganlar, ilm ahlini yangi kashfiyotlarga ruhlantirganlar, jamiyatni ma’rifiy asosda yashashga chaqirganlar. Masalan, buyuk Alisher Navoiy bobomizning har bir asari o‘z davri uchun innovatsion xususiyatga ega bo‘lgan yangilik va kashfiyot edi.

O‘ylaymizki, bizning bugungi shoir va yozuvchilarimiz ham buyuk mutafakkir bobolarimizning ana shunday ezgu an’analarini davom ettirib, jamiyatimiz taraqqiyoti tobora innovatsion asosga o‘tib borayotganidan ruhlanib, xalqimizning ana shunday buyuk o‘zgarishlar davridagi yuksak badiiy-estetik didiga mos asarlar yaratadilar.

Shu o‘rinda bugungi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan yana bir jihatni alohida minnatdorlik bilan ta’kidlashni o‘z burchim deb bilaman. Prezidentimizning madaniyat, adabiyot va san’at sohasiga, jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratayotgan doimiy e’tibori — bu chuqur o‘ylangan siyosat natijasidir. Chunki madaniyat va ma’naviyatni rivojlantirmasdan turib, zamonaviy innovatsion jamiyat qurib bo‘lmaydi. Innovatsiya — aql-zakovat, ilm-ma’rifat asosida yashash, ularning natijalarini oqilona ishlata bilish deganidir.

Ayniqsa, shoir va yozuvchilarning necha yillik orzusi ushalayotgani — ular uchun poytaxtimizning qoq markazida muhtasham zamonaviy bino qurib berilgani, jannatmakon diyorimizning eng xushmanzara, bahavo tumanlari Zomin va Parkent tog‘lari bag‘ridagi orombaxsh, so‘lim go‘shalarda ijod uylari qurilayotgani, Adiblar xiyoboni tashkil etilib, milliy adabiyotimizning atoqli namoyandalarining haykallari bu yerda barpo etilgani, umuman, jamiyatimizda adabiyotga, san’atga, kitob mutolaasiga munosabat o‘zgarayotgani bizning ishonchimizga ishonch qo‘shayotgan yana bir o‘ta muhim omildir. Chunki kitob o‘qib, she’r yodlab, qo‘shiq aytib, ezgulikni qalbiga jo etgan xalq va millatning ruhiy-ma’naviy qudrati cheksiz bo‘ladi. Bunday qudratli xalq ulug‘ ishlarga qodir bo‘ladi.

 

Mahmud TOIR,

O‘zbekiston xalq shoiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: