Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
06.01.2018

O‘ZIMIZ O‘ZIMIZNI ALDAMASAK, HALOL-POK MEHNAT QILSAK,

ko‘zlangan barcha marralarga albatta yetamiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatida nafaqat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy masalalar, balki ma’naviy-mafkuraviy, tarbiyaviy muammolar, ularning yechimlari ham yangradi.

Murojaatda xalq, inson manfaati uchun kurash ruhi qattiq, ustuvor turdi. Loqaydlikka qarshi — daxldorlik, yolg‘onga qarshi — rostlik, rasmiyatchilikka qarshi — samimiyat, «ura-ura»ga qarshi — tanqid, eskilikka qarshi — yangilik, sustkashlikka qarshi — shiddatning kurashi ufurib turdi. Bu ruh Simpoziumlar saroyini to‘ldirib, xonadonlarga, 33 million qalbga singdi. Millatni o‘tgan bir yillik hayotidan rozi qildi. Ko‘ngillarni ertangi kunga ishonch nuri bilan munavvar qildi.

 

BIZDA ADASHGANLAR BO‘LMASLIGI KERAK

Prezidentimiz bugungi o‘ta tashvishli, og‘riqli masalalar — dunyo mintaqalaridagi qonli to‘qnashuv va nizolarga to‘xtalib, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirishimiz shartligini, bu kurashning oddiy, har birimiz amal qila oladigan yo‘llarini ham ko‘rsatib berdi. Ya’ni «... har birimiz bu masalaga befarq bo‘lmasdan, o‘z bolamizni, o‘z uyimiz, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraydigan bo‘lsak, men ishonaman, bunday balo-qazolar hayotimizdan albatta yiroq bo‘ladi».

Bilmagan odam adashadi. Yo‘lda ham, e’tiqodda ham. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish — yo‘lovchiga bilmaganini bildirish, do‘st kimu, kulib turgan «do‘st» kimligini tanitmoq demak. Bu bilimni kimdan, qayerdan izlash kerak? «Har ne istarsen, o‘zingdin istagil», degan edi hazrat Alisher Navoiy. Prezidentimiz bizga mana shu hikmatning ko‘zini ochib berdi. O‘zimizda saqlanayotgan, hech bir mamlakatda yo‘q 100 minglab qo‘lyozmalar o‘z o‘quvchisiga, tarjimoniga intizor ekanini kuyinib aytdi. Bu fikrlar odamni chuqur o‘ylatadi. Bu qo‘lyozmalar kimlarniki? O‘zimizning bobolarimizniki. Ularda buyuk bobolarimizning barmoq izlari bor. Ular kimlarga atalgan? Avvalo, o‘z avlodlariga, hozirgi o‘zbekistonliklarga — bizga deb yozilgan.

Buxoriy, Termiziy, Marg‘inoniy, Nasafiy, Zamahshariy, Moturidiylarning merosxo‘rlari kim? Biz. Ular bizga o‘z vafotlaridan 1000 yil keyin Islom Akademiyasi, «kichik haj» dasturining huquqlarini berib ketdilar. Shu bois, ahli islom Prezidentimizning bu boradagi qarorlarini mamnuniyat va e’tirof bilan kutib oldi.

Buyuk ajdodlarimiz jahon musulmonlariga islomning aslini, islomning ilmini, islomning madaniyatini, islomning huquqini, islomning tilini o‘rgatgan. Musulmon o‘lkalarning yetuk olimlari bizning bobolarimiz bilan tanishliklari, ularga shogirdliklari bilan faxrlanishgan. Nega endi biz islom nimaligini birovlardan o‘rganishimiz kerak? Bu o‘zbek bo‘la turib, o‘zbek tilini ajnabiydan o‘rganishga o‘xshamaydimi? Biz muqaddas islom dinini o‘zimizning buyuk ulamolarimiz merosidan o‘rganishimiz kerak emasmi!

 

NEGA TADBIRKORLIK RIVOJLANMAYAPTI?

Bu savolga Prezidentimiz «O‘zimiz sabab», deb achchiq haqiqatni aytdi. «Yo‘l bermayapmiz. Amaldorlar o‘z manfaatlarini o‘ylab, to‘siq bo‘lmoqda». Keling, mana shu haqiqatning tubiga bir qaraylik.

Amaldor tadbirkorga nega aravani tortayotgan cho‘bir ot emas, sog‘in sigir, deb qarayapti? Tadbirkorga qarshilik — siyosatga qarshilik ekanligi yillar davomida uqtirib kelindi-ku! Yo ayrim amaldor-byurokratlar hamma tushungan siyosatni tushunmadimi? Eshitmay qolishdimi? Yo tadbirkor xalqimizning boquvchisi ekanligini bilishmadimi? Yo‘q. Bilishadi. Unda nega u tadbirkorni sog‘ib, sutini ichayapti? Tinka-madorini quritayapti? Balki u buning qonunga zidligini bilmas? Yo‘q. Juda yaxshi biladi. Ma’lumoti — oliy. Demak, tadbirkor yo‘liga amaldor-byurokrat qo‘yayotgan to‘siqlar bilimsizlikdan emas ekan. Unda gap nimada?

Amaldor ma’naviyatida. Byurokrat-amaldorning noinsofligida. Insof, halollik, Vatanga, burchga sadoqat, mas’uliyat, vijdon degan fazilatlari ojizligida. Nega ojiz? Chunki undagi mana shu fazilatlar yig‘ilib, bitta dushman — nafsga qarshi chiqa olmayapti. Nafsni to‘xtata olmayapti. Aksincha, nafs insof, halollik, vijdonning yo‘lini to‘sib, egasini jar yoqasiga tortib ketayapti. Nega?

Chunki u maktab, kollejda aynan shu fazilatlar bilan tanishtirilmagan. Insof bilan noinsoflik, halol bilan harom, xiyonat bilan sadoqat, mas’uliyat bilan befarqlik urishtirib tushuntirilmagan. Yaxshilikning yomonlik ustidan g‘alabasi adolat ekanligiga inontirilmagan. Buning ustiga u kitob ham o‘qimagan. Xullas, tarbiyasi, ma’naviyati kemtik, diyonatsizlik nimaligini tushunmaydi. Shu tariqa u byurokrat-amaldorga aylandi. Endi u Ma’naviyat kodeksidan emas, Jinoyat kodeksidan qo‘rqadi.

Ehtimol, ba’zilar «Ha, endi yosh bola bo‘lsa ekan, tarbiyalansa. Suyagi qotib qolgan byurokrat-amaldorni qayta tarbiyalab bo‘larmidi?», deb o‘ylar. Inson beshikdan qabrgacha tarbiyalanadi. Agar bu ishga maxsus, ataylab, pok niyat bilan, astoydil kirishilsa. Agarda 2018 yilda har bir tizimda har haftada, birinchi rahbarlar mas’ulligida «Ma’naviy o‘quvlar» qat’iy, yuksak intizom, hayotiy misollar bilan, sifatli o‘tkazilishi ta’minlansa, bo‘ladi. Bugun ma’naviyat soatlari yuzaki o‘tkazilayotgani Prezidentimizning ma’naviyat sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan Qarorida tanqid qilindi. Endi bunday ishlash — jinoyat. Xiyonat. Agarda biz haftalik ma’naviy o‘quvlarni temir intizom bilan, bir hafta tayyorgarlik ko‘rib, pishiq, talabchan o‘tkazsak, amaldor-mas’ullar uyg‘onadi. Ha. Aynan uyg‘onadi. Bu so‘zni Prezidentimiz kuyunchaklik bilan ko‘p aytadi. Bu bejiz emas. Gap odamlarni fiziologik uyg‘otish haqida emas, ma’naviy uyg‘otish haqida ketmoqda. Chunki uxlagan vijdonni, mas’uliyatni, insofni, halollikni, burchga sadoqatni uyg‘otsa bo‘ladi. Donolardan biri aytgan ekan, «Odamni qayta tarbiyalash qiyin, yaxshisi shunday sharoit yaratish kerakki, u qaytib noto‘g‘ri ish qila olmasin, qilishga xohishi ham bo‘lmasin».

Ma’naviyat odamni xiyonatdan, jinoyatdan asraydi. Buning uchun ma’naviy sud, ma’naviy jinoyat, ma’naviy tahlil, ma’naviy jazo choralari joriy etilsa, byurokrat-amaldor jinoyatdan, jazodan saqlab qolinadi. Jinoyatdan so‘ng emas, jinoyat arafasida to‘xtatiladi. Eng muhimi, u o‘zini o‘zi to‘xtatadi. Bu ikki karra yutuq. Birinchidan, mamlakatimizda tadbirkorlik byurokratiyadan himoya qilinadi. Ikkinchidan, bu — jinoyatchilikning erta, «yumshoq» va juda ta’sirchan ommaviy profilaktikasi bo‘lib xizmat qiladi. Chunki «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonun ma’naviy tarbiyaning ham mustahkam huquqiy zaminiga aylanadi.

Albatta, o‘z navbatida tadbirkorlar ham insof, adolat, saxovat, qonunga sadoqat, halollik kabi fazilatlar va ularga zid harakatlardan «Ma’naviy o‘quvlar»dan ma’naviy saboq olib boradilar.

 

YIL NOMI

2018 yilga Faol tadbirkorlik va innovatsion texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berilishining o‘zi ham innovatsiya bo‘ldi. Prezidentimizning Murojaatnomasi O‘zbekistonning innovatsion yashash va rivojlanish davrini boshlab berdi.

Innovatsiya — yangilik. Odamning xayolida, ijodida yetilgan, «pishgan», aqlining yakuniy natijasi sifatida o‘ylab topilgan, joriy qilingan, kiritilgan, ishlayotgan yangilik. Innovatsiya — bozorga chiqariladigan yangi ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan yangi tovar va xizmat turlari yoki ishlab-chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangiliklarni joriy qilish, tovarlarni sotishning yangi usullari. Lug‘atda «innovatsiya» lotincha «novatio», ya’ni «yangilash», «o‘zgartirish» ekanligi ma’lum bo‘ladi. «In» «ga», «kiritish»ni, so‘zma-so‘z «Innovatio» — «yangilik kiritishga qaratilgan», degan ma’noni bildiradi.

Faol tadbirkorlik va innovatsion texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilining qanday kechishi har birimizga bog‘liq. Buning uchun innovatsion yashash — har birimizning hayot tarzimizga aylanishi, har bir o‘zbekistonlik o‘z ishining innovatori bo‘lishi kerak. Ya’ni har bir tadbirkor, fermer, o‘qituvchi, san’atkor, jurnalist, talaba, quruvchi, olim, provayder, targ‘ibotchi, mahalla maslahatchisi «Qanday yangilik qilsam ishimning samarasi oshadi?», deb o‘ylansin. Ijod qilsin, bosh qotirsin. O‘z ishiga kichik-kichik bo‘lsa-da yangilik kiritib borsin. Hayotiga yangiliklar kiritib yashasin. Ana shunda baxtning o‘zi unga qarab kelaveradi.

Prezidentimiz olimlarga murojaat qilib, ulardan yangi g‘oyalar kutilayotganini, ularni joriy qilish, qo‘llab-quvvatlashning imkoniyatlari yaratilganini aytdi. Innovatsiyani olimlar ikki qobiliyatga bo‘lib tushuntirishadi. Novatorlik bu — yangi g‘oyani o‘ylab topish, kashf qilish. Innovatorlik — yangi g‘oyani moliyalashtirib, novatsiyadan foyda keltiradigan bozortalab mahsulot yaratish. Bunda innovatordan «tashkilotchilik qobiliyatlari, kuchli xarakter, ijtimoiy malakalarga ega bo‘lish, tavakkalchilik, o‘ziga mas’uliyat olish talab etiladi». Shu o‘rinda bir tarixiy misol esga tushadi. Dunyodagi eng katta gonorar Rim imperatori Mark Avreliy tomonidan shoir Oppianga berilgan ekan. Uning baliq tutish va ov qilish haqidagi dostonlarining har bir satri uchun bir oltin tanga hadya qilingan. E’tibor berilsa, bu yerda ulug‘ bir innovatsion hikmat ko‘rinadi. Ya’ni Rim imperatori shoirni ishq-muhabbat haqidagi doston uchun emas, odamlarni baliq tutishga, ov qilishga o‘rgatuvchi dostonlari uchun rag‘batlantirilgan. Bu innovatsiya bilan o‘z xalqiga baliq tutishni o‘rgatib, xalqini to‘ydirgan ekan. Bunda Oppian — novator, imperator — innovator rolini bajargan bo‘lib chiqadi.

Bugungi zamonda aksariyat tadbirkor, ishbilarmonlarni innovatorlar deyish mumkin. Chunki tadbirkor bu — hammaga o‘xshab, «bizga bo‘laveradi», «ko‘p qatori yashash»ga ko‘nmaydigan, faol, ijodkor, tavakkal qilishga jur’at, irodasi yetadigan kishilar bo‘lishadi.

Biz innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tayapmiz. Innovatsiya — kelajak degani, dedi Prezidentimiz. Demak, yoshlarimizni, xalqimizni innovatsion fikrlashga, o‘ylashga, yashashga o‘rgatish kerak. Shu tariqa innovatsiya ma’rifat, ta’lim, tarbiya, targ‘ibot-tashviqot masalasiga aylanishi taqozo etiladi. Buning uchun bolalar bog‘chalari, maktab, litsey, institutlardagi tarbiyaviy ishlar rejasiga «Innovatsion tarbiya» yo‘nalishini joriy qilish, izchil amalga oshirish kerak.

 

MILLIY G‘OYA

Milliy g‘oya — xalq orzu-niyatining ifodasi. U qotib qolgan orzu, niyat emas. U milliy rivojlanishning yangi talablaridan kelib chiqib yangilanib, takomillashib boradi. 22 dekabr milliy g‘oyamiz rivojida ana shunday, tarixiy yangilanish kuni bo‘ldi. Prezidentimiz «Milliy g‘oya nima uchun kerak?», degan savolni o‘rtaga tashladi. Javobini ham bir o‘zak jumlaga jo qilib aytdi: «Vatanni sevish uchun». Bu qisqa jumlada Vatan qadar keng, katta ma’no mujassam.

Barchamizni bir-birimiz bilan bog‘laydigan nuqta, so‘z, gavhar — O‘zbekiston. Barchamizning shaxsiy maqsadlarimiz, baxtimizning makoni qayer? Biz qayerda to‘liq baxtli bo‘la olamiz? O‘zbekistonda. Jahon xaritasiga tikilganimizda ko‘zlarimiz O‘zbekiston degan nuqtada uchrashadi. To‘xtaydi. Chunki biz o‘zimizni, o‘zligimizni uyimizda — O‘zbekistonda ko‘ramiz. Chunki biz — O‘zbekistonning farzandlarimiz. O‘zbekiston qadrini tashqarida anglagan, adashgan jigarbandlarimiz buni yaxshi bilishadi. Vatan neligini «O‘zbekistonni bir ko‘rib o‘lsam, armonim yo‘q», deb ko‘zda yoshi shashqator, intizorlardan so‘rang. Yuz alhazar, ming alhazar. Yuz shukr, ming shukr, deysiz. Mana shu shukronaning o‘zi ham har birimizda Vatan sevinchini uyg‘otmaydimi?

Ikkinchi jahon urushidan keyin Vatanni tiklash, rivojlantirish uchun jonini, molini, sog‘lig‘ini, och, azobli mehnatini bergan yapon, koreys, nemis xalqlarining bugungi rivojiga havas qilishadi. Ular kelajakka ishonch bilan, o‘z milliy g‘oyalarini mahkam tutib, sadoqatli mehnat orqasidan bugungi farovonlikka erishganini yaxshi bilamiz.

Bugun Vatan bizdan jon, sog‘liq, mablag‘ so‘rayotgani yo‘q. O‘zimiz maosh olib qilayotgan vazifalarimizni halol-pok, sifatli, natijali bajarishni so‘rayapti. Agar shunga ham yaramasak, biz qanday farzand bo‘ldik Vatanga?!

O‘tayotgan har bir yil — O‘zbekistonga sodiq xizmat qilish uchun bizga berilgan imkoniyat. Har yilning nomi — milliy g‘oyamizning o‘sha yildagi eng ustuvor vazifasi. Chunki shu nom ostida bizni Bosh maqsadga eltuvchi muhim muammolar hal etiladi. Milliy g‘oya xalqning ishonchini kuchaytirib, ilhom berib, safarbar qilib, islohotlar «yo‘lini supurib boradi». Prezidentimiz Murojaatnomasidan milliy g‘oyamizning 2018 yildagi dolzarb vazifalari sirasiga:

— innovatsion rivojlanish, yashash madaniyati, mohiyatini o‘rganish va aholi, yoshlarga o‘rgatish;

— tadbirkorlikni targ‘ib qilish, aholi, yoshlarni tadbirkorlikka rag‘batlantirish;

— novator, vatanparvar, fidoyi, insofli, saxiy, eksportyor, ko‘plab ish o‘rinlarini yaratgan tadbirkorlarning tajribasini ommalashtirish;

— har bir fuqaroni o‘z-o‘ziga «Men Vatanim O‘zbekistonni qanday sevaman?», degan savolni berishiga da’vat qilish;

— jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qo‘shilib qolish, milliy qadriyatlarga e’tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga xalqimizni safarbar qilish talab etilmoqda.

Islohotlar samarasi shaxs ma’naviyatiga borib, taqalar ekan, Harakatlar strategiyasi mukammal amalga oshishi uchun milliy xarakterimizga ham innovatsiyalar kiritishimiz taqozo etilmoqda. Bu xalqimiz xarakteri (ma’naviyati)ni kuchaytiradi. Ilmiy pedagogik-psixologik tadqiqotlar o‘tkazib, hozir qaysi fazilatlarimiz kuchli-yu, qaysilari kuchsiz? Qanday ma’naviy illatlarni quritishimiz kerak? (hasad, ko‘rolmaslik, isrofgarchilik, loqaydlik, mehrsizlik, g‘iybat...), «O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish uchun qanday fazilatlarni kuchaytirish, qaysi illatlarga chek qo‘yishimiz kerak?», degan savollarga xolis, ilmiy javoblar kerak. Prezidentimiz «Kurashga tayyor turgan, kurashgan odam yutadi», dedi. Biz bu so‘zlarni milliy g‘oyamiz amaliyotida «ma’naviy illatlarga qarshi kurashga tayyor, kurashgan odam yutadi», tamoyili, deb amal qilishimiz shart.

Ana shunda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ma’naviyatdagi, milliy xarakterimizdagi islohotlar bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Buning uchun shu paytgacha amalda bo‘lib kelgan «Ma’naviyatni o‘lchab bo‘larmikan?», degan ikkilanishdan ham voz kechishimiz kerak. Bunda ham «Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmag‘ay» (Imom Buxoriy). Ya’ni nima bor bo‘lsa, namoyon bo‘ladi. Nima namoyon bo‘lsa, uni o‘lchash, baholash, dinamikasini aniq ko‘rsatish mumkin. Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan «Hududlarda ma’naviy-ma’rifiy muhit Xaritasi» joriy qilinmoqda. Dastlabki natijalar taqdim etilmoqda. Bu ham o‘ziga xos innovatsiya bo‘ldi, deyish mumkin. Bir misol. Buxoro viloyatida o‘tkazilgan «Avlodlar uchrashuvlari» tadqiqot-targ‘ibot tadbirlari ma’naviy innovatsiya — ma’naviy yangilanish ilmiy-amaliy asosga qo‘yilsa, real natijalar berishi tasdiqlandi.

Prezidentimiz Murojaatnomasida yoshlar tarbiyasi haqidagi yagona fan — pedagogikaga aniq ijtimoiy buyurtmalar berildi:

«Mayli, tajribasi kamroq bo‘lsa ham millatni, mamlakatni sevadigan yoshlar kerak»,

«Bizga vatanparvar jurnalistlar kerak»,

«Elchi vatanparvar bo‘lishi kerak»,

«Milliy g‘oya nimaga kerak? Vatanni sevish uchun kerak»,

«Vatan tuyg‘usisiz o‘tirganlar ketadi»,

«Ulug‘ ijodkorlar merosini xalqqa yetkazish vatanparvarlikka katta ta’sir ko‘rsatadi»,

«Ta’lim-tarbiya sifatini yangi bosqichga ko‘tarishimiz kerak»,

«Ma’naviy tahdidlarga qarshi kurashni kuchaytirish kerak»,

«Askar va ofitserlarning ma’naviy va ruhiy tayyorgarlik darajasi bugungi tez o‘zgarayotgan davr talablaridan ortda qolayotganini qayd etish lozim».

Biz har birimiz bu da’vatlar mag‘zini chaqib, o‘zimizga kerakli xulosalar chiqarib olishimiz kerak bo‘ladi.

...Prezidentimizning to‘rt soat davom etgan nutqida xalqimiz, butun jahon Prezidentimiz siymosida O‘zbekistonning oldinga — 2018 yilga tikilgan o‘tkir nigohini, metin qat’iyatini, bukilmas irodasini, buyuk imkoniyatlarini, qattiq ishonchini, tolmas muntazamlikni ko‘rdi. Kuch oldi. Ilhom oldi. Bugun xalqimiz 2018 yilga dadil va ishonch bilan Prezidentimizning mana bu da’vatini chuqur anglab, diliga tugib kirib borayapti:

«O‘zimiz o‘zimizga xiyonat qilmasak, o‘zimiz o‘zimizni aldamasak, halol-pok bo‘lib mehnat qilsak, men aminman, ko‘zlagan barcha marralarimizga albatta yetamiz».

 

Muhammadjon QURONOV 


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: